Hasanxon Yahyo Abdulmajid
IXTILOF
Ixtilof va fikrlashdagi xilma‑xillikni yo‘qotish imkonsiz, amri mahol ish. Zero, odamlarning aqliy darajalari, xohishlari va muhitlari har xil. Binobarin, barchani har bir ishda bir fikrga jamlashning iloji yo‘q. Ammo xilof fikr bildirishning qonun‑qoidalarini bilib, shunga ko‘ra ixtilof qilishni yo‘lga qo‘yish imkoniyati bor ishdir. Buning uchun ixtilof fiqhini o‘rganish lozim.

Tana tuzilishlarimiz, mijozlarimiz xilma‑xil bo‘lgani kabi, fikrlarimiz ham xilma‑xil bo‘lishi tabiiy, ularning barchasini bir tusga olib kelib bo‘lmaydi. Ammo o‘sha xilma‑xil fikrlarni bir maqsadga qaratish, oralarini birlashtirib, eng to‘g‘risiga yo‘naltirish mumkin ish.
Musulmon kishi har bir ishda ilm va e’tiqod asosida ish ko‘rar ekan, ixtilof qilganda ham uning shar’iy mezoniga amal qilishi vojib. Amal qilish uchun esa ixtilof va munozara odobini o‘rganishi lozim. Ixtilof qilmoqchi bo‘lgan kishi ixtilof qilish ilmini bilishi farzi ayndir, yo‘qsa, unga ixtilof halol bo‘lmaydi. Bu ilmni bilmay, o‘rganmay turib tortishuvga kirishish faqat kulfat keltiradi. Bunday holatda sukut darkor.
Ixtilof qilishning hukmi va odobini buzgan kishi kim bo‘lishidan qat’i nazar, o‘ziga ham, o‘zgaga ham, dinga ham, jamiyatga ham zarar keltiradi. Ixtilof ilmidagi eng katta ish esa nafs tarbiyasi va axloqni sayqallashdir. Inson o‘z nafsini qo‘lga ola bilmagunicha ixtilofga kirishishi mumkin emas. U o‘z nafsini boshqalardan oldin koyib, sindirib olishi kerak. Aks holda, haq uchun emas, nafs uchun kurashga kirib, o‘zini ham, o‘zgani ham halok qiladi.
Ixtilof xuddi zaharli doriga o‘xshaydi, uni kamdan‑kam odam to‘g‘ri qo‘llay oladi. Ixtilof mavzusiga qo‘l urmoqchi bo‘lgan odam unga nisbatan hoziq tabibdek yondashishi lozim. Bunga qurbi yetmagan kishi o‘zini asragani ma’qul.