
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
RASHK VA HAYO IYMONDANDIR
Rashk ‒ qizg‘onish, hayo ‒ iffatdir. Qizg‘onish faqat birov haqida bo‘lmaydi, balki inson, xususan, ayol o‘zini ham qizg‘anadi va shunday bo‘lishi lozim. Ushbu mavzuda «Ummat hakimi» unvoniga sazovor bo‘lgan hazrat Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayhning hikoyalarida bir ajoyib qissani o‘qib qolgandim, shuni sizlarga ilindim. Menimcha, har doim, xususan, ayni kunimizga juda ham kerak.
RASHK VA HAYO IYMONDANDIR
Rashk ‒ qizg‘onish, hayo ‒ iffatdir. Qizg‘onish faqat birov haqida bo‘lmaydi, balki inson, xususan, ayol o‘zini ham qizg‘anadi va shunday bo‘lishi lozim. Ushbu mavzuda «Ummat hakimi» unvoniga sazovor bo‘lgan hazrat Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayhning hikoyalarida bir ajoyib qissani o‘qib qolgandim, shuni sizlarga ilindim. Menimcha, har doim, xususan, ayni kunimizga juda ham kerak.
Tahonaviy aytadilar:
«Ayni kunlarda mamlakat bo‘ylab besharmlikning zaharli shabbodasi esmoqda. Ayollarda hayo xossasi kamayib bormoqda. Avvalgi zamonlarda ayollar ham g‘ayur, o‘zini qizg‘onar edi. Hozir ham agar bu sifat biroz qolgan bo‘lsa, Hindiston ayollarida qolgan. G‘ayurlik haqida gap ketganda bir hikoya yodimga tushadi. Xalifa Mu’tasimbilloh Chingizxonga mag‘lub bo‘lib, qo‘lga tushdi. Uning nihoyatda go‘zal bir kanizagi bor edi, u ham asir olindi. Chingizxon umrida bu qadar go‘zal ayolni ko‘rmagan edi. Xursand bo‘lib ketib, kanizakka juda izzat ko‘rsatdi. Aldab‑sildab, uni o‘ziga moyil qilmoqchi bo‘ldi. Ayol oqila ekan, ajoyib bir tadbir qildi. Chingizxon kanizakdan Xalifa haqida ko‘p narsa so‘radi. U hammasiga javob berdi. Keyin: «Bor gap shu. Lekin xalifa menga shunday bir narsa hadya qilganki, bugungacha hech kim birovga bunday zo‘r narsa bermagan va berolmaydi ham», dedi. Chingizxon: «Nima ekan u?» deb so‘radi. Kanizak: «U bir tumor. Uning ta’siri shundaki, kim uni osib olsa, unga qilich ham, o‘q ham o‘tmaydi va u suvga ham cho‘kmaydi», dedi. Chingizxon buni eshitib juda xursand bo‘ldi. Chunki bunday vosita unga hamisha kerak. U tumorni darhol ko‘chirtirib, barcha lashkariga tarqatmoqchi bo‘ldi va qizdan o‘sha tumorni so‘radi. Qiz esa: «Avval buni sinab ko‘rishing kerak. Tumor hozir menda. Sen hozir dadillik bilan, qo‘rqmasdan menga qilich sol. Ko‘rasan, menga hecham o‘tmaydi. Bu necha marotaba sinalgan. Keyin uni boshqalarga qo‘llayverasan», dedi. Chingizxon turib, qizga qilich solgan edi, uning boshi sapchadek uchib ketdi. Chingizxon bundan juda qattiq afsus qilib, g‘amda qoldi, chunki o‘z qo‘li bilan o‘z mahbubasini qatl qilgan edi.
Qizning g‘ayurligini ko‘ring! To‘g‘ri, uning bu ishi nojoiz, chunki u o‘zini o‘ldirgandek bo‘ldi. Lekin gap shundaki, uning hamiyati va g‘ayyurligi shu ishga sabab bo‘ldi, u o‘ziga boshqaning qo‘l tekkazishidan o‘limni afzal ko‘rdi.
Bu xislat aslida ayolga xos sifat. Biroq, bugun shuni barbod qilishmoqda. Erkak beg‘ayrat bo‘lsa, unda na rashk, na qizg‘onish va na hayo bo‘ladi. Ayol ham shu. Zero, g‘ayurlik iymondandir.
Odamlar bilan mening urishib yurishimga sabab g‘ayratdir. Meni beg‘ayrat qilib bo‘lmaydi. Kimdir beg‘ayratlikka bardosh berar, lekin men bardosh berolmayman».
(«Majolisu Hakimul‑umma» kitobidan Yorqinjon domlamiz rahmatullohi alayh tarjimalari asosida olindi. Kitob tez kunlarga qo‘lingizga yetib boradi, inshoolloh.)
Musulmonlarda hur ayollarni qo‘ying, kanizlarida ham ana shunday iffat va g‘ayrat bo‘lgan. Jaloliddin Manguberdining o‘z mahramlarini suvga cho‘ktirishi ham shundan bo‘lgandi. Endi bugungi holimizga o‘zingiz baho beravering.
Insonda iymon, Islom bo‘lmasa, nafsi chegara bilmaydi, har qanday qabohatni ham oqlay biladi va hech qachon o‘zini ayblamaydi. Aql‑idrok, tajribiy ilmlardagi bilimdonlik, molu mulk insonni odam qila olmaydi. Insonni Islomgina odam qiladi.
Bugun shayton olib kelgan fikrlarning hurfikrlik, nafs hohishlari esa insoniy istak deya oqlanishi bashariyat tarixidagi eng ayanchli tanazzuldir.