
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
OLIMNING O‘LIMI UMMAT UCHUN MUSBAT VA MAS’ULIYATDIR
Islom ummati, mintaqamiz musulmonlari, xususan, Qirg‘iziston xalqi og‘ir judolikka uchradi. Zamonamizning yetuk va rabboniy olimlaridan, mashhur voiz, betakror imom‑xatib Chubak hoji domla Jalilov hamda u kishining ustozi, Bishkek qozisi Sadriddin Majitov domla foniy dunyoni tark etib, boqiy dunyoga rehlat qildilar.
OLIMNING O‘LIMI UMMAT UCHUN MUSBAT VA MAS’ULIYATDIR
Qirg‘iziston xalqiga ta’ziya
Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz Unga qaytamiz.
Islom ummati, mintaqamiz musulmonlari, xususan, Qirg‘iziston xalqi og‘ir judolikka uchradi. Zamonamizning yetuk va rabboniy olimlaridan, mashhur voiz, betakror imom‑xatib Chubak hoji domla Jalilov hamda u kishining ustozi, Bishkek qozisi Sadriddin Majitov domla foniy dunyoni tark etib, boqiy dunyoga rehlat qildilar. Ushbu munosabat bilan xossatan Qirg‘iziston jumhuriyati musulmonlariga o‘zim, Qur’an.uz kanali xodimlari, yurtimizdagi ahli Qur’onlar va muxlis xalqimiz nomidan chuqur ta’ziya izhor qilaman. Parvardigori olam har ikki ustozni O‘z rahmatiga olib, joylarini Firdavs jannatidan aylasin.
Chubak hoji domla nihoyatda zakovatli, haqiqatgo‘y, dovyurak, o‘ta samimiy, shirinsuxan, kamtarin, peshqadam olim edi. Yoshiga nisabatan nafaqat ko‘rinishi, balki aqliy va ilmiy salohiyati ham yuqori edi. Qaysi sohadan so‘z ochsa, ilm asosida va adolat bilan so‘zlar edi. Tabiatan hazilkash bo‘lgani uchun mav’iza va suhbatlarida zarofatli so‘zlar qo‘llab, tinglovchilarni o‘ziga yanada bog‘lar edi. Va’zlari ilmiy bo‘lish bilan birga hayotiy va xalqchilligi bilan ajralib turar edi.
Yaqindagina qozog‘istonlik yetakchi, jonkuyar ahli ilmlardan biri Abdulg‘affor domla vafot topgan edilar. Bugun esa Qirg‘izistondagi ikki olim insondan ayrildik. Bu, albatta, musulmonlar uchun juda ham katta yo‘qotishdir. Chunki olimni yo‘qotish odiy insonni yo‘qotishdek emas. Shu bois, «olimning o‘limi olamning o‘limi» deya e’tirof etilgan. Hasan Basriy: «Olimning o‘limi Islomda bo‘shliq hosil qiladi va zamonlar o‘tishi uni to‘ldira olmaydi», deb bejizga aytmaganlar. Zero, olimning vafoti nafaqat bir insonning o‘limi, balki ilmning halokati deya baholanadi.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرِو بْنِ الْعَاصِ قَالَ: قَالَ رَسُولَ اللهِ r: «إِنَّ اللهَ لَا يَقْبِضُ الْعِلْمَ انْتِزَاعًا، يَنْتَزِعُهُ مِنَ الْعِبَادِ، وَلَكِنْ يَقْبِضُ الْعِلْمَ بِقَبْضِ الْعُلَمَاءِ، حَتَّى إِذَا لَمْ يُبْقِ عَالِمًا، اتَّخَذَ النَّاسُ رُءُوسًا جُهَّالًا فَسُئِلُوا، فَأَفْتَوْا بِغَيْرِ عِلْمٍ، فَضَلُّوا وَأَضَلُّوا».
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Alloh ilmni bandalaridan birdaniga sug‘urib olmaydi, balki ilmni ulamolarning jonini olish bilan sug‘urib oladi. Nihoyat, birorta olimni qoldirmagach, odamlar johillarni boshliq qilib olishadi. Keyin ular so‘raladilar va ilmsiz ravishda fatvo berishadi. Natijada adashadilar va adashtiradilar».
Buxoriy va Muslim rivoyati.
