
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
OMMANING MOLI YETIMNING HAQQIDAN YOMON
Yetimning haqqini yeyishning o‘ta katta gunoh, og‘ir jinoyat va o‘taketgan pastkashlik ekanini hech kim inkor qilmasa kerak. Alloh taolo Qur’oni Karimda «Yetimlarning mol‑mulklarini zulm bilan yegan kimsalar qorinlariga do‘zaxni yebdilar, xolos» (Niso surasi, 10‑oyat), deya bejizga tahdid qilmagan. «Falonchi yetimning pulini o‘maribdi», deyilsa, har qanday vijdonli odam o‘zi bilgan eng og‘ir gaplar bilan uni qarg‘ashi, haqorat qilishi tayin.
OMMANING MOLI YETIMNING HAQQIDAN YOMON
Yetimning haqqini yeyishning o‘ta katta gunoh, og‘ir jinoyat va o‘taketgan pastkashlik ekanini hech kim inkor qilmasa kerak. Alloh taolo Qur’oni Karimda «Yetimlarning mol‑mulklarini zulm bilan yegan kimsalar qorinlariga do‘zaxni yebdilar, xolos» (Niso surasi, 10‑oyat), deya bejizga tahdid qilmagan. «Falonchi yetimning pulini o‘maribdi», deyilsa, har qanday vijdonli odam o‘zi bilgan eng og‘ir gaplar bilan uni qarg‘ashi, haqorat qilishi tayin.
Biroq, shariat va voqelik nuqtai nazari bilan qarasak, yetimning haqqini yeyishdek yana bir katta gunoh, og‘ir jinoyat bor, ammo negadir ko‘pchilik unga beparvo. Bu ‒ ommaning molidan nohaq, o‘g‘rincha yeyishdir.
Ochig‘ini aytish kerak, postsovet mamlakatlarda davlatning mulkini o‘marish odat tusiga kirib, odamlarning qon-qoniga singib ketdi. Odamlar davlatning mulkini xuddi egasiz moldek tasavvur qiladigan bo‘lib qolgan. Davlatning mulkidan o‘g‘rilayotganlar o‘zini hech noqulay ham his qilishmaydi, xuddi otasidan qolgan bog‘dan olma yegandek, xalq mulkini bemalol o‘pqoniga tiqaveradi. O‘rni kelsa, bu borada musobaqalashib ham ketishadi.
Buning bir qator sabablari mavjud bo‘lib, shulardan biri bizdagi zamonaviy davlatchilikning tarixiy ildiziga borib taqaladi. Dahriylar inqilob qilib, Rusiya hukumatini ag‘dardi, ularning toj-taxtini, mol-mulkini talon-taroj qilib, tortib oldi. Keyin bu talonchilik davom etib, kengayib, butun bir xalqning yuqori qatlamiga tegishli barcha narsa musodara qilindi. Dahriy tuzumga qarshi chiqqanlar, ziyolilar, hur fikrli, ongli kishilar xalq dushmani deb e’lon qilinib, o‘ldirildi, qamaldi, surgun qilindi. Shuning uchun o‘sha paytdagi mazlum qatlam bu davlatga nisbatan alamzada bo‘lib qoldi, «davlat mening nasabimni, mavqeimni, mol-mulkimni tortib oldi, endi men ham davlatnikini sovuraman, chunki unda mening haqqim bor» degan tushunchada bo‘ldi. Sovet davrining oxiriga borib, nihoyatda ommalashgan bu tushuncha butun xalqqa singib, davlatning mulkini o‘g‘irlash oddiy ish bo‘lib qoldi, hatto uddaburonlik hisoblana boshladi.
Shu zaylda davlat xalqning mulkini, xalq davlat mulkini talon‑taroj qilishga odatlanib qoldi. Bularning barchasi davlat bilan xalq o‘rtasida jarlik, beayov dushmanlikni yanada chuqurlashtirib yubordi. Bugun ham mana shu ruhiyat ko‘p joyda hukmron. Bu, Qur’on ta’biri bilan aytganda, xalqning o‘z‑o‘zini o‘ldirishidir (Niso surasi, 29‑oyatga ishora).
