
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
OLIMNING O‘LIMI OLAMNING O‘LIMI
Bugun o‘ta og‘ir judolik bo‘ldi. O‘zbek xalqining noyob gavharlaridan biri, faqih, voiz, zohid, hofizi Qur’on, taqvodor olim, balog‘at, mantiq, aqiyda ilmlari mutaxassisi, nuktadon ustoz Yorqinjon domla Xo‘qandiy domlamizdan ayrilib qoldik.
OLIMNING O‘LIMI OLAMNING O‘LIMI
Bugun o‘ta og‘ir judolik bo‘ldi. O‘zbek xalqining noyob gavharlaridan biri, faqih, voiz, zohid, hofizi Qur’on, taqvodor olim, balog‘at, mantiq, aqiyda ilmlari mutaxassisi, nuktadon ustoz Yorqinjon domla Xo‘qandiy domlamizdan ayrilib qoldik.
Ustoz Yorqinjon domlamiz, haqiqatan, bir olam inson edilar. U kishidan judolik butun o‘zbekzabon xalqlar uchun o‘ta katta yo‘qotishdir. Hasan Basriy rahmatullohi alayh: «Olim vafot etsa, qiyomatgacha o‘rni to‘lmaydigan bo‘shliq paydo bo‘ladi», deb bejizga aytmaganlar. Yorqinjon domlamiz ana shunday katta bo‘shliq qo‘yib ketdilar.
Ilm o‘qigan ko‘p, uni taratadigan ham ko‘p, ammo nuktadon olimlik, zarofatu zakovat, hikmatu ixlos har doim ham topilmaydi. Bir insonning Yorqinjon domladek bo‘lishi uchun qancha kuch quvvat, vaqtu mehnat, yana qancha omillardan tashqari alohida ilohiy inoyat, tavfiq bo‘lishi kerak.
Yorqinjon domla yurtdagi ahli ilmlar qo‘lida tahsil olgach, Devband ulamolaridan shar’iy ilmlarda ta’lim oldi. Keyin yurtga kelib, gavhardek yarqirab, ilm ziyosini tarata boshladi. Ammo o‘sha paytdagi vaziyatdan kelib chiqib, biroz xalqdan panaroqda yurishga to‘g‘ri keldi. Keyin Misrga borib, u yerda ham ilm tahsil qildilar va uzlatda ko‘plab kitoblar mutolaa qildilar. Mirsda ba’zi shayxlar huzuriga birga ziyoratda bo‘ldik. U kishining ahli ilmlarga ixlosu ehtiromi ham o‘zgacha edi va juda nozik masalalarda savollar berib ko‘pchilik uchun ilmiy mazvular ochiqlanishiga sabab bo‘lardi. Men: «Bu yerda nima yangilik bo‘ldi sizga?» desam, «Aqiyda ilmi o‘ta chuqur va zo‘r o‘qitilar ekan, Hindistonda bu borada darslar bunchali emas», degan edi.
Yorqinjon domla toshqin daryo edi. Bo‘lganda ham ilmu hikmatga to‘la daryo edi. Suhbatlashib to‘ymasdingiz. O‘ta beg‘ubor, betakalluf, ulfatnishin, sertabassum, hazilkash, zarofatli inson edi. Qaysi mavzudan gap boshlasangiz, u kishidan o‘sha haqida tesha tegmagan ma’lumot olardingiz. Hamisha yonlarida bir xaltada kitob olib yurardi. Bo‘sh qoldi deguncha mutolaaga berilardi. Ahli ilm sheriklarga ilingan ma’lumotlarini muhokamaga tashlab, ilmiy bahsni qizitardi. «Bilmadim» deyishdan hech iymanmas edi. Biror fikrga qarshi gap aytmoqchi bo‘lsa ham suhbatdoshga malol keltirmasdan so‘zlardi.
Adabiyotda ham juda peshqadam edi. Forsiy, turki she’riyatdan juda ko‘p baytlarni yod bilardi. U kishi hozir bo‘lgan majlisda so‘z bir fiqhdan, bir aqiydadan bo‘lar, hali fuzuliyxonlik, hali navoiyxonlikdan suhbatlashar edik. Tarix, xususan, yaqin tariximiz haqida ko‘p ma’lumotga ega edi. Xotirasi o‘ta kuchli, zakovati o‘ta tez edi. Fikrni juda ham ravon yetkazar, so‘zini oson uqtirardi. Xullas, suhbati taryoq, o‘zi jonga malham edi. Shoir Abdulla Oripov ham u kishiga ixlos qilib qolgandi va u kishi ham zabardast shoir bilan adabiyotda basma bas suhbatlasha olardi.
