
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
YASHIL GUMBAZ VA UNDAGI TUYNUK
Gumbazdagi bu tuynukning yana bir vazifasi shuki, xodimlar gohida shu tuynukdan kirib, gumbazning ichini tozalab, yuvib turishadi.
YASHIL GUMBAZ VA UNDAGI TUYNUK
Rasululloh sollallohu alayhi va sallaming qabri shariflar ustidagi yashil gumbaz Madinai Munavvaraning ramziga, habibimiz sallollohu alayhi va sallamni eslatadigan belgiga aylangan. Uni oshiqlaru shoirlar shunday ajoyib ta’birlar bilan zikr qiladilarki, bu go‘zal iboralardan kishining qalbi yanada to‘lqinlanib ketadi. Bu muhtasham gumbazni ko‘rganda Nabiy sollallohu alayhi va sallamni sevgan har bir insonning yuragi bir hapqirib, ko‘ziga yosh qalqishi tabiiy. Shuning uchun unga oid har bir ashyo, har qanday ma’lumot muhabbat ahli uchun qadrlidir.
Yashil gumbazning qibla tarafida bir tuynuk bor. Ko‘pchilik uning nimaligini bilmaydi. Hatto ba’zilar yolg‘on xabarlarga aldanib, bu tuynuk haqida to‘qima xurofotlarni ham ko‘tarib yuradi. Nima emish, o‘tgan asr boshlarida bir odam Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qabrlari ustidagi gumbazni buzgani chiqqanida o‘sha joyda yashin urib o‘lib qolibdi-yu, keyin hech kim uning jasadini u yerdan tushira olmabdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘sha davrdagi bir solih odamning tushiga kirib, jasadni u yerdan hech kim tushira olmasligini, chunki u boshqalarga ibrat o‘laroq shu yerda qolishini aytgan emishlar. Shundan so‘ng odamlar uni turgan joyida kafanlab qo‘yganmish. Yolg‘onni ham juda boplashadi‑da. Undan ham ajablanarlisi, shu gapga ishonadiganlar ham topiladi.
Bu gap yolg‘on, kulgili bo‘lishidan tashqari Nabiy sollallohu alayhi va sallamning maqomi shariflariga ham, shariat ahkomlariga va tushunchalariga ham umuman to‘g‘ri kelmaydi. Ammo bilimsizlikdan, fahmsizlikdan ba’zi odamlar shunaqa uydirmalarni ham gap qilib ko‘tarib yuraveradi.
Xo‘sh, haqiqat o‘zi qanday bo‘lgan?
عن أبي الجوزاء أوس بن عبدالله الأزدي: «قُحِطَ أَهلُ المدينةِ قَحطًا شديدًا فشَكَوا إلى عائشةَ رضيَ اللَّهُ عنها فقالت انظُروا قبر النَّبي صلَّى اللَّهُ عليهِ وسلَّمَ فاجعلوا منهُ كُوًى إلى السَّماءِ حتَّى لا يَكونَ بينَه وبينَ السَّماءِ سقفٌ ففعلوا فمُطِروا مَطرًا حتَّى نبتَ العشبُ وسمِنتِ الإبلُ حتَّى تفتَّقتْ منَ الشَّحمِ فسمِّيَ عامَ الفتقِ».
Abu Javzo Avs ibn Abdulloh Azdiydan rivoyat qilinadi:
«Madina ahli qattiq qahatchilikka uchradi. Oisha roziyallohu anhoga shikoyat qilishgan edi, u: «Nabiy sollallohu alayhi va sallamning qabrlariga qaranglar va u zotning tepasidan osmonga bir tuynuk qilinglar, toki u zot bilan osmon o‘rtasida hech qanday shift bo‘lmasin», dedi. Shunday qilishgan edi, shu qadar yomg‘ir yog‘diki, hatto o‘t-o‘lanlar unib, tuyalar yog‘ bosgandan tirsillab ketdi va o‘sha sana «Mo‘l-ko‘lchilik yili» deb ataldi».
