
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
XALQIMIZ YANA BIR OLIMIDAN AYRILDI
Bugun Buxoroning sobiq Bosh imomi, Mir Arab madrasasida mudarris, Hazrat Naqshbandiy masjidida imom‑xatib bo‘lib xizmat qilgan ustoz Mansurxon domla Nurullayev ham elga kelgan dard oqibatida vafot topibdilar.
XALQIMIZ YANA BIR OLIMIDAN AYRILDI
Bugun Buxoroning sobiq Bosh imomi, Mir Arab madrasasida mudarris, Hazrat Naqshbandiy masjidida imom‑xatib bo‘lib xizmat qilgan ustoz Mansurxon domla Nurullayev ham elga kelgan dard oqibatida vafot topibdilar.
Mansurxon domla bilan biz 2018 yil bo‘lib o‘tgan, xalqimiz qalbida o‘chmas iz qoldirgan Respublika Qur’on musobaqasi munosabati bilan tanishgan edik. U kishi viloyat bosh imomlari ichida bizni yaxshi tushungan, harakatlarimizni eng yaxshi qo‘llagan ahli ilmlarimizdan bo‘lgan edilar. Ushbu tadbirlar sababli va keyin ham bir necha bor u kishi bilan hamsuhbat bo‘lgandik. Juda ham kamtarin, tadbirli, tashabbuskor, jur’atli, tashkilotchi kishi ekanlar. Shu bilan birga, fikringizni oson uqib, gapingizni to‘g‘ri qabul qilib, ko‘nglizni ko‘tarar ekanlar. Siyratga muvofiq, muomalasi oson mo‘min kishi edilar. Qur’on ahli uchun, xalq uchun juda yaxshi xizmat qildilar. Ba’zan namozlarga o‘zlari azon aytib berardilar, ayrim kishilarda kuzatilganidek, men falonchimanku, azon aytsam qanday bo‘larkin, degan mulohaza yo‘q ekan. Azon va qiroatda ancha‑muncha mohir qorilarni ortda qoldirar ekanlar, odam tinglab to‘ymaydi. Xullas, Buxoro xalqiga Alloh bergan ahli ilmlardan biri edilar.
Oxirgi yillarda ilm tahsilini davom ettirish maqsadida Bulg‘or Islom akademiyasiga borib, ilmiy izlanishlarni davom ettirayotgan edilar. Doktorlik darajasini ham egallagan ekanlar. Yurt uchun juda ham kerakli insonlardan edilar. Ammo Allohning taqdiri, umrlari qisqa ekan, shunday yetuk olimimizdan ayrilib qoldik.
Alloh taolo u kishini O‘z rahmatiga olib, yaxshi amallarini o‘zlariga hamroh aylasin va O‘z huzurida shahidlar qatorida qabul etsin. Bu judolikda musibatga uchragan barcha azizlarimizga, xususan, Buxoro xalqiga, u yerdagi barcha ahli ilmlarizga chuqur ta’ziyamni izhor qilaman. Barchalariga sabru salvon, ajri azim bersin. Musibatlarida sherikmiz, bu judolik barchamiz uchun musibat, katta yo‘qotish, Allohim xayri salaflarimizga xayri xalaflar bersin. Domlamizning qoldirgan ahllariga sabri jamil bersin va avlodlaridan o‘zlaridan da ziyoda olimu qorilarni ko‘paytirsin.
Barchamiz Allohninng mulkimiz va barchamiz Unga qaytgaymiz.