
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
HAYIT ODOBLARI
Bu yilgi Ramazon oyi Yurtimiz musulmonlari uchun o‘zgacha bir tarovatda o‘tdi. Vatanimiz tinch, osuda. Xalqimiz ibodatlarni bemalol ado etib kelmoqda. Isxlosli mo‘min-musulmonlarimiz kunduzlari ro‘za tutib, kechalari masjidlarda taroveh namozlarida, xatmi Qur’onlarda ishtirok etib, Yaratgandan yurt-elimiz tinchligi, obodligini so‘rab duoyu iltijolar qildilar. Bularning hammasi, umid qilamizki, aziz Vatanimiz osudaligi va jonajon xalqimiz hayotining farovonligiga sabab bo‘ladi, albatta.
HAYIT ODOBLARI
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bu yilgi Ramazon oyi Yurtimiz musulmonlari uchun o‘zgacha bir tarovatda o‘tdi. Vatanimiz tinch, osuda. Xalqimiz ibodatlarni bemalol ado etib kelmoqda. Isxlosli mo‘min-musulmonlarimiz kunduzlari ro‘za tutib, kechalari masjidlarda taroveh namozlarida, xatmi Qur’onlarda ishtirok etib, Yaratgandan yurt-elimiz tinchligi, obodligini so‘rab duoyu iltijolar qildilar. Bularning hammasi, umid qilamizki, aziz Vatanimiz osudaligi va jonajon xalqimiz hayotining farovonligiga sabab bo‘ladi, albatta.
Ramazon oyining, bu yilgidek, yozning eng issiq va uzun kunlariga to‘g‘ri kelishi, aslida, ro‘za tutishni biroz qiyinlashtirsa-da, ro‘zadorlarning o‘zgacha shavqu zavq bilan, ro‘zaning mashaqqatidan malollanmay, aksincha ko‘taringi kayfiyatda yurganlarini ko‘rib, beixtiyor quvonasan kishi. Zotan, ibodat qanchalar mashaqqatli kechsa, uning ajru mukofoti va inson ruhi, ma’naviyati uchun manfaati shuncha ziyoda bo‘ladi, deb bejiz aytilmagan.
Ramazon oyi oxirlar ekan, muhaddislarimiz rivoyat qilgan bir hadisi sharifni eslab, qalblarimiz shodlik va umidga to‘ladi:
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi», dedilar. Ular: «Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?», deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q, lekin ishchi ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi», dedilar. Imom Ahmad rivoyat qilgan.
Imom Abu Dovud Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, Alloh taolo sizlarga Ramazon oyi ro‘zasini farz qildi. Men sizlarga uning kechalarini qoim qilishni sunnat qildim. Kim uning ro‘zasini tutsa va kechalarini qoim qilsa, gunohlaridan onasi tuqqan kungidek forig‘ bo‘ladi», deganlar».
Gunoh qilmagan kim bor?! Gunohining yuvilishini istamagan kim bor?! Inson o‘zi uchun cheksiz manfaatlar garovi bo‘lgan ibodatni ado etishi barobarida, son-sanoqsiz gunohlardan poklanib, qalb sokinligiga erishishi qanday ham yaxshi! Ramazon oyi gunohlardan qutulish uchun ana shunday eng zo‘r imkoniyat mavsumidir.
Shu bilan birga, Ramazon oyidan chiqar ekanmiz, o‘zimizga bir nazar tashlab ko‘rishimiz ham darkor. Qani, ibodatlarimiz yaxshilandimi? Taqvolarimiz ziyoda bo‘ldimi? Gunohlardan haqiyqatda to‘xtala oldikmikin? Zotan, gunoh kechirilganligining alomati o‘sha gunohdan tiyilishdir, deydi ulamolarimiz. Agar ro‘zadan ko‘zlangan maqsadga erisha olmagan bo‘lsak, Alloh asrasin, ish chatoq bo‘ladi.
Imom Buxoriy va boshqa muhaddislarimiz Abu Hurayra va Anas ibn Molik roziyallohu anhumolardan rivoyat qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar-da, «Omiyn», dedilar. Keying ikkinchisiga ko‘tarildilar-da, «Omiyn», dedilar. So‘ng tik turdilar-da, «Omiyn», dedilar. Shunda u zotning ashoblari: «Nimaga «Omiyn» dedingiz, ey Allohning Rasuli?» deyshdi. U zot dedilar:
«Jabroil alayhissalom kelib, menga: «Ey Muhammad, huzurida siz zikr qilsangiz-u, sizga solovat aytmagan kishining burni yerga ishqalsin», – dedi. Men: «Omiyn», – dedim. Keyin: «Ota-onasini yoki ulardan birini topgan, biroq ular uni jannatga kirgiza olmagan kishining burni yerga ishqalsin», – dedi. Men: «Omiyn», – dedim. So‘ng: «Ramazon oyini topib, mag‘firat qilingmagan kishining burni yerga ishqalsin», – dedi. Men: «Omiyn», – dedim».
«Burni yerga ishqalsin», degan so‘z arablarda «xor bo‘lsin, yuztuban bo‘lsin» degan ma’noda ishlatiladi.
Demak, Ramazon oyidan unumli foydalana olmagan, unda gunohlardan forig‘ bo‘la olmagan kishining holiga voy ekan. Chunki Alloh taoloning eng muqarrab farishtasi shunday deb duo qilgan ekan va bu duoga Robbulolamiynning eng suyukli Rasuli, oxir zamon Payg‘ambari «Omiyn» degan ekan. Bunday duoning ijobat bo‘lishida shubha bo‘lishi mumkin emas. Mana shu haqiyqatlarni doimo yodda tutishimiz lozim.
Shu bois, ba’zi salafi solihlarni hayit kunlari mahzun ko‘rib, ashoblari ulardan: «Nega mahzunsiz, axir bugun shodlik, xursandchilik kuni-ku?», deb so‘rashganda, ular: «To‘g‘ri, siz haqsiz, lekin menga Robbim bir ishni – ro‘za tutishni amr qilgan edi, men uni bajardim, ammo u qabul bo‘ldimi yoki bo‘lmadimi, bilmayman», deb javob bergan ekanlar.
