
ILOHIY O‘RNAK
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
ILOHIY O‘RNAK
Parvardigorimizga shukr va hamdlar aytamiz. Olamlarga rahmat va o‘rnak zot bo‘lmish Rasulimizga salavotlar yo‘llaymiz.
Buyuk yaratuvchimiz Alloh subhonahu va taolo bashariyatni aqlidrok, ong va nutq ila boshqa barcha maxluqotlardan ustun qilib yaratib, uni yer yuzida O‘ziga xalifa etib saylar ekan, ishni uning o‘ziga tashlab qo‘ymay, ilohiy ta’limotlarni indirib, insonning kamoloti uchun kerakli bo‘lgan ko‘rsatmalarni taqdim etishni iroda qildi. Buning uchun yagona namunali yo‘l insonlar ichidan elchi saylab olish edi. Bu elchi oddiygina xabar yetkazuvchi emas edi, balki u o‘zi keltirgan ilohiy ta’limotlarni o‘z hayotida ko‘rsatib berishga ham mas’ul edi. Har ishning tadbirini chevarlik bilan, go‘zal suratda muhayyo etgan Alloh insonlar ichidan elchilar tanlab, ularga chin ma’noda o‘rnak bo‘lishlari uchun kerak bo‘lgan barcha shartsharoitlarni hozirlab qo‘ydi. Shuning uchun tarixga nazar solsak, barcha samoviy dinlarning payg‘ambarlari insoniyatning eng sara kishilari, zubdasi ekaniga guvoh bo‘lamiz. Ana o‘sha ulug‘ siymolarning eng so‘nggisi, ushbu ilohiy marjonning sarhalqasi, nubuvvat osmonining oftobi, oxir zamon payg‘ambari, hech shubhasiz, Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdirlar. U zotga yuborilgan risolat ushbu ilohiy armug‘onning yakunlovchisi ekan, uning har jihatdan eng mukammal, butun bashariyat uchun yetarli va qiyomatgacha qoim bo‘lishi aqlu mantiqning taqozosidir. Shu bilan birga, u inson hayotining barcha jabhalarini qamray olish barobarida, jamiyatning barcha tabaqalariga mos kelishi, insonlarning hayot tarzi, turmushi qanchalar o‘zgarmasin, taraqqiy etmasin, unga javob bera olishi lozimdir. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini, hayot tarzlarini va keltirgan ta’limotlarini o‘rganar ekanmiz, u zotda mazkur saviyaning ortig‘i bilan mavjudligiga guvoh bo‘lamiz va bu dinning haqiqatan ham ilohiy yo‘riq ekaniga yana bir iymon keltiramiz.
Alloh taolo O‘z elchisining insoniyat uchun o‘rnak ekanini ta’kidlab, shunday deydi: «Darhaqiqat, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar hamda Allohni ko‘p zikr qiladiganlar uchun Allohning Rasulida go‘zal o‘rnak bordir» (Ahzob surasi, 21-oyat).
Oyatda avval «sizlar uchun» deyilganda butun insoniyat nazarda tutilgan deyish mumkin. Keyingi «Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar hamda Allohni ko‘p zikr qiladiganlar», degan ta’kid esa shu sifatga ega insonlar, agar da’volari rost bo‘lsa, marhamat qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olishlari lozimligini uqtiradi.
Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam butun insoniyat uchun, xususan, mo‘min¬musulmonlar uchun eng oliy o‘rnakdirlar. U zot ibodat, axloq yoki ma’lum bir sohalardagina emas, balki inson hayotining har bir nuqtasida eng oliy namuna ko‘rsatganlar. Shuning uchun ham u zotning hayotlari barkamol hayot bo‘ldi. U zot oddiy faqirlikdan tortib, podshohlikkacha bo‘lgan hayot tarzini yashadilar. Bashar hayotining u zot amalda ko‘rsatib bermagan biror jabhasi qolmadi. U zot alayhissalom oddiy inson bo‘lib, goh faqir, goh boy bo‘lib, qo‘shni bo‘lib, er bo‘lib, ota bo‘lib, imom bo‘lib, muallimlik va voizlik qilib, qozi bo‘lib, katta bir mintaqada rahbar, podshoh bo‘lib, harbiy sohada askar va qo‘mondon bo‘lib hayot kechirdilar. U zotning hayotlari ana shunday serqirra edi, inson hayotining barcha jihatlarini to‘la qamrab olgan edi. Binobarin, u zot shohga ham, gadoga ham, boyga ham, kambag‘alga ham, erkakka ham, ayolga ham, kattaga ham, kichikka ham eng oliy o‘rnak bo‘ldilar. Islom inson hayotining barcha kattayukichik jabhalarini qamrab olganidek, Islom payg‘ambarining hayoti ham shunga monand bo‘ldi.
