
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
GAZAM YO‘G‘‑U, SUVAM YO‘G‘U, TO‘KAM YO‘Q...
Tunov kuni Andijonga borib, bundan 33 yilcha oldin qiblagohimiz badiha qilgan ushbu misra bexos yodimga tushdi. O‘shanda ukamni namozga kutib turgan edik. Dadam uyda bo‘lganlarida oilamizga imomlik qilardilar. Bir gal: «Hamma kelib bo‘ldimi?» degandilar, «ukam yo‘q», debman. Qiblagohimizda badihiy she’r aytish odati bor edi, shunday bediha aytdilar: «Gazam yo‘g‘‑u, suvam yo‘g‘u, to‘kam yo‘q, Namoz o‘qiy desam, endi ukam yo‘q».
GAZAM YO‘G‘‑U, SUVAM YO‘G‘U, TO‘KAM YO‘Q...
Tunov kuni Andijonga borib, bundan 33 yilcha oldin qiblagohimiz badiha qilgan ushbu misra bexos yodimga tushdi. O‘shanda ukamni namozga kutib turgan edik. Dadam uyda bo‘lganlarida oilamizga imomlik qilardilar. Bir gal: «Hamma kelib bo‘ldimi?» degandilar, «ukam yo‘q», debman. Qiblagohimizda badihiy she’r aytish odati bor edi, shunday bediha aytdilar: «Gazam yo‘g‘‑u, suvam yo‘g‘u, to‘kam yo‘q, Namoz o‘qiy desam, endi ukam yo‘q».
O‘sha kuni gaz ham, svet ham o‘chgan va suv to‘xtab qolgan ekan. Biroq, u paytlarda bu holat favqulotda sodir bo‘lgan, chunki aslida gaz, svet, suvda u zamonlarda bizning taraflarda hech qanday muammo yo‘q. Ammo orada yurt mustaqil bo‘lib, keyin o‘ttiz yil o‘tib, ota mahallaga borsam, mazkur misrada aytilgan sharoit endi faqulotda vaziyat emas, asosiy holattga aylanib qolibdi. Hatto bu kabi vaziyatni shaharning ko‘p joylarida, qoq markazida ham kuzatishingiz mumkin. Menimcha, boshqa viloyatlarda ham bu kabi tashvish yetarlicha topilsa kerak.
Odamlar bilan ko‘rishsangiz, yig‘inlarda quloq solsangiz, butun xalqning tashvishi uyni isitish bo‘lib qolgan. Erkaklarning g‘ami o‘tin‑ko‘mir qalash, ayollarning tashvishi ularni tejab yoqish. Bu holatni o‘zimiz ham ko‘p boshdan o‘tkazganmiz. Qisqa qilib aytganda, shu 5‒6 oy davomida butun boshli xalqning bor xayoli uy isitish bilan band bo‘ladi, boshqa narsaga aql ishlamaydi, vaqt ham yo‘q, ko‘ngilga ham sig‘maydi. To‘g‘rida, jon omon, tan sog‘ bo‘lsa, keyin fikr bo‘shaydi, harakatlanadi.
Ustozlardan birining ziyoratlariga kirsak, o‘nta qatorlagan uylarni qo‘yib, padvalga joy qilib, isitib o‘tirishibdi ekan. Tepadagi dang‘illama xonalar isitishga ko‘p harajat ketganidan huvillab yotibdi. Xonadon egalari: «Shunaqa qilib jon saqlayapmiz, shu yaxshi ekan, qulay ekan», deb, jilmayadi. Butun bir kattagina oila, ikki xonaga ajratilgan yerto‘laga joylashib olishibdi. Bu holat xuddi «Yerning tepasidan osti yaxshi bo‘lib qoldi», degandek tuyuldi.
O‘tgan oxirgi 2‑3 yilda holat ancha yaxshi bo‘lib qolgan edi, bo‘larkun‑ku, deb turilgan edi, bu yil yana vaziyat og‘irlashib, murakkablashib ketibdi. Sabab nimada, tushuna olmadim. To‘g‘ri, hamma joy ham bunday emas, gazi, sveti o‘chmaydigan mahallalar, mintaqalar ham bor. Ammo ko‘p joyda uy isitish muammoligi hech kimga sir emas. Buning tashqi omillari ham bor esa‑da, odamlarning o‘z qo‘lida bo‘lgan sabablar ham bor. Shulardan ayrimlarini aytmoqchiman.
- Andijonda ayrim joylarda gaz bor. Ko‘p mahallalarda mator bilan gaz tortib, yoqishmoqda. Shu mintqalardagi uylarni o‘rgansangiz, juda ko‘p xonadonlarda har bir xonaga yoki har ikkita xona o‘rtasiga pechka qurilgan. Bu pechkalar eskicha uslubda, ya’ni quvvatning ko‘pini isrof qiladi. Yoqilg‘ining aksar quvvatini mo‘ri bo‘ylab osmonga purkaydi. Ayrim xonadonlarda 3‑4 ta pechka yoqilgan. Shunday holatni ko‘rganda, bexos bir reja xayolga keladi: zamonaviy imkoniyatlardan foydalanib, shu pechkalarning bittasiga ketgan gaz bilan 8 ta xonani isitsa bo‘ladi‑ku. Buning uchun suv bilan isitish vositasidan foydalanish kerak. Hozir tejamkor kotyollar chiqqan, mo‘risi yelimdan. Ya’ni quvvatning deyarli hammasini saqlab qoladi, havoga sarflamaydi.
