
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
ALLOH BARCHA ISHDA MULOYIMLIKNI SEVADI (1-QISM)
Islomda targ‘ib qilingan muloyimlik haq-huquqlar poymol etilganda ham tomoshabin bo‘lib turaverish, adolatsizlikka qarsak chalish, oyoqosti bo‘lishga rozilik degani emas, balki mazkur noxushliklarga qarshi munosabat bildirganda ham muloyimlik, bosiqlik bilan yo‘l tutish deganidir.
ALLOH BARCHA ISHDA MULOYIMLIKNI SEVADI (1-QISM)
Muloyimlik nabaviy axloqlardan, mo‘minning xislatlaridandir. Muloyim bo‘lish oson ish emas. Ayniqsa boshga ish tushganda, birovdan nohaq gap eshitganda, zulm yetganda va shu kabi ko‘ngilsizliklar yuz berganda – xullas, tanglik chog‘ida inson muloyim bo‘lishga yanada qiynaladi hamda qo‘pollik, qo‘rslik qilish orqali yuragini bo‘shatib olishga shoshiladi. Biroq Islom musulmonlarning sulukini to‘g‘rilar ekan, har qanday vaziyatda ham muloyimlik qila olishga o‘rgatadi, chiniqtiradi.
Islomda targ‘ib qilingan muloyimlik haq-huquqlar poymol etilganda ham tomoshabin bo‘lib turaverish, adolatsizlikka qarsak chalish, oyoqosti bo‘lishga rozilik degani emas, balki mazkur noxushliklarga qarshi munosabat bildirganda ham muloyimlik, bosiqlik bilan yo‘l tutish deganidir.
Anchadan beri ijtimoiy tarmoqlarda ayrim voqea-hodisalarga munosabat bildirishda ba’zi bir kishilardan qo‘pollik sodir bo‘layotgani, chegaradan chiqish holatlari urchiyotganini kuzatib kelaman. Bundan bir necha oy oldin shu mavzudagi hadisi shariflar asosida bir maqola boshlagan edim, tugallanmay to‘xtab qolgan edi. Shu kunlarda o‘sha maqolaga ko‘zim tushib, yakunlab, e’tiboringizga havola qilgim keldi. Alloh O‘zi manfaatli aylasin!
Ochig‘ini aytganda, bu mavzuni eslatish ayni paytda kimlargadir yoqmasligi ham mumkin. «O‘zi musulmonlar shunaqa yuvoshligidan, muloyimligidan ularni hamma xo‘rlayveradigan bo‘lib ketdi. Nima, birov haqorat qilib, tepkilab tashlasa ham yoki musulmonlarni azoblab, o‘ldirsa ham muloyim bo‘lib turaverish kerakmi? Uning o‘rniga bunday qilish kerak, unday qilish kerak», degan ma’noda e’tirozlar bo‘lishi mumkin. Ammo yaxshiroq tafakkur qilinsa, ayni vaziyatda mazkur muammolarning haqiqiy yechimi ham aslida muloyimlikda. Shu bois, bu mavzuni ko‘p va xo‘b o‘rganish hozir har doimgidan ham zarur. Quyidagi satrlarni o‘qish asnosida bunga yana bir bor amin bo‘lsak, ajab emas.
E’tirozga shoshilmaslik kerak, bunga har doim ham ulguramiz, avval nabaviy siyrat bilan tanishib olaylik, keyin xulosa qilamiz.
Alloh barcha ishda muloyimlikni xush ko‘radi
عن عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا زَوْجَ النَّبِيِّ r قَالَتْ: دَخَلَ رَهْطٌ مِنَ الْيَهُودِ عَلَى رَسُولِ اللهِ r فَقَالُوا: السَّامُ عَلَيْكُمْ. قَالَتْ عَائِشَةُ: فَفَهِمْتُهَا فَقُلْتُ: وَعَلَيْكُمُ السَّامُ وَاللَّعْنَةُ. قَالَتْ: فَقَالَ رَسُولُ اللهِ r: «مَهْلًا يَا عَائِشَةُ، إِنَّ اللهَ يُحِبُّ الرِّفْقَ فِي الْأَمْرِ كُلِّهِ». فَقُلْتُ: يَا رَسُولَ اللهِ، وَلَمْ تَسْمَعْ مَا قَالُوا؟ قَالَ رَسُولُ اللهِ r: «قَدْ قُلْتُ: وَعَلَيْكُمْ».
