
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
IKKI HASAN BUXORIY UCHRASHDI
Yurtimiz olimlari hamisha ilmda peshqadam bo‘lib kelgan va hatto Ikki Haramda ham ta’lim berishga layoqat topganlar. O‘tgan asrda Harami sharifda bir qator buxoriylar (mintaqamizdan borgan muhojirlar shunday atalgan) dars bergan. Bugun ham Ikki Haram mudarrislaridan biri o‘zimizdan - Hasan Buxoriydir.
IKKI HASAN BUXORIY UCHRASHDI
Yurtimiz olimlari hamisha ilmda peshqadam bo‘lib kelgan va hatto Ikki Haramda ham ta’lim berishga layoqat topganlar. O‘tgan asrda Harami sharifda bir qator buxoriylar (mintaqamizdan borgan muhojirlar shunday atalgan) dars bergan. Bugun ham Ikki Haram mudarrislaridan biri o‘zimizdan - Hasan Buxoriydir. U Ramazon oyida Harami sharifda tarovehda imomlik ham qilgan. Asosan Makkai Mukarramada, vaqti bilan Madina haramida dars beradi. Xususan, usul ilmida yetuk mutaxassis. Hozirda Masjidul Haromda usul va siyratdan dars o‘tmoqda. Siyratdan Qozi Iyozning "Shifo"sidan dars aytayotgan ekan. Bu hafta ikkala darsida ham qatnashdim. Dars o‘tish uslublari ham, ilmiy aniqlik ham yuqori ekan. Darsdan keyin ukalari Shayx Husayn imomlik qiladigan masjidda u kishini ziyorat qildik. Bir shogirdi Abu Amr qiroatida xatmni yakunlayotgan ekan, o‘shanga taklif qildilar. Xatmonadan so‘ng ancha gaplashdik. Men egizim borligi, u Husayn deb atalishi va bizda shunday odat borligini aytsam, "Bu yerdagi buxoriylarda ham bu odat bor, mening ham Husanim bor", deb qoldi. Men: "O‘xshashmisizlar? " desam, "Yo‘q", deb kuldi.
Meni eng xursand qilgan narsa u kishidagi vatanga nisbatan muhabbat bo‘ldi. To‘g‘risi, bu holni hamma vatandoshlarda ham topa olmaysiz. 2018 yilgi musboqa yakuniga taklif qilingan edi, u yerdagi hujjat va tartib uzoq vaqt talab qilgani uchun uzr aytgandilar. Kelasi safar nasib bo‘lib qoladi, in, deb, yaxshi niyatlar qildik.
Ustoz Shayx hazratlarini tanir ekan, u kishi haqida suhbatlashdik. Men hozirda davlatimiz rahbari tarafidan Hazrat nomlarida masjid ochilganini, u yerda o‘g‘illari imom ekanini aytdim. Bizda mushaf chop qilinayotganini eshitgan ekan, bu ham Ustozning sa’y harakatlari natijasi ekanini izhor qildim. U kishi yurtdagi islohotlardan juda xursand bo‘lishayotganini va hamisha duoda ekanini urg‘uladi.
Buni qarangki, Makkada Hasan Buxoriy "Shifo"dan oldin haftaning har payshanbasi kechki payt Imom Termiziyning "Shamoili Muhammadiya" kitobidan dars o‘tgan ekan va ushbu dars asosida kitobga sharh yozibdi. O‘sha kitobdan bir dona sovg‘a qilib, dastxat yozib berdilar. Men u kishiga: "Biz ham masjidda "Shamoil" kitobini olti oyda o‘qib tugatdik va kitob qiladigan bo‘lsak, sharhingizdan foydalanimiz, inshoolloh", dedim. (Buni qarangki, biz ham darsni payshanba va dushanba kunlari o‘tgandik.) Xullas, u kishi juda xursand bo‘ldilar va duolar qilib qoldilar.
Keyin o‘g‘liga tabassum qilgancha meni "Bu kishi Hasan Buxoriy bo‘ladi", deb tanishtirdi. Shunday qilib, Ikki Hasan Buxoriy Makkada uchrashdi.🙂