
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
«KASSA» O‘YNASH JOIZMI?
Har zamonda o‘rtaga tashlab turiladigan, ko‘pchilik tez-tez so‘rab turadigan savollardan biri ma’lum maqsadlarda «kassa o‘ynash» ‒ pul yig‘ishdir. Ustozlarimiz bu masalada ilgari ham javob berishgan. Hozir ham ahli ilmlarimiz, imom-domlalarimiz yozma, ovozli va videolavhalar orqali bu mavzudagi javoblar berib kelishyapti.
«KASSA» O‘YNASH JOIZMI?
Robbimiz Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Nabiyyimiz Muhammad Mustafoga durudu salomlarimiz bo‘lsin!
Har zamonda o‘rtaga tashlab turiladigan, ko‘pchilik tez-tez so‘rab turadigan savollardan biri ma’lum maqsadlarda «kassa o‘ynash» ‒ pul yig‘ishdir. Ustozlarimiz bu masalada ilgari ham javob berishgan. Hozir ham ahli ilmlarimiz, imom-domlalarimiz yozma, ovozli va videolavhalar orqali bu mavzudagi javoblar berib kelishyapti. Ammo bu masalaning tafsilotlari ko‘p bo‘lgani, savollar har xil maqsadda, har xil shaklda berilgani uchun javoblarda ba’zan biroz farqlar uchrab qolsa, tushunmovchiliklar paydo bo‘lyapti. Shuning uchun, bu masalaga oid savol-javoblarni umumlashtirib, unga oid boshqa ma’lumotlarni, jumaladan, turli o‘lkalardagi fatvo hay’atlarining qarashlarini ham to‘plab, shu haqda kichikroq bir maqola qilishni ma’qul topdik. Umid qilamizki, bu ham ko‘pchilikka foydali bo‘lsa kerak.
Avvalo dinimizdagi moliyaviy munosabatlarning ayrim asoslarini eslab o‘tsak. Islom shariatida ibodatlardan farqli ravishda, moliyaviy muomalar uchun ko‘p qoida ko‘rsatilmagan, chunki ortiqcha cheklovlar iqtisodning rivojiga to‘chiq bo‘ladi. Shu bois, shariat negiz qoidalarni, poydevor tushunchalarni bayon qilib, barcha munosabatlarni o‘shalar asosida olib borishni talab qilgan. Ana shunday asoslardan biri quyidagicha:
Kishiga birov tomonidan keladigan moliyaviy kirim faqat ikki yo‘l bilangina halol bo‘ladi:
- Evaz hisobiga berilsa. Ya’ni pul, narsa, xizmat yoki nimadir taqdim etib, evaziga birovdan moddiy kirim qilish. Bunda o‘zaro rozilik bo‘lishi va nizoning xatari bo‘lmasligi kerak. Shariatda evaz bo‘lishga yaroqsiz sanalgan badallar bilan qo‘lga kiritilgan mulk halol bo‘lmaydi.
- Chin ko‘ngildan berilgan bo‘lsa. Hadya, sovg‘a, sadaqa, xayr‑ehson kabi ko‘ngillik ravishda tortiq qilingan narsa ham halol hisoblanadi. Majburlikdan, chorasizlikdan berilgan evazssiz mol halol emas. Shu bois, pora, ribo va qaroqchilik orqali topilgan pul halol bo‘lmaydi. Shariatda majburiy hisoblangan sadaqalardagi majburiyat shariat jihatidan bo‘lgani uchun bu yerda nazarda tutilgan majburlashga kirmaydi.
Islom shariatida moliyaviy munosabatlardagi asos tushunchalardan ikkitasi quydilardir:
- Birovning haqqi harom. Oldi-berdida yoki boshqa turdagi moliyaviy munosabatlarda birovning haqqi boshqa odamga o‘tib qolishi mumkin emas.
