
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
ASL VA FAR’
«Asl» deb bir narsaning asli, negizi, ildizi, poydevoriga aytiladi. «Far’» so‘zi esa o‘sha narsaning aslidan boshqa joylariga, ikkilamchi narsalarga ishlatiladi.
ASL VA FAR’
«Asl» deb bir narsaning asli, negizi, ildizi, poydevoriga aytiladi. «Far’» so‘zi esa o‘sha narsaning aslidan boshqa joylariga, ikkilamchi narsalarga ishlatiladi.
Asl va far’ ba’zan nisbiy bo‘ladi. Ya’ni bir narsa yoki tushuncha qaysidir narsaga nisbatan asl bo‘lsa, boshqaga far’ bo‘lishi mumkin. Masalan, fiqh aqiydaga nisbatan far’, ammo fiqhning ichida ham masalalar asliy va far’iy bo‘laveradi. Daraxtning tanasi shoxlariga nisbatan asl, ammo ildizga ko‘ra far’ bo‘ladi. Uyning asli uning poydevori, devor esa unga nisabatan far’, ayni vaqtda devor o‘zidagi bezak va boshqa ikkilamchi narsalarga nisbatan asl hisoblanadi. Ammo hamma far’ ham boshqaga asl bo‘lavermaydi, chunki ayrim narsalar borki, ular hech qachon asl bo‘lmaydi. Masalan, tom va devordagi naqshlar hech qachon asl bo‘lmaydi.
Islom ham bino yoki daraxtga o‘xshaydi. Bunga oyat va hadislarda dalolatlar bor. Qur’oni Karimda iymon ildizlari yer qa’rida, shoxlari osmon uzra cho‘zilgan daraxtga tashbeh qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Islomni ayrim hadislarda binoga o‘xshatsalar, boshqalarida daraxtga mengzaydilar. Masalan, «Islom besh narsa ustiga qurilgan...» «Iymon yetmish nechta ham shoxdir...» va boshqa shu kabi hadislar so‘zimizni tasdiqlaydi. Fuqaholarimizning mazkur oyat‑hadislarga asoslangan holda besh amalni Islomning runki deb, shuningdek, ibodatning ichidagi shartlarini «rukn» ‒ uyni tutib turuvchi burchak deb atashlari ham shariatni binoga qiyoslashdandir. Umuman olganda, Islomni yaxshi o‘rgangan kishi uning tuzilishini olamni zabt etgan daraxt yoki metin binoga o‘xshatishi tabiiy.
Binoning asliga, poydevoriga yoki daraxtning ildiziga zarba berilishi uning far’lariga yo‘naltirilgan zarbalarga nisbatan bir necha barobar xatarli va og‘ir bo‘lishi aniq. Buni isbotlashga urunish ortiqcha, har qanday aqlli odam yaxshi biladi. Xuddi shu kabi, shariatning asllaridagi adashuv far’laridagi xato yoki beparvolik bilan bir xil emas. Biz buni Nabiy sollallohu alayhi va sallamning siyratlarida va sahobalarning tasarruflarida ochiq ko‘rishimiz mumkin.
Ayrim sahobalar Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ibodatlarini o‘zlari uchun oz sanab, halol bo‘lgan narsalarni o‘zlariga man qilishga kelishishdi. Bu xabar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga yetib borganda, u zot qattiq g‘azablandilar va shidddat bilan va’z qilib: «Shunday, shunday deganlar sizlarmi?! Hoy! Allohga qasamki, men sizlarning Allohdan eng qo‘rqadiganingizman, Unga eng taqvo qiladiganingizman, lekin men ro‘za ham tutaman, og‘iz ochiq ham yuraman, namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham, ayollarga uylanaman ham. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas», deya xutba aytdilar. Aslida mazkur sahobalar dinda qaytarilgan ishni qilishmqochi emasdi, aksincha, bir qaraganda taqvodorlik, Islomga yana ham yaxshiroq amal qilishdek ko‘rinardi. Ammo bu harakat dinning usuliga zarba, Islomning asoslariga zid bo‘lgani uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bundan qattiq g‘azablandilar va uni keskin inkor qildilar. Zero, buning ortida halol‑harom mezonlari buzilishi yotardi.