Ochig‘ini aytganda, turbada gaz oqib kelishi hamma joyda ham mavjud emas, dunyoda bunday imkoniyat kamyob hisoblanadi. Binobarin, buni isrof qilmay ishlatish kerak, shunda ko‘pga yetadi.
Taklif:
Oqma g‘azni uylarning isitish tizimini markazlashtirib, suvli qilib, uni mazkur tejamkor kotyol orqali isitish imkoniyatiga ega bo‘lgan xonadonlargagina berish kerak. Savol tug‘iladi: bunday imkoniyati bo‘lmagan xonadonlar nima qiladi unda? Bank bo‘lar‑bo‘masga, mol‑qo‘yga, parranda darrandaga deb ham falon millionlab pulni aholiga tarqatib yotibdi. Shuning o‘rniga, mazkur isitish tizimini bo‘lib to‘lash sharti bilan aholiga o‘rnatib bersa, o‘rinli ish bo‘lar edi. Shunda gaz tejalib, hozirgi berilayotgan gaz barcha aholiga yetishi ham mumkin. Qolaversa, odamlarga shunday imkoniyat qilib berilsa, uyi isib, jonlanib, yaxshiroq pul topishga ega bo‘lishi, harakat qilishi ham tabiiy. Nima deysizlar?
- Gaz faqat maxsus o‘lchagich bilangina berilishi kerak. Shunda o‘g‘irlik, isrofning oldi olinadi. O‘lchagichlarni Gaz ta’minoti boshqarmasining o‘zi bo‘lib to‘lashga aholiga sotsa ham bo‘ladi, iqtisodiy qiynalganlar ham o‘rnata oladi.
Agar aholini gaz bilan ta’minlash yetarli darajaga chiqsa, elektorga tushayotgan hozirgi og‘irlik keskin kamayishi tabiiy. Shuning o‘zi bilan bira to‘la ikkita muammo ‒ svet va gaz tanqisligi barham topishi mumkin. Qalaversa, falon pulga o‘tin, ko‘mir olib, uyini qoraytirib o‘tirgan odamlar mazkur taklifni qabul qiladilar, agar to‘g‘ri tushuntira olinsa.
-
Gaz Alloh beradigan tabiiy boylik, uni yetkaza olishmayotgan bo‘lsa, hech yo‘q svetni o‘chmaydigan qilsa bo‘lmasmikin? Svet ko‘p ba’zi joylarda xusisiylashib ham ketgan, raqobat ham bor. Monopolya xavfi bo‘lmasa, shunday zamonaviy uslublardan foydalanilsa, yaxshi bo‘lsa ketak.
-
Svetni 110 quvvatda beriladigan qilsa bo‘lmaydimi? Amerikada, hatto Saudiya va boshqa ko‘p mamlakatlarda aynan shunday. Bu ham elektor quvvatini tejashga yordam berar edi.
-
Quyosh nuridan elektor olish borasidagi harakatlarda aholini qo‘lla‑qvvatlash, bu borada kerakli qonunlarni qabul qilish lozim.
-
Uylarni qurishda isitish quvvatini tejashni ta’minlash kerak. Uyga gaz berish uchun maxsus talablarga javob beradigan uy qurishni shart qilib qo‘yish kerak. Hech yo‘q yangi quriladigan uylar uchun ushbu shartni qat’iy talab qilish kerak. Chunki buyog‘iga energiya tanqisligi butun dunyoda ortib boraveradi. Shunda quvat isrof bo‘lmaydi. Ba’zi xonadonlarda hayhotdek uylar qilib olishgan, ularni isitaman deb, tabiiy zaxiralarni isrof qilishadi.
Germaniyaliklarning uylari 3 metrga yetib yetmaydi ekan. Chunki isitish vositalari qimmat, tejamkorlik o‘rgatilgan. Ularning bir gapi juda ham hikmatli: "Sizning pulingiz behisob bo‘lishi mumkin, ammo resurslar o‘lchovlidir".
Shuni ta’kidlash lozimki, odamlarning holatini ko‘rib, kuzatib, bu muammolardan chiqish uchun nima qilsa bo‘larkin, degan o‘y o‘tishi tabiiy. Shu ma’noda bir‑ikkita fikrlar kelib qoldi, shularni ko‘pchilikning e’tiboriga havola qilgim keldi. Bu mulohazalar oddiy bir iste’molchi va kuzatuvchi sifatidagi odamning so‘zlari, mutaxassislar to‘ldirib, tuzatishlari mumkin. Biror yaxshilikka turtki bo‘lsa, hech yo‘q mutaxassislarning so‘zlari yuzaga chiqishiga sabab bo‘lsa, ajab emas.
Bu yerda men fikrimni juda qisqa suratda aytib o‘tdim, kamchiliklar bo‘lsa, isloh qilasizlar degan umiddaman.
Bilgichlar nima deydi?