
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
KUN OYATI
«Iymon keltirganlar uchun Allohning zikriga va nozil bo‘lgan haqqa (Qur’onga) qalblari yumshab, ilgari kitob berilgan, so‘ng vaqt o‘tib qalblari qotib qolgan, ko‘plari fosiq bo‘lganlarga o‘xshamaslik vaqti kelmadimi?!» (Hadid surasi, 16‑oyat).
KUN OYATI
«Iymon keltirganlar uchun Allohning zikriga va nozil bo‘lgan haqqa (Qur’onga) qalblari yumshab, ilgari kitob berilgan, so‘ng vaqt o‘tib qalblari qotib qolgan, ko‘plari fosiq bo‘lganlarga o‘xshamaslik vaqti kelmadimi?!» (Hadid surasi, 16‑oyat).
Ushbu oyati karimaning ma’nolarini taammul qilsangiz, qulog‘ingiz oldida xuddi ayni damda qilingan xitobdek jaranglaydi.
Ha, bugun butun dunyo ‒ musulmonlar ham, boshqalar ham virus balosiga giriftor bo‘lib, tashvishga g‘arq bo‘lib turgan ekan, Islom ummatiga ulardan oldin Alloh Kitob nozil qilgan, so‘ng vaqt o‘tishi bilan qalblari qotib, ko‘pi fosiq bo‘lib ketgan yahudiy va nasroniylardek bo‘lmaslik vaqti kelmadimi? Boshqalar zamonlar o‘tib, dinlaridan uzoqlashib, qalblari qotganidan hech bir holatdan ibrat olmaydigan, balodan xulosa chiqarmydigan bo‘lib ketgan esa, mo‘minlar o‘zlariga yaqin zamonlarda nozil qilingan va nozil bo‘lgandagi tarovatida saqlanib kelayotgan Qur’onni o‘rganib, qalblari qo‘rqinchga tushish vaqti kelmadimi? Nega ular Alloh nozil qilgan kitoblarni o‘zgartirgan kimsalar kabi qalbi qattiq, fosiq bo‘lishlari kerak? Nega endi ular qo‘llarida Alloh taoloning Kitobi bo‘laturib, bu ilohiy iltifotdan benasib xalqlar kabi faqat moddiy tushunchalarga suyanishlari kerak? Nega ular Allohdan vahiy olganlarini unutib qo‘ymoqdalar? Ko‘zni ochib, ogoh bo‘ladigan vaqt kelmadimi? Gunohlarga tavba qilib, Parvardigorlariga yukinish, U yuborgan haq kitobga yurish vaqti kelmadimi?
Fuzayl ibn Iyoz qaroqchilik va bezorilik bilan kun ko‘rar edi. Bir kuni u navbatdagi jinoyatga endi qo‘l umrmoqchi bo‘lib turgan edi, bir qorining mazkur oyatni tilovat qilayotganini eshitib qoldi. Birdan sergak tortdi, qalbi junbushga keldi, yig‘idan o‘zini to‘xtata olmay qoldi, «Ha, keldi, tavba qilish vaqti keldi, Robbim!» deb sayha tortib yubordi. Bu uning tavbasi bo‘ldi va ko‘p o‘tmay valiylarning peshvolaridan biriga aylandi.
Sulamiy Ahmad ibn Havoriydan rivoyat qiladi: «Basra ko‘chalarining birida ketayotgan edik, birdan sayha eshitib qoldim va o‘sha tomonga yurdim. Shu payt bir kishining behush yotganini ko‘rib, «Bu odamga nima bo‘ldi?» dedim. «Qalbi uyg‘oq odam edi, Allohning Kitobidan bir oyatni eshitib, hushidan ketib qoldi», deyishdi. «Qaysi oyat?» dedim. Ular: «Iymon keltirganlar uchun Allohning zikriga va nozil bo‘lgan haqqa qalblari yumshab, ilgari kitob berilgan, so‘ng vaqt o‘tib qalblari qotib qolgan, ko‘plari fosiq bo‘lganlarga o‘xshamaslik vaqti kelmadimi?!» oyati» deyishdi».
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadi: «Musulmon bo‘lganimizdan to‘rt yil o‘tib bizga ushbu oyat bilan itob qilingan». Aytmoqchilarki, Alloh taolo bizni musulmon bo‘lganimizdan keyin hech qancha vaqt o‘tmay zikr va Qur’on bilan qalblarimiz larzaga kelishi kerakligini aytib ogohlantirgan. Ammo sizlar Qur’onga iymon keltirib, uni o‘qishni boshlaganingizga necha yillar o‘tdiki, qalblaringizda qo‘rqinch yo‘q.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Mo‘minlar Qur’on nozil bo‘la boshlagandan o‘n yil o‘tiboq Alloh taolodan ushbu itobni olganlar», deydi.
Hasan Basriy aytadi: «Ular Qur’ondan sizlar o‘qiyotganingizdan ozroq o‘qib turib, qalblari xushu’ga kechikkan edi, itob qilindi. Endi o‘zingiz Qur’onni qanchadan beri o‘qiyotganingizni‑yu, yana orangizda fisqu fujur qanchalar keng tarqab yotganini ko‘ring».
