
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
ZIYORAT ODOBLARI
Ziyoratlashish ulug‘ savobli amallardan ekani hadisi shariflardan ma’lum. Bu haqda oldingi maqolada to‘xtalgan edik. Endi esa ziyoratlashishning, xususan, hoji ziyoratining odoblari haqida so‘z yuritamiz.
ZIYORAT ODOBLARI
Ziyoratlashish ulug‘ savobli amallardan ekani hadisi shariflardan ma’lum. Bu haqda oldingi maqolada to‘xtalgan edik. Endi esa ziyoratlashishning, xususan, hoji ziyoratining odoblari haqida so‘z yuritamiz.
Ziyoratchi quyidagi odoblarga rioya qilishi lozim:
-
Niyatni to‘g‘ri qilish. Har bir amal niyatga ko‘ra bo‘ladi. Jumladan, ziyoratda ham niyat nihoyatda muhim. Ziyorat maqbul, savobli va mantaatli bo‘lishi uchun ziyoratchi Alloh taoloning roziligini, hadisi shariflarda aytilgan ajru fazilatlarga ega bo‘lishni, silai rahm, iymoniy birodarlik aloqalarini tiklashni niyat qilishi darkor. Shunchaki odamlarning gap‑so‘zi yoki boshqa bir dunyoviy ilinj uchun qilingan ziyoratda ajru savob bo‘lmaydi.
-
Ziyorat uchun munosib vaqt tanlash. Tong sahar, kechqurun yoki qaylula paytlarida ziyorat qilish ziyorat qilinadigan kishini bezovta qiladi. Ertalab vazifalar, tush payti qaylula va tun dam olish paytidir. Ziyorat peshin yo asrdan keyin yoki shomdan xuftongacha bo‘lgani ma’qul. Muhimi ziyorat qilinadigan kishining sharoiti inobatga olinishi lozim.
Ba’zan kishilar ziyoratga borishda o‘zining vaqtini, qulayligini o‘ylaydi‑yu, ziyorat qilinayotgan kishining vaqti, sharoiti bilan hisoblashib o‘tirmaydi. Ustozimiz Shayx hazrtalari rahmatullohi alayh ayrim kishilar ziyoratga kelib, «Uzoq joydan kelgandik‑da», «Atay ziyoratga kelgandik, ko‘rishib ketmasak bo‘lmaydi‑da», deb qistab turib olishsa: «Qarang, o‘zlarining vaqtlarini, ishlarini inobatga olishadi‑yu, sizniki bilan ishlari yo‘q», deb qo‘yardilar. Shu kabi, ziyoratchi o‘zining qulayligini o‘ylab boshqaga noqulaylik tug‘dirmasligi kerak.
- Ziyorat uchun izn so‘rash. Ziyorat uchun vaqt ajratilmagan bo‘lmasa, ziyoratga izn so‘rab borish ham odobdan. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
«Ey iymon keltirganlar! O‘z uylaringizdan boshqa uylarga to izn so‘ramaguningizcha va ularning ahliga salom bermaguningizcha, kirmang. Ana shu o‘zingiz uchun yaxshidir, shoyadki, eslatma olsangiz. Bas, agar u(uy)larda birortani topmasangiz, to sizga izn berilmaguncha, ularga kirmang. Agar sizga, qayting, deyilsa, bas, qayting, o‘sha siz uchun pokdir. Alloh nima amal qilayotganingizni o‘ta bilguvchidir».
Nur surasi, 27‒28‑oyatlar.
Agar izn so‘rab borilmasa, bordiyu uy sohibi chaqiriqqa javob berolmasa yoki uzr aytsa, uni to‘g‘ri tushungan holda qaytib ketish darkor bo‘ladi.
-
Ziyoratni manfaatli tarzda o‘tkazish. Behuda gap‑so‘zlar, g‘iybatu nolishlar, oldi‑qochdi gaplar bilan o‘zining ham, boshqaning ham vaqtini zoye qilmasin. Ahli ilmni ziyorat qilgan kishi uning ilmidan foyda olishga urinsin yoki unga foydali ma’lumot berishga harakat qilsin. Suhbatdoshi uchun yoqimli, foydali mavzularda so‘zlashishga intilish oqillikdandir. Zero, har qanday bilimli odam, ayniqsa, vaqtini qizg‘onadagin kishi befoyda suhbatdan ozorlanadi. O‘zi uchun muhim bo‘lmagan ishlarni tark etish kishi Islomining go‘zalliklaridandir.
