
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
YO RASULALLOH!
Yo Rasulalloh! Siz bir vaqtning o‘zida payg‘ambar, muallim, imom, voiz, maslahatgo‘y, qozi, rahbar, podshoh, qo‘mondon, mehribon er, mushfiq ota edingiz.
(Bundan o‘n yilcha oldin yozilgan edi, ustozimiz Shayx hazratlariga ham juda manzur bo‘lgan edi va "Anavi nobakorlarga eng yaxshi javob bo‘libdi", degandilar).
YO RASULALLOH!
Yo Rasulalloh! Oldingizda hijolatdamiz, aybdormiz.
Yo Rasulalloh! Siz haqiqatan ham Allohning elchisidirsiz. U Zotning habibi va xalilidirsiz.
Yo Rasulalloh! Hech shubhasiz, insoniyatning sayyidi Sizsiz, mahluqotlarning afzali ham o‘zingiz.
Yo Rasulalloh! Siz dunyoga kelganingizda butun insoniyat bo‘ynigacha jaholat botqog‘iga botgan edi. Odamlarning hayoti o‘rmon hayotidan qolishmas, kuchli kuchsizni xohlagancha ezar, boy kambag‘alni istaganicha haqoratlar edi. Insoniyatning teng yarmi bo‘lgan, onasi bo‘lgan ayol zoti inson o‘rnida ko‘rilmas edi. U ayshu-ishrat vositasi sifatida, yoki mol-mulk qatorida, yoxud erkakni yo‘ldan ozdiruvchi shayton suratida tasvirlanar edi. Siz tug‘ilgan yurtda zulmu zulmat bulutlari yanada quyuqlashgan edi. Qizaloqlar tiriklayin yerga ko‘milar edi. Faqat Siz barchasiga barham bera oldingiz.
Yo Rasulalloh! Siz o‘qish-yozishni bilmaydigan savodsiz ummatga payg‘ambar bo‘ldingiz. Haqiqatan ham, o‘sha davrda dunyo aholisining ko‘p qismi savodsiz edi. Sizning qavmingiz bu borada eng peshqadamlardan edi. Shuning uchun ham Sizning payg‘ambarligingiz «O‘qi!» degan xitob bilan boshlandi. Osmondan nozil bo‘layotgan bu nido dunyo darvozasini, Sizning buyuk qalbingiz eshigini uch bora chertdi. Shu ondan boshlab Sizga ilohiy vahiy nozil bo‘la boshladi, olam uzra ziyo tarqadi. Aslida Siz ham savodsiz edingiz. Ammo har qanday insonga nuqson bo‘lgan bu sifat Siz uchun sharaf bo‘ldi, mo‘’jiza bo‘ldi.
Yo Rasulalloh! Savodsizlikdan fikrlari o‘troq bo‘lib qolgan, jaholat zulmatida ko‘zlari ko‘r bo‘layozgan, turli xurofotlar bilan, nomaqbul odatlar bilan suyagi qotgan kishilarni tarbiyalash albatta oson emas edi. Ammo Sizning buyukligingiz shunda ediki, ana shunday xalqdan butun insoniyatga abadul-abad namuna bo‘la oladigan yetuk bir avlodni yetishtirdingiz. Buning uchun Sizga ko‘p vaqt kerak bo‘lmadi. Taqriban yigirma yil. Juda oz muddat. Ko‘z ochib yumguncha deya ta’bir qilganimiz – bir inson umrining uchdan yoki to‘rtdan biri. Sahobalaringizning odamiyligi, axloq-odobi, ilmiyu solih amali, g‘ayratu shijoati – barcha-barcha jihatlari insoniyat uchun zarbulmasal bo‘lib qoldi. Mana o‘n to‘rt asr o‘tdiki, ulardek insonlarni topish bashariyat uchun ushalmas orzu bo‘lib kelmoqda.