- Oldi-berdida musulmon bilan musulmonning orasi buzilib, nizo va norozilik kelib chiqishi mumkin emas. Moliyaviy munosabatlar to‘liq shaffof, ochiq bo‘lishi, har bir tomon o‘zining foyda-zararini aniq bilishi kerak, toki hech keyin oz yoki kamroq olibman deb, da’vo qilmasin.
E’tibor berilsa, ushbu ikki qoida va tushuncha halollikning asosi hisoblanadi. Islom ummati o‘n to‘rt asr davomida ushbu asoslarga rioya qilib kelgan va shuning uchun ularning topgani ham, luqmasi ham, sarflagani ham halol bo‘lib, barakat topganlar, jamiyat ahil-inoq, o‘zaro rozilik bilan yashaganlar. Odamlarda birovning haqqi degan tushuncha bo‘lsa, birovni norozi qilib qo‘yishdan qo‘rqishsa, jamiyatda o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, qalloblik, yolg‘on, xiyonat kabi illatlar deyarli bo‘lmagan. Shu bois, musulmon savdogarlarning halolligi, omonatdorligi tillarda doston bo‘lgan, saxovat, qanoat kabi fazilatlar umuminsoniy qadriyatlarga aylangan va ularning bu xislatlari g‘ayrimuslim xalqlarning Islomga kirishiga sabab bo‘lgan.
Shundan kelib chiqib, xalqimizning ana shunday diniy, milliy qadriyatlarini, o‘zaro yordam, hamjihatlik kabi xislatlarini tiklash niyatida, o‘zaro oldi-berdilariga oid ba’zi shar’iy qoidalarni bayon qilib berishga jazm qildik.
Xalq tilida «kassa» o‘ynash» deb atalib ketgan bu amal qadimgi fiqhiy kitoblarda «jumalik» deb atalgan ekan, chunki yurtimiz musulmonlari avvallari ham ko‘pincha juma kunlari to‘planib, pul to‘plab, undan navbat bilan foydalanishgan ekanlar.
Qalyubiy «Hoshiya»da aytadi:
«Jum’a» ‒ ayollar o‘rtasida mashhur ish bo‘lib, bir jamoa ayollardan biri har juma yoki har oyda muayyan miqdorda pul oladi-da, keyin ularga birma-bir oxirigacha berib chiqadi. Valiy Iroqiy aytganidek, bu joizdir» (2-mujallad, 258-s).
Bu borada dunyodagi boshqa fatvo hay’atlari tarafidan ham fatvolar berilgan. Ularda ham ma’lum shartlar asosida bu ishning joizligi ta’kidlangan. Bu fatvolardan ma’lum bo‘ladki, bu kabi pul yig‘ish boshqa musulmon mamlakatlarda ham bor ekan.
Umuman olganda, «kassa» o‘ynash bizda bir nechta ko‘rinishda bo‘ladi:
- Oylik yoki haftalik yig‘ilishlarda ziyofat xarajatlarini ko‘tarish uchun pul yig‘ish. Bunda ko‘pincha navbati kelgan kishi mehmondorchilikka qiynalmasin deb, dasturxon xarajatlarini qoplash uchun biroz ortig‘i bilan pul yig‘iladi. Bunda har gal uchun ma’lum miqdor belgilanadi. Masalan, kishi boshiga 2 kg go‘shtning puli yoki 10-20 dollardan deb, qiymat belgilanadi va hokazo. Bunday «kassa» o‘ynash joiz emas. Buning bir qancha sabablari bor.