Ro‘za ulug‘ ibodat, agar biroz fikr yuritsak, uning qanchalar buyuk va mukammal ekanini anglab olishimiz mumkin. Ro‘zador bir oy davomida kuni bilan o‘zini yeb-ichishdan tiyadi, hatto bir qultum suv ham ichmaydi. Shuningdek, er-xotinlik munosabatlaridan ham o‘zini chetda tutadi. Har qancha kun uzun bo‘lmasin, har qancha havo issiq bo‘lmasin, o‘z ustidan o‘zi nazoratchi bo‘lib, hech kim ko‘rmaydigan o‘rinlarda ham mazkur narsalardan saqlanadi. Bu bilan u jismini ham, ruhini ham poklaydi, nafsini tarbiya qiladi. Asli halol bo‘lgan narsalardan ma’lum muddat o‘zini tiya olgan kishi yil bo‘yi harom narsalardan o‘zini saqlashlikka yetarli malaka hosil qiladi. Ro‘za tutgan kishining o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi, irodasi mustahkamlashadi, sabr-bardoshi qat’iylashadi va boshqa ko‘plab fazilatlarga ega bo‘ladi.
Ana shunday buyuk va mashaqqatli ibodatni eson-omon ado etib, uning beqiyos foydalarini qo‘lga kiritish baxtiga musharraf bo‘lganliklari shukrona va sharafiga mo‘min-musulmonlar Ramazon oyi tugagan kunning ertasiga, Shavvol oyining birinchi kunini bayram qiladilar. Islomda bu bayram o‘ziga xos uslubda o‘tkaziladi.
Ushbu biz «Ramazon hayiti» deb nomlaydigan kun diniy manba’larimizda «Iyd al-Fitr» deb yuritiladi. «Iyd» so‘zi arab tilida «qayta-qayta takrorlanish», «foyda-manfaat» ma’nolarini bildiradi. Hayit kuni har yili takror, qayta-qayta kelgani va unda Allohning ne’matlari bandalariga serob bo‘lgani uchun uni «iyd» deb nomlangan. «Fitr» esa «og‘iz ochish», «taomlanishni boshlash» degan ma’nolarni anglatadi. Demak, «Iyd al-Fitr» ro‘zadan chiqib, taomlanishga o‘tish kuni deganidir.
Tilshunos mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, «hayit» so‘zi ham asli «iyd» so‘zidan olingan ekan. («O‘zbek tilining izohli lug‘ati», 676-bet. Moskva. 1981 yil.). O‘g‘uzlar (qadimgi turklar) ayrim hollarda so‘z boshidagi unli oldiga «h» qo‘shib talaffuz qilishgan ekan. («Devonu lug‘atit turk», 135-bet. Mahmud Qashg‘ariy. Toshkent. 1961 yil. O‘z.SSR Fanlar Akademiyasi nashryoti.) Ana shundoq qilib, «iyd» so‘zi bizda keyinchalik «hayit» shaklini olgan ekan.
Xalqimiz qadimdan, Islom dini bilan musharraf bo‘lgan kundan boshlab «Iyd al-Fitr» kunini tantanali ravishda bayram qilib nishonlab kelgan. Iyd namozini o‘qish uchun butun shahar ahli bir namozgohga yig‘ilgan. Namozdan so‘ng beva-bechoralar holidan xabar olish, faqiru kambag‘allarga moddiy yordam ko‘rsatish, bolalarga hayitllik sovg‘alari ulashish xalqimiz ichida an’anaga aylangan.
Sho‘rolar davrida xalqimiz boshqa ko‘plab qadryatlari qatori hayit kunlarini rasman bayram qilish huquqidan ham mahrum qilingan edi. Yurtimiz o‘z mustaqilligini e’lon qilgan kundan boshlab ko‘plab milliy-diyni qadryatlarimiz qayta tiklandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ro‘za hayitini dam olish kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi 1992 yil 27 martdagi PF-368-son Farmoni yurtimiz musulmonlari uchun tarixiy voqea bo‘ldi.
Shunday bo‘lsa-da, hali-hanuz ko‘pchilik odamlarimiz ushbu kunning kelib chiqishi, mo‘in-musulmon shaxs uchun ahamiyati, hayotimizda tutgan o‘rni haqida yetarli ma’lumotga ega emas. Uni ayrim kishilar oddiy bir urf-odat deb tushunishi ham sir emas. Ana shu jihatlarni e’tiborga olib, siz azizlarga ushbu muborak kunning kelib chiqish tarixi, unga doir odob va ahkomlar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tishni maqsadga muvofiq deb topdik.
Islomning avvalida Ramazon ro‘zasi ham, Ramazon hayiti ham bo‘lmagan. Zotan, bu kabi ahkomlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlar Makka shahridan Madinai Munavvaraga hijrat qilganlaridan keyin birn-ketin joriy qilingan. Hijratning ikkinchi yili Ramazon ro‘zasi farz qilindi va mana shu yili 29 Ramazon kuni ro‘za ibodatining tantanasi o‘laroq Ramazon hayiti Alloh taolo tomonidan musulmonlar uchun bayram qilib berildi. Bu haqda muhaddislarimiz quyidagilarni keltiradilar:
عَنْ أَنَسٍ t قَالَ: قَدِمَ رَسُولُ اللهِ r الْمَدِينَةَ وَلَهُمْ يَوْمَانِ يَلْعَبُونَ فِيهِمَا فَقَالَ: مَا هَذَانِ الْيَوْمَانِ؟ قَالُوا: كُنَّا نَلْعَبُ فِيهِمَا فِي الْجَاهِلِيَّةِ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ r: إِنَّ اللهَ قَدْ أَبْدَلَكُمْ بِهِمَا خَيْرًا مِنْهُمَا يَوْمَ اْلأَضْحَى وَيَوْمَ الْفِطْرِ. رَوَاهُ أَصْحَابُ السُّنَنِ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, u (Madinalik)larning ikki kuni bo‘lib, ular o‘sha kunlarida o‘yin-kulgi qilshar edi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Bu ikki kun qandoq kun?», – deb so‘radilar. Ular:
«Biz johiliyatda shu kunlarda o‘yin-kulgi qilar edik», – deyishdi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, Alloh sizlarga u ikkisi o‘rniga ulardan ko‘ra yaxshiroq – Azho va Fitr kunlarini berdi», – dedilar».
«Sunan» egalari rivoyat qilgan.
Azho – Qurbon hayiti, Fitr – Ramazon hayitini bildiradi.
Demak, bu ikki hayit kunlarini siz bilan biz mo‘min-musulmonlarga bevosita Alloh taoloning O‘zi bayram qilib bergan ekan. Ularni odamlar o‘zlari o‘ylab topgan yoki olimlar joriy qilgan emas, balki ilohiy iroda shuni ixtiyor qilgan ekan. Ana shu e’tibordan, ushbu kunlarni bayram qilishning o‘zi alohida ibodat hisoblanadi.