Yo Rasulalloh! Siz bir vaqtning o‘zida payg‘ambar, muallim, imom, voiz, maslahatgo‘y, qozi, rahbar, podshoh, qo‘mondon, mehribon er, mushfiq ota edingiz.
Yo Rasulalloh! Payg‘ambarlik yukini ko‘tarish Sizga oson kechmadi. Dastavval nima bo‘layotganini o‘zingiz ham tushunmadingiz. Vahiyni ilk bor qabul qilib olganingizda butun vujudingiz larzaga keldi. Qo‘rqib, uy tomon chopdingiz. Ayolingizga bu holatingizdan xavfsirayotganingizni aytganingizda, u: «Yo‘q, Allohga qasamki, Alloh sizni aslo sharmanda qilmaydi. Chunki siz silai rahm qilasiz, og‘irni yengil qilasiz, yo‘qsillarni qo‘llaysiz, mehmonga mehmonnavozlik ko‘rsatasiz, haq yo‘lda boshga tushgan kulfatlarda yordam berasiz», deya sizni tinchlantirdi. Payg‘ambarligingiz haqida kishilarga aytishga endi kirishgan edingiz hamki, kutilmaganda vahiy to‘xtab qoldi. Nima qilishni bilmay qoldingiz. Odamlar Sizni malomatlab, masxara qilishga tushdi. Ehtimol, soxta payg‘ambar bo‘lganingizda darrov bir ilojini toparmidingiz. Ammo siz haq payg‘ambar edingiz. Allohning buyrug‘ini kutishdan boshqa iloj yo‘q edi.
Vahiyni qabul qilish keyin ham sizga oson bo‘lmadi. Har gal Qur’on oyatlari nozil bo‘lganda vujudingizni titroq bosar, yuzlaringiz dam sarg‘ayib, dam qizarib ketar, sovuq kechalarda ham badaningizdan ter quyular edi. Vahiyning zalvoridan ostingizdagi tuya cho‘kkalab qolar, tanangizga tekkan odamning tanasi yorilib ketayozardi. Vahiy nozil bo‘lgan zahoti uni kishilarga o‘qib eshittirar, o‘rgatar edingiz. Uni yozuv shaklida to‘platib, saqlab borish ham Sizning zimmangizda edi.
Yo Rasulalloh! Payg‘ambarlik dunyoda Sizga faqat mehnat va mashaqqat keltirdi. Allohning risolatini yetkazish Sizni eng yaqin qarindoshlaringizdan ayirdi, ularni eng yovuz dushmanlarga aylantirdi. Butun umr Sizni izzat hurmat qilgan qavmingiz bir kunda sizdan yuz o‘girdi, yurtingizdan haydab chiqardi. Ayrimlari Sizni da’vatdan to‘xtatish uchun katta-katta va’dalar berdi, Sizni hatto podshoh qilib saylashga ham rozi bo‘lishdi. Ammo ularning birortasi sizni haq yo‘ldan adashtira olmadi. «Agar o‘ng qo‘limga quyoshni, chap qo‘limga oyni tutqazsangiz ham, men bu ishni to‘xtmayman. Yo Alloh O‘z ishini oxiriga yetkazadi, yoki men shu yo‘lda halok bo‘laman», dedingiz.
Yo Rasulalloh! Siz dunyo tarixidagi eng buyuk muallimsiz. Siz odamlarga tug‘ilgandan to o‘lguncha, ertalab turgandan boshlab, kechki payt to‘shakka yotguncha nimani qilish kerak, nimani qilmaslik kerak – barcha-barchasini bekamu-ko‘st o‘rgatdingiz. Uyqudan uyg‘onganda, hojatga borganda va undan chiqqanda, dasturxonga o‘tirganda va undan turganda, uydan chiqqanda, uyga qaytib kelganda, ko‘chada yurganda, ulovga minganda, safar qilganda, tepalikka chiqqanda, pastlikka tushganda, masjidga va bozorga borganda, qo‘yingki, barcha holatda nima qilish kerak, qanday duo o‘qish kerak, – hamma-hammasini o‘rgatdingiz. Badan qanday poklanadi, kiyim qanday tozalanadi, najosat tushgan suv, ovqat va boshqa narsalar nima qilinadi – barchasini faqat Siz o‘rgatdingiz. Hatto bir yahudiy Salmon Forisiyga: «Sizlarning payg‘ambaringiz hojatga kirganda nima qilishni ham o‘rgatarmishmi?», deganida, ziyrak shogirdingiz mag‘rurlik bilan: «Ha, bundan boshqa narsalarni ham o‘rgatadi», degan edi.