Ayrim payg‘ambarlar boy bo‘lgan bo‘lsalarda, ko‘plari kambag‘allikda hayot kechirgan. Ba’zi payg‘ambarlar podshoh bo‘lib o‘tgan bo‘lsada, ko‘plari oddiy fuqaro bo‘lib yashagan. Ko‘pchilik payg‘ambarlar oila qurgan bo‘lsada, ayrimlari uylanmagan. Ammo oxir zamon payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlari butkul barkamol bo‘ldi.
Agar u zot faqat boylikda, mo‘l-ko‘llikda farovon hayot kechirganlarida, kambag‘allar: «U kishi bir umr to‘q yashaganlar. Boy odam kambag‘alni his qilarmidi? Yo‘qlikni ko‘rgan biladida. Qorni to‘qning qorni och bilan nima ishi bor? Sabr qilish kerak, unday qilish kerak, bunday qilish kerak, deyish oson, boshga tushganda ko‘rasiz», deyishi mumkin edi.
Bordiyu, u zot mudom faqirlikda yashaganlarida, boylar: «Ha, endi u kishi bir umr kambag‘al o‘tgan bo‘lsalar, boylikning nimaligini, uning zalvorini, mazasini bilarmidilar? Boylar unday bo‘lishi kerak, bunday bo‘lishi kerak, deyishni hamma biladi. Avval boy bo‘lib ko‘rishsin, keyin gaplashamiz», deyishi mumkin edi.
Agar u zot faqat rahbarlikda, podshohlikda hayot kechirganlarida, oddiy xalq: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir umr podshoh bo‘lib yashaganlar, aytganlari aytgan, deganlari degan bo‘lib turgan, unday bo‘lsa, hamma ham dinga amal qilishni do‘ndirib qo‘yadida. Biz esa oddiy odamlarmiz, hech kim gapimizni inobatga olmaydi. Endi bizning holimiz boshqada», deyishi mumkin edi.
Bordiyu, u zot bir umr oddiy fuqaro bo‘lib yashab o‘tganlarida, mansabdorlar, podshohlar: «U zot oddiy fuqaro bo‘lganlar, bunday odam rahbarlik yo podshohlikni tushunarmidi. Nasihatni masjidda qilishsin. Siyosat boshqa narsa...» deyishi mumkin edi.
Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam harbiy sohada faoliyat olib bormaganlarida, harbiylar uchun ilohiy namuna bo‘lmas edilar. Sarkardalar: «U kishi payg‘ambar bo‘lib, muallimlik qilib o‘tganlar. Unaqa odam urushni tushunarmidi? Harbiylik hammaga ham emas. Urushda shafqatli, adolatli bo‘lish lozim, unday qilish kerak, bunday qilib bo‘lmaydi... Aytishaveradi, bu gaplar hammasi xomxayol, o‘zlari biror marta urush qilib ko‘ribdilarmiki, harbiylarga dars aytishsa?» deyishi mumkin edi.
Bordiyu, u zot faqat harbiy bo‘lib hayot kechirganlarida, ish tamoman ostinustin bo‘lib ketardi. «Harbiylik hayot tarzi emas, zaruriy vaziyat taqozosi. Harbiy odam hech qachon ommaga o‘rnak bo‘la olmaydi», deyilishi mumkin edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning jamiyatni isloh qilish, ya’ni da’vat yo‘lidagi faoliyatlari ham oddiy insoniy jamiyat mezonlariga to‘la bo‘ysungan edi. Qandaydir bir ilohiy kuch yordamida g‘ayrioddiy ishlar bilan muvaffaqiyat qozonganlari yo‘q. U zot oddiy da’vatchi bosib o‘tadigan yo‘ldan bordilar. Bu yo‘lda ozoraziyat tortdilar, tuhmatu bo‘htonlarga uchradilar va haq yo‘lidagi boshqa zarbalarga ko‘krak tutib, to‘siqlarni yengib o‘tdilar. Agar ish boshqacha bo‘lganida, keyingi da’vat ahliga, islohotchilarga bu tayyor bahona bo‘lib qolar edi.
Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Ammo shuning o‘zi yetarli bo‘lsa kerak.
Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari har taraflama barkamol bo‘ldi. U zot faqirlikni ham, boylikni ham ko‘rdilar. Gohida bir tishlam yegulik topilmay, ochlikdan qorinlariga tosh bog‘lab yurishga ham majbur bo‘ldilar. Ba’zan esa sonsanoqsiz molmulk, yersuv, kumushtillolarga ega bo‘ldilar. Ammo hayotlarining asosiy qismida o‘rtahol turmush kechirdilar. U zot faqirlikda faqirga, boylikda boyga, o‘rtahollikda o‘rtahol kishiga namuna ko‘rsatdilar. Faqir o‘zini qanday tutishi kerak, nimalar qilishi kerak, qanday e’tiqod va umidda bo‘lishi lozim – barchabarchasini aytib, uqtirib, go‘zal namuna ko‘rsatib berdilar. Boy boylikka qanday munosabatda bo‘lishi, uni qanday tasarruf etishi, u haqda qanday tushunchada bo‘lishi kerak – hammahammasini o‘z shaxsiy hayotlari misolida namoyish qildilar. Faqir u zotning faqirlikdagi hayotlaridan, boy boylikdagi siyratlaridan o‘rnak olsin, nusxa olsin. Bunday rangin hayotni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham yoqtirardilar.
Imom Ahmad Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Robbim azza va jalla menga Makka vodiysini tilla qilib berishni taklif qildi. Men: «Robbim! Bir kun to‘q, bir kun och bo‘lay. Och bo‘lganimda Senga tazarru qilib, Seni zikr qilay. To‘q bo‘lganimda Senga hamd aytib, O‘zingga shukr qilay», dedim».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadaliklarida oddiy fuqaro bo‘lib yashadilar. Madinada esa avvaliga bir jamoaning rahbari, keyinroq shahar hokimi va nihoyat, mintaqadagi eng kuchli yetakchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatdilar. Shunday qilib, u zot oddiy fuqaroga ham, rahbaru podshohlarga ham ilohiy namuna ko‘rsatdilar. Oddiy inson qanday yashashi, boshqalar bilan qanday munosabatda bo‘lishi kerak, davlat rahbari xalqqa qanday muomala qiladiyu, boshqa hamkasblari bilan, boshqa davlatlar bilan qanday munosabatda bo‘lishi lozim – barchasini ham nazariy, ham amaliy suratda taqdim qildilar. Ana shu tarzda u zot ijtimoiy va iqtisodiy qonunlarni boyitib, takomillashtirdilar va xalqaro qonunlarga asos soldilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning janglarda qatnashishlari ham olamlarga rahmat bo‘ldi. U paytlarda urushda g‘olib va mag‘lub tomonlarning huquq va burchlari degan gap yo‘q edi. Kimdir shu gapni aytsa, hamma kalaka qilib, ustidan kulardi. «Iye, bu qanaqasi bo‘ldi? G‘olibda ham majburiyat bo‘larkanmi? Mag‘lubning huquqi nima degani? Axir ular tutqunlarku!» deyilishi tabiiy edi. Keyingi paytlarda ham musulmon bo‘lmaganlarda bu to‘g‘rida birorta tayinli gap bo‘lgani yo‘q. Ular 19–20 asrlarga kelibgina urush qonunlari haqida o‘ylay boshlashdi. Shunda ham voqeiy ahvol nima bo‘lgani hammaga ma’lum.
