
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
«YERDAGI HUKMDOR YUKINSA, SAMODAGI HUKMDOR RAHM QILGAY!»
Munzir ibn Sa’id xalifaning bu munojotini eshitib, tazarrusini ko‘rib, yuzi quvonchdan yorishib ketdi. U odamlar oldiga qaytib borib: «Hoy odamlar! Bo‘ldi, uylaringizga qaytaveringlar, tez orada yomg‘ir bilan serob bo‘lasizlar. Zotan, yerdagi hukmdor yukinsa, samodagi Hukmdor rahm qilgay!» dedi.
«YERDAGI HUKMDOR YUKINSA, SAMODAGI HUKMDOR RAHM QILGAY!»
To‘rtinchi hijriy asrning birinchi yarmi, Andalusiya Islom davlatining VIII xalifasi Abdurrahmon Nosir lidinilloh hukmrronlik yillari. Qurtubada bir yildan ortiq davom etgan qurg‘oqchilik va ocharchilik xalqning tinkasini quritgan edi. Andalusiya qozisi Munzir ibn Sa’id rahmatullohi alayh odamlarni istisqo namozi o‘qishga chorladi. Odamlar shahar tashqarisidagi namozgohga to‘plandilar. Ular istisqo namozini xalifa boshchiligida, unga iqtido qilib o‘qish ilinjida davlat rahbarini kutib o‘tirishar edi. Xalifa ha deganda kelavermagach, alloma Munzir ibn Sa’id rahimahulloh xalifaning elchisiga: «Xalifaga borib ayt, odamlar istisqo namozini o‘qish uchun uni kutishmoqda», deb tayinladi.
Elchi qaytib kelib Munzir ibn Sa’idga: «Hazrat, xalifa bir ovloq joyda yolg‘iz o‘zi o‘tiribdi, hech kim uning oldiga kirishga botina olmayotir», dedi. Alloma bu xabarni eshitgach, elchi bilan birga u aytgan joyga bordi. Haqiqatan, xalifa qasru ayvon, nozu ne’matlarni tashlab, bir xaroba go‘shada bir o‘zi qolgan edi. U podshohlik liboslarini yechib, dag‘al, odmi kiyimlarni kiyib olgan, boshini yerga qo‘yib, tupproqqa belanib, dod deb iltijo qilayotgan edi. Uni hech kim bugungidek qo‘rquvda ko‘rgan emas. O‘sha paytdagi Yevropani zir titratib turgan katta bir davlatning hukmdori boshi sajdada, ko‘z yoshlari soqollarini ho‘l qilib, yuzidagi tuproqni loyga aylantirgan holda quyidagicha iltijo qilar edi: «Yo Rabbiy! Mening yomonliklarim, gunohlarim sababli xalqni azoblaysanmi? Axir sen eng to‘g‘ri hukm qiladigan adolatli Zotsan-ku. Mana peshonam, u Sening qo‘lingda, qanday azob bo‘lsa meni azobla. Sen hech narsadan bexabar emassan, Sendan hech kim qochib qutila olmas!»
Munzir ibn Sa’id xalifaning bu munojotini eshitib, tazarrusini ko‘rib, yuzi quvonchdan yorishib ketdi. U odamlar oldiga qaytib borib: «Hoy odamlar! Bo‘ldi, uylaringizga qaytaveringlar, tez orada yomg‘ir bilan serob bo‘lasizlar. Zotan, yerdagi hukmdor yukinsa, samodagi Hukmdor rahm qilgay!» dedi.
Odamlar hali tarqab-tarqalmay turib yomg‘ir yog‘a boshladi, hamma serob bo‘ldi. Bir yildan ortiq davom etgan qahatchilik ana shunday yakun topdi.
Ilohim, duolar ijobat, iltijolar qabul bo‘lsin. Umid qilamiz, yurtimiz yanada obod, diyonatimiz yuksak va kelajagimiz ulug‘ bo‘ladi.