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Bir to‘da yahudiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirib, «As-saamu ’alaykum», deyishdi. Men buni fahmlab qolib, «Va ’alaykumus-saamu val-la’natu», dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Hay-hay, Oisha! Alloh barcha ishda muloyimlikni sevadi», dedilar. Men: «Ey Allohning Rasuli, ularning nima deganini eshitmadingiz chog‘i?» dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men ularga: «Va ’alaykum», dedim-ku», dedilar».
Imom Buxoriy rivoyati.
«As-saamu ’alaykum» – «Senga o‘lim bo‘lsin», degani. «Va ’alaykumus-saamu val-la’natu» – «Sizlarga ham o‘lim va la’nat bo‘lsin», degani. «Va ’alaykum» – «Sizlarga ham», deganidir.
Alloh taolo har bir ishda – u qanday ish bo‘lishidan qat’iy nazar –muloyimlik ustuvor bo‘lishini yaxshi ko‘rar ekan. Faqat namozda, yaxshilik qilganda, yaxshi kayfiyatda bo‘lganda yoki odamlar orasida muloyim bo‘lish kifoya emas ekan, balki har qanday vaziyatda, har qanday ishda muloyim bo‘la olish kerak ekan. Hatto birov sizni qarg‘ab, o‘lim tilaganda ham muloyimlik bilan javob qaytarish darkor ekan. Hadisi sharifdagi voqelik shuni ko‘rsatyapti.
Oisha roziyallohu anho yahudiylar salom bergandek ko‘rinib, aslida shu ishda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ozor berishga, u zotga zarar yetkazishga harakat qilayotganidan darg‘azab bo‘lib, ularning qarg‘ishiga qarg‘ish bilan javob qaytardi. U kishi qasos sifatida bunday qilish joiz deb o‘ylagan edi, ammo javobda la’natni ham qo‘shimcha qildi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa bunday yo‘l tutish musulmon axloqiga munosib bo‘lmagani uchun uni ma’qullamadilar. O‘zlari esa juda ham lo‘nda qilib javob berdilar: o‘lim tilashni o‘zlariga ep ko‘rmay, «tilaklaring o‘zlaringga siylov» qabilida «sizlarga ham» deyish bilan kifoyalandilar. Bu nabaviy axloq barchamizga ibrat bo‘lishi lozim.
Muloyimlikka buyurilgan hadislarni o‘qib, «Bu yerdagi gaplar oddiy vaziyatlar uchun aytilgan-da, ammo ozor yetkazganda, dushmanlik qilganda muloyimlik ketmaydi-da», deyish ham mumkin. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng ashaddiy dushmanlariga ham muloyimlik bilan ham yetarli javob qaytargan ekanlar.
Kimdir: «Juda oshib ketmadimi? O‘lim tilagan kimsaga ham muloyimlik qilinadimi?» deb qolishi mumkin. Ha, shunday qilinadi, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ana shunday dushmanlarga ham muloyimlik bilan yetarli javob qilganlar. U zot bejizga bunday yo‘l tutmaganlar. Zero, muloyimlikning biz bilmagan juda ko‘p foydalari, yutuqlari borki, buni anglagan odam muloyimlikni hech qachon malol olmaydi.