Buning muqobilida shaxsiy gunohlarga bunday zajr qilinmaganini ko‘rish mumkin. Masalan, Imom Termiziy rivoyat qilishicha, Abu Yasar roziyallohu anhu xurmo sotib olish uchun kelgan bir ayolni o‘pib oladi‑yu, keyin qattiq afsus qilib, Umar va Abu Bakr roziyallohu anhularga aytib, maslahat so‘raydi. Ular: «O‘zingni satr et, tavba qil va hech kimga aytib yurma», deyishadi. Abu Yasar qanoatlanmay, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga murojaat qiladi. Shunda u zot bu gunohni biror yaxshi amal bilan yuvishni buyurib turganlarida, kunduzgi va tungi namozlar gunohlarni yuvishi haqida oyat nozil bo‘ladi. G‘omidiya zino qilib qo‘yib, keyin tavba uchun o‘ziga shariat jazosi joriy qilinishini talab qilib kelganda ham Nabiy sollallohu alayhi va sallam uning tavba bilan, istig‘for bilan gunohi kechirilishini umid qiladilar, ammo shariatdagi halol narsani harom qilishga bo‘lgan urinishda kuzatilganidek g‘azablanmaydilar. Madinadagi bir buzuq ayol haqida esa Nabiy sollallohu alayhi va sallam: «Agar shariatda zinokorga jazo uchun to‘rtta guvoh shart qilinmaganida, men falonchini toshbo‘ron qildirgan bo‘lardim», deydilar. Ammo bu haqda ham yuqorida ko‘rganimizdek xutba qilganlari naql qilinmagan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kelajakda ummatlari orasida din‑diyonatda sustkashlik ortishini aytar ekanlar, ular xususida xavorijlarga tahdid qilgandek «Agar o‘sha paytda bo‘lsam, ularni od yoki yoki samudni qirgandek qirar edim», demaganlar. Bulardan gunohlarga yengil qarash tushunilmaydi, balki dinning usullariga daxl qilish shaxsiy gunohlar, taqvosizliklarga nisbatan ancha og‘ir ish ekani anglashiladi.
Ayrim katta sahobalar ko‘pchilik nafl ro‘za tutadigan fazilatli kunlarda aytayin og‘iz ochiq yurishar, ba’zan odamlar kutmagan tasarruflar bilan joizlarning chegarasini ko‘rsatib berishar edi. Shuning uchun ulamolar agar odamlar ashuro yoki arafa kuni ro‘za tutishni vojibga aylantirib yuborishi xavfi tug‘ilsa, ayrim katta olimlar shu kunlarda ro‘za tutmasin, deb aytadilar. Nega? Chunki joizlar chegarasi buzilishi ham dinning usullariga daxl qiladi.
Tarixga nazar solinsa, sahobai kiromlar zimmiylar yoki fosiqlar bilan jang qilib o‘tirishmagan, ularga da’vat va nasihat qilishgan, ammo xavorijlarga nisbatan qattiq turishgan. Chunki xavorijlar dinning asoslariga hujumga o‘tishgan edi, garchi zohirda taqvodor bo‘lib ko‘rinishsa ham.
Xulosa qilib aytganda, shariat asoslarining buzilishi ko‘pchilik odamlar beparvo bo‘ladigan, ammo o‘ta xatarli holatdir. Zero, bunda Islom binosining poydevoriga darz ketadi. Ushbu vaziyatni ham bino yoki daraxt misolida tasvirlash mumkin.
Masalan, uyning bezaklari, hatto tomiga zarar yetishi ham uning poydevoriga zil ketishi oldida hech narsa emas. Ammo uyning poydevori yoki asos devorda o‘zgarish bo‘lsa, uy uzoqqa bormaydi, raso turmaydi. Poydevordagi qing‘irlik uyning barcha burchak‑surchaklarigacha, hatto tomiga ham, bezaklariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ammo bezaklardagi notekislik vaqti kelganda qo‘l uchida to‘g‘rilanishi mumkin. Daraxtning mayda shoxlariga zarar yetsa yoki noto‘g‘ri butalsa, agar ildiz salomat bo‘lsa, hammasi o‘rniga tushib ketaveradi. Ammo ildiz yemirilsa yoki tanasi qiyshaysa, unda bu daraxt ko‘karmaydi, kutilgan hosilni bermaydi va tez kunda qurib bitadi.
Kulfat shundaki, ko‘pchilik odamlar poydevor yoki ildiz bilan qiziqmaydi ham, u bilan hisoblashmaydi ham, undagi muammolarga aqllari ham yetmaydi. Odatan omma zohirga qarab baho beradi, daraxtning gulu bargiga, uyning bezaklariga e’tibor beradi, ammo uning asoslarining holati qanday, unga zarar yetmayaptimi, bu haqda o‘ylab o‘tirmaydi, to daraxt qurishga yoki uy nurashga kelmagunicha asoslarga yetgan zararni bilmaydi. Biroq, mutaxassislar, masalan, muhandis yoki dehqon avvalo asoslarga e’tibor qaratadi, ularga yetadigan zararlarni biladi, uning ilk alomatlarini payqaydi, agar biror xatar sezsa, tashvishga tushishni boshlaydi va ogohlantirishga oshiqadi. Ammo loqayd insonlar ularning so‘zlarini mensimasligi, balki masxara qilishi ham mumkin. Biroq, oqibat mutaxassislarning fikrini tasdiqlashi aniq. Bunday paytda ommaga lozim narsa shuki, ular o‘z hadlarini bilib, mutaxassislarga quloq solishlari kerak, ularga murojaat qilib turishlari kerak, aks holda, uysiz, daraxtsiz qoladilar.