(Hadisni Dorimiy rivoyat qilgan va uni Ibn Hajar Asqaloniy taxrij qilib, hasan darajasidagi hadis deb aytgan. Ayrim kishilarning hadisni zaif deyish orqali xabarni yolg‘onga chiqarishga urinishi haqsizlikdir.)
Demak, Oisha roziyallohu anhoning tavsiyasi bilan sahoba va tobeiylar hujrai saodatning shiftida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak boshlari ro‘parasidan bir tuynuk ochishgan ekan va bu ham u zotni vasiyla qilishning bir ko‘rinishi bo‘lib, shundan so‘ng Madina ahli serob bo‘lgan ekan.
Valid ibn Abdulmalik davrida Madina voliysi Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayh nurab qolgan hujrai sodatning devor va tomlarini qaytadan tiklar ekan, mazkur tuynukni saqlab qoldi.
Hijriy 678 sanada Misr hukmdori Sayfiddin Qalovun hujrai saodatning shifti o‘rniga, Umar ibn Abdulaziz qurdirgan devor ustiga gumbaz qo‘ydirdi va bu hujrai saodatga qo‘yilgan ilk gumbaz bo‘ldi.
Hasan ibn Muhammad ibn Qalovun davrida, keyinroq 765 yili Sha’bon Qalovun tarafidan mazkur gumbaz qayta ta’mirlandi.
Hijriy 881, milodiy 1472 sanada Misr taxtiga Sulton Mahmudiy Hayitboy keldi. U hujari saodat ustidagi yog‘och gumbazni olib, o‘rniga g‘ishtdan gumbaz qurdirdi. Hijriy 886 sana ramazon oyida minoraga tushgan yashin sababidan Masjidi Nabaviyda yong‘in sodir bo‘ldi va olov ravzai sharifani ham qamradi. Ammo Hayitboy qurgan g‘ishtli gumbaz to‘siq bo‘lib, yong‘in hujrai saodatga o‘tmadi. Bu masjid tarixidagi ikkinchi yong‘in edi.
Sulton Mahmudiy Hayitboy masjidni ta’mirlash asnosida hijriy 887, milodiy 1482 yili gumbazni yanada mustahkam qilib yangiladi va bu bilan cheklanmay, Umar ibn Abdulaziz tomonidan hujrai sodat devorlariga gir aylana ko‘tarilgan besh burchakli devorni aylantirib yana bir devor qurdirdi hamda unga ka’bapo‘sh kabi mato to‘shadi. Hujra va uning ustidagi gumbaz ushbu devor ortida qoldi. Qabri sharifni ziyorat qiluvchi odam shu yergacha kira oladi, uning ichkarisiga o‘sha devor qurilgandan beri hech kim qadam bosmagan. Zero, bu devor ham, uning ichidagi ikki qat devor ham eshik-tuynuksiz yaksar qilib qurilgan.
Sulton Mahmudiy mazkur himoya devori bitgandan so‘ng yerdan yangi ustun, devorlar ko‘tarib, ustiga qora toshlardan yana bir gumbaz qurdirdi. Biroq, ko‘p o‘tmay gumbazga darz ketdi. Ta’mirlamoqchi bo‘lishdi‑yu, ilojini qilisha olmadi. Shunda Sulton Hayitboy gumbaz ishini mohir muhandis Shujo’iy Shohin al‑Jamoliyga topshirdi. U mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda gumbazning tepa qismini olib tashlab, tashqarisidan boshqa bir gumbaz tikladi. Bu gal gumbazni shunchalar puxta qilishdiki, bugungi kungacha u saqlanib kelmoqda.
Nuriddin Samhudiy (vaf.911h) «Vafoul‑vafo»da ta’kidlashicha, o‘shanda Shujo’iy Shohin ahli ilmlar bilan maslahatlashgan holda yangi gumbazda qabri sharifning ro‘parasidan bir tuynuk qoldirib, uning ro‘parasidan hujrai saodat ustiga qurilgan ichki gumbazga ham tuynuk ochdi. Shu bilan bugungi kunda Madinaning ramziga aylangan gumbaz binosi hijriy 892, milodiy 1487 yili nihoyasiga yetdi.