Madina ahli Islomdan oldin yilning ikkita kunini – bahorda shamsiy yilning boshlanish kunini, kuzda Mehrijon kunini bayram qilishar edi. O‘sha kunlarni ular turli o‘yin-kulgilar bilan o‘tkazishar edi. Alloh taolo ularga o‘sha ikki kunning o‘rniga boshqa ikki kunni bayram qilib nishollashni Islom shariatida joriy qilib berdi. Shunday qilib, Islom arkon – asoslaridan hisoblangan ikki buyuk ibodat – ro‘za va haj ibodatlarining yakuni musulmonlar uchun eng ulug‘ bayram etib tayinlandi.
Ana shundan buyon mo‘min-musulmonlar bu kunlarni bayram qilib keladilar. Ularni o‘ziga xos go‘zal suratda, ibodat, xayru saxovatlar bilan, axloq-odob me’yorlari asosida nishonlaydilar. Bu kunlar doimo ezgulik, xayru baraka, mehr-oqibat ramzi hisoblanib kelgan.
Diniy manba’larimizda hayit kunlariga doir odob va ahkomlar batafsil bayon qilingan. Biz hozir faqat Ramazon hayitiga tegishli odob va ahkomlar haqida so‘z yuritamiz.
Ramazon hayiti kuniga eson-omon yetib kelgan har bir musulmon kishi quyidagi amallarni bajaradi:
- Iyd kechasini ibodat bilan o‘tkazish.Iydga o‘tar kechaning ham o‘ziga yarasha fazilati bor. Uni butunlay yoki bir qismini, xususan kechasining uchinchi qismini Qur’on tilovati, zikr, tasbih va nafl namozlar bilan bedor o‘tkazish ko‘plab yaxshiliklarga, ulkan savoblarga sabab bo‘ladi.
عَنْ أَبِي أُمَامَةَ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : «مَنْ قَامَ لَيْلَتَيِ الْعِيدَيْنِ مُحْتَسِبًا لِلَّهِ ، لَمْ يَمُتْ قَلْبُهُ يَوْمَ تَمُوتُ الْقُلُوبُ». رواه ابن ماجه والطبراني.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim ikki iyd kechalarini Allohdan savob umidida qoim qilsa, qalblar o‘ladigan kunda uning qalbi o‘lmas», – dedilar».
Ibn Moja va Tobaroniy rivoyat qilgan.
- Hayit namozi uchun g‘usl qilish. Islom poklik dini. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining bir hadislarida: «Poklik iymonning yarmidir», deganlar. Xususan, mana shunday ibodatlar oldidan, ko‘pchilik jamoat to‘planadigan joylarga borishdan oldin g‘usl qilish dinimizda alohida ta’kidlangan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr kuni g‘usl qilar ekanlar.
عَنِ الْفَاكِهِ بْنِ سَعْدٍ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ r كَانَ يَغْتَسِلُ يَوْمَ الْفِطْرِ وَيَوْمَ النَّحْرِ وَيَوْمَ عَرَفَةَ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ.
Fokih ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr, Azho va Arafa kunlari g‘usl qilar edilar».
Ibn Moja rivoyat qilgan.
- Tishlarni misvok yoki tish pastalari yordamida tozalab olish. Tishni toza tutishga Islom dinichalik e’tibor bergan birorta din yoki ta’limot yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar ummatimga mashaqqat bo‘lishidan qo‘rqmaganimda, ularni har namoz oldidan misvok qilishga buyurgan bo‘lar edim», deganlar.
Shu bois, har namoz oldidan misvok qilish sunnat amal hisoblanadi. Hayit namozi uchun esa, bu narsa yanada ta’kidliroqdir.
- Iyd uchun yasanish. Musulmon kishi hayitga eng yaxshi kiyimlarini kiyishi, iloji bo‘lsa, yangi kiyim sotib olishi mustahab. Bu ham bo‘lsa, Alloh bayram qilib bergan kunni nishonlash, uni qadrlash ramzi hisoblanadi. Bu ish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridandir.
Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki iydda hibara chopon kiyar edilar».
«Hibara» – Yamanning mashhur kiyimi.
O‘sha davrda Yamanda sanoat rivojlangan edi. Yaman kiyimlari eng yaxshi kiyimlar hisoblanardi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham juma va ikki iyd kunlari xutbaga chiqqanlarida Yamandan keltirilgan hibara degan chiroyli to‘nlarini kiyib olardilar. Shunga binoan, iydga eng yaxshi kiyimlarni kiyish musulmonlar ichida keng tarqalgan. Sahobai kiromlar ham ushbu sunnatga doimo amal qilganlar. Xalqimiz qadimdan ushbu sunnatni go‘zal tarzda amalga oshirib kelgan. Hayit arafalarida kiyim-kechak bozorlarimizda savdo-sotiq qizg‘in avjiga chiqishi ham shundan. Bu ishda Alloh taolo bergan ne’matlarga shukr qilish bor.
Ammo shuni ham unutmaslik lozimki, ayollarning ziynatlanishlari shariat doirasida va mahramlar davrasida bo‘lishi kerak.
- Hushbo‘ylik surtish. Bu ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan. Jamoatchilik joyga kirishda xushbo‘ylik surtib olish yuksak odob namularidan biri bo‘lib, ko‘plab noqulayliklarning oldini oladi.
Yuqorida o‘tgan odoblarga erkagu ayol barobar amal qilishi lozim.
- Namozga chiqishdan oldin biror yegulik tanovul qilib olish. Ramazon hayitida, Qurbon hayitiga aks o‘laroq, namozga chiqishdan oldin biror narsa yeb olish ham Ramazon hayitining odoblaridan sanaladi. Bunda Fitr kuni ro‘za tutishdan bo‘lgan qaytariqqa urg‘u berish va Ramazon ro‘zasi yakun topganligiga e’tiborni qaratish bor. O‘sha yegulik quruq yoki ho‘l meva bo‘lgani yaxshi.
عَنْ أَنَسٍ t قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ r لاَ يَغْدُو يَوْمَ الْفِطْرِ حَتَّى يَأْكُلَ تَمَرَاتٍ وَيَأْكُلُهُنَّ وِتْرًا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Fitr kuni bir necha xurmo yemasdan turib chiqmas edilar. Toq yer edilar».
Buxoriy va Termiziy rivoyat qilgan.
- Fitr sadaqasini berish. Fitr sadaqasi ro‘zaga bog‘liq sadaqalardan bo‘lib, har bir jon uchun ikki kilo bug‘doy qiymatida beriladi. Uning milliy pul birligimizda qanchaga to‘g‘ri kelishi har yili masjidlarda e’lon qilinadi. Fitr sadaqasini berish zakotga qodir kishilarga vojib, boshqalarga ixtiyoriy hisoblanadi. U faqir, miskinlarga beriladi. Uni Ramazon ichida berish ham joiz, ammo afzali hayit namozga chiqishdan oldin berishdir.
