
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
TAFOUL ‒ YARIM DAVODIR
Tafoul ‒ shumlanishning ziddi, yaxshi gumon va taxminda bo‘lish degani. Oisha roziyallohu anho ta’kidlaganlaridek, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sertafoul zot bo‘lganlar. Har bir holat, har bir ishda yaxshilik istab, yaxshilik kutar edilar.
TAFOUL ‒ YARIM DAVODIR.
Tafoul ‒ shumlanishning ziddi, yaxshi gumon va taxminda bo‘lish degani. Oisha roziyallohu anho ta’kidlaganlaridek, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam sertafoul zot bo‘lganlar. Har bir holat, har bir ishda yaxshilik istab, yaxshilik kutar edilar. Bu esa u zotning Parvardigorlarini yaxshi taniganlaridan, Uning bandalariga rahmu shafqatini, har bir ishdagi cheksiz hikmatini, qudratini yaxshi bilganlaridan va Unga chin dildan suyanib, tavakkul qilganlaridan edi. Shuning uchun ham u zot bemisl mashaqqatlar, o‘ta og‘ir holatlarda ham o‘zni yo‘qotmay, barchasini yengib o‘tdilar, har bir vaziyat uchun eng to‘g‘ri yechimni, “oltin chiziq”ni tanlay bildilar va muvaffaqiyat qozondilar. Bo‘lmasa, yigirma yildan ortiq uzliksiz ayovsiz va har tarafdan yovlik, o‘n yillar tarbiyalab, yetishtirgan shogirdlari, eng yaqin kishilaridan ketma‑ket ayrilish, farzandlarni birin‑ketin dafn qilish, da’vat yo‘lidagi mashaqqatlar... Bularga qarshi tik turish oson emasdi. Biroq, u zot taqdirga bo‘lgan iymon va tafoul bilan barcha og‘irliklarni ko‘tara oldilar.
Har bir musibatda, hatto tanaga kirgan tikanda ham savob borligi, vabo, talofat, ichki og‘riq bilan vafot etganlar shahid maqomida bo‘lishi haqidagi va boshqa shu mazmundagi hadisi shariflar ham aynan tafoul tushunchasi atrofidagi, uni mustahkamlaydigan ma’nolarga ega. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bemorni ko‘rganlarida: «Hechqisi yo‘q, tozalanish, inshoolloh», deyishlari ham har jihatdan tafoul tushunchasini quvvatlaydi.
Bugungi vaziyat ham qanchalar vahimali, xatarli va og‘ir bo‘lmasin, biz uni avvalo taqdirga bo‘lgan iymon va tafoul bilan qabul qilishimiz kerak. Mana shuning o‘zi kasallikka qarshi eng muhim chora bo‘ladi, dardga yarim davo bo‘ladi. Buni mutaxassislar ham ta’kidlashmoqda. Boshqa chora‑tadbirlarni mana shu poydevor ustiga qurib, bilim va xolislik bilan ish tutilsa, inshoolloh, hammasi joyiga tushib, musibatdan yutuq bilan chiqamiz.
Tafoul kishini muammolar qarshisida zaif, tutqin bo‘lishdan asraydi va vaziyatga pastdan emas, yuqoridan baho bera olish va to‘g‘ri yechim taqdim etish muhitini yaratadi.
Aytishlaricha, kasalning o‘zidan ham ko‘ra vahimasi xatarli ekan. Inson vahimaga tushganda undagi immunitet pasayib ketar ekan va eshik qoqib kirolmay turgan boshqa kasalliklarga ham qulay fursat yuzaga kelar ekan. Mana shuning o‘zi eng katta darddir.
Keling, taqdirga iymon, Mehribon Robbimizga tavakkul va Undan yaxshilik umid qilishni o‘zimizga shior qilib olaylik. Shuning o‘zi eng yaxshi himoya ‒ karantin va yarim davodir.