Bunday «kassa»da asosiy e’tibor dasturxon xarajatini ko‘tarishga qaratilgan bo‘ladi. Ziyofatni har safar bir xil tashkil etishning esa mutlaqo iloji yo‘q. Chunki kimdir ziyofatga osh, kimdir dimlama qilsa, kimdir chanqoqbosdiga sharbat, kimdir ayron tortadi. Shuningdek, meva-chevalar ham mavsumga qarab har xil va tabiiyki, turli narxda bo‘ladi. Natijada ziyofat kimgadir arzon, kimgadir qimmat tushadi. Bu bir tarafdan qarz sifatida berilgan pulni ziyoda qilib olish (yoki buning aksi – ko‘proq berib, kamroq olish) bo‘lsa, ikkinchi tarafdan har xillik sababli kimningdir ko‘nglida norozilik paydo bo‘lishi mumkin. Bunday holatda «Mayli, qarindosh, qadrdon odamlarmiz, oshiq-kamiga rozimiz», degan gap o‘tmaydi, chunki bu yerda qiymatning ziyodaligi va ko‘ngil ishi bor. Ikkisi ham nazoratdan tashqaridagi hodisa hisoblanadi.
Shu bois, bunday pul yig‘ish durust emas. Uning o‘rniga mezbonlar bor holicha, imkoniga qarab ziyofat berish kerak yoki har safar qilingan xarajatni xalfana qilib, o‘rtada teng taqsimlash kerak. Xalfanada har galgi xarajat ziyofatning ko‘lamiga qarab belgilangani uchun hamma teng pul sarflaydi. Ammo ishtirokchilar bunda ham oshiq-kamiga rozi bo‘lishi shart, chunki odatda hamma bir xil yeb-ichmaydi. Xalfanada qarz berish holati bo‘lmagani uchun o‘zaro rozilik sharti bajarilsa, bu amal joiz bo‘ladi.
- Turli marosimlar uchun yig‘iladigan «kassa». Ba’zi musulmon xalqlarda aza munosabati bilan shunday pul yig‘ish odatlari bor. Bizda esa bunday pul yig‘ish odatda to‘y qilish uchun uyushtiriladi va odamlar uni «to‘y kassa» deb ham atashadi. Bunda, masalan, qarindoshlar yoki ulfatlar jamoasi ichlarida kim to‘y qilsa, o‘shanga beriladigan to‘yona sifatida ma’lum miqdorda pul yig‘ish yoki biror jihoz olib berishga kelishishadi. Ayrim kishilar bunda belgilanadigan pul miqdorini go‘sht, dollar kabi iste’mol mollariga bog‘liq qilib qo‘yishadi. Har safar kim to‘y qilsa, belgilangan pulni unga to‘yona qilib berishadi.
Bunday «kassa» o‘zaro ko‘maklashish mazmuniga ega bo‘lib, ishtirokchilar ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan bo‘lsa, joiz. Alloh taolo Moida surasida: «Ezgulik va taqvoda o‘zaro ko‘maklashinglar!» degan (3-oyat). Bu kabi yordamlashish hashar o‘rnida bo‘lib, shariatda nafaqat joiz, balki targ‘ib qilingan ishlardandir. Birgina shart ‒ bunday pul yig‘ishda ishtirok etish ixtiyoriy bo‘lishi kerak. «Sahihi Buxoriy»da vorid bo‘lgan quyidagi hadisi sharif aynan shu kabi moliyaviy ko‘maklashuv haqida kelgan.
عَنْ أَبِي مُوسَى قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ r: «إِنَّ الْأَشْعَرِيِّينَ إِذَا أَرْمَلُوا فِي الْغَزْوِ، أَوْ قَلَّ طَعَامُ عِيَالِهِمْ بِالْمَدِينَةِ جَمَعُوا مَا كَانَ عِنْدَهُمْ فِي ثَوْبٍ وَاحِدٍ، ثُمَّ اقْتَسَمُوهُ بَيْنَهُمْ فِي إِنَاءٍ وَاحِدٍ بِالسَّوِيَّةِ، فَهُمْ مِنِّي وَأَنَا مِنْهُمْ».
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Ash’ariylar g‘azotda oziq-ovqat tanqisligiga uchrashsa yoki Madinada oilalarining yeguligi ozayib qolsa, o‘zlaridagi bor narsalarini bir matoga to‘plab, keyin uni o‘rtada bir idishda bab-barobar taqsimlashadi. Ular mendan, men ulardanman».