Siz o‘zingiz harf tanimay turib, butun ummatni dunyodagi eng savodli, ilm-ma’rifatli, bilimsevar avlod qilib yetishtirdingiz. Dunyo tarixida dorulfununlar, dorul-hikmatlarga ilk bor Sizning shogirdlaringiz, izdoshlaringiz asos soldilar. Dunyo kutubxonalarini to‘ldirib, bezab turgan asarlarni ham aynan ular yaratdilar. O‘nlab bilim yurtlarini tamomlagan olimu allomalar, mutafakkirlar Siz qilgan xizmatning mingdan birini ham qilisha olmadi.
Yo Rasulalloh! Siz dunyodagi eng birinchi masjidning birinchi imom-xatibi ham edingiz. Sahobalaringizga har kuni besh mahal namoz o‘qib berar, jum’a namozlarida ularga xutba o‘qir, pand-nasihat qilar edingiz. Hayotingizning oxirgi kunlarida ikki kiishiga tiyanib bo‘lsa ham jamoatga chiqdingiz, odamlarga namoz o‘qib berdingiz.
Siz va’z qilganingizda butun jamoat boshqa bir olamga ko‘chib o‘tardi. Ular goh yig‘lashar, goh xushnud bo‘lishar edi. Dajjol haqida so‘zlab berganingizda uni daraxtlar orasidan qidirib qolganlari ham bejiz emasdi.
Yo Rasulalloh! Sizdek insofli, fahmu farosatli masalahatgo‘y bo‘lmagan, bo‘lishi mumkin emas. Sahobalaringiz buni yaxshi bilganlari, qolaversa, sizni cheksiz sevganlari tufayli oddiy ishlarda ham Sizdan maslahat olishga oshiqishardi. Chunki Siz doimo: «Qaysi bir mo‘mindan birodari maslahat so‘rasa-yu, unga samimiy maslahat bermasa, unga xiyonat qilibdi», deya uqtirar edingiz va o‘zingiz bunda eng go‘zal namuna ko‘rsatardingiz.
Yo Rasulalloh! Insoniyat tarixidagi eng faol, odil va dono qozi, shubhasiz, o‘zingizsiz. Odamlar bor joyda kelishmovchilik bo‘lar ekan. Kishilar turli masalalarda tortishib, oldingizga kelaishar edi, Siz ularni adolat ila hal qilib berar edingiz. Hatto dushmanlaringiz ham o‘zaro kelisholmay qolishsa, o‘rtalarida sizni hakam qilishar edi.
Yo Rasulalloh! Zimmangizda o‘zingiz yashab turgan jamiyatning rahbarligi ham bor edi. Raiyatni turli ichki va tashqi dushmanlardan himoya qilish, buning uchun esa davlatchilikni mustahkamlash kerak edi. Gohida bu yo‘lda jonni tikib, jangga chiqishga to‘g‘ri kelardi. Hazrat Umar va Aliydek pahlavonlar ham maydonda g‘ayrat-shijoatni Sizdan o‘rganishar, quvvatni Sizdan olishar edi.