Ming afsuski, mustabid tuzum parchalanib, yurtimiz mustaqil bo‘lsa ham, juda ko‘pchilikda davlatning mulkiga nisbatan ana shunday noto‘g‘ri munosabat saqlanib qoldi. Jamiyatni bugungacha zimdan qo‘porib, yemirib, zaharlab kelayotgan korrupsiya, poraxo‘rlik, davlat mulkini talon-taroj qilish, birovlarning mulkini aldov yoki firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish ana shu manfur tuzumdan qolgan razil sarqit, desak, xato bo‘lmaydi.
Aslida davlat mulki ommaning moli bo‘lib, uni nohaq va yashirincha olish eng og‘ir haromlardan sanaladi.
Qur’oni Karim va hadisi shariflarda ommaning molidan yashirincha olib yeyish «g‘ulul» deyiladi. Bu so‘z odatda o‘lja taqsimlanmasdan oldin undan biror narsani maxfiy ravishda olishni bildiradi, lekin ulamolar bu narsa ommaning molidan yashirincha yeyishning barcha ko‘rinishlarini o‘z ichiga olishini ta’kidlashadi.
Rummoniy aytadi: «G‘ulul so‘zi «g‘olalun» so‘zidan olingan bo‘lib, aslida suvning daraxtlar orasiga singishiga aytiladi. Xiyonatda mulkka odamlardan maxfiy suratda, halol bo‘lmagan yo‘l bilan kirim bo‘lgani uchun bu gunoh «g‘ulul» deb atalgan».
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deydi:
«Kimki g‘ulul qilsa, o‘ljaga xiyonat qilsa, Qiyomat kuni xiyonat qilib olgan narsasi bilan keladi. So‘ngra har bir jon qilgan qilmishini(ng jazosini) to‘liq oladi. Ularga zulm qilinmas».
Demak, kim ommaning mulkidan yashirincha biror narsa olsa, Qiyomat kuni mahshargohga o‘sha narsa bo‘yniga osilgan holda keladi, odamlardan yashirib qilgan xiyonati barchaga oshkor etiladi. Bu holatning tafsirini bevosita hadisi sharifda o‘qishimiz mumkin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam oramizda turib, g‘ulul haqida so‘zladilar. Uning gunohi kattaligini, ishi og‘irligini gapirib, shunday dedilar: «Qiyomat kuni birortangiz yelkasida ma’rayotgan qo‘y bilan, kishnab turgan ot bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» deganini ko‘rmayin! Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, senga (hukmlarni) yetkazganman», demayin. Yelkasida o‘kirib turgan tuya bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», deb turmayin. Yelkasida unsiz narsa* bilan kelib: «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin. Yoki yelkasida hilpirab turgan bir parcha latta bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin».
Buxoriy va Muslim rivoyati.
Bu hadisi sharifda kim ommaning molidan nimani o‘g‘irlagan bo‘lsa, Qiyomat kuni o‘shani yelkasiga ortgan holda kelishi, unga hatto shafoatchilarning peshvosi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham yordam bera olmasliklari ta’kidlanmoqda. Bundan og‘ir holat bo‘lmasa kerak.
Ommaning mulkidan o‘marishning katta-kichigi bo‘lmaydi, barchasi harom va og‘ir gunoh hisoblanadi. Imom Buxoriy «Sahih»da bu haqda alohida bob ochib, uni «G‘ululning ozi haqida», deb nomlaydi va unda bunday xiyonatning ozi ham og‘ir gunoh ekaniga dalil sifatida quyidagi hadisni keltiradi:
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ: كَانَ عَلَى ثَقَلِ النَّبِيِّ r رَجُلٌ يُقَالُ لَهُ كِرْكِرَةُ فَمَاتَ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ r: «هُوَ فِي النَّارِ». فَذَهَبُوا يَنْظُرُونَ إِلَيْهِ فَوَجَدُوا عَبَاءَةً قَدْ غَلَّهَا.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yuklariga Kirkira degan kishi mutasaddi edi. U vafot etdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U do‘zaxdadir», dedilar. Borib qarashgan edi, bir aboa (choponga o‘xshash ustki kiyim) topib olishdi. U buni o‘ljaga xiyonat qilib olgan ekan».
Ommaning molidan haqsiz ravishda, yashirincha olish hatto shahidni ham do‘zaxga uloqtiradi. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Bir qul Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuklarini tushirayotgan edi, to‘satdan daydi o‘q kelib, o‘sha qulga tegdi. Odamlar: «Unga shahidlik qutlug‘ bo‘lsin!» deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Xaybar kuni o‘ljalardan ulushlar taqsim bo‘lmay turib olgan shamlasi (o‘ranib olinadigan ustki kiyim) uning ustida olov bo‘lib lovullaydi», dedilar. Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan buni eshitgan zahoti bir poyabzal ipini olib kelib, «Men mana shuni olgan edim», degan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bu do‘zaxdan (olingan) poyabzalning ipi!» dedilar».