Demak, mana shu shaklda, ixtiyoriy ravishda pul yig‘ilsa, iloji bo‘lsa, doimiylik ma’nosida muayyan miqdorni belgilamasdan, har gal bor sharoitga qarab, ma’lum bir guruh kishilar o‘zlaridan biror kishiga pul yig‘ib, yordam berib borishsa, joiz bo‘ladi. Bu ixtiyoriy sug‘urtaga o‘xshash amal hisoblanadi. Bunda ushbu jamoaga a’zo bo‘lmagan odamga yordam berishni taqiqlab qo‘yish ham joiz. Lekin bir safar pul bergan odamdan endi har safar qatnashishni talab qilish joiz emas, chunki bu holda ishtirok majburiy bo‘lib qoladi. Har safargi pul yig‘ishda xohlagan odam pul berib, xohlamagan odam bermasa, uni malomat qilmaslik kerak.
Moliyaviy yordam mazmunidagi bunday «kassa» majburiy bo‘lsa, qarzga aylanib qoladi, bu esa joiz emas. Chunki bunda tenglikka rioya qilishning iloji yo‘q. Birinchidan, hamma bir xilda to‘y qilmaydi. Birov to‘rtta, birov beshta, birov ikki marta to‘y qilishi mumkin, chunki har oilada farzandlar soni har xil. Qolaversa, hamma ham to‘yda mehmonlarni bir xilda kutib, taomlantirib, mehmon qila olmaydi. Natijada odamlarning ko‘ngli kimningdir to‘yidan rozi, boshqasidan norozi bo‘lib qolishi mumkin.
Aslida to‘yona chin ko‘ngildan qilinadigan moliyaviy yordam bo‘lishi kerak, uni har kim chin ko‘ngildan, og‘rinmasdan, beg‘araz berishi kerak. Uni qarz sifatida berish riboga yoki kimningdir noroziligiga olib keladi. Bu esa shariatda joiz emas. Shu bois, bundan hazir bo‘lish kerak.
- Xolis pul «kassa». Bunda ma’lum jamoa o‘zaro ko‘maklashish va pul jamg‘arish maqsadida hech qanday ziyofatga va marosimga bog‘lamagan holda o‘zaro pul yig‘ib, to‘plangan pulni navbat bilan olishadi. Bizda mavjud bo‘lgan «kassa» qilib pul yig‘ishning faqat mana shu turigina joiz. Chunki bunda oldingi «kassa» turlaridagi kabi ribo va norozilikka olib boradigan holatlar yo‘q.
Ushbu pul yig‘imi joiz bo‘lishi uchun bir qancha shartlarga rivoya qilish kerak:
- Yig‘iladigan mablag‘ keskin qadrsizlanmaydigan pul yoki qiymat birligida bo‘lishi yoki tilla (probasi ham aniqlashtirilishi kerak) yoxud shu kabi qiymatini saqlab tura oladigan ashyolarga qarab hisoblangan miqdorda yig‘ilishi kerak. Chunki qiymatini saqlab tura olmaydigan pul birligi o‘zaro nizo va norozilikka sabab bo‘lishi mumkin. Yuqorida aytilganidek, shariatda nizolarga, norozilikka olib boradigan moliyaviy muomalalar joiz emas. Ammo o‘ta oz miqdordagi, boshqacha qilib aytganda, iqtisodiyotda “me’yoriy cho‘kish” deb qabul qilingan miqdordagi qadrsizlanishning zarari yo‘q. Chunki bu hol o‘zaro nizo va norozilikka olib bormaydi. Qolaversa, bu holatda qiymatning sal ko‘p yoki kam bo‘lishi fulusga ‒ chaqaga teng bo‘lib, qadimda fiqhiy kitoblarda “chaqadagi ziyodalik riboga o‘tmaydi”, deyilgan.
Ushbu qoidadan kelib chiqib, bugungi kunda mintaqamizdagi davlatlarga oid pul birliklarida «kassa» o‘ynamagan ma’qul, chunki bu pullarning qiymatsizlashuvi (inflyasiyasi) me’yordan ortiq ekani hammamizga ma’lum.