Allohning O‘zi muloyimdir, shuning uchun muloyimlikni yaxshi ko‘radi va buning evaziga hech bir narsaga bermaganini beradi
عن عبد الله بن مُغَفَّل رضي الله عنه، أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال: إنَّ الله رفيقٌ يحبُّ الرِّفْقَ، ويُعْطِي على الرِّفْقِ ما لا يُعْطِي على العُنْفِ، وما لا يُعْطِي على ما سِواه. رواه مسلم
Abdulloh ibn Mug‘affal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohning O‘zi muloyimdir, shuning uchun muloyimlikni yaxshi ko‘radi va muloyimlik evaziga qo‘pollik uchun bermaganini, muloyimlikdan boshqa uchun bermaganini beradi», dedilar».
Imom Muslim rivoyati.
Ha, Alloh muloyimdir, shuning uchun hatto shirk keltirayotgan, kufr keltirayotgan bandalaridan ham rahmatini ayamaydi, ularga umr, rizq, noz-ne’matlar beraveradi, hatto ba’zan ularni yer yuzida podshoh qilib qo‘yadi. Alloh muloyim bo‘lgani uchun U Zotga qarshi yurgan nobakor bandalarga ham imkoniyatlar ato etaveradi, tavba qilishlariga imkon, muhlat beradi. Zero, Alloh muloyimlikni yaxshi ko‘radi va bandalarida ham shu xislat bo‘lishini xush ko‘radi. Zero, U Zot Halimu Karimdir.
Allohning qonuniyatlaridan biri shuki, U Zot bu olamda muloyimlik xislati uchun bergan mukofot va samaralarni boshqa hech bir amal uchun bermaydi. Ayniqsa, muloyimlikning ziddi bo‘lgan qo‘pollik, qo‘rslik kabi salbiy holatlarda muloyimlik uchun berilgan yaxshiliklar berilmaydi. Biz mana shu haqiqatni unutmasligimiz kerak.
Imom Navaviy mazkur hadisni «Ya’ni boshqasiga bermagan savobni beradi», deb sharhlagan.
Qozi Iyoz esa: «Buning ma’nosi ‒ muloyimlik sababli undan boshqa omil tufayli hosil bo‘lmaydigan maqsadlarni beradi va oson qiladi», degan.
Azimobodiy mazkur ikki ma’noni jamlab, shunday deydi: «Ya’ni dunyoda go‘zal maqtov, istaklarga yetishishini va maqsadlar oson muyassar bo‘lishini nasib qiladi, oxiratda esa mo‘l-ko‘l mukofotlarni beradi».
Alloh muloyimlik uchun qo‘pollik evaziga bermagan yordamini beradi va bundan rozi bo‘ladi
عن أبي أمامة قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: «إنّ الله عز وجل رَفِيقٌ يُحِبُ الرِّفْقَ ويَرْضاهُ ويُعِينُ عليه ما لا يُعِينُ على العُنْفِ». رواه الطبراني.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Alloh azza va jalla O‘zi muloyimdir, shuning uchun muloyimlikni xush ko‘radi, undan rozi bo‘ladi va qo‘pollik uchun bermagan yordamini beradi», dedilar».
Imom Tabaroniy rivoyati.
Alloh O‘zi muloyim bo‘lgani uchun, bandalariga muloyim munosabatda bo‘lgani uchun boshqalarning ham Uning maxluqotlariga muloyimlik qilishini xush ko‘radi va shunday qilgan kishilarga O‘zi ko‘makchi bo‘ladi. Agar Allohning roziligini istasangiz, muloyim bo‘ling. Allohning yordamini istaysizmi, muloyim bo‘ling.
Muloyimlik nimada bo‘lsa, unga chiroy, ko‘rk baxsh etadi
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كُنْتُ عَلَى بَعِيرٍ فِيهِ صُعُوبَةٌ، فَجَعَلْتُ أَضْرِبُهُ. فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَمَ: «عَلَيْكِ بِالرِّفْقِ، فَإِنَّ الرِّفْقَ لَا يَكُونُ فِي شَيْءٍ إِلَّا زَانَهُ، وَلَا يُنْزَعُ مِنْ شَيْءٍ إِلَّا شَانَهُ». رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ فِي الْأَدَبِ.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Bir asov tuyada ketayotgan edim, uni ura ketdim. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Doim muloyim bo‘lgin. Zotan, muloyimlik nimada bo‘lsa, uni ziynatlaydi, nimadan olib tashlansa, uni nuqsonli, xunuk qiladi», dedilar»
Imom Buxoriy «Adabul-mufrad»da rivoyat qilgan.
