
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
HAR ISHNING MEZONI BOR
Bugun ijtimoiy tarmoqda bir yaxshi xabar tarqabdi, lekin noo‘rin tarqatilibdi va ko‘plab xatolarga, nizolarga olib boribdi. Ayniqsa, ayrim kishilarning bilimsizlarcha yozib tarqatgan bitiklari qo‘pol xato bo‘lgan.
HAR ISHNING MEZONI BOR
Bugun ijtimoiy tarmoqda bir yaxshi xabar tarqabdi, lekin noo‘rin tarqatilibdi va ko‘plab xatolarga, nizolarga olib boribdi. Ayniqsa, ayrim kishilarning bilimsizlarcha yozib tarqatgan bitiklari qo‘pol xato bo‘lgan. Ya’ni quydagi suratda berilganidek, tushda aytilgan gapni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbat berib, ko‘chirma gap qilib yozish durustmas. Biroq, bu tushdan yaxshi ishoralar olish mumkin, agar u chindan ham rahmoniylik sifatlariga ega tush bo‘lsa. Biroq, har qaysi holda ham uni tarqatish o‘rinsiz ish.
Bir tarafda muxlis kishilar mazkur tushni sal kam vahiydek qabul qilib olayotgan bo‘lsa, ikkinchi tarafda qarshi fikrdagi kishilar tushni umuman ahamiyatsiz hodisaga chiqarishga urinmoqda. Aslida mo‘min‑musulmon kishi bunda qanday yo‘l tutishi kerak? Ushbu fursatdan foydalanib, mana shu haqda qisqacha to‘xtalsak.
Avvalo shuni ta’kidlaymizki, ustoz Is'hoqjon domlaning ilmu fazllarini, dinimizga xizmatlarini hech e’tirozsiz e’tirof etamiz, u kishini chin qalbdan hurmat qilamiz va barcha iymonu ilm ahliga nisbatan bo‘lganidek, u kishini yaxshi ko‘ramiz. U kishini tanishimiz, ehtirom qilishimiz uchun bizning hech qanday tushga ehtiyojimiz yo‘q. Kerak bo‘lsa, biz u kishini odamlar tushida ta’bir qilganidan ko‘ra yuksakroq maqomda ko‘rishimiz mumkin.
Biz kishilarni amallari orqali taniymiz va shariat mezonida baholaymiz. Masalan, biror ahli ilm haqida birov qandaydir ijobiy tush ko‘radimi yoki hotifdan salbiy ma’noda xabar eshitadimi, farqi yo‘q, bizning o‘sha ahli ilm haqida mavjud tushunchamiz bu bilan o‘zgarib qolmaydi, balki kishining so‘zu amali mezonga solinadi. Nega? Chunki dinimiz shunday o‘rgatadi. Binobarin, kimningdir tushida biror kishi hatto Rasululloh sollallohu alayhi va sallam taraflaridan maqtalgan yoki yomonlangan taqdirda ham, bu unga ma’lum bahoni berishga asos bo‘la olmaydi, balki shaxsga baho uning so‘z va amaliga ko‘ra bo‘ladi. Qolgani qo‘shimcha ishora bo‘lishi mumkin, xolos.
Ikkinchidan, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushda ko‘rish qanchalar sharafli, quvonchli holat bo‘lmasin, u bilan shariat sobit bo‘lmaydi, sunnat yoki hadis yuzaga kelmaydi. Birov tushida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan biror gap eshitsa, uni ko‘chirma gap qilib, Nabiy sollallohu alayhi va sallamning hadisi sifatida talqin qilishi mutlaqo joiz emas. Aks holda, tush bilan shar’iy hukm sobit bo‘lishi, tush ko‘rgan odam sahoba, uni ko‘rgan tobeiy bo‘lishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa mutlaqo mumkin emasligi kundek ravshan.
Uchinchidan, tushning rahmoniyligi o‘zi bir qancha shartlar bilan aniqlanadi, buni mutaxassislar farqlaydi. Ayrim olimlar rahmoniy tush takroriy ko‘rilganda ta’kid olishini aytadi. Bunga hatto Ibrohim alahissalom ham o‘g‘li Ismoil alahissalomni qurbonlik qilish amrini tushida uch marotaba ko‘rgandan keyin o‘g‘liga aytganini dalil qilib keltiradilar.
Qolaversa, tush aytib beruvchining solih va ishonchliligi ham alohida o‘rganiladigan masala. Ba’zida odamlar nom chiqarish, shov‑shuv ilinjida ham tush aytaveradi. Keyin ha desa tush o‘giradagian xayolparastlar ham bo‘ladi. Buni ham unutmaslik kerak.
To‘rtinchidan, ulamolarimiz aytadilarki, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushda ko‘rish kishining solih yoki nosolih ekanini belgilamaydi. Chunki kishi solih bo‘la turib, Nabiy sollallohu alayhi va sallamni biror marta ham tushda ko‘rmagan bo‘lishi, shuningdek, nosolih odam ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni tushda ko‘rishi mumkin.