Olimning o‘limi og‘ir musibat bo‘lishi bilan birga, hayotda qolgan musulmonlar uchun ibrat va mas’uliyatdir. Oramizdan bir olimni yo‘qotar ekanmiz, sergak tortib, hayot bo‘lib turgan ahli ilmlarning qadrini bilishimiz lozim.
Negadir ko‘pincha olimlarni o‘tgandan keyin qadrlashga, ulug‘lashga o‘rganib qolganmiz. Tirikligida unga parvo ham qilmaymiz, so‘ziga quloq solmaymiz, ilmidan bahra olmaymiz, loaqal bir ziyorat qilib, duosini olishga ham yaramaymiz‑da, vafot etishi bilan tobutini talashib, yoqa yirtib yig‘lashga tushamiz. Ba’zan o‘tgan ulug‘ allomalarni ko‘klarga ko‘tarib, ular bilan faxrlanish barobarida ularning izdoshlari bo‘lib turgan zamonamiz olimlarini pisanda qilmaganimiz yetmagandek, bizga sal yoqmay qolsa, har balo deb yomonlab, quvib solamiz.
Aslida olimlarimizning qadriga ular hayotlik chog‘larida ko‘proq yetishimiz darkor. O‘tib ketgan allomalarni ulug‘lash bilan birga, biz bilan yashab yurgan olimlarni ham qadrlashni unutmasligimiz lozim. Vafot etganlari boy berildi, qolganlarini asrash barchamizga vojib ekanini anglashimiz kerak.
Yurtning eng katta boyligi ilm va bilim ahlidir. Har bir olim jamiyat uchun katta davlatdir. Kishi o‘z‑o‘zidan olim bo‘lib qolmaydi, buning uchun uning o‘zidan tashqari qancha odam qanchadan‑qancha umr, quvvat va pul sarf etadi. O‘shanda ham Alloh sunsa, inson olim bo‘ladi, ilmda muvaffaqiyat topadi. Ushbu haqiqatni yaxshi anglagan jamiyatlarda olimlar qadrlanadi va taraqqiyot barq uradi. Afsuski, ko‘pincha aynan muvaffaqiyat topgan olimlarni sig‘dirishmaydi.
Olimning vafoti ilm maydonida bo‘shliq hosil qilar ekan, avvalo ilm ahli, qolaversa, butun jamiyat ushbu bo‘shliqni to‘ldirish tashvishini qilishi kerak. Bir olimning faoliyati to‘xtadimi, boshqa ahli ilmlar uning xizmatini davom ettirishga, o‘rnini to‘ldirishga harakat qilishlari juda ham muhim. Jamiyatdagi yetakchi kishilar vafot etgan olimlarning o‘rniga o‘rinbosarlar yetishtirish uchun kerakli choralarni ko‘rib borishlari matlubdir.
Chubak Hoji domlaning vafotlari hozirda butun dunyoni tashvishga solib turgan o‘lat kasali oqibatida bo‘lgani bizni bir jihatdan mazhun qilsa, boshqa tarafdan qalbimizga biroz taskin va umid beradi. Taqdirda bitilgan ish bo‘lishi muqarrar. Birgina taskin ‒ u kishi uchun shahidlik maqomini umid qilishdir. Bu ma’noda juda ham ko‘p hadislar vorid bo‘lgan.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhning «Sahih»ida Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Vabo har bir musulmon uchun shahidlikdir», deganlar.
«Sahih»da yana quyidagi hadis ham bor:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا زَوْجِ النَّبِيِّ r قَالَتْ: سَأَلْتُ رَسُولَ اللهِ r عَنِ الطَّاعُونِ، فَأَخْبَرَنِي: «أَنَّهُ عَذَابٌ يَبْعَثُهُ اللهُ عَلَى مَنْ يَشَاءُ، وَأَنَّ اللهَ جَعَلَهُ رَحْمَةً لِلْمُؤْمِنِينَ، لَيْسَ مِنْ أَحَدٍ يَقَعُ الطَّاعُونُ فَيَمْكُثُ فِي بَلَدِهِ صَابِرًا مُحْتَسِبًا، يَعْلَمُ أَنَّهُ لَا يُصِيبُهُ إِلَّا مَا كَتَبَ اللهُ لَهُ، إِلَّا كَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ شَهِيدٍ
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vabo haqida so‘ragan edim, u zot menga bunday deb aytib berdilar: «U Allohning O‘zi xohlagan kishisiga yuboradigan azobidir. Alloh uni mo‘minlarga rahmat qildi. Vaboga chalingan biror kishi o‘ziga Alloh yozgan narsagina yetishini bilgan holda, sabr qilib, savob umidida o‘z shahrida qolsa, unga shahid ajrining misli bo‘ladi».