Biz musulmonlar ushbu hadisi sharifni yaxshilab uqib olishimiz lozim. Bu haqiqatning tasdiqini har qadamda ko‘rish mumkin.
Bugungi kunda jahon afkor ommasiga musulmonlarni qo‘pol, madaniyatsiz, qandaydir yovuz kishilar sifatida tasvirlash avjiga chiqqan. Bechora musulmonlar tinimsiz qirg‘in qilinib, yurtlari xonavayron etilib, mislsiz zulmu sitam ostida jabrdiyda bo‘la turib, yana hammaning ko‘ziga dag‘al, zo‘ravon bo‘lib ko‘rinmoqda. Dushmanlar esa ularni hali oshkora, hali maxfiy ravishda talon-taroj qilib, go‘daklarigacha beayov qirib turib, ommaning ko‘z o‘ngida mehribon, madaniyatli, ilg‘or odamlar sifatida namoyon bo‘lmoqda. Nega shunday? Buning qator sabablari bo‘lsa-da, eng asosiylaridan biri shuki, dushmanlar o‘z ishlarida muloyimlikni, musulmonlar esa qo‘pollikni odat tutganlaridir. Musulmonlar dushmanga qarshi aytarli hech nima qilmagani holda, qo‘pol so‘z va tutumlari sababli shafqatsiz bo‘lib ko‘rinmoqda. Dushmanlar esa muloyimlik bilan xilma-xil hiyla-nayranglar qilib, turli shiorlarni baland ko‘targancha har qanday yovuzlikni «yorug‘ yuz» bilan bemalol qilib bormoqda. Chunki muloyimlik bilan yondashuv ishning ana shunday yaxshi ko‘rinishda bo‘lishini ta’minlaydi. Hadisi shariflarda ayni shu ma’no ta’kidlanmoqda. Ammo ko‘pchilik musulmonlar buni tushunmayapti, tushunishni istamayapti. Ayrim kishilarimiz o‘zlaricha qiziqqonlik bilan shijoat ko‘rsatib, ko‘p ishni buzib qo‘yishmoqda. Boshqacha qilib aytganda, bu hadisdan boshqalar o‘z holicha foydalanyapti, biz musulmonlarda esa bunga amal qilmay, aksini qilib, yana yozg‘irib yotibmiz.
Ijtimoiy tarmoqlardagi bahs va tortishuvlarda ham ayrim musulmonlarning so‘z surish uslubi qo‘pol va ba’zan haqoratomuz bo‘layotganiga guvoh bo‘lib qolasiz. Birov noto‘g‘ri gap aytib qolganda, nozikroq mavzularda yoki qandaydir hodisalar yuzasidan fikr bildirilganda ham juda dag‘al, beodoblarcha so‘zlab, hatto so‘kinishga ham o‘tib ketishadi. Eng yomoni, ular shu turishda o‘zlarini din g‘amidagi, haqiqatgo‘y inson deb, ba’zan o‘zlarini ahli ilm deb da’vo etishadi va o‘z ishlarini din nuqtai nazaridan ham oqlashga harakat qilishadi. Ammo bunday tutumning Islom ta’limotlariga butkul zid ekanini, din uchun foydadan ko‘ra zarari ko‘p ekanini tushunib yetishmaydi, ayniqsa da’vatda bunday yo‘l tutish sunnatga tamoman zidligini tafakkur qilishmaydi.
Alloh taolo muloyimlikka ko‘rk, chiroy berar ekan, bu narsa hech shubhasiz, yaxshilik, ilohiy tortiq hisoblanadi va xushxabar bo‘ladi.