- Ma’lum pul birligini olish yoki yig‘iladigan pul miqdorini biror ashyoga qarab belgilash sharti birinchi kelishuvda, birinchi davrada hal qilinishi kerak bo‘lib, bu shartni keyingi navbat tugagunicha o‘zgartirib bo‘lmaydi. Masalan, «kassa»ni dastlab so‘mda boshlab, keyin qandaydir sabab tufayli fikr o‘zgarib, boshqa pul birligiga o‘tkazish yoki nimagadir qarab hisoblab qo‘yish durust emas. Bir davra tugagandan keyingina yangi «kassa»ni istalgan pul birligi yoki miqdorda belgilab olish mumkin.
- Bugungidek iqtisodiy bo‘hronlar paytida «kassa» navbatining bir aylanmasi bir yil, bir yarim yildan ortmasligi tavsiya etiladi. Chunki bundan ortiq muddatda pulning qadrsizlanishi yoki qimmatlashuvi me’yordan ortib ketishi mumkin.
- Ushbu pul yig‘imiga har kim o‘z ixtiyori bilan qo‘shilgan bo‘lishi shart, hech kimni majburlash mumkin emas.
- «Kassa»ni olish navbati o‘zaro kelishuv asosida boshidan tayin qilinishi yoki qur’a asosida belgilanishi kerak. Aks holda nizo va norozilik kelib chiqishi mumkin.
- Bu kelishuvga jamoaning har bir a’zosi imkoni qadar to‘liq amal qilishi kerak, chunki yig‘inga rozi bo‘lish ham va’da hisoblanadi, unga xilof qilish esa munofiqlikning alomatlaridan bo‘lib qoladi. Mo‘min kishi esa imkoniyati boricha va’daga vafo qilishi vojibdir. Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Ey iymon keltirganlar, bitimlarga vafo qilinglar», degan (Moida surasi, 1-oyat).
Ammo favqulodda holatlarda, kishining o‘z ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan vaziyatlarda va’daga vafo qila olmaslik ma’zur tutiladi.
- Davraga pul bergan odam favqulodda zarurat tufayli bergan pullarini qaytarib olishi kerak bo‘lib bo‘lsa, navbat olgan kishilar uning ulushini qaytarib berishlari kerak, chunki bunday kelishuv, yuqorida aytilganidek, qarz oldi-berdisi hisoblanadi. Qarz bergan kishi esa bir odamga ko‘ngilli ravishda yaxshilik qilayotgan bo‘ladi. Shuning uchun u bergan pulini har qachon so‘rashga va qaytarib olishga haqli hisoblanadi. Ammo bu ishni zaruratsiz qilish va’daga xilof qilish bo‘lgani uchun qattiq qoralanadi.
- Tavsiya sifatida shuni ham aytish mumkinki, pul yig‘imi ishtirokchilari ulfat bo‘lsalar, o‘zaro gap-gashtak asosida yig‘ilib turadigan bo‘lsalar, yig‘in xolis bo‘lishi uchun uni ziyofat berayotgan kishiga tayin qilmasliklari, balki pul uchun alohida navbat tashkil qilishlari yoki qur’a tashlashlari kerak. Shunda o‘rtada paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan shubha bartaraf etiladi.