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ t قَالَ: فَرَضَ رَسُولُ اللهِ r زَكَاةَ الْفِطْرِ طُهْرَةً لِلصَّائِمِ مِنَ اللَّغْوِ وَالرَّفَثِ وَطُعْمَةً لِلْمَسَاكِينِ مَنْ أَدَّاهَا قَبْلَ الصَّلاَةِ فَهِيَ زَكَاةٌ مَقْبُولَةٌ وَمَنْ أَدَّاهَا بَعْدَ الصَّلاَةِ فَهِيَ صَدَقَةٌ مِنَ الصَّدَقَاتِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ مَاجَهْ وَالْحَاكِمُ وَصَحَّحَهُ.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr zakotini ro‘zador uchun behuda gap-so‘z va harakatlardan poklanish va miskinlar uchun taomlanish bo‘lsin deb farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, u maqbul zakot – poklovchi sadaqa bo‘lur. Kim uni namozdan keyin ado qilsa, sadaqalardan bir sadaqa bo‘lur».
- Takbir aytish. Takbir aytish deganda, «Allohu akbar», deyish tushuniladi.
Alloh taolo Ramazon ro‘zasini farz qilganini ayta turib, jumladan shunday degan:
«Alloh sizlarga osonlikni istaydi va sizlarga qiyinlikni istmaydi. Sanog‘ni mukammal qilishingiz va sizni hidoyatga boshlagan Allohni ulug‘lashingiz uchun». (Baqara surasi, 185-oyat).
Oyati karimadagi «Allohni ulug‘lashingiz uchun» degan so‘zni aniqroq aytadigan bo‘lsak, «Takbir aytishingiz uchun» bo‘ladi.
Demak, Alloh taolo bu oyatda musulmonlarga ro‘zani farz qilishi, unda yengillikni joriy qilishi, ro‘zani farz qilish bilan ummati Muhammadga osonlikni iroda qilishi – bularning barcha-barchasini «musulmonlar takbir aytishi uchun» qilganini ta’kidlamoqda.
Valiyd ibn Muslim aytadi: «Avza’iy va Molik ibn Anasdan ikki hayitda takbirni oshkor aytish haqida so‘radim. Ular: «Ha, Abdulloh ibn Umar Fitr kuni imom chiqqunicha tabirni oshkora aytib turar edi», dedilar».
Ibn Abu Shayba imom Zuhriydan rivoyat qiladi:
«Odamlar manzillaridan chiqqandan boshlab, to nomozgohgacha, hatto imom chiqgunicha takbir aytishar edi. Imom chiqqach, jim bo‘lishar va u tabir aytganda takbir aytishar edi».
Takbirni to‘liqroq aytmoqchi bo‘lgan kishi Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan naql qilingan quyidagi takbirni aytadi: «Allohu akbar! Allohu akbar! Laa ilaaha illalloh! Vallohu akbar! Allohu akbar! Va lillaahil hamd».
Ma’nosi: «Alloh ulug‘dir! Alloh ulug‘dir! Allohdan o‘zga iloh yo‘q! Va Alloh ulug‘dir! Alloh ulug‘dir! Allohga hamdlar bo‘lsin!».
Takbir Ramazon oyining oxirgi kuni quyosh botgandan boshlab, to hayit namozi vaqtiga qadar aytiladi.
- Hayit namoziga chiqish. Iyd namozi har bir balog‘atga yetgan, sog‘-salomat mo‘min-musulmon er kishiga vojibdir. U, hayit kungi eng asosiy, muhim amal hisoblanadi. Hayit kunining asosiy fazilati ham Iyd namozini o‘qish bilan ro‘yobga chiqadi. Iydi Fitr namozining vojibligiga Qur’on va Sunnatda dalillar mavjud.
Alloh taolo Baqara surasida Ramazon haqidagi oyati karimani quyidagi jumlalar bilan yakunlagan:
«Sanog‘ni mukammal qilishingiz va sizni hidoyatga boshlagan Allohni ulug‘lashingiz uchun. Shoyadki, shukr qilsalaringiz». (185-oyat).
Ushbu oyatdagi «Allohni ulug‘lashingiz uchun» iborasida hayit namozini o‘qish nazarda tutilgan, deydi ulamolarimiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayit namozini tark qilmaganlar va hatto uzrli ayollarni ham, namoz o‘qimasalar-da, namozgohga hozir bo‘lishga, ammo namozga qatnashmay bir chetda turishga amr qilganlar. U zotdan keyin roshid xalifalar, sahobai kiromlar va salafi solihlarning barchasi Iyd namoziga alohida ahamiyat berganlar. Islom ummati bugunga qadar Hayit namozlarini qoldirmay ado etib kelmoqda.
Iyd namozining vaqti kun chiqqandan taqriban 15-20 daqiyqa o‘tgandan boshlab, to asr vaqtigachadir. Uning qazosi yo‘q, omma jamoat bilan o‘qish shart. Iyd uch kun davom etadi.
Iyd namozi ikki rak’atdir. Unga azon va iqoma aytilmaydi. Hanafiy mazhabiga ko‘ra, har ikki rak’atida qo‘shimcha uchtadan takbir aytiladi va har takbir aytilganda, takbiri tahrimadagi kabi, qo‘llar quloq barobariga olib kelinadi. Bu takbirlar birinchi rak’atda sanodan keyin, ikkinchi rak’atda zammi suradan so‘ng, ruku’ga ketishdan oldin aytiladi.
Iyd namozining birinchi rak’atiga «A’laa» surasini, ikkinchi rak’atga «G‘oshiya» surasini zammi sura qilish mustahab sanaladi.
عَنْ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍ قَالَ: «كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقْرَأُ فِي الْعِيدَيْنِ وَفِي الْجُمُعَةِ بِسَبِّحِ اسْمَ رَبِّكَ الْأَعْلَى وَهَلْ أَتَاكَ حَدِيثُ الْغَاشِيَةِ». رواه مسلم.
Nu’man ibn Bashiyr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki hayitda va jum’ada «Sabbihisma Robbikal a’laa» va «Hal ataaka hadiisul G‘oshiya»ni o‘qir edilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Iyd namozi o‘qilgandan so‘ng imom minbarga chiqib xutba qiladi. Iyd xutbasiga o‘tirgan kishilar uni jim turib tinglashlari vojib.