Harbiy soha har bir o‘ziga ishongan jamiyatning asosiy tayanchlaridan biri ekani sir emas. O‘tgan asrda insoniyat jahon urushlari qilib, o‘zidan o‘zi nafratlanib ketdi va oxiri qayta bosqinchilik qilmaslikka, har bir davlatning mustaqilligini tan olishga ahd qilib, bir ovozdan bitim imzoladi. Biroq, o‘sha bitimga yarim asrdan ko‘p vaqt o‘tdiki, yer yuzida urush olovi bir zum ham so‘ngani yo‘q. Hamon yer talash, mulk talash. Demak, harbiy soha ham inson hayotining ajralmas qismi ekan. Binobarin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari bu ma’noda ham o‘rnak bo‘lishi kerak. U zot alayhissalom qachon urush qilish mumkin, uni qanday bartaraf etish kerak, qanday urush qilish joiz, urushda nima halolu, nima harom, uning shartlari nimalaru, odoblari qanday – hammahammasini o‘rgatib, ko‘rsatib berdilar. Islomning insonparvarligini, adolatpeshaligini ko‘rmoqchi bo‘lgan kishi bu dinning ushbu mavzuga bo‘lgan yondashuvini o‘rganishi kifoya. Bu borada fiqhiy manbalarda ma’lumotlar to‘libtoshib yotibdi. «Urush qonunlari» degan maxsus asarlar ham bitilgan va ularning qiymati kun sayin ortib bormoqda.
Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari ana shunday voqeiy va komil edi. U zot olamshumul shaxs bo‘lish barobarida, oddiy inson sifatida hayot kechirib, hamma uchun barobar namuna ko‘rsatdilar. Shuning uchun u zot ibodat ham qilardilar, istirohat ham olardilar. Tunlari bedor ham bo‘lardilar, uxlardilar ham. Ro‘za ham tutardilar, og‘iz ochiq ham yurardilar. Shuning uchun u zot oila qurib, farzand ko‘rib, ularning tarbiyasi bilan ham shug‘ullanganlar. Shuning uchun ham u zot odamlarga aralashib yurib, hali bozorda, hali to‘yda, goh masjidda, goh uyda, hali mehmonda, hali hasharda, hali shaharda, hali safarda bo‘ldilar. U zot tinchlik va eminlikni ham, xavfu xatar va jangu jadalni ham ko‘rdilar. U zot salomatlikni ham, bemorlikni ham boshdan kechirdilar. U zot imom bo‘lib ham, muqtadiy bo‘lib ham namoz o‘qidilar. Qo‘yingki, inson zoti yo‘liqishi mumkin bo‘lgan har qanday hayot tarzini ilohiy yo‘riq asosida yashab berdilar. Agar holat bundan sal boshqacha bo‘lsa, ilohiy namuna, samoviy o‘rnak tugal bo‘lmay qolishi aniq edi.
Endi ana shu «namuna», «o‘rnak» so‘zlarining ma’nosini ko‘z oldimizga yaqinroq keltirib, tasavvur qilib ko‘rsak.
Alloh taoloning «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda sizlar uchun go‘zal o‘rnak bor», degan so‘zining ma’nosini biroz izohlaylik: «Mana shu odamning hayot tarzi, fikrlariyu tushunchalari, so‘zlariyu amallari, harakotu sakanotlari – barchasi Men buyurgandek va istagandekdir. Ana shunday fikrlanglar, shunday so‘zlanglar va shunday yashanglar, shundagina sizlardan rozi bo‘laman va sizlarni mukofotlarman».
Boshqacha qilib aytganda, ilohiy vahiy bir asar bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlari uning sahnalashtirilgan ko‘rinishidir. Bir asarni kimdir tushunishi, kimdir tushunmasligi mumkin. Uni kimdir histuyg‘ulari bilan o‘ziga singdirsa, kimlardir buni eplay olmaydi. Uni noto‘g‘ri talqin qiladiganlar ham topiladi. Yana kimlardir asarni faqat xayoliy orzu, voqeiylikdan yiroq faraz deb qabul qilib olishi ham mumkin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dinni o‘z hayotlarida ko‘rsatib berishlari esa ushbu muammolarning barchasiga yechim bo‘lgan. Binobarin, hayotimizning har bir lahzasini o‘sha ilohiy sahna namunasiga moslashga harakat qilishimiz lozim.