Bunday pul yig‘ish shakllari ham aslida qarz berish orqali qandaydir manfaat olishdir. Masalan, go‘yo bir kishi «men senga qarz beraman, sen ham menga olti oydan keyin qarz berasan», degandek gap. Bunda qarz berish ortidan manfaat olish bor. Shu e’tibordan ayrim ahli ilmlar bu ishni nojoiz hisoblashgan. Ammo chuqurroq tahlil qilinsa, bu yerda manfaat pul ko‘rinishida bo‘lib, aniqlashtirilgan emas. Shu bilan birga, bu yerda va’dalashuv bor, xolos. Biroq, favqulodda holatlar sababli kimdir bu va’daga vafo qila olmay qolishi ham mumkin. Qolaversa, bu yerda manfaat ikki tomonlama bo‘lib, faqat bir tomonga qaratilgan emas va pul ko‘rinishida ham emas. Shu bilan birga, so‘nggi paytlarda yo‘qchilik yoki qanoatsizlik tufayli ba’zi odamlar uy jihozlari va boshqa zaruriy ashyolarni sotib olishda ham ochiqdan-ochiq riboga o‘tib ketyapti. Ana shunday sharoitda bu kabi o‘rtada pul yig‘ib, «kassa» o‘ynash o‘sha gunoh ishning o‘rniga badal bo‘lib xizmat qilishi ham mumkin. Shuning uchun yuqoridagi shartlarga amal qilgan holda ushbu ko‘rinishdagi pul yig‘ish shar’an joiz hisoblanadi.
Shuni aytish lozimki, ustozimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayhning ushbu masala yuzasidan qarashlari ham ushbu maqoladagi fikrlarga hamohang bo‘lgan. U zot ham, boshqa bir qator ahli ilmlar ham «kassa» o‘ynashni nojoiz degan bo‘lishsa, asosan yuqoridagi avvalgi ikki xil «kassa»ni nazarda tutishgan. Uchinchi turdagi «kassa»ga kelganda esa ma’lum bir manfaat borligi uchun uning joizligi xususida dastlab biroz taraddudlanishgan. Ammo izlanishlar va maslahatlar natijasida ularning ham xulosalari ushbu satrlardagi ma’nolarga to‘xtagan.
Bu turdagi pul yig‘imining joizligi haqida zamonaviy fatvolardan quyidagilarni keltirish mumkin:
‒ Saudiyadagi Katta ulamolar uyushmasi 1410.02.16/1989.09.16 ‒ 1410.02.26/1989.09.26 kunlari Toifda o‘tkazilgan 34-yig‘ilishda ushbu mavzuda maxsus fatvo e’lon qilgan bo‘lib, unda ko‘pchilik olimlarning xulosalariga tayangan holda bunday shaklda pul yig‘ish joiz deb aytilgan.
‒ Urdun ulamolari fatvo hay’atining 1431.08.21/2012.08.02 sanada e’lon qilingan fatvosida ushbu pul yig‘ini «Menga qarz ber, men ham senga qarz beraman», degan kelishuv shaklidan emas deb ta’kidlanib, joiz deyilgan.
Zamonaviy manbalarda shu ma’nodagi boshqa fatvo va xulosalarni ham topish mumkin. Biz ayrim ahli ilmlar orqali Devband muftiysi No‘’mon Qosimiy sohibdan ham yuqorida biz keltirgan qaydlarning ayrimlari asosida bunday pul yig‘ish joiz degan ma’nodagi og‘zaki fatvolarni oldik.
Vallohu a’lam.
Alloh taolo barchalarimizga O‘z shariatiga muvofiq hayot kechirish baxtini nasib aylasin!
09.06.2020/1441.10.17
Maqolani Hasanxon Yahyo Abdulmajid tayyorladi va uni quyida ismi keltirilgan ahli ilmlar tasdiqladilar (ismlar alifbo tartibida berildi):
- Abdul Azim Ziyouddin
- Abdumannon Abdulloh
- Abror Muxtor Aliy
- Botir Aliy Tojiboyev
- Ilyosbek Rahimbek o‘g‘li
- Ismoil Muhammad Sodiq
- Nodirbek Nosir
- Mahmud Usmon
- Mubashshir Ahmad
- Muhammad Ayubxon Homid
- Muhammad (Otaxon) Mahmud
- Muhammad Odil Hamid
- Muhiddin Mansur Sayfulloh
- Sayfulloh Nosir
- Hamidulloh Beruniy
Maqolani do‘stlarga ulashing, halollikka xizmat qilib, ajru savobga sherik bo‘ling!