Domlaning suhbatdoshlari, jumladan, shu satrlar muallifi ham endi u zotning suhbatlarini bir umr sog‘inib o‘tishimiz tayin.
So‘ngi paytlarda erkinlik shabodalari esib, muhtaram domlamizning masjidda xizmat boshlaganlaridan juda ham shodlangan edik. To‘g‘risi, biz bu ilm xazinasining qadriga yeta olmadik. U kishidan ilm olib, madrasalarimizga jalb qilib, ko‘p xayrli ishlar qilishimiz kerak edi. Xalqning umidi hali juda katta edi. Masjidda olib borgan ilmiy suhbatlaridan bahramand bo‘lib, juda ko‘pchilik yo‘lini topib, bahramand bo‘layotgan edi. Ammo Allohning irodasi ekan, og‘zimiz endi bolga tegdi deganda undan mahrum bo‘lib qoldik. Endi qolgan ahli ilmlarimiz, ulamolarimizning qadriga yetishimizni O‘zi muyassar etsin!
Domla uyimizga ko‘p tashrif buyurganlar. Ba’zan yotib qolardilar. Saharxez va kam uyqi edi. Behuda gaplardan tamoman yiroq, ibodatga va mutolaaga polvon edi. Gunohdan hamisha hazir bo‘lar, g‘iybatu shikoyatlardan ham uzoq edi. O‘zini namoyon etishni istamas, riyou ujbga begona, birov haqida yomon fikr aytishdan saqlanar edi. U kishi zamonamizning valiylaridan edi. U kishi haqlarida gapirsak so‘zimiz poyon bilmay qoladi. Robbim O‘zi rahmatiga olsin.
Bir necha oy oldin bizning uyda Abu Hanifa rahmatullohi alayhning «Vasiyat» kitoblarini sharhi bilan o‘qib, tugatgandik. O‘shanda rasmga olinib qolgan ekan. Bugun o‘sha shirin damlarni qo‘msab, birdan yodimga kelgan ayrim gaplarni siz bilan ulashgim keldi. Maqsad ‒ biroz dardlashish va muhtaram domlamiz haqlariga ko‘pchiliklashib chin dildan duo qilishdir.
Allohim! Yorqinjon domlamizni O‘zing rahmatingga ol, kamchiliklarini mag‘firat ayla, O‘zing afv et, yaxshi amallarini, diningga qilgan xizmatlarini o‘zlariga hamroh qilib, huzuringdan hasanotlar ila mukofotla. U kishi bir umr ilm yo‘lida yashab o‘tdi, payg‘ambarlarning vorislaridan edi, u kishini oxiratda ham nabiylar, siddiqlar, olimlar bilan birga qil! Maqomlarini Firdavs jannatidan ayla! Qolgan ahllarga sabru salvon ber, barchalarimizga chidam ato qil va yo‘qotganimiz o‘rniga xayri xalaf ato etgin.
Imom Buxoriy Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deyayotganlarini eshitdim: «Alloh ilmni bandalaridan birdaniga sug‘urib olmaydi, balki ilmni ulamolarning jonini olish bilan sug‘urib oladi. Nihoyat, birorta olimni qoldirmagach, odamlar johillarni boshliq qilib olishadi. Keyin ular so‘raladilar va ilmsiz ravishda fatvo berishadi. Natijada adashadilar va adashtiradilar».
Bu hadisi sharif olimlardan ayrilish jamiyatga mas’uliyat yuklashini ham uqtiradi. Yorqinjon domla kabi olimlarimiz oramizdan ketar ekan, qolgan ahli ilmlar zimmasiga u kishi qiladigan xizmatlar ham tushadi va u kishidek olimlar yetishtirish harakatini ham taqozo etadi.
Yo Alloh! O‘zingga shukrki, bu dunyoda solihlarga yondashtirding, endi oxiratda ulardan ayirmagin! Garchi solih bo‘lmasam ham, solihlar muhabbatini berding, Rasuling hadislari hurmati, ikki dunyoda ular bilan birga ayla!
Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz Unga qaytamiz!