Yo Rasulalloh! Siz dunyodagi eng seribodat obid edingiz. Kunduzlari bir necha mahal namoz o‘qishdan tashqari, kechalari ibodat bilan bedor bo‘lar edingiz. Ko‘p tik turganingizdan tovonlaringiz shishib ketar edi. Ramazonda e’tikof o‘tirar, masjidga kapa tikib, o‘sha yerda Robbingizga yolg‘iz holda ibodat qilar edingiz. Saharlardagi ko‘z yoshi aralash qilgan ibodat va iltijolaringizni ko‘rib, ajablanib: «Alloh sizning gunohlaringizni kechirgan bo‘lsa, jannatdagi maqomingiz aniq bo‘lsa, bunchalar mashaqqat tortishingiz nechun?», deyishsa, Siz: «Shukr qiladigan banda bo‘lmayinmi?!», der edingiz.
Yo Rasulalloh! Siz o‘ta omonatdor va rostgo‘y zot edingiz. Sizni hatto dushmanlaringiz ham «Amin» – omonatdor, ishonchli odam deyishardi. Ular Sizni yomon ko‘rib, Sizga qarshi qo‘lidan kelgan yovlikni qilishga intilib turgan kezlari ham, agar biror nozikroq omonatlari bo‘lsa, sizga topshirishar edi. Hatto hijrat qilib, Makkadan chiqib ketayotgan kechangizda ham uyingizda eng katta dushmanlaringizning omonat boyliklari bor edi. Siz ularni egalariga yetkazishni Aliyga topshirib chiqib ketdingiz.
Yo Rasulalloh! Siz o‘ta hayoli edingiz. Allohdan ham, bandalardan ham hayo qilardingiz. Barcha hollarda yuzingizda hayo barq urib turardi. Siz: «Har dinning xulqi bor. Islomning xulqi hayodir», derdingiz. Siz hayosizlikdan shunchalar hazar qilardingizki, hatto: «Allohim, menga halim oldida hayo qilinmaydigan zamon yetmasin», deya iltijo etardingiz.
Yo Rasulalloh! Siz o‘ta rahm-shafqatli, mehribon, muloyim zot edingiz. Robbingiz O‘zi Sizni shunday ta’riflagan edi. Siz nafaqat insonlarga, balki butun mavjudotlarga rahm-shafqatli edingiz. Shuning uchun ham Siz butun olamlarga rahmat bo‘ldingiz. Siz hamisha: «Rahmlilarga Rahmon rahm qilar. Yerdagilarga rahm qilinglar, osmondagi Zot sizlarga rahm qiladi», deya uqtirardingiz. Joningizga qasd qilib, sizni zaharlagan yahudiy kampirga ham shafqat qildingiz, uni kechirib yubordingiz. Sizga salom berish o‘rniga o‘lim tilaganlarga ham o‘lim tilamasdingiz. Sizning bu karamingizni tushunishga biroz qiynalganlarga: «Yo‘q! Sizlar doimo muloyim bo‘linglar, zero, muloyimlik har bir narsani ziynatlaydi», der edingiz.
Yo Rasulalloh! Dunyo Sizdek saxiyni ko‘rmagan. Saxiyligingiz tufayli dunyo boyliklari qo‘lingizda bo‘la turib, faqir yashadingiz. Tilanib kelgan bir g‘arib ayolga jufti halollaringiz butun uyni titkilab qarab, ikkita xurmodan boshqa narsa topisha olmadi. Esimda, bir yahudiydan ro‘zg‘or uchun bug‘doy sotib olganingizda shu ozgina yegulikka ham naqd pulingiz yetmay, uni nasiyaga sotib oldingiz, garovga qo‘yishga esa temir sovutingizdan boshqa narsa topilmadi. Holbuki, siz o‘shanda Madinaning podshohi edingiz.
Siz dunyodagi eng saxiy odam edingiz. Ammo Ramazonda Jabroil alayhissalom huzuringizga Qur’on takrorlatgani tushgan kezlari saxovatingiz oldida dunyoning hotamtoylari baxil bo‘lib ko‘rinar edi. Qo‘lingizda bir tanga qolmagunicha bor narsani ulashib yuborar edingiz.