Iyd namozi Ramazon fazilatlari shukronasining ramzidir, dinimizning buyukligi va oliyjanobligining nishonasidir, mo‘min-musulmonlarning Allohga bo‘lgan bandaliklari izhoridir. To‘liq bir oyni kunduzlarini ro‘za tutib, kechalarini qo‘ldan kelganicha ibodatlar bilan o‘tkazib, yana o‘sha ibodatlarining qabul etilishini Allohdan so‘rab, jamoat bo‘lib, birgalikda namoz o‘qish, haqiqatan, ana shunday yuksak ma’nolar kasb etadi.
Hayit namoziga to‘plangan jamoatga Alloh taoloning rahmati yog‘iladi, Alloh ularning gunohlarini kechiradi, duolarini qabul qiladi.
Ibn Hibbon va Imom Bayhaqiylar Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, u kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Ramazon oyi fazilatlari haqida gapira turib, jumladan quyidagilarni aytganlarini eshitgan ekanlar:
«Fitr kechasi bo‘lganda bu kecha «Mukofot kechasi» deb nomlanadi. Fitr kuni bo‘lganda Alloh azza vajalla farishtalarni shaharlarga yuboradi, ular yerga tushadilar va ko‘chalarning og‘zida turib olib, inson va jindan boshqa barcha Alloh azza vajalla yaratgan narsalar eshitadigan ovozda nido qilib: «Ey ummati Muhammad, ko‘p savob beradigan va katta gunohlarni mag‘firat qiladigan karamli Robbingiz tomon chiqing», deydilar. Qachonki ular namozgohlariga chiqqanlarida, Alloh azza vajalla: «Ey farishtalarim, ijaraga yollangan kishining ishini bajargandagi mukofoti nimadir?», deydi. Ular: «Ilohimiz, Xojamiz, uning mukofoti haqini to‘liq berilishidir», deydilar. Shunda Alloh: «Men sizlarni guvoh qilamanki, ey farishtalarim, albatta Men ularning Ramazon oyining ro‘zasini tutganlari va kechalarini qoyim qilganlari savobini O‘zimning roziligim va mag‘firatim qildim», deydi».
Boshqa bir rivoyatda kelishicha, mo‘min-musulmonlar Ramazon oyi ro‘zasini ado etib, namozgohga chiqqanlarida, Alloh taolo: «Ey farishtalarim, har bir ishchi o‘z haqini talab qiladi, men ularni mag‘firat qildim», deydi. Shunda bir nido qiluvchi: «Ey ummati Muhammad, manzillaringizga qaytinglar, batahqiq, gunohlaringiz hasanotlarga alishtirildi», deb nido qiladi. Shunda Alloh taolo: «Ey bandalarim, Mening uchun ro‘za tuttinglar, Mening uchun og‘iz ochdinglar, bas, mag‘firat qilingan holda o‘rinlaringizdan turinglar», deydi.
Mazkur ajr va mukofotlarning hech qanday mubolag‘ali joyi yo‘q, bular Allohga oson, U Zotning fazlu marhamati cheksiz. Faqat, ushbu faziylatlarga ega bo‘lish uchun, siz bilan biz ushbu savoblarni umid qilgan holda, chin ixlos bilan Iyd namoziga qatnashishimiz lozim.
Iyd namozini o‘qishda, umuman, Iyd kunini bayram qilishda oddiy urf-odat yoki qandaydir ko‘nikma ma’nosida emas, balki, Allohdan savob umidida, va’da qilingan yaxshiliklarni qasd qilgan holda, iymonu ixlos bilan bo‘lishimiz, ana shu ruhda ish tutishimiz darkor. Ana shunda ko‘zlagan maqsadga yeta olamiz.
- Iyd namoziga ertaroq, piyoda, viqor bilan, takbir aytgan holda borish. Namozga qancha erta borib, qancha ko‘p intizor bo‘linsa, savobi shuncha ko‘p bo‘ladi. Agar yo‘l uzoq bo‘lmasa, imkoni bor kishi piyoda borgani yaxshi.
Imom Termiziy qilgan rivoyatda hazrati Ali roziyallohu anhu:
«Iydga piyoda chiqish sunnatdir», deganlar.
- Hayit namozga bir yo‘l bilan borib, boshqasidan qaytish. Bu ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan hisoblanadi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ t قَالَ: كَانَ النَّبِيُّ r إِذَا خَرَجَ يَوْمَ الْعِيدِ فِي طَرِيقٍ رَجَعَ فِي غَيْرِهِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ وَالْبُخَارِيُّ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam iyd kuni bir yo‘l ila chiqsalar, boshqasi ila qaytar edilar».
Termiziy, Abu Dovud va Buxoriylar rivoyat qilgan.
Ulamolarimiz ushbu sunnatning bir qancha hikmatlari borligini ta’kidlaganlar. Jumladan, qilingan yaxshi amalga Qiyomat kuni guvohlik beradigan narsalarni ko‘paytirish, zero, yer o‘z ustida qilingan yaxshiyu yomon amallarga guvohlik beradi. Shuningdek, bunda iydni olqishlash, Islomning makonatini, barakasini ko‘rsatish ham bor. Qolaversa, musulmonlarning ko‘proq qismini hayit bilan tabriklash, ulardan hol so‘rash uchun ham bordi-keldi yo‘lni boshqa qilishning ahamiyati katta.
- Xonadon ahliga kengchilik, serobchilikka sharoit yaratish. Hayit kunlari oila ichida ham bayram kayfiyatini tiklash kerak. Uyga qilinadigan xarajatlarni odatdagidan yaxshiroq qilish darkor. Iloji bo‘lsa, ularga sovg‘a va maxsus hadyalar ulashilsa, yanada yaxshi bo‘ladi. Bunda hadyalarni qo‘ni-qo‘shni va boshqa musulmonlarga ham berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : " تَهَادَوْا تَحَابُّوا " رواه البيهقي وغيره.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«O‘zaro hadya berishinglar, bir-biringizga muhabbatingiz bo‘ladi», – deganlar».
Bayhaqiy va boshqlar rivoyat qilgan.
- Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilarni ziyorat qilish, beva-bechoralarning holidan xabar olish, ularga xursandchilik ulashish. Hayit munosabati bilan ustoz va olim kishilarni ziyorat qilish ham juda katta savobli ishlardan hisoblanadi. Shuningdek, bemor ko‘rish, yo‘qsil, qambag‘allar holidan xabar olish, ularning ham hayitni nishonlashlariga ko‘maklashish ayni savob ish bo‘ladi.