-
Ko‘p vaqt olmaslik. Ziyoratchi ziyorat qilinayotgan kishining vaqtini ko‘p olib, unga malollik yetkazmasligi kerak. Ziyorat hosil bo‘lgach, har kim o‘z vazifasi va muhim ishlari bilan shug‘inishi lozim. O‘zining vaqtidann ko‘ra sherigining vaqtini ko‘proq tejash odobdandir. Ayniqsa, vazifador, mas’ul va mashg‘uloti ko‘p kishilarning holini to‘g‘ri tushunish lozim. Olimlar, ilm toliblarining vaqtlarini ko‘p olish ilm va ta’lim rivojiga to‘siq bo‘lishini ham unutmaslik kerak.
-
Mezbon ko‘rsatgan joyga o‘tirish. Xususan, uning xos joyi bo‘lsa, unga o‘tirib olmaslik kerak. Ammo u o‘zi izn bersa yoki taklif qilsa, u holda u ko‘rsatgan joyga o‘tiriladi.
Imom Termiziy Abu Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kishiga saltanati ostida imomlik qilinmaydi va uyidagi xos joyiga uning iznisiz o‘tirilaydi», deganlar.
-
Mezbonga malol keladigan ishlardan saqlanish. Masalan, unga maqbul bo‘lmagan narsalar haqida savol berish, uyidagi narsalarning narx‑navosi, oilaviy ishlaridan so‘rash ko‘pincha kishini noqulay holatga soladi. Shuningdek, uning istagidan ortiqcha harakat qilish, unga yoqmaydigan tasarruflarni qilish ham durustmas. Ziyoratchi bunday odobsizliklardan saqlanishi kerak.
-
Ko‘zni tiyish. Ziyoratga borgan odam har tarafga alanglayverishi, parda ortiga mo‘ralashi joiz emas. Hadisi sharifda birovning haramiga iznsiz nazar solgan kishining ko‘zini o‘yib olsa xuni yo‘q, deyilgan.
Alloh taolo aytadi: «U Zot ko‘zning xiyonatini ham, qalblar yashirgan narsalarni ham biladi» (G‘ofir surasi, 19‑oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhu ushbu oyat tafsirida shunday deydi:
«Bu birovning xonadoni ahli huzuriga kirgan kishi bo‘lib, u yerda chiroyli ayol bo‘ladi. Uy egalari qarab turganda ko‘zini tiyadi, ular beparvo bo‘lishi bilan ayolni tomosha qiladi».
Umuman olganda, mezbon ko‘rishingnizni istamagan tarafga nazar solmasliginiz lozim.
-
Mezbon tarafning sirlarini bilishga, uning holini kitkilashga urinmaslik. Kishining boshqalarga oshkor qilishni istamagan holatlarini bilishga urinish josuslik bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Josuslik qilmanglar» (Hujurot surasi, 12‑oyat), deb buyuradi.
-
Mezbon tarafning fazilatlarini ko‘rish, kamchiliklariga ko‘z yumish. Ayrim odamlar mashhur yoki mo‘’tabar kishilarning huzurida ko‘rgan hamma narsani boshqalarga aytaveradi. Orada o‘sha odamning kamchiligi ham bo‘lishi mumkin. Bu esa birovning uyidagi sirini oshkor qilish hisoblanib, uni yoyish gunoh. Bir so‘z bilan aytganda, ziyoratchi kirganda ko‘r bo‘lib, chiqqanda soqov bo‘lsin.
-
Ovozoni baland ko‘tarmaslik. Qur’oni Karimda: «Ovozingni past qil. Eng yoqimsiz ovoz eshshakning ovozidir» (Luqmon surasi, 19‑oyat), deyiladi.
-
Mezbonning huzurida namoz o‘qilsa, imomlikka u haqli hisoblanadi, agar ilmu salohiyati yetsa. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kishiga saltanati ostida imomlik qilinmaydi», deganlar.