Qarang, kim ommaning molidan biror narsa olsa, do‘zaxdan o‘shancha ulush olgan hisoblanar ekan. Bir ip olsa, do‘zaxdan bir ip, bir ko‘ylak olsa, do‘zaxdan bir ko‘ylak olgan bo‘ladi. Bu ma’no boshqa hadislarda ham ta’kidlanadi.
Imom Termizi Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Haromdan bitgan har bir et do‘zaxga munosibdir», deganlar.
Imom Buxoriy Xavla Ansoriyya roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Allohning moliga o‘zini nohaq uradigan kishilarga Qiyomat kuni do‘zax bo‘ladi», deyayotganlarini eshitganman».
Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadisni sharhlar ekan, «Ya’ni musulmonlarning mol-mulkini botil tasarruf etadiganlar», deya izohlaydi.
Demak, musulmonlarning moliga mas’ul bo‘lgan kishi uni o‘ziga emas, birovga nohaq bersa ham, o‘ziga do‘xazni sotib olgan bo‘lar ekan.
Bu hadisi sharifda e’tibor beriladigan yana bir nukta shuki, ommaning moli Allohning moli hisoblanar ekan. Binobarin, xalqning mulkini o‘marayotgan kimsa Allohning molidan olayotganini unutmasligi kerak.
Kimdir «Nima uchun ommaning moli yetimning haqqiga tenglashtirilmoqda?» deyishi mumkin. Buning sababi juda oddiy. Ommaning molida yetimning haqqi bo‘lishi tayin, chunki umumiy boylikda butun xalqning haqqi bor, jamiyatda esa yetimlar bo‘lishi tabiiy. Binobarin, ommaning mulkidan nohaq olgan kishi qaysidir yetimning haqqini ham olgan bo‘ladi. Ammo u qaysi yetimning qancha haqqini olganini bila olmaydi va shu jihatdan buning gunohi yanada og‘irroq bo‘ladi. Bu gunohning tavbasi chin qalbdan nadomat chekish, bu ishni qaytib qilmaslikka qat’iy jazm qilishdan tashqari o‘sha nohaq olingan molni to‘laligicha o‘z joyiga qaytarish bilangina bo‘ladi.
Ommaning mulkida barchaning haqqi bor bo‘lgani uchun undan o‘g‘irlash bir kishidan emas, butun xalqning cho‘ntagidan o‘g‘irlash hisoblanadi, millionlab odamlarning moliga tajovuz qilish sanaladi.
Voqelik tasdiqlab kelgan islomiy tushunchaga ko‘ra, mol-dunyoni haloldan topish kishiga quvvat bo‘lsa, uni harom yo‘l bilan topish, nohaq o‘zlashtirish insonni ochko‘z qilib qo‘yadi va oxir-oqibat halokatga duchor etadi. Hadisi sharifda shunday deyladi: «Bu mol dunyo totlidir. Kim uni haqli ravishda olib, haqli o‘ringa qo‘ysa, u qanday yaxshi yordamchi! Ammo kim uni haqsiz olsa, yebto‘ymasdir».
Ba’zi odamlarda g‘alati tushuncha bor. Haromdan, xiyonatdan pul topadi-da, ozgina sadaqa qilib, o‘zicha o‘sha pulni «poklab oladi» va shu bilan uni halol bo‘ldi deb o‘ylaydi. Holbuki, Alloh taolo harom moldan qilingan sadaqani qabul qilmaydi. Bundan savob umid qilish esa gunoh ustiga gunoh bo‘ladi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida «Alloh pokdir, U Zot faqat pok narsani qabul qiladi», deganlar. Imom Buxoriy bu ma’noni ochiqlab, «Sahih»da alohida bob ochib, uni «Alloh xiyonatdan topilgan sadaqani qabul qilmaydi, faqat pok kasbdan bo‘lganini qabul qiladi» deb nomlaydi.