Hayit kunlari sila rahm qilish, qarindosh-urug‘, quda-andalarni ziyorat qilish har qachongidan ham ko‘ra ta’kidlangan bo‘lib, savobi ko‘proq bo‘ladi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ t عَنِ النَّبِىِّ r قَالَ: مَنْ سَرَّهُ أَنْ يُبْسَطَ لَهُ فِي رِزْقِهِ وَأَنْ يُنْسَأَ لَهُ فِي أَثَرِهِ فَلْيَصِلْ رَحِمَهُ. رَوَاهُ الثَّلاَثَةُ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kimni rizqini kengaytirilishi va ajalini ortga surilishi masrur qilsa, qarindoshlariga silai raqm qilsin», – dedilar».
Uchovlari rivoyat qilishgan.
Shuningdek, uzoqlashib ketgan qarindoshlar bilan, ayrim arazlashgan do‘st-yaqinlar bilan hayit bahonasida aloqalarni tiklash, yarashib olish lozim. Zero, silai rahmni uzgan yoki musulmon birodariga gina qilgan kishilarga faziylatli kunlarning yaxshiligi yetmasligi haqida rivoyatlar bor. Shu bois, bunga jiddiy qarash kerak. Bunday holatlarda hayitliklar berish ham oradagi kuduratni ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi.
Ibn Abuddunyo «Makaarimul axlaaq» nomli kitobida quyidagi hadisni keltiradi:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ , قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : «تَهَادَوْا ، فَإِنَّ الْهَدَيَّةَ قَلَّتْ أَوْ كَثُرَتْ تَذْهَبُ بِالسَّخِيمَةِ وَتُورِثُ الْمَوَدَّةَ».
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Hadyalar berishing, chunki hadya, oz bo‘lsin yo ko‘p bo‘lsin, kek-adovatni ketkazadi va mehr o‘yg‘otadi», – dedilar.
- Bolajonlarga hayitlik berish, ularga ushbu bayramning shukuhini ko‘rsata bilish. Bolalarga munosib hadya va sovg‘alar ulashilsa, ayni maqsadga muvofiq bo‘ladi. Farzandlarimiz yil davomida hayitni eslab yursin, uni orziqib kutsin, uning buyukligini his qila bilsin, ana shunda yaxshi bo‘ladi. Bu kabi ishlar farzandlarimiz ongida milliy-diniy qadryatlarimizga nisbatan ehtirom tuyg‘usining shakllanishiga, ularning Vatan va millatga haqiqiy sadoqatli insonlar bo‘lib tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir qavmning o‘z bayrami bor, bu (Iyd kuni) bizning bayramimizdir», deganlar. Demak, biz bu kunlarni ana shunday ko‘taringi ruhda o‘tkazishmiz lozim.
- Tanish-bilish, yoru do‘st va har bir ko‘ringan musulmon kishini hayit bilan tabriklab, ularga xursandchilik va shodlik izhor qilish. Hayit munosabati bilan tabriklash jamiyatda aka-ukachilik, birodarlik rishtalarini mustahkamlaydi, musulmonlarning bir-birlariga bo‘lgan muhabbatlarini ziyoda qiladi, o‘zaro aloqalarini mustahkamlaydi. Xususan, berilgan va maktub orqali kelgan tabriklarga javob qaytarishni unutmaslik lozim. Sahobai kiromlar hayit kuni bir-birlari bilan uchrashganlarida «Alloh bizdan ham, sizdan ham yaxshi amallarimizni qabul aylasin», deb qo‘yishar ekan. Bundan tashqari, «Hayitingiz muborak», «Hayitingiz qutlug‘ bo‘lsin» kabi iboralar ham tabriklashning bir ko‘rinishidir.
Tabrik va tilaklarni izhor qilishda zamonaviy imkoniyatlardan foydalanilish ham mumkin. Masalan, telefon qilish yoki telefonda maktub jo‘natish, elektron pochta orqali yozishmalar qilish kabi.
- Hayit kuni odob doirasida, harom va man’ qilingan narsalarni aralashtirmagan holda ayrim ko‘ngilxushi ma’nosidagi o‘yin-kulgilar ham qilish mumkin. Ajdodlarimiz bundan ming yillar muqaddam hayit kunini «bayram» deb ham atashgan ekan. Bu so‘zning asli «bazram» bo‘lib, «o‘yin-kulgi qilinadigan, shodiyona kun» degan ma’noni anglatar ekan. Ular hayit kunlari o‘yin-kulgi qilib, shodlik, xursandchilik izhor qilish joizligiga dalolat qiluvchi shar’iy ma’lumotlardan kelib chiqib, hayit kunlarini «bayram» deb atashgan bo‘lsa, ajab emas. O‘sha ma’lumotlardan ayrimlarini imom Buxoriy o‘z «Sahih»larida keltirganlar:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: دَخَلَ أَبُو بَكْرٍ وَعِنْدِي جَارِيَتَانِ مِنْ جَوَارِي اْلأَنْصَارِ تُغَنِّيَانِ بِمَا تَقَاوَلَتِ اْلأَنْصَارُ يَوْمَ بُعَاثَ قَالَتْ: وَلَيْسَتَا بِمُغَنِّيَتَيْنِ فَقَالَ أَبُو بَكْرٍ: أَمَزَامِيرُ الشَّيْطَانِ فِي بَيْتِ رَسُولِ اللهِ r وَذَلِكَ فِي يَوْمِ عِيدٍ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ r: يَا أَبَا بَكْرٍ إِنَّ لِكُلِّ قَوْمٍ عِيدًا وَهَذَا عِيدُنَا. وَفِي رِوَايَةٍ: إِنَّ أَبَا بَكْرٍ دَخَلَ عَلَيْهَا وَعِنْدَهَا جَارِيَتَانِ فِي أَيَّامِ مِنًى تُغَنِّيَانِ وَتَضْرِبَانِ وَرَسُولُ اللهِ r مُسَجًّى بِثَوْبِهِ فَانْتَهَرَهُمَا أَبُو بَكْرٍ فَكَشَفَ رَسُولُ اللهِ عَنْهُ وَقَالَ: دَعْهُمَا يَا أَبَا بَكْرٍ فَإِنَّهَا أَيَّامُ عِيدٍ.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Abu Bakr kirganida oldimda ansoriylarning qizlaridan ikki qizcha Buos kuni ansorlar aytishgan narsani qo‘shiq qilib aytayotgan edilar. Ikkovlari qo‘shiqchi emasdilar. Shunda Abu Bakr:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning uylarida shaytonning nag‘masi bo‘layaptimi?!», – dedi. Bu, iyd kuni bo‘lgandi. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ey Abu Bakr, har bir qavmning bayrami bor. Bu bizning bayramimizdir», – dedilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Abu Bakr u(Oisha)ning oldiga Mino kunlarida kirganida uning huzurida ikki qizcha qo‘shiq aytar va duff (doira) chalar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa ki¬yimlariga burkanib yotar edilar. Abu Bakr ikkovi(qiz)ni jirkib to‘xtatdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlarini ochib:
«Tek qo‘y ularni, ey Abu Bakr, bu kunlar iyd kunlaridir», – dedilar», deyilgan.
Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilgan.
Buos Madina yaqinidagi bir joyning nomi bo‘lib, u yerda Avs va Xazraj qabilalari orasida qattiq urush bo‘lgan va o‘sha kun «Buos kuni» deb nomlanib qolgan. Arablarning odati bo‘yicha, o‘sha Buos urushida ikki taraf ham faxr ma’nosida, o‘zlarini shijoatlantirish uchun turli mazmunda baytlar aytishgan. O‘sha baytlar odamlar orasida tarqab, xalq qo‘shig‘iga aylanib ketgan. Ushbu rivoyatda aytilayotgan ikki qizcha ham o‘sha baytlarni qo‘shiq qilib aytishgan ekan. Bunga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ijozat bergan ekanlar.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ يَوْمَ عِيدٍ يَلْعَبُ السُّودَانُ بِالدَّرَقِ وَالْحِرَابِ فَإِمَّا سَأَلْتُ رَسُولَ اللهِ r وَإِمَّا قَالَ تَشْتَهِينَ تَنْظُرِينَ فَقُلْتُ: نَعَمْ فَأَقَامَنِي وَرَاءَهُ خَدِّي عَلَى خَدِّهِ وَهُوَ يَقُولُ: دُونَكُمْ يَا بَنِي أَرْفِدَةَ حَتَّى إِذَا مَلِلْتُ قَالَ: حَسْبُكِ قُلْتُ: نَعَمْ قَالَ: فَاذْهَبِي. وَفِي رِوَايَةٍ: جَاءَ حَبَشٌ يَزْفِنُونَ فِي يَوْمِ عِيدٍ فِي الْمَسْجِدِ فَدَعَانِي النَّبِيُّ r فَوَضَعْتُ رَأْسِي عَلَى مَنْكِبِهِ فَجَعَلْتُ أَنْظُرُ إِلَى لَعِبِهِمْ حَتَّى كُنْتُ أَنَا الَّذِي انْصَرَفْتُ عَنِ النَّظَرِ إِلَيْهِمْ. رَوَهُمَا الشَّيْخَانِ وَالنَّسَائِيُّ.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Iyd kuni edi. Qoralar qalqon va nayzalarni o‘ynashar edi. Yoki men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘radim, yoki u zot:
«Tomosha qilishni xohlaysanmi?», – dedilar. Men:
«Ha», – dedim.
U kishi meni orqalariga turg‘izdilar. Yanoqim u zotning yanoqlariga tegib turardi. U zot bo‘lsalar:
«Ey Bani Arfidalar, davom etaveringlar», – derdilar».
Nihoyat, men malollanganimda:
«Bo‘ldingmi?», – dedilar.
«Ha», – dedim.
«Ketaver», – dedilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Habashlar kelib, iyd kuni masjidda sakrab raqs tusha boshladilar. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni chaqirdilar. Men boshimni u zotning yelkalariga qo‘yib, ularning o‘yinlariga nazar sola boshladim. Nihoyat, o‘zim ularga nazar solishdan qaytdim», de¬yilgan.
Ikki shayx va Nasaiy rivoyat qilgan.
Demak, hayit kunlari zikr ma’nosidagi, yaxshilik, shijoat, mardlik, xalqsearlik, axloq-odobga targ‘ib qiladigan qo‘shiqlarni tinglash hamda dovyuraklik, polvonlik o‘yinlarini tomosha qilish kabi shariatda ruxsat berilgan o‘yin-kulgilar bilan mashg‘ul bo‘lish ham joiz ekan. Bunday ishlar bolalarni topqirlikka, ziyraklikka o‘rgatadigan, kishilarni ilm-ma’rifatini oshirishga xizmat qiladigan turli tadbir, musobaqalar shaklida o‘tkazilsa, yanada yaxshi bo‘ladi.
Men o‘zim musulmon malakatlaridan birida xizmat safarida bo‘lgan chog‘imda ana shunday tadbirlarda ishtirok etib, ularning shariat asoslarida o‘tkazilishi bilan birga, juda ham ko‘ngilochar, xuzurbaxsh bo‘lganini ko‘rib, qoyil qolgan edim. O‘shanda biz bilan bir nechta yetuk olimlari ham birga qatnashishgan edi.
Shuningdek, hayit kunlari adabiy, ilmiy anjumanlar o‘tkazish, ma’lum maqsadlarga qaratilgan bayram ziyofatlari uyushtirish ham yaxshi natijalar beradi.
Hayit kuniga doir odoblar to‘la-to‘kis bo‘lishi uchun, ushbu kunda qilish durust bo‘lmagan ayrim narsalar haqida ham to‘xtalib o‘tish darkor. Iyd kuni quyidagi ishlardan saqlanish lozim:
- Ro‘za tutish. Hayit kuni bayram bo‘lgani, hamma musulmonlar turli uslub va amallar bilan bu kunni nishonlashi e’tiboridan, bu kunda ro‘za tutishdan qytarilgan.
عن أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ نَهَى عَنْ صِيَامِ يَوْمَيْنِ يَوْمِ الْفِطْرِ وَيَوْمِ النَّحْرِ. رواه مسلم.
Abu Sa’iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki kunning – Fitr kuni va Nahr kuni ro‘zasidan qaytardilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Fitr kuni – Ramazon hayiti kuni, Nahr kuni – Qurbon hayiti kunidir.
- Iyd namozidan oldin yoki keyin nafl o‘qish. Odatda Iyd namozi kun yoyilishi bilan o‘qilgani bois, aslida undan oldin namoz o‘qish o‘zi shundoq ham makruhligi hammaga ma’lum. Ammo Iyd namozi agar keyinroq o‘qilgan taqdirda ham undan oldin namoz o‘qib bo‘lmaydi. Shuningdek, Iyd namozidan so‘ng ham namoz o‘qilmaydi.
عن ابن عباس أن النبي صلى الله عليه وسلم خرج يوم العيد فصلى ركعتين لم يصل قبلهما ولا بعدهما . رواه أبو داود.