Sayyid Ja’far Barzanjiy «Nuzhatun‑nozirin» kitobida Zayniddin Marog‘iydan (vaf.816/1414) naql qiladi:
«Qurg‘oqchilik paytida muqaddas hujra gumbazining quyi qismidan, qibla tarafdan tuynuk ochish Madina ahlining odatlaridandir, garchi qabri sharif bilan osmon o‘rtasini tom to‘sib tursa ham».
Demak, Oisha roziyallohu anhoning maslahati bilan janobimizning yuzlari ro‘parasidan osmonga ochilgan tuynuk Sayfiddin Qalovun qurdirgan gumbazda e’tiborga olinmagani uchun odamlar gumbazning qibla tarafidan tuynuk qilishgan ekan. Shu e’tibordan, Sulton Hayitboy davrida Qalovun qurdirgan gumbaz o‘rniga qurilgan kichik gumbaz va uning tepasiga yopilgan katta gumbazga tuynuk qo‘yilgan. Shunday qilib, habibimiz sollallohu alayhi va sallamning qabri shariflari, yana ham aniqrog‘i, muborak yuzlari bilan osmon o‘rtasini butkul yopib yubormay, tuynuk qoldirilgan. Oisha roziyallohu anhoning tavsiyasi bilan ochilgan tuynuk asrlar osha ana shunday asrab kelinmoqda.
Gumbazdagi bu tuynukning yana bir vazifasi shuki, xodimlar gohida shu tuynukdan kirib, gumbazning ichini tozalab, yuvib turishadi.
Sulton Hayitboy qurdirgan gumbaz moviy rangda edi. Usmoniy hukmdorlardan Mahmud ibn Abdulhamid davrida gumbaz biroz ta’mirtalab bo‘lib qoladi. Shunda hukmdor uni rostlash barobarida yashilga bo‘yashni buradi. Bu hodisa hijriy 1253, milodiy 1837 yili sodir bo‘lib, gumbaz ta’mir ishlarida Madina ahli, ya’ni oddiy namozxonlar ham tabarrukan bevosita ishtirok etadi. Ana shundan beri gumbaz yashil rangga bo‘yab kelinadi. Bu an’ana saudiylar davrida ham o‘z holicha davom etib kelmoqda.
Xulosa qilsak, ko‘rganda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni yodga soladigan hozirgi yashil gumbazni Misr hukmdorlaridan Sulton Hayitboy 892/1487 sanada qurdirgan va uni ilk bor usmoniy hukmdorlardan, Abdulhamid birinchining o‘g‘li, Abdulhamid ikkinchining bobosi Sulton Mahmud qayta ta’mirlab, yashilga bo‘yagan. Gumbazdagi tuynuk esa Oisha roziyallohu anhoning ko‘rsatmalariga ko‘ra ochilgan bo‘lib, qadimdan Madina ahli qurg‘oqchilik paytada uni ochib qo‘yish bilan yomg‘ir so‘rashgan. Tuynuk odatda yopiq turadi, vaqti‑vaqti bilan, kezi kelganda ochiladi. U hech qanday qabr yoki birovning jasadi emas. Tuynuk ochilganda osmonu quyosh Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qabri shariflarini to‘siqsiz ziyorat etish sharafiga noil bo‘ladi.
Shuni ta’kidlash joizki, ushbu mavzuda kelgan xabarlarda juda ko‘p chalkashlik, xilma-xillik bor ekan, bu yerda o‘shalar orasidan ishonchlilari ma’lum tahlil asosida taqdim etildi. Alloh taolo O‘zi uni manfaatli aylab, barchalarimizga bu muborak zaminni qayta-qayta ziyorat qilishni nasib aylasin. Habibimiz sallollohu alayhi va sallamning shafoatlariga har birimizni noil etsin.