Bugungi kunda dinga amal qilyapman, sunnatni ushlayman deb o‘ylayotgan kishilarimizning ko‘pchiligi ma’lum bir sohalardagina shunga intilishadi, ammo hayotning boshqa taraflarida bu haqda o‘ylab ham o‘tirishmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga kirganda o‘ng oyoq bilan kirib, chap oyoq bilan chiqqan ekanlar, falonfalon namoz va zikrlarni o‘qigan ekanlar, deymizu, qanday tijorat qilganlarini, bozorda qanday savdosotiq olib borganlarini surishtirib ham o‘tirmaymiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar bilan yaxshi muomalada bo‘lgan ekanlar, u sunnat, bu sunnat, deymiz-da, uyga kelganda ahlioilamiz bilan bo‘ladigan munosabatlarda u zotga ergashishni xayolimizga ham keltirmaymiz. Anavi go‘shtni yeyish harom, manavini ichish makruh deb taqvodorlik qilamizda, birovning haqqiga kelganda hech narsa esimizga kelmay qoladi. O‘limda falon ishni qilish sunnat ekan, falon duoni o‘qish savob ekan, deymizu, to‘y qilishga kelganda bizga hech qanday Payg‘ambar ham, savob ham kerak bo‘lmay qoladi. Musibatda, boshga kulfat tushganda falon ishni qilish yoki falon duoni o‘qish sunnat ekan, deymizu, ne’mat berilganda nima qilish sunnatligini surishtirib o‘tirmaymiz. Mayyitni yaxshilab yuvib, kafanlab, dafn etishda sunnatu mustahablarni qoyillatib qo‘yamiz, ayol kishi bo‘lsa, ustiga parda tortib, nomahramlardan ehtiyotlaymiz. Ammo tanamizda jon borligida xuddi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari faqat o‘liklarga tegishlidek, tiriklarga aloqasi yo‘qdek, poklanish va kiyinish borasida sunnat desa, hech qayoqqa qaramay qochib qolamiz.
Aslida u zot bizga o‘lishni emas, yashashni o‘rgatgan edilar. U zotning xitoblari, ko‘rsatmalari jonsiz jasadlarga emas, ruhi bor tanalarga qaratilgan edi. U zotning rahmat bo‘lishlari ham avvalo tiriklar uchundir. U zot masjidda nima qilishni o‘rgatish bilan birga, uyda, bozorda qanday yo‘l tutishni ham o‘rgatgan edilar. Xullas, u zot busbutun, tugal hayot tarzini taqdim qilganlar.
Shuni ham aytib o‘tish joizki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olish, u zotning sunnatlariga ergashish degani taraqqiyotdan bir yarim ming yil orqaga qaytish degani emas. Ayrim odamlar shunday deb o‘ylaydi va shu o‘yda Islomdan uzoqlashadi. Aslida esa Islom hayotning o‘suvchi qismini, taraqqiy etuvchi jihatlarini cheklab qo‘ymagan. Aksincha, u shunday insoniy mezonlarni taqdim qilganki, bashariyat bor ekan, Odam nasli davom etar ekan, mazkur islomiy mezonlar o‘z kuchida turaveradi, hech qachon eskirmaydi, yaroqsiz bo‘lib qolmaydi. Zotan, Buyuk Yaratuvchining O‘zi buni alohida ta’kidlagan:
«Haqqa yuzlangan holda dinda qoim bo‘l! Mana shu Alloh odamlarga ularni yaratganda joylagan asl fitratdir. Allohning yaratganini o‘zgartirib bo‘lmas. Mana shu to‘g‘ri dindir. Lekin odamlarning ko‘plari bilmaslar» (Rum surasi, 30oyat).
Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z hayotlari misolida ko‘rsatib bergan musaffo Islom ana shunday barhayotdir. U sof insoniy tabiatga to‘la-to‘kis mosdir, muvofiqdir. Zamonlarning to‘fonlari qanchalar quturmasin, hayot dengizining to‘lqinlari qanchalar mavj urmasin, modomiki ular inson zotini yer yuzidan yo‘qotib yubormasa, