
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
YO‘QOLGAN NARSANI TOPISHDA O‘QILADIGAN DUO VA ZIKRLAR
«Robbimiz, albatta Sen odamlarni bo‘lishida shubha yo‘q kunga jamlagaysan. Haqiqatan, Alloh va’daga xilof qilmaydi.
YO‘QOLGAN NARSANI TOPISHDA O‘QILADIGAN DUO VA ZIKRLAR
Jihozlar yo‘qolganda va topilganda kaminaga yaxshi tilak, ko‘mak va duolar bilan dardkash bo‘lgan azizlarimizga yana bir bor tashakkurlar aytaman va bu tashakkur quruq bo‘lmasin uchun ularga va boshqalarga yaxshiliklariga javob o‘laroq ushbu sahifadagi ma’lumotlarni taqdim qilmoqchiman, qabul qilasizlar.
Mo‘min kishi har bir ishida dunyoning moddiy sabablarini hozirlash bilan birga ma’anviy sabab – duo va zikrlarni ham bajarishi bilan boshqalardan farq qiladi. U bu bilan maqsadga oson erishadi hamda Robbisini rozi qilib, Unga yaqinlashadi.
Islomning go‘zalligi shundaki, unda hatto har bir holat va muammo uchun yechim bo‘ladigan maxsus duolarni topishingiz mumkin. Ularning ba’zilari oyatu hadislardan olingan bo‘lsa, ba’zilar solihlarning tajribalarida sinalgan bo‘ladi.
Biror buyumini yo‘qotgan odam uni topish uchun kerakli choralarni ko‘rish barobarida o‘qiladigan ma’lum zikr va duolar bor ekan. Men ulardan ayrimlarini yoshlikda eshitgan edim, ammo hech biror marta jiddiy qo‘llab ko‘rmagandim. Kuni kecha ayrim jihozlar yo‘qolganda astoydilroq kirishdim va ayrim ma’lumotlarni topdim. Bugun o‘shalarni ko‘pchilikka ulashmoqchiman. Agar ijobat kechiksa yoki duoning samarasi boshqa jihatdan namoyon bo‘lsa, iymoni zaif kishilar shubhaga borishlariga sabab bo‘lib qolmay deb bu so‘zlarni ijobatdan so‘ng, maqsad hosil bo‘lgach e’lon qilmoqdaman.
Ilohim, hech kimning kerakli narsasi yo‘qolmasin, ammo mabodo boshga shunday ish tushsa, ma’naviy chora sifatida ushbu zikr va duolarni qilishi mumkin.
Bu mavzuda ham bir qancha duo va zikrlar tavsiya qilingan. Men ulardan eng ishonchlilarini keltirish bilan kifoyalanmoqchiman. Foydali ilm bo‘ladi degan umiddaman.
Shavkoniy «Fathul-Qodir» nomli tafsirida Ibn Najjorning o‘z tarix kitobida Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan bir rivoyat keltirganini aytadi. Unga ko‘ra, Nabiy sollallohu alayhi va sallam Oli Imron surasining 9 inchi oyatini o‘qib turib: «Kim biror narsasini yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsa, ushbu oyatni o‘qib, ortidan: «Ey odamlarni bo‘lishiga shubha yo‘q kunda jamlaydigan Zot, molimni men bilan birga qil, albatta Sen har bir ishga qodirsan», deb duo qilsa, yo‘qotgan narsasi topiladi», deganlar.
Oyat va duoning arabcha matni quyidagicha:
«رَبَّنَا إِنَّكَ جَامِعُ النَّاسِ لِيَوْمٍ لا رَيْبَ فِيه،ِ إِنَّ اللَّهَ لا يُخْلِفُ الْمِيعَادَ.
اللَّهُمَّ يَا جَامِعَ النَّاسِ لِيَوْمٍ لَا رَيبَ فِيهِ، اِجْمَعْ بَيْنِي وَبَيْنَ مَالِي، إِنَّكَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ قَدِيرٌ».
Ma’nosi: «Robbimiz, albatta Sen odamlarni bo‘lishida shubha yo‘q kunga jamlagaysan. Haqiqatan, Alloh va’daga xilof qilmaydi.
Allohim! Ey odamlarni bo‘lishiga shubha yo‘q kunda jamlaydigan Zot, molimni men bilan birga qil, albatta Sen har bir ishga qodirsan», deb duo qilsa, yo‘qotgan narsasi topiladi».
Biroq, Ibn Najjor bu rivoyatni uning ishonchsizligiga ishora qiluvchi ibora bilan keltirgan va boshqa muhaddislar ham bu naqlni Nabiy sollallohu alayhi va sallamga nisbat berish to‘g‘ri emas, deb aytganlar. Biroq, ulamolar uning mazmuni to‘g‘ri va tajribada sinalganini ta’kidlaydilar.
Imom Navaviy «Bustonul-’orifin»da: «Men buni tajribamda sinadim va yo‘qotilgan narsa tez topilishida foydali ekanini ko‘rdim. Buni menga shayximiz Abulbaqo o‘rgatgan edi», deydilar.
Xatib Bag‘dodiyning rivoyatiga ko‘ra, bu duo tasavvuf mashoyixlaridan biri Abu Ja’far Muzayyin al-Kabirga tegishli. Ja’far ibn Muhammad Xuldiy haj oldidan Abu Ja’far Muzayyinga: «Menga safarimda kerak bo‘ladigan biror narsa o‘rgating», deydi. Shunda u: «Agar biror narsangi yo‘qotib qo‘ysang, «Ey odamlarni bo‘lishiga shubha yo‘q kunda jamlaydigan Zot, – albatta Alloh va’daga xilof qilmaydi – falon narsani men bilan birga et» deb duo qil, Alloh albatta o‘sha narsani senga yetkazadi», deydi.
«Raddul-muxtor»da ham bu duoni tasavvuf mashoyixlaridan deya naql qilingan va Imom Navaviyning mazkur so‘zlari ham keltirilgan.
Bu borada sahobai kiromlardan naql qilingan eng ishonchli va mashhur rivoyat Ibn Umar roziyallohu anhumodan keladi. Uni Ibn Abu Shayba «Musannaf»da keltirgan bo‘lib, unga ko‘ra Ibn Umar roziyallohu anhumo narsasini yo‘qotgan odamga tahorat olib, ikki rakat namoz o‘qib, ortidan quyidagi duoni qilishni tavsiya etganlar:
«اللَّهُمَّ يَا هَادِيَ الضَّالِّ، وَرَادَّ الضَّالَّةِ ارْدُدْ عَلَيَّ ضَالَّتِي بِعِزَّتِكَ وَسُلْطَانِكَ فَإِنَّهَا مِنْ عَطَائِكَ وَفَضْلِكَ».
Allohim! Ey adashganlarni hidoyat qiladigan, yo‘qolgan narsani qaytaradigan Zot! Azizliging, hukmronliging hurmati menga yo‘qotganimni qaytargin, zero, u O‘zingning atoing va fazlingdir».
Imom Tabaroniy keltirgan rivoyatda esa xuddi shu ma’noni Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan naql qilgan. Biroq, bu rivoyatda zaiflik borligi ta’kidlanadi. Harqalay, ushbu rivoyatdagi amallar ishonchli rivoyatlarda kelgan.
Ba’zi asarlarda narsasini yo‘qotgan odam Zuho surasini o‘qishi, ayrimlarida Zalzala surasini o‘qishi tavsiya qilingan. Bular mujarrabotlar bo‘lib, Qur’oni Karim fazilati tuganmas ekani inobatga olinsa, ularni ma’lum maqsadlarda o‘qish ham manfaatli hisoblanadi.
Bulardan tashqari, g‘am-tashvishda, hojat tushganda o‘qiladigan namoz va duolarni ham qilish mumkin. Jumladan:
حسبي الله وَنِعْمَ الوكيل نِعْمَ الْمَوْلَى وَنِعْمَ النصير
«Bizga Alloh kifoyadir, U qanday ham yaxshi asrovchidir».
«يا حي يا قيوم، لَا حَوْلَ وَلَا قُوَّةَ إِلاَّ بِكَ، بِرَحمَتِكَ أَسْتَغِيثْ، أَصلِحْ لِي شَأْنِي كُلَّهُ ولَا تَكِلْني إِلَى نَفسِي طَرفَةَ عَيْنٍ»
Yo Hay! Yo Qayyum! Sendan o‘zgada na quvvat bor, va qudrat bor. Rahmating ila O‘zingdan yordam so‘rayman, barcha ishlarimni O‘zing o‘nglagin, kiprik qoqquncha ham o‘z holimga tashlab qo‘ymagin».
Muhimi, ishni qalbda Alloh taologa topshirib, tavakkul qilib, qabuliyatiga chin ishonch bilan, pok ixlos bilan duo qilish lozim. Yo‘qolgan narsa, inshoolloh, topiladi, ammo bordiyu topilmay qolsa ham, bu duoyu zikrlar Allohga ibodat o‘laroq eng ulug‘ amallardan sanaladi va kishini Robbi taologa yaqinlashtiradi.
Alloh taolo barchalarimizga tavfiqu inoyatni yor aylasin!