Imom Navaviy aytadi: «Uy, majlis va masjid egasi imomlikka boshqadan haqli, garchi o‘sha boshqa undan ko‘ra faqihroq, parhezkorroq bo‘lsa ham. Mazil egasi eng haqli kishi, xohlasa, imomlikka o‘zi o‘tadi, xohlasa, o‘zi istagan kishini o‘tkazadi, garchi hozir bo‘lganlar ichida u o‘tkazgan kishidan afzal odamlarlar bo‘lsa ham».
-
Agar ziyoratga bolalar bilan borilgan bo‘lsa, ularni tartibda ushlash, xonadon ahliga ozor berib qo‘yishlaridan ehtiyot bo‘lish lozim. O‘zingizga malol keladigan ishni boshqaga ravo ko‘rmang.
-
Ziyoratchi biror hadya bilan boradigan bo‘lsa, uni xolis taqdim qilishi, qaytim tama’ qilmasligi lozim. Ayniqsa, haj va umradan qaytgan kishini ziyorat qilganda maqsad sovg‘a bo‘lmasligi kerak. Aksincha, hojining duosi, uning ziyorati qasd qilinishi lozim, hadya tama’ qilish durust emas. Agar hoji sharoiti bemalol bo‘lgani uchun hadya ulashsa, bu uning himmati deb qabul qilinishi, bo‘lmasa, ko‘ngilxijillikka o‘tmaslik darkor.
-
Mezbonning izni bilan ziyoratdan qaytish.
عبد الله بن عمر رضي الله عنهما قال النبي صلى الله عليه وسلم : «إذا زار أحدُكم أخاه فجلس عندَه ، فلا يقومَنَّ حتى يستأذنَه».
أخرجه الديلمي.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Qachon biringiz birodarini ziyorat qilib, uning huzurida o‘tiradigan bo‘lsa, undan izn so‘ramasdan turmasin», dedilar».
Daylami rivoyat qilgan.
- Mezbonga vaqt ajratgani, ziyofati uchun tashakkur aytish va haqqiga duo qilish. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Odamlarga tashakkur bildirmagan Allohga ham shukr keltirmabdi», deganlar. Nabiy sollallohu alayhi va sallam hamisha mezbonlar haqqiga duo qilardilar. U zotning duolaridan namunalar:
‒ Taomingizni yaxshilar yesin, haqqingizga farishtalar duo qilsin, huzuringizda ro‘zadorlar iftor qilsin va sizni Alloh taolo O‘z huzurida zikr qilsin.
‒ Allohim, bizga taom berganlarni taomlantir, serob qilganlarni serob qil.
‒ Taomingizni taqvodorlar yesin.
‒ Allohim ularing umru rizqiga baraka ber, gunohlarini mag‘firat qil va maqsadlariga erishtir.
-
Ziyoratni salom bilan boshlagandek, salom bilan tugatish. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Birortangiz majlisga kelsa, salom bersin. Turmoqchi bo‘lganda ham salom bersin. Birinchisi keyingisidan ustun emas» (Termiziy rivoyati), deganlar.
-
Ziyoratni ko‘paytirib, malollikka sabab bo‘lmaslik. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Oralatib ziyorat qil, muhabbat ziyoda bo‘ladi», (Tabaroniy rivoyati) deganlar.
Hoji ziyoratida ushbularga qo‘shimcha ravishda quyidagilarga ham e’tibor qaratiladi:
- Hojidan duo olish. Xususan, undan mag‘firat so‘rab berishini iltimos qilish hadisi shariflarda tavsiya qilingan.
عن عبد الله بن عمر رضي الله عنه عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: «إذا لقيت الحاج فسلم عليه، وصافحه ومره أن يستغفر لك قبل أن يدخل بيته؛ فإنه مغفور له».
رواه أحمد.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Hojini uchratsang, unga salom ber, u bilan qo‘l berib ko‘rish va uyiga kirmay turib sen uchun Allohdan mag‘firat so‘rashini iltimos qil, chunki u mag‘firat topgan kishidir», dedilar».
Imom Ahmad rivoyat qilgan.