Islom dini ham xuddi uy yoki daraxt kabi ko‘rinishi sodda, ammo o‘ziga xos murakkabliklarga ega, usul va furu’lardan iboratdir. To‘g‘ri, undan panoh topish, uning soyasidan, mevasidan bahra olish oson, ammo u bilan munosabatga kirishish chuqur bilim va tajriba talab qiladi. Zotan, bilib‑bilmay uning asoslariga zarar berish uni asta‑sekin nobud qiladi, eng kamida, uning hayotbaxshligiga putur yetkazadi.
Agar bir musulmon umr bo‘yi aroq ichsa‑yu, ammo u buni halol demasa, mo‘min hisoblanaveradi. Biroq, aroq ichmasa ham, uni halol deb da’vo qilsa, u holda iymondan chiqadi, chunki bunisi asosga hujum sanaladi. Kishi namoz o‘qimasa ham mo‘min bo‘laveradi, ammo namozni inkor qilsa, dindan chiqib qoladi, chunki bu ibodat asosiga tajovuzdir. Bunga yana ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Biroq, bunday ochiq misollarni ko‘p keltirishga hajat yo‘q, ularni anglash oson, mushkuli dinning asosiga zarba beradigan maxfiy xatarlardir.
Afsuski, bugun ayrim musulmonlar diniy ilmlardan uzoqlashganlari, islomiy ilmlarni o‘rganganda ham, tartib va asos bilan yondashmaganlari sababidan o‘z uylari ‒ dinlari xususida faqat zohir narsalarni ko‘rish bilan ovoralar, asoslarni anglamaydilar, kamiga, o‘zlarining zohirparast hollarini eng yuqori dindorlik deb bilishadi va kerak bo‘lsa, mutaxassislarning gapidan o‘zlarining tum‑taraqay tushunchalarini ustun qo‘yishadi, olimlarning so‘zini‑da pisand qilishmaydi. Ko‘pchiliklari bilimsizlikdan o‘zlari kabi zohiriy odamlarni tan olishadi, chuqurroq mulohazaga o‘tishmaydi, haqiqiy ilmga quloq solishmaydi, balki kim bo‘lsa ham, ular kutgan bir‑ikkita gapni aytsa bo‘ldi, o‘shani haqda deb bilaverishadi. Zohirparast toifalarning omma o‘rtasida keng tarqashining asosiy sababi ham shu ‒ ilmsizlik, tartibli tahsil yo‘qligi va ilm olish vositalarining o‘zlashtirilmaganidandir. Boshqacha qilib aytganda, dushmanlar musulmonlarning aynan ilmsizliklaridan foydalanib turli fitnalarni yoyishga erishishmoqda.
Bugungi kunda Islomning asosini, musulmonchilikning poydevorini chiritadigan eng yomon xatar bemazhablikdir. Ramzon Butiy rahmatullohi alayhning «Bemazhablik Islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’atdir», degan gapi faqat u kishining fikri emas, balki barcha ilm ahli bot‑bot ta’kidlayotgan haqiqatdir. Alloma Zohid Kavsariyning «Mazhabsizlik dinsizlikka ko‘prikdir», degan so‘zi shunchaki gap emas, balki Islomni chuqur angalagan olimning xulosasi bo‘lib, hozirda buning hayotiy haqiqatga aylanganini aksar ahli ilmlar tasdiqlamoqda. Zero, bemazhablik Qur’on va hadisni fahmlash, unga amal qilishdagi xatolikdir. Aytingchi, Qur’on va Sunnatni anglashda, uni uqishda xato manhajda bo‘lgan kishilar Islomga to‘g‘ri amal qilishi mumkinmi? Yo‘q, aksincha, buning ortidan butun Islom binosi o‘z qiyofasini yo‘qotishi, o‘z asliyatidan mosuvo bo‘lishi aniq. Buni hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Ammo haqiqiy islomiy ilm madrasalaridan dars olmagan kishilar bu haqiqatni fahmlashga qiynalmoqda. Aksincha, odamlarda his‑hayajon, tuyg‘ular ustun kelganidan, kamiga ilmiy mezonlardan uzoq bo‘lganlaridan ko‘pchilik bemazhablikni gapirishni go‘yo musulmonlar o‘rtasiga tafriqa solish deb tushunib oladi yoki bir necha bor bayoni qilingan ayrim mavjud muammolarni ro‘kach qilib, mazhabsizlik xatari haqida so‘z ochishga qarshilik qilishga urinadi. Aslida bemazhablik o‘sha nazarda tutilgan muammolardan ham xatarli, faqat ko‘pchilik buni anglamaydi.