Mujohid rahmatullohi alayh oyatda biz «vaqt o‘tib» deb o‘girgan so‘zni «orzulari ko‘payib» deb tafsir qilgan. Ya’ni ahli kitoblar uzundan‑uzun orzular qilavergandan qalblari qotib ketgan edi. Shu bois, ular ilohiy ta’limotlarni unutib, Alloh nozil qilgan kitob oldida qo‘rqinch tuyush o‘rniga, uni o‘z istaklariga ko‘ra o‘zgartiraverganlar.
Oyatni bugungi kun qalb qulog‘i bilan eshitsak, juda ko‘p ma’nolar yangraydi:
Boshingizga xilma‑xil, ketma‑ket musibatu ofatlar tushib, ko‘pingiz kasal, ayrimlaringiz o‘lim yoqasida turibdi. Aslida, bularning barchasi Alloh nozil qilgan haqdan uzoqlashishning oqibatidir. Bas, iymon keltirgan kishilarga o‘sha haqqa ‒ Qur’onga qaytish vaqti kelmadimi?
Hamma narsaga kuchimiz yetadi, der edingiz. Bugun bir mitti jonzot qarshisida tiz cho‘kib o‘tirib qoldingiz. Ba’zi birlaringizga Alloh bandalari ustidan hukmronlik bersa, odamlarga zulm qilishga, mol‑mulklarini botil yo‘l bilan yeyishga o‘tdi. Bugun esa kirdikorlaringiz sizni ojiz va sharmanda qilib bo‘ldi. O‘zingizga kelib, Allohni yodga olib, qalblaringiz qo‘rqinchga to‘lish, o‘zni o‘nglash vaqti kelmadimi?
Kimlardir kasallikdan vafot topmoqda, kimlardir o‘lim ostonasidan qaytmoqda. O‘zingiz yoki yaqinlaringiz isitmadan azob chekib, dard qarshisida chorasiz turibsiz. Bir qadam oshsangiz, Robbingiz huzurida bo‘lar edingiz. Ammo Alloh sizga yana muhlat bermoqda. Shu kungacha g‘aflatda yurgan edingiz. Endi ham bo‘lsa Qur’ondan qalblar junbushga kelib, uni o‘rganishga kirishish vaqti kelmadi?
Gunohlaringiz dunyoni bulg‘ab yubordi, jinoyatlaringiz yer yuzini fasodga to‘ldirdi. Bugun esa kutilmagan balolar boshingiz uzra qora bulutdek to‘planmoqda. Ey, o‘zini musulmon sanaganlar! G‘aflatdan uyg‘onib, Allohning zikridan qalblar erib, muqaddas kitobingiz Qur’oni Karimga qaytish vaqti kelmadimi?
Yillar davomida qandaydir qo‘lbola chizgilarni ro‘kach qilib, odamlarni Qur’on o‘rganishdan to‘sib kelyotgan kimsalarga ushbu musibatlardan ko‘zni ochib, qalblari qo‘rqinchga tushadigan, tavba qiladigan vaqt kelmadimi? Alloh taolo bandalari uchun rahmatu shifo etib nozil qilgan Kitobdan turli betayin vajlar bilan odamlarni to‘sish o‘rniga, bu ilohiy mayog‘dan butun xalqni bahramand etish choralarini ko‘rish vaqti kelmadimi? Allohning diniga beqiyos xizmat qilgan buyuk allomalarning avlodlariga bir asrlik Qur’onsizlikdan keyin kutilmagan xilma‑xil ofatlarni ko‘rgan paytlarida o‘z farzandlariga Qur’on o‘rganishni yana man qilish emas, balki targ‘ib etish vaqti kelmadimi? Bu ilohiy kalomdan dardingizga davo, ranjingizga shifo va ruhingizga ozuqa‑kuch olish payti kelmadimi? Bemoringizga shifo, o‘tganlaringizga nur, musibatdagilaringizga taskin bo‘lib turgan Qur’oni Karimni yomon ko‘rish emas, aksincha, sevish, o‘qish, o‘rganish va uning yo‘lidan taqiqlarni olib tashlash vaqti kelmadimi? Ushbu Qur’onni qalblariga jo qilib, har turli holatingizda sizga ko‘mak bo‘ladigan, kuningizga yaraydigan qorilarni xo‘plash emas, ehtiyotlash, ardoqlash vaqti kelmadimi?
Keldi, yo Robbiy, keldi...
«Bilingki, albatta, Alloh yerni o‘limidan keyin tiriltiradi. Darhaqiqat, sizlarga oyatlarni bayon qildik, shoyad aql yuritsangiz» (Hadid surasi, 17‑oyat).
Alloh taolo yomg‘ir tushirib o‘lik yerlarni tiritirgani kabi, Qur’on oyatlari bilan o‘lgan qalblarni tiriltiradi. Shoyad qalblar tirilgach, aql yurita bilsangiz.