Keyin bilsak, o‘shanda hayotingizning oxirgi kunlarini yashayotgan ekansiz. Egningizda yangi to‘qib, tikilgan bir chopon bilan masjidga chiqdingiz. Shunda bir badaviy kiyimingizni yoqtirib qoldi. Siz uni darhol yechib, o‘sha a’robiyga kiygizib yubordingiz. Keyin o‘zingiz uchun shu kiyimdan yana bitta buyurtma berdingiz. Biroq, o‘sha kiyim hali to‘quvchining qo‘lidaligida hayotdan ko‘z yumdingiz. Yangi kiyim Sizga nasib bo‘lmadi.
Yo Rasulalloh! Siz dunyo huzur-halovatlariga intilmas edingiz. Ikki kun ketma-ket to‘yib taom yemagan edingiz. To‘yib bug‘doy non yemadingiz. Gohida ochlikdan qorningizga tosh bog‘lab olardingiz. Boshqalar bittadan bog‘lasa, siz ikkita bog‘lab olar edingiz. Ayollaringiz biroz ayolligiga borib, oz-moz dunyo ne’matlaridan berishingizni so‘rashdi. Shunda Siz ularga yo oxirat ajru savobini, yoki ajrashishni tanlash ixtiyorini berdingiz, bu borada, zarur topsalar, ota-onalari bilan maslahatlashishlari mumkinligini aytdingiz. O‘shanda erka jufti halolingiz Oisha: «Ey Allohning Rasuli! Men ota-onam bilan shuni maslahatlashamanmi?! Axir, men Sizni tanlamay, dunyoni tanlarmidim?!», dedi. Sizning tarbiyangizni olgan bu ayollar hech ikkilanmay Sizni – oxirat mukofotini tanlashdi. Chunki ular Siz uchun jonlarini ham berishga tayyor edilar.
Iylo qilib, qaznoqqa kirib o‘tirganingizda huzuringizga kirgan Umar uyingizda uchta oshlangan teridan boshqa yaroqli narsa yo‘qligini ko‘rib, sizga achingandek bo‘ldi va: «Allohga duo qiling, ummatingizga kenglik bersin. Zero, Fors va Rumga kenglik berilgan va ularga mol-dunyo ato etilgan, vaholanki, ular Allohga ibodat qilmaydilar», dedi. Shunda siz xotirjamlik bilan: «Sen shakdamisan, ey Ibn Xattob? Ular huzur-halovatlari tezlashtirilgan qavmdirlar», dedingiz.
Yo Rasulalloh! Siz haqiqiy oilaparvar edingiz. Bolalaringizning onasi Xadija vafot etganda yosh qizchalarning tarbiyasi uchun keksa ayolga – Savdo onamizga uylandingiz. Biroq, qizlarni tarbiya qilishda va oiladagi boshqa ishlarda o‘zingiz ham chetda turmadingiz. Oxir zamon payg‘amabari bo‘lishingizga qaramay, butun bir ummat tashvishini chekish bilan bir qatorda oila yumushlarini ham o‘rnida bajarar edingiz. Uy ichida ayollaringizning ishlariga ko‘maklashardingiz, qo‘y-echkilarni o‘zingiz sog‘ardingiz, kiyimlaringizga o‘zingiz yamoq solardingiz.
Siz oilangiz haqqini ham to‘la ado etdingiz. Hatto tunda turib ibodat qilmoqchi bo‘lsangiz, ayolingizdan ijozat so‘rardingiz: «Aslida hozir sen bilan bo‘lishim kerak, ammo Robbimga ibodat qilgim kelyapti. Agar ruxsat bersang, ibodat qilsam», derdingiz.
Siz barchani oila qurishga targ‘ib qildingiz, nikohsiz yurishdan qat’iy qaytardingiz. Hatto «Kim oila qurishdan yuz o‘girsa, mendan emas», derdingiz.
