
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
ESLATMA
"Qur’on boylikdir, undan keyin faqirlik ham, undan ortiq boylik ham yo‘q".
ESLATMA
"عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ ، قَالَ : إِنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم ، قَالَ : الْقُرْآنُ غِنًى لاَ فَقْرَ بَعْدَهُ ، وَلاَ غِنًى دُونَهُ"
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:
"Qur’on boylikdir, undan keyin faqirlik ham, undan ortiq boylik ham yo‘q".
Imom Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyat qilgan.
عن عبد الله بن عمرو رضي الله عنه، قال رسول الله صلّى الله عليه وسلم: " ومن قرأ القرآن فرأى أن أحدا أعطي أفضل مما أعطى فقد عظم ما صغر الله وصغر ما عظم الله".
رواه الطراني
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:
"Kim Qur’oni o‘qisayu (ya’ni yodlasa), keyin birorta odamga o‘ziga berilgandan afzal narsa berilgan deb o‘ylasa, Alloh katta sanagan narsani kichik sanab, kichik sanaganini katta sanabdi".
Tabaroniy rivoyat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va salallam boshqa bir hadisda: "Qur’ondan ikki oyat yodlash ikkit katta urkachli tuyaga ega bo‘lgandan afzal, uchta oyatni yodlash uchta tuyaga ega bo‘lgandan yaxshi", deganlar.
Men yuzlab qorilarni taniyman, ammo birorta ham tilanib yurgan qorini ko‘rmaganman. Qorilar odatda mehnatkash, hunarmand, ishbilarmon bo‘ladi. Qolaversa, Qur’onga chin ixlos qo‘ygan odamning dunyo va oxirat ishlarini Alloh O‘zi o‘nglaydi. Aksincha, Qur’ondan yuz o‘girib, keyin pul topish uchun o‘zini har o‘tga urib, ammo kosasi oqarmaganlar juda ko‘p.
Musulmon kishi faqatgina moddiy o‘lchov bilan ko‘rmaydi, u ma’naviy omillarga ham inonishi bilan boshqalardan farq qiladi.
Umuman olganda, din ilmi bilan dunyo ilmini bir biriga zid qo‘yishga urinish eng og‘ir xatolardandir. Ular hamisha bir birini to‘ldirib kelgan. Boshqa dinlarda holat boshqacha bo‘lishi mumkin, ammo Islomda din va dunyo ilmlari hamisha bir biriga tirgak bo‘lib keladi.