Ma’dan, kon, suv, tosh va boshqa shu kabi yurt boyliklari, shuningdek, ommadan yig‘ilgan mol-mulklar, bir so‘z bilan aytganda, davlatning xazinasi butun xalqning mulki hisoblanadi. Shu bois, uni tasarruf etishda ishboshilar va mutasaddilar nihoyatda omonatdor bo‘lishi, har bir so‘m uchun bosh qotirishlari, barcha ish shaffof bo‘lishi lozim, davlatning xazinasidan shar’iy va qonuniy jihatdan haqdor bo‘lmagan kishiga biron narsa berish omonatga xiyonat bo‘lishini, birovning haqqini boshqaga nohaq yedirish bo‘lishini unutmasliklari kerak.
Xalqning moliga omonatdor bo‘lgan shaxslar uni go‘yo shaxsiy boyliklaridek, o‘zlari istagandek tasarruf qilishlari halol emas. Ular ommaning mulkiga ommaning nomidan tayinlangan vakil hisoblanadilar, shuning uchun bu vazifani nihoyatda omonatdorlik bilan bajarishga mas’uldirlar.
Misol uchun, nochor oilalarga ajratilgan pulni kim bilandir kelishib, o‘zlashtirish, nochor bo‘lmagan tanish-bilishiga yo‘naltirish ochiq harom hisoblanadi. Shuningdek, ma’lum qatlamga belgilangan pulni to‘liq yetkazmay, qanchadir qismini urib qolish, omonatni yetkazgani uchun haq talab qilish, vazifani suiste’mol qilish kabi tasarruflar ham shar’an haromdir.
Elektrlash tashkilotidan nazoratchi kelib, qarzingiz faloncha bo‘pti desa, unga uch-to‘rt so‘m pora berib, kamroq berish ham birovning, ya’ni ommaning haqqidan urib qolish bo‘ladi. Bir kishining haqqini urib qolsangiz, Alloh insof berib, buning gunohligini bilib qolgach, o‘sha odamni topib, haqqini berib, rozilik so‘rasangiz, o‘sha odam gunohingizdan kechsa, inshaalloh, Alloh tavbangizni qabul qilib, bu gunoh sizdan soqit bo‘lishi mumkin. Mabodo o‘sha odam vafot etib ketgan bo‘lsa, uning merosxo‘rlarini rozi qilish kerak bo‘ladi. Ammo ommaning mulki deganda 35 million kishilik O‘zbekiston aholisini tushunsakchi? Shuncha odamning har biridan qanday qilib uzr so‘raysiz? Shuncha odamni qanday qilib roziligini olasiz? Shuning uchun ham ommaning, xalqning mulkiga tajovuz qilish deyarli kechirilmaydigan, o‘ta og‘ir gunoh hisoblanadi.
Kaminadan bir necha bor so‘ralgan savollardan biri ishlamay maosh olish va kim bilandir gaplashib, nohaq nafaqa olish borasida bo‘lgan. Bir kuni masjidda bir yigit so‘rab qoldi: «Domla, mening amakim bir korxonada rahbar. Meni ishxonaga tirkab qo‘ygan, oylik beradi, ammo men ish qilmayman, faqat har zamonda borib, ko‘rinib qo‘yaman. Amakimga «Bunday qilmang, menga to‘g‘ri kelmaydi», desam, «Mening davrimda foydalanib qolaver», deb unamayaptilar. Shu pul menga halol bo‘ladimi?»
Men u boladan: «U ishxona amakingiznig xususiy korxonasimi yoki davlatnikimi?» deb so‘rasam, «Yo‘q, davlatniki», deb qoldi. Shunda men unga: «U holda olayotgan oyligingiz sizga halol emas», dedim.
Yana ayrim kishilar o‘zi 3 guruh nogironi, ammo nafaqani ko‘proq olish uchun 1 yoki 2 guruh nogironi qilib yozdirishadi. Bu ham holol emas, ommaning molidan nohaq o‘zlashtirishdir. Mana shunga o‘xshash harom-xarish ishlar sababli bugun hayotimizdan baraka ko‘tarilgan, rivojlanish yo‘q, hotirjamlik yo‘q, o‘z-o‘zimizni cho‘ktirib yotibmiz.