Yo Rasulalloh! Siz o‘ta bolajon edingiz. Hatto nubuvvat mo‘hringizni o‘ynayotgan qizchani otasi koyimoqchi bo‘lgan edi, siz bunga yo‘l qo‘ymadingiz. Jigargo‘shangiz Zaynabning bolalari namoz o‘qiyotganingizda bo‘yingizga osilib olishsa ham, siz ulardan malollanmasdingiz. Masjidda xutba qilib turganingizda yoningizga suyukli nabiralaringiz o‘ynab kelib qolishganda minbarda o‘tirgan holingizda ularni quchoqlaringizga olib, erkalatar edingiz. Sizning bu xislatingizdan ajablangan kishilarga: «Rahm qilmaganga rahm qilinmaydi», deb qo‘yardingiz. Sahobalaringiz Sizni xushnud qilmoqchi bo‘lishsa, sizga bolalarni ro‘baro‘ qilishardi. Jangdan toliqib kelganingizda ham Sizni bolakaylar bilan qarshi olishar edi.
Yo Rasulalloh! Siz eng yaxshi do‘st edingiz. Bemorlarni borib ko‘rar, vafot etgan mo‘min-musulmonlarining janoza va dafnlarida qatnashar edingiz. O‘lim to‘shagida yotgan bir yahudiy yigitni ko‘rgani borganingizda u Sizning tashrifingiz barakasidan Islom ne’matiga musharraf bo‘lgan edi. Masjidga qatnaydigan bir kampir ko‘rinmay qolganida u haqda odamlardan so‘radingiz, ular kampirning vafot etganini aytishdi. Shunda uning janoza va dafniga qatnasha olmaganingizdan afsuslanib, kishilarni biroz koyidingiz ham.
Yo Rasulalloh! Haqiqatan ham, xulqingiz buyuk edi. Parvardigor Sizni bejiz bunday ta’riflamagan. Axloqu odobingiz do‘stu dushmanni o‘ziga rom qilib qo‘ygandi. Siz barchaga tabassum bilan yuzlanardingiz va: «Birodaringga ochiq yuz bilan qarashing ham sadaqa», derdingiz. Juda shirinso‘z, xushmuomala edingiz. Doimo ohista so‘zlardingiz. Qo‘pol, behuda gap-so‘zlar Sizga tamoman yot edi. Hazil-mutoyibangiz ham faqat kishini xushnud qilardi. Biror kishiga qattiq gapirmadingiz. Hatto o‘n yil xizmatingizda turgan xizmatkoringiz Anas biror marta «uff» deganingizni eshitmadi. Sizni o‘ldirish uchun huzuringizga kelgan dushman Sizni yaxshi ko‘rib qolib, oldingizdan muxlis musulmon bo‘lib chiqib ketar edi. Buni yaxshi bilgan dushmanlaringiz sizga elchi jo‘natganida unga siz bilan gaplashmay, tezda ortga qaytishini qattiq tayinlashardi ham.