To‘g‘risini aytganda, ko‘pchilik kishilar hojidan duo olganda gunohlarning mag‘firati haqida so‘rashni umuman eslamaydi. Ammo gunohlar kechirilishi barcha yaxshiliklarning boshi ekanini anglasak, hadisi sharifdagi tavsiya qanchalar muhim ekanini tushunib yetamiz. Demak, hojidan duo olishda shu jihatga ham e’tibor qaratishimiz kerak ekan.
- Hojining haqqiga ham duo qilish.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ، رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، قَالَ: «قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «اللَّهُمَّ اغْفِرْ لِلْحَاجِّ، وَلِمَنِ اسْتَغْفَرَ لَهُ الحاجّ».
رواه الحاكم في المستدرك.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:
«Allohim, hojini mag‘firatt qilgin va hoji mag‘firat so‘ragan kishini ham mag‘firat qilgin», dedilar».
Hokim «Mustadrak»da rivoyat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu duoni hojining haqqiga qilganlar. Demak, hoji bilan ko‘rishganda, gaplashganda ushbu duoni o‘qish ham sunnat amallardan ekan.
عن ابن عمر رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا، قال: «جاء غلام إلى النبي صلى الله عليه وسلم فقال: «إني أحج»، فمشى معه النبي صلى الله عليه وسلم فقال: «يا غلام، زودك الله التقوى، ووجهك الخير، وكفاك الهم».
فلما رجع الغلام سلم على النبي صلى الله عليه وسلم فقال: «يا غلام، قبِل اللهُ حجَّك، وغفَر ذنبَك، وأَخلَفَ نَفَقَتَك».
أخرجه ابن السني والطبراني
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Bir yigit Nabiy sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: «Men haj qilmoqchiman», dedi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam u bilan birga yurib bordilar‑da: «Hoy yigit, Alloh senga taqvoni zodi rohila qilsin, seni yaxshilikka yo‘llasin, tashvishlaringga O‘zi kifoya bo‘lsin», dedilar. Keyin yigit hajdan qaytib kelib, Nabiy sollallohu alayhi va sallamga salom berdi. Shunda u zot: «Hoy yigit, Alloh hajingni qabul qilsin, gunohingni kechirsin va xarajatingning o‘rnini to‘ldirib bersin», dedilar».
Ibn Sunniy va Tabaroniy rivoyat qilgan.
Ushbu duolarni yodlab olib, o‘zbekchasini aytilsa ham kifoya qiladi.
وأخرج سعيد بن منصور في سننه عن ابن عمر أنه كان يقول للحاج إذا قدم: «تقبَّل اللهُ نُسُكُكُ وأَعْظَمَ أَجرَك وأَخْلفَ نَفَقَتَك».
Sa’id ibn Mansur «Sunan»ida Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, u kishi hoji kelganda: «Alloh ibodatlaringni qabul qilsin, ajringni buyuk qilsin va xarajatingning o‘rnini to‘ldirib bersin», der ekanlar.
Ushbu va shu mazmundagi duolar bilan hojining haqqiga duo qilish mumkin.
- Hoji bilan qo‘l berib yoki quchoqlashib ko‘rishish. Sahobai kiromlar safardan qaytgan kishi bilan shunday ko‘rishishar edi. Hajdan kelgan odam bunday ko‘rishishda uning ulug‘ zamindan olgan barakasidan umidvorlik ham bor.
Ziyorat qilinayotgan kishiga oid ham odoblar bor. Jumladan:
-
Ziyoratchilarni imkon qadar qabul qilishga urinish. Ammo bunda har kimning shaxsiy holati e’tiborga olinadi. O‘ziga va ahliga mashaqqat tug‘dirmasa, boshqa muhim ishlariga xalal bo‘lmasa, ziyoratchilarni qabul qilish musulmonning axloqlaridandir. Eng yaxshisi, ziyorat vaqtini tartiblashdir.
-
Ziyoratchilarni ochiq yuz bilan kutib olish, ularga marhabo deyish, ularga iltifotli bo‘lish.
-
Imkoni boricha ularga mehmonnavozlik ko‘rsatish. Zero, mehmondo‘stlik payg‘ambarlarning xislatlaridan, hadislarda ta’kidlangan amallardandir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hatto uni iymonga bog‘lab: «Allohga va oxirat kuni iymoni bor odam mehmonni ikrom qilsin», deganlar. Ammo imkoniyati yo‘q odam o‘zini mashaqqatga qo‘yishi shart emas.