Xalqning mulkini nohaq yeyishning eng qaltis ko‘rinishlari sifatida ommaning molidan foydalanishda ma’lum toifaga nohaq ravishda imtiyoz berish, davlat mulklarini xususiylashtirishda haqdorlar qolib, tanish‑bilishchilik qilish kabi tasarruflarni keltirish mumkin. Undan ham dahshatlisi, bemorlar uchun davlat tarafidan ajratilgan yordamlarni o‘zlashtirish hisoblanadi. O‘sma kasaliga uchragan bemorlarning dorilarini va yeguliklarini o‘maradigan odamlar borligini eshitgan edik. Yaqinda pandemiya sababli tarqatilgan yordam va dorilarni o‘g‘irlagan kimsalar haqida ham xabar tarqadi. Qaysi vijdon bilan bu darajada razillik qilish mumkin, aql bovar qilmaydi. Bularning barchasi Xoliqning nazdida katta gunoh, xalqqa nisbatan og‘ir jinoyat hisoblanadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ommaning moli haqida: «Allohga qasamki, men bermayman ham, man qilmayman ham, men faqatgina o‘zimga buyurilgan joyga tasarruf etaman», der edilar. Demak, hatto u zot ham ommaning mulkini o‘zlaricha tasarruf etmaganlar, balki vahiy asosida, shar’iy qonunlarga ko‘ra taqsimlaganlar.
Ommaning molini yetimning moliga tenglashtirish shunchaki gap emas, buni xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ham ta’kidlagan. U kishi: «Men Allohning mol-mulkiga yetimning molidek qarayman», der edi. U kishining davlat xizmatida baytulmolning shamini ishlatib, shaxsiy ishlarida o‘z maoshlariga olgan shamni yoqib qo‘yishlari ana shu ehtiyotkorlikning amaliy misoli edi.
Ommaning moli hisobidan bunyod qilingan inshoot, buyum va boshqa narsalarga zarar keltirish ham musulmonlarning mulkiga tajovuz hisoblanadi. Masalan, kimdir o‘zicha davlatdan o‘ch olmoqchi bo‘lib, qandaydir alam bilan davlatga tegishli inshootlarga zarar keltirishi, oynalarni sindirib, binoga o‘t qo‘yishi mumkin. U buni o‘zicha joiz ham sanab qoladi. Aslida bu ham ommaning mulkiga tajovuz bo‘lib, harom ishdir.
Vaqf, xayriya va shu kabi ommaning boshqa mulkiga mas’ul shaxslar ushbu mulkdan maosh olishlari mumkin. Bunda ularning oyliklari xizmatlariga yarasha belgilab qo‘yiladi yoki qilgan mehnatlari uchun o‘rtacha haq olishlari joiz bo‘ladi.
Ommaning mulkidan nohaq o‘zlashtirishga odatda quyidagi omillar sabab bo‘ladi:
-
E’tiqod sustligi, diyonatsizlik, rizq topishda Allohga suyanishning yo‘qligi;
-
Axloq-odob, odamiylik, omonatdorlik, to‘g‘rilik, oriyat kabi xislatlarning yemirilishi, xalqda o‘zaro birodarlik ruhining yo‘qolishi;
-
Shariat hukmlarini bilmaslik, menimaslik, halol-haromni ajratmaslik;
-
Alloh taolo har bir ishni ko‘rib turganini, hisob qilib turganini unutish;
-
Qanoatsizlik, dunyoga muhabbat, mashiatparastlik, orzu-havasga berilish;
-
Ommaning mulkini sarflashga oid qonun va nizomlarning puxta va adolatli ishlanmaganligi;
-
Ijtimoiy nazoratning sustligi;
-
Ommaning molidan olinadigan maoshlarning voqelikka, turmush tarziga mutanosib emasligi.
Xalqning mulkidan nohaq o‘zlashtirishni bartaraf etish uchun bunga sabab bo‘layotgan mazkur va boshqa omillarga qarshi kurashish kerak. Halollik va to‘g‘rilikni farzandlarga yoshlikdan, maktabdan singdirib borish, ularni Allohdan qo‘rqadigan, dinini hurmat qiladigan insonlar qilib tarbiyalash lozim. Maktabanoq pora berish, yolg‘on baho olishga o‘rgangan odamlar hech qachon halollikka qanoat qila olmaydi. Shu bilan birga, odamlarda dunyoga bo‘lgan munosabatni to‘g‘rilash, iymoniy tarbiyani izchil olib borish, turli va’z-nasihat, targ‘ibotlar orqali odamlarda axloqiy me’yorlarni shakllantirish va buning uchun kerakli choralarni ko‘rish darkor.
