
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
HAR BIR BUYUK ORTIDA “AYOL” BOR EMISh
HAR BIR BUYUK ORTIDA “AYOL” BOR EMISh
Abu Sa’idxo‘janing o‘g‘li muftiy Abu Tohirxo‘ja o‘zinig mashhur «Samariya» nomli asarida shunday deydi:
«Naqlda borkim, hazrat Abu Mansurning xotini dag‘al va badfe’l xotin edi. Bir kun shayx tanurga o‘t qo‘yayotgan edi, xotini jahl qilib shayxning muborak orqasiga besh bor tepdi. Shayx umrining oxirida «o‘sha besh tepki bilan [men va Xaq taolo orasidagi yetti pardadan] besh parda o‘rtadan ko‘tarildi va o‘ttiz ikki yil ro‘za tutib, kechalari tik turishni bajo keltirdim, toki qolgan ikki hijob [ham] o‘rtadan ko‘tarilsin deb. Qani endi [o‘shanda] yana ikki tepki ham tepganda, bunchalik mashakqat chekmagan bo‘lur edim», dedi».
Aytmoqchilarki, imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayh dunyoni asrlar osha lol qoldirgan aqlu ilm, valoyat sohibi bo‘lishiga qaramay, xotini u kishini mensimas, hatto u kishini ayolga ko‘mak uchun tandirga o‘t yoqib berib turganida tepishga ham jur’at qilar ekan. Bu ayolning bunday betarbiya, badxulq bo‘lgani «Saloti Mas’udiy» kitobida va boshqa katta ahli ilmlarning naqllarida ham mavjud. Xullas, hazrat Imom Alloh taologa yaqinlashishiga, ulug‘ darajalarga erishishida o‘sha xotinning ozorlariga chidashi sabab ekanini aytgan ekanlar.
Men har bir buyuk inson ortida bir ayol bor, desa boshqacha, faqat bir tomonlama tushunarkanman, qarang, mana bunaqasi ham bo‘larkan. Ayollarimiz omon bo‘lishsin, nima qilib bo‘lsa ham, ummatga katta xizmat qilishar ekan, buyuklarni yetishtirib berishar ekan. :))