Yo Rasulalloh! Sizni ko‘rgim kelib, ta’rifingiz bilan bezangan bitiklarga tikildim: bo‘yingiz o‘rtabo‘ydan sal tikroq, o‘ta uzun ham, past ham emas. Qomatingiz rost, ammo kamtarligingizni namoyon qilmoqda. Rangingiz oq, yuzlaringizga biroz qizillik aralashgan. Boshingizning kattaligi keng yelkangizga ayni mos. Peshonangiz keng, taqdiringizdan nishona, o‘zingizga juda ham yarashgan. Yuzlaringiz dumaloqdan kelgan, to‘lin oydek porlab turibdi. Nim tabassum chehrangizni yanada ko‘rkamlashtirib yuborgan. Ko‘zlaringiz yirik, biroz ichkariga botgan. Har qanday odamni sehrlab qo‘yadi. Ularda samimiyat va tabassum barq urib turibdi. Jiyaklariga surma surilgandek. Kipriklaringiz, yoydek qoshlaringiz har qanday manzaradan go‘zal. Qirra burningiz qoyadek salobat baxsh etmoqda. Keng og‘zingiz ichra marjondek terilgan dur tishlaringizdan nur chiqib turgandek. Soqolingiz qalin, qop-qora, bir-ikkita oq ham aralashgan. Sochingiz jingalak ham, silliq ham emas, biroz to‘lqinsimon. Ularning doim parvarish qilib turilishi shundoq bilinib turibdi. Qo‘l-oyoqlaringiz, qad-qomatingiz bir-biriga shunchalar mutanosibki, har qanday kishi hayratda qolmay iloji yo‘q. Kaftingiz ipak matodek yumshoq, oyoqlaringiz yirik, tovoninggiz ancha go‘shtli. Teringizdan ufurib turgan muattar hid dunyodagi har qanday atirdan yoqimli. Yursangiz, yer oyoqlaringiz ostiga o‘ralib, kirib ketayotgandek ko‘rinadi. Bir ko‘rgan odam haybatingizdan o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Siz bilan yaqinroq tanishgach, biroz birga yurgach, Sizni sevib qolishi aniq. Sizni bir ko‘rgan kishi sizdan oldin ham, keyin ham hech bir o‘xshashingizni ko‘rmaganini tan olishdan boshqa iloj topa olmaydi. Siz ham oynaga qaraganingizda o‘zingizdagi bu barkamollikni e’tirof etgandek: «Allohim, xilqatimni go‘zal qilganingdek, xulqimni ham go‘zal qilgin», der edingiz.
Yo Rasulalloh! Sahobalaringiz Sizni yeru ko‘kka ishonishmas edi. Siz uchun molu jonlarini berishga doim tayyor edilar. Ular Sizning ismingizni aytishga ham jur’at qilishmas, Sizga «Ey Allohning Rasuli», «Ey Allohning Nabiyi», deb murojaat qilishar, «Xalilim», «Habibim», deya Sizni tilga olishar edi. Tahorat olganingizda tomgan suv tomchilarini yuz-qo‘llariga surardilar. Tupigingiz yerga tushmasdi. Soch oldirganingizda sochingiz tolalarini talashib, urishib ketay deyishardi. Qon oldirganingizda muborak qoningizni yerga to‘kishga ko‘nmay, ichib yuborishardi. Bular bejiz emas edi. Siz aslida bundan-da ortiq izzatga loyiq edingiz.
Yo Rasulalloh! Sizni juda ham sog‘indik, juda ham. Afsuski, dunyoda Sizni ko‘rish bizga nasib bo‘lmadi. Ammo, Allohga shukr, Sizga iymon keltirganmiz. Biroq, muborak chehrangizga termilish shavqi yuraklarimizni o‘rtamoqda. Go‘zal qiroatingiz, shirin so‘zlaringizni tinglagimiz keladi. Nima qilsak ekan, Yo Rasulalloh! Nima qilsak ekan... Tushlarimizga kirsangiz-chi?! Yo Rasulalloh!
Yo Rasulalloh! Siz haqiqatan ham bashariyatning gultojisiz. Sizning insoniyatga qilgan xizmatingiz, yaxshiligingiz cheksiz. Mana o‘n to‘rt asrdirki, Siz yoqqan mash’ala bir zum ham o‘chmay porlab turibdi. Uning ziyosidan millionlab, millardlab insonlar ikki dunyo saodat yo‘lini, jannat yo‘lini topgan va topmoqda. Undan bebahra qolganlar, undan qochganlar esa hayot so‘qmoqlarida qoqilib, do‘zax qa’riga yiqilmoqdalar.
Yo Rasulalloh! Siz yoqqan mash’ala qalb ko‘zi ko‘r kishilarga yoqmadi, ular ko‘rnamak bo‘ldilar. Bunday kishilar asrlar osha mash’alangizni og‘izlari bilan o‘chirishga harakat qilib kelishdi va kelishmoqda. Ular o‘z o‘tmishdoshlaridan ham ibrat olishmayapti. Ammo ular puflagan sari mash’alangiz olovi alanga olib, yanada kuchliroq porlamoqda, uning nuri yanada kengroq tarqamoqda.