Shuningdek, odamlarga mehnatlariga yarasha, turmushlariga yetarli maosh berish, kishilarning halol pul topish, haloldan boyishlari uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish, qonun-qoidalarni joriy qilish kerak. Xalqqa bosh bo‘lib turganlar halol pul topishni oson, haromdan boylik orttirishni qiyin qilib qo‘yishlari kerak. Ehtikor, ya’ni monopoliya, korrupsiya kabi illatlarni yo‘qotish uchun hamma bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi, bu xayrli ishga esa rahbarlar, ishboshilar bosh-qosh bo‘lishi darkor. Zotan, omma ishida, el-yurt islohotida yetakchi shaxslar ko‘proq mas’ul bo‘ladilar.
Ochig‘ini aytganda, hozir bizda ayrim kishilar halol yo‘l bilan boyishning iloji yo‘q deb o‘ylaydigan bo‘lib qolgan. Aslida haqiqiy boylik faqat halollik bilan topiladi. Hozirda dunyoda ayrim boylar «Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich», deganlaridek, topayotgan millonlab dollarlari qayerdan kelayotganini ochiqlab qo‘ymoqda. Buning uchun bilim va mehnat kerak.
Halol yo‘l bilan ham behisob boylik topsa bo‘ladi, zotan, baraka faqat halolda bo‘ladi. Faqat halol odatda haromdan bir qadam keyin keladi. Ana o‘sha bir qadamni kutishga sabr, iymon, tavakkul kerak, xolos. Zero, rizqlar azalda belgilab qo‘yilgan.
Shuni unutmaslik kerakki, halollikni o‘zimizga shior qilib olmagunimizcha hech qachon rivojlana olmaymiz. Hammasi quruq gap bo‘yicha qolaveradi. Halollik bilan, diyonat bilan ishlamas ekanmiz, hech bir islohot kutilgan natijani bermaydi, hargiz birimiz ikki bo‘lmaydi. Alloh halol va to‘g‘ri ishga rivoj beradi, garchi uni qilgan odam iymon bilan qilmasa ham. Ammo iymon da’vo qilinsa-yu, halol-harom farqlanmasa, nohaqlik, zulmdan hazar qilinmasa, u yerda rivoj, taraqqiyot bo‘lmaydi, baraka bo‘lmaydi. Harom va nohaq orttirilgan boylik hech qachon yaxshilik keltirmaydi.
Ushbu satrlarni o‘qir ekanmiz, darrov birovlarni ayblashga kirishmay, avvalo o‘z ahvolimizga qarashimiz kerak. Qachonlardir, qayerdadir o‘zimiz ham bu borada kamchilikka yo‘l qo‘ygandirmiz, balki nohaq tasarrufga rozi bo‘lgandirmiz, isloh qilishga qurbimiz yeta turib, beparvo bo‘lgandirmiz? Umuman olganda, dindan gapirilganda uni avvalo o‘zimizga tegishli deb bilishimiz va unga avvalo o‘zimiz amal qilishimiz lozim. Uni boshqalarga baho berish uchungina qo‘llashni o‘rganish eng katta xatolardan sanaladi.
Har birimiz o‘z shaxsiy tasarruflarimizni, oilamizni va atrofimizni isloh qilishimiz kerak. Munkarni ko‘rganda imkon qadar uni to‘xtatish payida bo‘lishimiz darkor. Xalqning mulkini, Umar roziyallohu anhu aytganlaridek, yetimning haqqi deb qarashimiz va shu asosda unga munosabatda bo‘lishimiz lozim. Ana shunda biz chin ma’noda islohot sari qadam bosgan bo‘lamiz va bu tez orada meva bera boshlaydi. Agar barcha birgalikda davlat mulkini xalqning moli ekanini his qilib, uni yetimning haqqidek bilib munosabatda bo‘lsa, besh‑olti yilda O‘zbekiston oyoqqa turib, ildam rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga qo‘shilib oladi, deb o‘ylayman.
Bu mavzuda juda ko‘p gapirish mumkin. Biroq, o‘quvchini qiynamaslik uchun shu yerda so‘zimga yakun yasasam. Ishonamanki, bilimli insonlar shuning o‘zidanoq yetarli xulosa ola biladilar.
Alloh taolo barchalarimizga O‘zi tavfiq va himmat bersin, ommatan xalqimizga keng rizq, farovon hayot, haloldan serob bo‘lib, halolga sarflash baxtini nasib aylasin!