Kishining haqiqiy maqomi, darajasi uning hayot tarzida ko‘rinadi. Inson sunnatga qanchalar muvofiq yashasa, amallarida tavfiq topsa, shariatda sobit bo‘lsa, mana shu haqiqiy maqom va maqtovga loyiq holatdir. Shu bois, ulamolarimiz haqiqiy karomat shariatga muvofaqatdir, deganlar.
Beshinchidan, mabodo tush haqiqatan rahmoniy bo‘lib, unda janobimiz sollallohu alayhi va sallam biror kishini maqtagan bo‘lsalar, u odam chindan ham Alloh va Rasuli nazdida ulug‘ maqomga ega bo‘lib, hatto valiylardan bo‘lgan taqdirda ham bu uni gunohdan pok, xatodan ma’sum degani emas. Chunki avliyolar xatolari bilan ham valoyat topishi mumkin. Ma’sumlik payg‘ambarlarga xos.
Oltinchidan, bunday xabarni ommaga tarqatish noto‘g‘ri, chunki omma bunday vaziyatlarda qanday yo‘l tutish to‘g‘ri bo‘lishini bilmaydi va natijada hozirgidek nomaqbul tasarruflarga o‘tadi, chegaradan, haddan oshib ketadi yoki aksancha, shariatda bor, e’tiborga olingan narsaga bepisandlik qilib, gunohga qoladi.
Menimcha, mazkur xabarni muhtaram Ishoqjon domla o‘zlari tarqatmaganlar va tarqalishini istamaganlar, chunki u kishi yuqorida biz aytgan ma’nolarni hammadan ko‘ra yaxshi biladilar. Odatda bunday gaplarni atrofdagi kishilar tarqatadi. Bu esa hikmatsiz ish.
Bu so‘zlarning isbotiga ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq rahmatullohi alayhning hayotlaridan bir misol keltirsam. Bu voqeaga Ishoqjon domlaning o‘zi ham guvoh, darsda u kishi ham bor edi.
2015 yil, mart oyi. Payshanba kungi dars. Ibn Nujaym rahmatullohi alayhning «Al-Ashboh van-nazoir» kitobidan dars bo‘ldi. Darsdan keyin ko‘pchilikka tanish bo‘lgan ustozlardan biri Hazratga muroajaat qilib qoldi: «Hazrat, bir shogirdim bor edi, anchadan beri ko‘rmas edim, kecha yig‘lab kelibdi. Ha desam, bir tush ko‘ribdi. Tushida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Sen Moharounnahr muftiysining huzuriga borgin», deb sizni ko‘rsatibdilar. Bu tushdan to‘lqinlanib, yig‘idan o‘zini to‘xtata olmay oldimga kelibdi...»
Hammaning nigohi Hazratda edi. Bir zum to‘xtab turdilar-da, beparvogina: «Ha, endi tushga nimalar kirmaydi. Ba’zida odam o‘ylagan narsasini tushida ham ko‘radi, u ham shunday bo‘lagndir da», deb, hammaning diqqatini bo‘lib, gapni boshqa mavzuga burib yubordilar. Olimlar ana shunday bo‘ladi. Ehtimol, Hazrat bu xabardan qalblarida xursand bo‘lib, shukronalar aytgandirlar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga salavotlar yo‘llagandirlar, o‘zlari xoli qolganda shukrdan ko‘zlaridan yosh to‘kkandirlar, ammo odamlarga bularning birortasi izhor qilinmaydi.
Xulosa qilib aytganda, muhtaram azizlar, tushga, xususan, Nabiy sollallohu alayhi va sallamni tushda ko‘rish hodisasiga nisbatan mo‘’tadil va ilmga asoslangan munosabatda bo‘lish lozim. Tushni juda behudaga chiqarish, unga butkul beparvo bo‘lish ham, unga berilib, faqat tush o‘girish bilan so‘zlaydigan bo‘lish ham yaramaydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tushni nubuvvatdan bir bo‘lagi deganlar va xushxabarchi bo‘lishini ta’kidlaganlar. Shu bilan birga, ummat ittifoq etganki tushdan hukm olinmaydi, tushdagi so‘z birovga nisbat berilmaydi, inson tushdan kelib chiqib baholanmaydi. Ayniqsa, tushda Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan biror gap eshitilsa, hatto bu ish o‘ngda sodir bo‘lgan taqdirda ham, uni hadis deyilmaydi, hadisga o‘xshatib talqin etilmaydi, u zotdan ko‘chirma gap sifatida naql qilinmaydi. Tush agar chindan rahmoniy bo‘lgan taqdirda, undan nimadir ishoralar, ibratlar olish, qandaydir shaxsiy xulosalar chiqarish mumkin bo‘ladi, xolos.
(Tush va Nabiy sollallohu alayhi va sallamni tushda ko‘rish haqida “Shamoil” darslarining oxirgi sonida batafsil so‘zlab o‘tilgan, atroflicha ma’lumotga ega bo‘lishni istaganlar o‘shanga murojaat qilishlari mumkin).