
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
HUJRAI SAODATGA KIRGAN OXIRGI INSON
Muhabbatda gap ko‘p. Ammo haqiqiy muhabbat ham ilm va taqvoni talab qilar ekan. Ko‘r ko‘rona, johilona muhabbatda samara yo‘q.
HUJRAI SAODATGA KIRGAN OXIRGI INSON
YOXUD MUHABBATNING MUKOFOTI
Tarixdan ma’lumki, 91 hijriy sanada Umar ibn Abdulaziz tarafidan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hujralari, qabri shariflari eshik‑tuynuksiz devor bilan o‘ralgan. O‘shandan keyin bu muborak hujraga hech kim kirmagan edi. Ammo oradan 7 asr o‘tib hujraning sharqiy‑shimoliy devori yorilib, nurab tushishi natijasida hujra ochilib qolgan. Ana shunda hujraga kirish bir kishigagina nasib etadi. U ham bo‘lsa, Madinai Munavvara tarixiga oid eng muhim, betakror asar «Vafaul‑vafa fi axbari darul‑Mustofa» asari muallifi, 911 hijriy sanada vafot etgan Nuriddin Samhudiydir. U kishi mazkur nodir asarida hujraning tavsifini shunday keltiradi: «Yeri toza qizil qum ekan, hech qanday g‘ubor yo‘q. Hujrai nabaviyaning yeri masjid yeridan bir ziro’, ya’ni 60 sm chamasi past. Qabrlarning do‘ngligi ko‘rinmay ketay degan».
Ana o‘shanda hujraning mavjud shiftini olib, soj yog‘ochidan katak‑katak shaklida yangi shift qilingan va ustiga 8 metr balandlikda gumbaz qurilgan. Bu gumbaz hozirgi yashil gumbazning qoq ostidadir. O‘shanda qabralarni o‘rab turgan uchinchi devor qurilgan. Ushbu sana, ya’ni hijriy 881 yili 5 shavvol, milodiy 1447 yil 1 yanvar kunidan keyin bugungacha hujrai shirifaga hech kim kirgani yo‘q.
Alloma Samhudiyning Madinai Munavvara tarixi va tavsifida bitgan mazkur kitobida muallifning Nabiy sollallohu alayhi va sallamga cheksiz muhabbati barq urib turadi. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga taalluqli bo‘lgan barcha katta‑kichik narsani o‘ta yuksak ehtimom bilan o‘rgangan va yoritib o‘tgan. Ehtimolki, ana o‘sha muhabbat u kishining asrlar mobaynida ushbu hujrai sharifaga kirish baxtiga musharraf bo‘lgan va bugungi kungacha hujrai saodatga qadam bosgan oxirgi inson o‘laroq tarixda qolishiga sabab bo‘lgandir.
Muhabbatda gap ko‘p. Ammo haqiqiy muhabbat ham ilm va taqvoni talab qilar ekan. Ko‘r ko‘rona, johilona muhabbatda samara yo‘q.
Alloh barchalarimizga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga nisbatan chin muhabbat nasib etsin va bu foniy dunyoda u zotning ravzalari ziyoratiga muvaffaq etganidek, oxiratda u zotning suhbatlariga musharraf aylasin.