
DUNYONING IKKI YUZI
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
Buni qarang. Bugun Turkiya hukumati Ayo Sofiyaga majsid maqomini qaytargani uchun iymon ahlidan boshqalar norozi. Hatto ayrim davlatlar motam tutdi. Da’volaricha, bu ish nasroniylarning muqaddasotlariga teginish, diniy tuyg‘ularini toptash bo‘libdi.
DUNYONING IKKI YUZI
Buni qarang. Bugun Turkiya hukumati Ayo Sofiyaga majsid maqomini qaytargani uchun iymon ahlidan boshqalar norozi. Hatto ayrim davlatlar motam tutdi. Da’volaricha, bu ish nasroniylarning muqaddasotlariga teginish, diniy tuyg‘ularini toptash bo‘libdi.
Holbuki, Ayo Sofiyani bir paytlar Muhammad Fotih egalaridan pulini to‘lab sotib olgan edi va bugun ham uni birov xorlagani yo‘q, balki eng pok makonga, barcha uchun bepul ochiq bir dargohga, faqat Allohga ibodat qilinadigan maskanga aylantirdi. U cherkov bo‘lganida ham, muzey bo‘lganida ham bunchalar toza, hushbo‘y, hurmatli va poklanib kiriladigan joy bo‘lmagan. Ya’ni aslida uning maqomi har jihatdan ko‘tarilsa ko‘tarildiki, tushgani yo‘q. Musulmonlar boshqa joylarda ham ibodatxonalarni agar o‘zgartirgan bo‘lsalar, faqat masjid qilganlar va o‘z egalaridan ko‘ra yaxshiroq asraganlar. Cherkovning yodgorliklarini shu paytgacha saqlab kelingan, bundan keyin ham saqlanishi kafolatlandi. Biroq, shunda ham dunyo ahli norozi, nasroniylarning hurmati qilinmaganidan g‘azabda.
Mayli, buni ham tushunaylik. Lekin nega ular musulmonlarning masjidlari cherkov emas, axlatxona, to‘ng‘izxona qilinganda yoki tag‑tugi bilan buzib tashlanayotganda diniy his tuyg‘u haqida o‘ylashmadi ekan?
Bugungi Ispaniyadagi sayyohlar tomosha qiladigan eng asosiy qadimiy inshootlar musulmonlar qurgan masjid va madrasalar hisoblanadi. Qurtuba bosh jome’si, Qizil Qasr jome’si va boshqa yuzlab masjidlarni cherkovga aylantirishgan. Gresiyada minglab musulmonlar yashashiga qaramay, diniy bag‘rikenglik va madanyatdan dunyoga dars o‘qiyidigan bu mamlakatda birorta ham masjid yo‘q. Usmoniylar davrida qurilgan barcha masjidlar yo butkul yo‘q qilingan, yoki minoralarini buzib tashlab, istaganlarini cherkov va boshqa maishiy binolarga aylantirishgan. Yevropaning qoq o‘rtasida kechgan bu tasarruflarga hech kimning e’tirozi yo‘q, birovning his‑tuyg‘usi hech kimning esiga ham kelmaydi.
Yaqin yillar ichida Xitoyda o‘nlab qadimiy masjidlar bira to‘la tekislab tashlandi. Lekin hech kim musulmonlarning diniy tuyg‘ulari va muqaddasotlari xususida bir og‘iz ham gapirmadi, birov bu haqda o‘ylab ham ko‘rgani yo‘q.
Falastinda bosib olingan hududlardan musulmonlar quvg‘in va qirg‘in qilinib, o‘nlab masjidlar atayin iflos ishlarga makon qilindi yoki buzib tashlandi. Ularning ichida ham bir necha asrli yodgorliklar bor edi. Ammo bular haqida dunyoning hech bir joyidan biror sas chiqmadi.
Uzoqqa bormay, o‘zimizdagi masjidu madrasalarni oling. Yetmish yillik dinsiz tuzum davrida ularni oddiy ishxona ham qilingani yo‘q, faqat cho‘chqaxona, vinoxona, axlatxonaga aylantirildi. Hozirgacha qanchadan‑qancha qadimiy masjid‑madrsalarimiz kimsasiz, huvillab yotibdi. Hech qanday poklanish yo boshqa yo‘q, har tur odamlar kelib, surat ko‘rgandek bir tomosha qilib ketadi, boshqa hech narsaga yaramaydi. Yana ham anig‘ini aytganda, shunday muqaddas joylar qaysidir ma’noda oyoqosti bo‘lib yotibdi. Lekin hech kim bular ham musulmonlarning mulki, muqaddasotlari, ajdodlari ezgu niyatlar bilan, ilmu ma’rifatga xizmat qilsin deb qurgan vaqflar ekanini esga olmaydi.
Dunyo o‘zi shundaymi yoki menga shunday tuyuldimi, bilmadim...
Alloh taolodan so‘raymizki, xalqimizning o‘z asliga qaytib, o‘z izzatini tiklab, ilgargidek dunyo xalqlariga barcha ilmlarda yetakchi, ustoz bo‘lishini nasib aylasin. Ajdodlar oldidagi burchlarimizni to‘kis ado etib, ularning qoldirgan moddiy va ma’naviy meroslarini joyiga qo‘yib, ko‘zlarimiz quvonchga to‘lishini muvaffaq etsin.