-
Ziyoratchiga tashakkur aytish va haqqiga duo qilish. Mo‘minlar bir‑birlarining haqlariga hamisha duoda bo‘lishlari matlub. Odatda xolis ziyoratchilar qadr qilgandan kelishadi, ularning qalblariga xursandchilik kiritish ham ulug‘ amallardan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Farz namozidan keyingi eng afzal amal mo‘minning qalbiga shodlik kiritishdir», deganlar.
-
Hajga borgan odam ziyoratchilarga haj taassurotlaridan so‘zlab berishi, u yerdan olgan foydalari, Makkai Mukarramaning ulug‘ligi, Madinai Munavvaraning fayzu futuhidan gapirib berishi matlubdir. Ayrim kishilar haj yoki umradan qaytganda faqat oziq‑ovqat, bozor‑uchardan gapirib, safarning ulug‘vorligiga futur yetkazadi. Bu nomunosib ish. Hoji ma’naviyati o‘sgan, qalbi poklangan, dunyo ishlaridan ustun bo‘la olgan kishidir. U o‘ziga munosib so‘zlashi lozim.
-
Mehmonga xizmat ko‘rsatish. Mehmonga mezbonning o‘zi xizmat qilishi ham ulug‘ odoblardan hisoblanadi.
Rivoyatlarda keladiki, Alloh taolo Ibrohim alahissalomga: «Mehmoningni ikrom qil», deb buyuribdi. U kishi qo‘y so‘yib, mehmonnavozlik ko‘rsatibdi. Alloh taolodan yana vahiy bo‘libdi: «Ey Ibrohim, mehmoningni ikrom qil». U kishi bu gal mehmonlarga mol so‘yibdi. Alloh taolo yana: «Ey Ibrohim, mehmoningni ikrom qil», deb buyuribdi. U kishi bu safar mehmonlarga tuya so‘yibdi. Alloh taolo yana: «Ey Ibrohim, mehmoningni ikrom qil», deb buyuribdi. U kishi: «Yo Rab, menda tuyadan katta narsa yo‘qki, uni so‘ysam», debdi. Shunda Alloh taolo u kishiga shunday vahiy qilibdi: «Ey Ibrohim, mehmonni ikrom qilish taomning ko‘pligida emas, balki unga o‘zing xizmat qilishing, unga o‘z qo‘ling bilan ovqat tutishing va uni ostonagacha kuzatib qo‘yishing bilan bo‘ladi». Shundan keyin Ibrohim alahissalom mehmonlarga shaxsan o‘zlari xizmat qiladigan bo‘lgan ekanlar.
Mehmonga xizmat ko‘rsatish fazilatli ishlardan bo‘lib, qalb tarbiyasida ham katta ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ulug‘larimiz ushbu taomilga amal qilishga hamisha e’tibor qaratganlar.
Shu o‘rinda yaqin o‘tmishimizda yashab o‘tgan ulug‘ olimlardan, qadimgi ulamolarimizning so‘ngi vakillaridan, valiy zotlardan biri Suzoqdagi Zuhriddin Maxdum domla rahmatullohi alayhni eslagim keladi. Bir necha bor u kishining ziyoratlarida bo‘lish nasib qilgan. Yoshlari yuzga borgan bo‘lishiga qaramay, mehmonlarga o‘zlari turib xizmat qilib qolardilar. Bo‘lmasa, xizmatga yigitlar, nabiralari ham bor, ular hamma narsani muhayyo qilib turishibdi. Shunday bo‘lsa ham, eng nozik xizmatlarda o‘zlari turib iltifot ko‘rsatardilar. Demak, bu ham asli dinimizda bor amallardan ekan.
- Ziyoratchini ostonagacha kuzatish.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kishining o‘z mehmoni bilan eshik oldigacha chiqishi sunnatdandir», dedilar. (Ibn Moja rivoyati.)
Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Birovni uyingga taklif qilsang, u bilan birga ostonagacha chiqishing sunnatdandir», degan.