Ibn abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Iyd kuni ikki rak’at namoz o‘qidilar, undan oldin ham, undan keyin ham namoz o‘qimadilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
- Gunoh sodir qilish. Hayit kuni qilingan yaxshi amallarning savobi ko‘p bo‘lgani kabi, bu kunda qilingan gunohlarning iqobi ham qattiq bo‘ladi. Shu bois, hayit ekan deb, bo‘lar-bo‘lmas ishlarni qilib, shunday ulug‘ kunda gunohga o‘tib ketmaslik kerak. Fisq-fujurga, axloqsizlikka undaydigan, shahvoniy hirsni qo‘zg‘aydiagan qo‘shiq va o‘yin-kulgilardan ehtiyot bo‘lish lozim. Zero, Islomda «bayram kuni nima qilsa bo‘laveradi» degan fasafa yo‘q. Balki har qanday sharoitda ham ezgulik, yaxshilik, Alloh taologa itoat ruhida bo‘lish ta’kidlangan.
Hazrati Ali roziyallohu anhu: «Alloh taologa osiylik qilmagan har bir kunimiz biz uchun hayitdir», degan ekanlar.
- Hayit kunlari ayollarning qabristonlarga borishi yaxshi emas. Dinimizda aynan hayit kuni qabristonga borish haqida ko‘rsatmalar yo‘q. Xususan, ayrim joylarda erkaklar Iyd namozidan qaytadigan vaqtda ayollarning qabristonga qatnashi natijasida jud ham ko‘p noqulayliklar kelib chiqayotganiga guvoh bo‘lganmiz.
Qabr ziyoratiga Islom nuqtai nazaridan qaraladigan bo‘lsa, avvalo qabrni ibrat uchun, oxiratni eslash maqsadida ziyorat qilinishi lozimligi ta’kidlanadi. Shu bois, dinimizda qabrlarni ziyorat qilish ma’lum kun yo soatga belgilangan emas. Balki tez-tez, xususan, qalb g‘aflati ortganini sezgan chog‘da qabristonlarni ziyorat qilish tavsiya etiladi.
- Hayit kunlarini azaga aylantirib olish. Ikki iyd kunlari mo‘min-musulmonlarning eng ulug‘ bayramlari hisoblanadi. Diniy manba’larimizda bu kunlarni xursandchilik, shodlik ruhida, bayram kayfiyatida o‘tkazilishi kerakligi ta’kidlangan. Ammo hayit kunlari fotihaxonlik qilish haqida ko‘rsatmalar yo‘q. Bugungi kunda bu odat musiybat ahillariga ham ko‘plab qiynchiliklar tug‘dirayotgani hech kimga sir emas. Ba’zan bu narsa azadorlarning yarasini yangilash, mashaqqatlari ustiga yana mashaqqat tug‘dirish bo‘layotganining ham guvohi bo‘lmoqdamiz. Shuning uchun ham ulamolarimiz uch kundan keyin ta’ziya bildirish uzoqdagi kishilar uchun, boshqalarning mazkur muddatdan keyin ta’ziya bildirishi musiybatni yangilash bo‘ladi, bu esa musiybat ahliga og‘ir keladi, ko‘zlangan maqsadga zid ish bo‘ladi, deb aytganlar.
To‘g‘ri, musiybatga uchragan ayrim ko‘ngil yaqin kishilarni hayit munosabati bilan yo‘qlash mumkin. Ammo bu ham aza tutish kayfiyatida qilinmaydi. Ehtimol, ana shunday ko‘ngilovlash shaklida yo‘lga qo‘yilgan ish keyinchalik fotihaxonlikka aylanib ketgandir. Shu bois, hayit kunlarini azaga aylantirib olish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Ushbu ko‘rsatmalardan ham ma’lum bo‘ladiki, musulmonlarning bayram nishonlashi o‘ziga xos tarzda bo‘ladi. Avvalo ular ushbu kunlarga yetkazganining shukronasi ma’nosida Alloh taologa bandalik izhor qilishadi – jamoat bo‘lib, hamalari bir bo‘lib namoz o‘qishadi, Alloh taologa iltijolar qilishadi, bergan ne’matlari uchun U Zotga hadu shukrlar aytishadi. Keyin bir-birlarini hayit bilan qutlab, ziyoratlar qilishadi. Beva-bechoralar, bemorlar holidan xabar olishadi, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar bilan o‘zaro bordi-keldilar qilishadi. O‘yin-kulgilarini ham axloq-odob doirasida, Alloh taologa osiy bo‘lmagan holda olib borishadi. Ana shundoq qilib, hayit kunlarini faqat yaxshilik bilan, ezgu amallar bilan o‘tkazishadi. Shuning uchun, ularning bayramlarida turli tartibsizliklar, har xil noxushliklar yuz bermaydi, balki holatlari yanada go‘zallashadi. Zotan, mo‘min bandaning hayiti – Allohga bog‘liqligi go‘zal bo‘lgan kunidir.
Dinmizda hayit kunlarini nishonlashga doir kerakli ta’limotlar batafsil bayon qilingan. Biz ularning asosiylari bilan bir qator tanishib chiqqan ham bo‘ldik. Mo‘min-musulmonlar ushbu ko‘rsatmalarga rioya qilishlari lozim. Ularning hayit kunlarini qarshilashda boshqa xalqlarning bayram nishonlashdagi urf-odatlariga taqlid qilishga hojatlari yo‘q, bunday qilishlari durust ham emas. Aks holda, axloq-odobga, shari’at ko‘rsatmalariga, Islom aqiydalariga zid bo‘lgan holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Iyd kunlari Alloh taolo ulug‘ qilgan kunlardir, Islomning nishonalari, shiorlaridandir. Binobarin, ularni nishonlashda mana shu ruh doimo balqib turishi lozim.
Ramazon hayiti bayramini mazkur odoblarga rioya qilgan holda o‘tkazsak, ushbu ulug‘ kunni munosib nishonlagan bo‘lamiz, ko‘plab yaxshiliklarga, ajru savoblarga ega bo‘lamiz, xalqimiz orasida ezgulik, mehr-oqibat bardavom bo‘lishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz, eng muhimi, ushbu kunlarni bizga bayram qilib bergan Robbimizning roziligiga musharraf bo‘lamiz. Siz bilan biz musulmonlarning baxtimiz shundaki, ushbu ikki hayit kunlarini bayram qilib nishonlash bilan Alloh taologa itoat qilgan bo‘lamiz, U Zotga ibodat qilgan bo‘lamiz, dunyou oxirat yaxshiligiga masharraf bo‘lamiz. Mana shu haqiyqatni ututmasligimiz lozim.
Hammaliringizga kirib kelayotgan Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!