Bu hadisi sharifda vabo tarqagan joydan chiqmaslikning o‘zi shahidlik ajriga bois bo‘lishi aytilmoqda. Oldingi hadisda esa vabodan o‘lish shahidlik deyilgan. Bu ikki hadisni jamlab xulosa qilinsa, vabodan vafot etgan kishiga ikki marta shahidlik ajri bor: vabo tarqagan joyda sabr bilan qolgani uchun alohida shahodat, ushbu kasallikdan o‘lim topgani uchun alohida shahodat bor. Bugungi kunda tarqagan mash’um virusdan vafot etgan mo‘minlarga ushbu ikki maqomni umid qilib, so‘raymiz.
Ajal o‘z nomi bilan ajal ‒ belgilangan vaqtdir. U ortga ham, oldinga ham surilmaydi, aynan aytilgan onida ijro topadi. O‘lim har bir isnonning boshida bor, undan hech kim qochib qutula olmaydi. Biroq, o‘sha o‘limning sharafli, savobli bo‘lishi o‘zini bilgan odam uchun haqiqiy baxtdir. Zero, bu holat oxirat darajalarini olish uchun insonga berilgan so‘ngi imkoniyat hisoblanadi. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘z ashoblariga shahodatni so‘rab duo qilganlar.
عَنْ أَبِي مُوسَى، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: «اللَّهُمَّ اجْعَلْ فَنَاءَ أُمَّتِي في سَبِيلِكَ بِالطَّعْنِ وَالطَّاعُونِ». رواه أحمد والبيهقي.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Allohim! Ummatimning Sening yo‘lingda fano bo‘lishini tig‘ va vabo bilan qilgin», dedilar».
Imom Ahmad va Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Bu hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sahobalarga, ummatlariga o‘lim tilayotganlari yo‘q, balki vaqti soati yetib o‘lim kelganda uning sharafli, oxirat uchun darajot bo‘lishi so‘ramoqdalar. Zotan, u zot o‘z ummatlariga hammadan ham mushfiq bo‘lganlar, ularga hech qachon yomonlik istamaganlar. Hadisning boshqa bir rivoyatida ushbu ma’noga ochiq ishora bor.
عَنْ أَبِي مُوسَى، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: «فَنَاءُ أُمَّتِي بِالطَّعْنِ وَالطَّاعُونِ». فَقِيلَ: يَا رَسُولَ اللَّهِ، هَذَا الطَّعْنُ قَدْ عَرَفْنَاهُ، فَمَا الطَّاعُونُ؟ قَالَ: «وَخْزُ أَعْدَائِكُمْ مِنَ الْجِنِّ، وَفِي كُلٍّ شُهَادة». رواه أحمد.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Ummatimning fano bo‘lishi (o‘limi) ta’n va to’un bilandir», dedilar. Shunda: «Ey Allohning Rasuli, ushbu ta’n ‒ nishni bilamiz, ammo to’un nima?» deyishdi. U zot: «Jinlar ichidagi dushmanlaringizning sanchishi. Har qaysisida ham shahodat bor», dedilar».
Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Bu hadisda tig‘ bilan o‘ldrilish vabo bilan o‘lishga tenglashtirilmoqda va har ikkisi ham shahodat ekani ta’kidlanmoqda.
Bugun o‘z yurtlarida vabodan vafot etayotgan mo‘min birodarlarimiz haqlarida eshitganda mazkur hadisi shariflarning ma’nolari xotirga kelar ekan, Robbimizdan ular uchun ushbu darajotlarni so‘rab qolamiz. Zero, mana shu oqibati mahmud ‒ maqtovga loyiq xotima deyiladi.
So‘zim so‘ngida ushbu ayriliqda musibatga uchragan barcha azizlarimizga, qardosh, dindosh qarg‘iz xalqiga hamdardlik izhor etaman. Biz ham musibatlarida sherikmiz, zotan, olimning o‘limi ummat uchun musibatdir. Alloh taolo musibat ahliga O‘zi sabru salvon, ajru mukofot berib, o‘rniga yaxshiliklarni badal aylasin!