Yo Rasulalloh! Siz butun insoniyatga do‘stsiz. Kim Sizga dushman bo‘lsa, bu Sizni tanimaganidandir. Agar tanigan bo‘lsa, hiqdu hasad tufayligina, havoyi nafsining o‘lchovi bilangina Sizga dushman bo‘ladi. Agar Sizni tanishsa va insof qilishsa, dushmanlaringiz ham Sizni sevib qolishi aniq. Bunga tarix guvoh.
Yo Rasulalloh! Siz mehribon rahbar bo‘lish barobarida adolatsizlikka qarshi keskin kurashardingiz. Tabiiki, Sizning bu xislatingiz havoyi nafsiga ergashgan manqurt kimsalarga yoqmas edi, ular sizga dushmanlik etishga harakat qilishdi. Axir, qozining qamchisi jinoyatchiga yoqmasa, qozida nima ayb?!
Yo Rasulalloh! Dushmanlaringiz Sizni odamiyligingiz sababligina yomon ko‘rishdi. Ularga bu adovat iblisdan o‘tgan. Iblis Odamga odamligi uchun dushman bo‘lgan edi.
Yo Rasulalloh! Inson suratidagi ayrim maxluqlar Sizni masxara qilishganidan ko‘p ham ajablanmaymiz. Chunki ular o‘zlarining maymundan tarqaganlarini da’vo qilaverib, maymuntabiat bo‘lib qolishgan. Maymunlarning eng aqllisi nari borsa masxarabozlik qiladi, insonlarni masxaralaydi. Bu nobakorlarni o‘sha maymunlarga o‘xshatish mumkin, xolos. Robbimiz Sizga vahiy qilgani va buni o‘zingiz bizga ta’kidlaganingizdek, Sizning sha’ningizga noloyiq so‘z aytganlarning dumi kesilgan, nasli uzilgandir. Bu ilohiy bashorat bugungi kunda ro‘y-rost namoyon bo‘lmoqda...
Yo Rasulalloh! Ochig‘ini aytganda, ularning bu qilmishlariga bizning xatolarimiz ham sabab bo‘lmoqda. Biz Sizning nasihat va ko‘rsatmalaringizga ergashmadik. Sizni tanimadik, tanitmadik. Siz bizni dunyoga mehr qo‘ymaslikka, oxiratga intilishga o‘rgatgan edingiz, biz buning aksini qildik. Siz bizni ilm-ma’rifatga, izlanishga, foydali ishlarga intilishga o‘rgatgan edingiz, biz jaholat sari yurib, befoyda narsalar bilan band bo‘lib qoldik. Siz bizga ittifoq bo‘lishni, aka-uka bo‘lishni buyurgan edingiz, biz ixtilof qildik, o‘zaro dushman bo‘lib oldik. Siz bizga dushmanni dushman, do‘stni do‘st deb bilishga o‘rgatgan edingiz, biz do‘stni dushman, dushmanni do‘st tutdik. Siz bizning g‘ayrat-shijoatli, kuch-quvvatli bo‘lishimizni uqtirgan edingiz, biz dangasalik, qo‘rqoqlik bilan dunyoda dong taratib ulgurdik. Ajdodlarimiz Sizning nasihatingizga amal qilgan davrlarda dunyoning eng peshqadam insonlari bo‘lishgan edi. Ular nafaqat Sizni, balki mushugingizni ham haqorat qilinishga yo‘l qo‘yishmagan edi. Bunga hech kim botina olmasdi ham. Agar biz ham Sizga munosib ummat bo‘lganimizda, boshqalar bugungidek haqoratlarga jur’at qila olmasdilar.
Yo Rasulalloh! Bizni kechiring, bizni avf eting. Oldingizda hijolatdamiz, aybdormiz...