Abu Ubayd Qosim ibn Sallom Ahmad ibn Hanbalni ziyoratiga borganini shunday hikoya qiladi:
«Uning oldiga kirganimda men bilan quchoqlashib ko‘rishdi va uyning to‘risiga meni o‘tirgizdi. Men: «Ey Abu Abdulloh, uy va majlis egasi to‘rida o‘tirishga haqli emasmi?» dedim. U: «Ha shunday, ammo u o‘zi o‘tirishi ham, istagan kishisini o‘tirgizishi ham mumkin», dedi. Keyin men turmoqchi bo‘lgan edim, Ahmad ham men birga turdi. «Unday qilma, ey Abu Abdulloh», dedim. U: «Sha’biy: «Ziyoratchi ziyoratining tugal bo‘lishi uni ostonaga kuzatish bilan bo‘ladi», degan», deb aytdi».
Xususan, hurmatli kishilarni, ulug‘larni eshik oldigacha kuzatish lozim odoblardan hisoblanadi. Ammo mehmonlar bilan band bo‘lgan yoki katta kishilar o‘rinlarida kuzatib qolsalar ham zarari yo‘q, haqli hisoblanadilar. Ular ikki og‘iz shirin so‘z bilan ham yetarli iltifotni taqdim etishlari mumkin. Zero, bu kabi odobga rioya qilishda ham holat inobatga olinadi.
- Ziyoratchiga hadya berish. Xususan, ziyoratchi hadya bilan kelsa, uni quruq chiqarmaslikka urinish ham sunnatdan. Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday qilardilar. Biroq, bu ham ixtiyoriy, sharoiti bemalol kishilarga tegishli odob bo‘lib, bu borada kishi o‘zini mashaqqatga solishi shart emas, holatiga qarab ish qilgani ma’qul.
Hajdan qaytganda ziyoratchilarga hadya tarqatishni lozim deb bilib, ko‘p odam o‘zini, oilasini qiynab yuboradi. Bu ham durust emas. Bu ishlar muruvvatdan bo‘lib, bor holicha, yo‘q holicha qiladigan amallardandir. Ammo saxovat maqtalgan, oliyjanob xulqlardan ekanida shubha yo‘q.
Ziyoratchilarga zamzam va xurmo ulashish ham katta hadya hisoblanadi. Umuman olganda, hajdan kelganda beriladigan hadya o‘sha muqaddas zaminlarga xos bo‘lgani ma’qul. Bo‘lmasa, xaraj va tanglik yo‘q. Ziyoratchilar uchun asosan hojining duosi va ziyoratidan baharmandlik maqsad bo‘lishi kerak.
Tajribalardan shu narsa ayonki, haj va umradan hadya olib kelish anchagina himmatu mehnat talab qiladi. Buni safar qilgan odam yaxshi biladi. Ko‘rinishda oddiy bir atir yoki tasbeh bo‘lishi mumkin, ammo osonlikcha muyassar bo‘lmaydi. Aytmoqchi bo‘lganimiz, ayrim kishilar hajdan kelgan kishilar hadya bera olmasa yoki oz narsa bersa, biroz o‘pkalab qolishadi. Bu to‘g‘ri emas. Hadya masalasi juda keng mavzu bo‘lib, bunda hech kim malomat qilinmasligi kerak.
Sir emas, hozirda ko‘pchilik hadyani yurtdan sotib olib, tarqatmoqda. Bu ham takalluf. Undan ham yomoni, ba’zan o‘ta sifatsiz, ishlamaydigan narsalarni ulashishadi. U ashyolardan birov manfaatlana olmaydi. Bu esa isrofdir. Hoji bu kabi beo‘xshov, xo‘jako‘rsin ishlardan uzoq bo‘lishi, tasarruflarini sunnatga muvofiq qilishga urinishi lozim. Xullas, ziyoratchiga hadya berishda betakalluf va mo‘’tadil yo‘lni tutish munosibdir.
Tajribadan kelib chiqib aytsam, eng yaxshi hadya xurmo, misvok, atr kabi sunnatda iste’moli kuzatilgan ashyolar hisoblanadi. Narxi ham qimmat emas, iste’moli ham oson va bir sunnatning ijrosiga sababligi e’tiboridan savobi ko‘proq ham bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha, tasbeh va joynamoz ham ibodatga vobastiligi bilan marg‘ub hadya bo‘la oladi.
Alloh taolo barchalarmizni pok niyatda va rohi rostda barqaror aylasin.