Bid’atning eng yomon xatari uni odamlar asl din deb olishi, unga amal qilayotgan kishi o‘zini haqda bilib, bid’atidan tavba qilishni o‘ylab ham o‘tirmasligidadir. Mazhabsizlik ham bid’at, bo‘lganda ham dinning asoslaridagi bid’at, undan ogohlantirish bilgan kishilarga vojibdir.
Jamiyatga tarqagan virusning xatarini tabiblar, doktorlar biladi, ammo biz ularchalik his qila olmaymiz. Ammo jamiyat sog‘lom bo‘lsin, o‘zimiz salomat bo‘laylik desak, o‘sha mutaxassislarga quloq solishimiz lozim.
Bemazhablik ‒ dinga amal qilishda to‘rt mashhur fiqhiy mazhabdan birini tutmaslikdir. Chunki ulardan boshqa mazhablar tarixda bo‘lgan esa‑da, bugun hayotda yo‘q. Bemazhab kishilarning «Biz to‘rt mazhab va boshqa mujtahidlarning so‘zlaridan o‘zimiz tanlab olamiz, ularning har birlarida mazhab bo‘lgan, shuning uchun biz mazhabga ergashgan bo‘laveramiz», degan gapi g‘irt yolg‘on va aldovdan boshqa narsa emas. Chunki mazhablardan birortasini tutmay, har qaysisidan o‘ziga ma’qul kelganini tanlash aynan bemazhablik bo‘ladi, ammo hech qaysi mazhabda bo‘lmagan gapni aytsa, unda bir yo‘la dindan chiqib ketishi mumkin.
Hozirgi kunda musulmon olamidagi asosiy muammolar aynan bemazhablik ta’limoti asoratlari ekanini ko‘rish qiyin emas. Diniy nizo qo‘zg‘ayotganlar ham, bir‑birini kofirga chiqarib, kofirlarning quroli bilan dindoshlarini o‘ldirayotganlar ham, o‘lkalarni vayron qilayotganlar ham, musulmonlarning qonini va sha’nini halol sanayotganlar ham, mujtahid imomlarni mensimay, ummat imom deb bilgan allomalarni bid’atchiga, ahmoqqa chiqarayotganlar ham, umrini dinga xizmat qilishga bag‘ishlagan ahli ilmlarni obro‘sizlantirishni kasb qilib olganlar ham, o‘zi hali biror ustoz oldida birorta tayinli kitob o‘qimay turib ulamolarga jur’at etayotgan beodoblar ham va boshqa shu kabi Islom tamoyillariga tamom zid tasarruflarni qilayotganlar ham aynan bemazhablik ta’limotini olgan kimsalar ekani ahli donishga kundek ravshan. Bulardan tashqari, bemazhablikning ilm ahliga ma’lum bo‘lgan, bu yerda tushuntirish imkonsiz bo‘lgan muammolari yanada ko‘p. Bunday toifalarning johili murakkabga aylanib qolishi yana bir og‘ir muammo.
Mazhab va bemazhablik haqida alohida maqolalarda to‘xtalishni niyat qilgan holda so‘zimga yakun yasar ekanman, hozirda mazhab mavzusini malol oladigan, bemazhablarga ergashib qolgan kishilarning ko‘pchiligi aslida diniga ixlosmand kishilar ekanini ta’kidlagim keladi. Biroq, ularga xato ma’lumotlar singdirib qo‘yilgan, zehnlariga buzuq mezonlar sizdirilgan va hali yetarli tarbiya ko‘rmaganlari uchun haqni tan olishga, ilmni anglashga o‘rganishmagan. Buning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. Ular haqida ham o‘rni kelganda to‘xtalamiz, inshoolloh. Muhimi, haqni tan olishga intilish, nafsu havodan ustun bo‘lishga urinish darkor.
Mavzu o‘ta dolzarb va keng bo‘lgani bois bu maqolani ushbu mavzudagi bir muqaddima deb qabul qilasizlar. Qalaversa, maqolaning ommabopligi ham shuni taqozo qildi. Muhtaram o‘quvchilarga Alloh taolodan xolis nazar tilagan holda, kamchiliklar uchun uzr so‘rayman. Fikr va mulohaza bildirmoqchi bo‘lganlarga odob doirasida va ilm bilan so‘z surishlari mo‘minlikdan dalolat bo‘lishini eslatib qo‘ymoqchiman. Alloh taolo barchamizni haqda sobit aylasin.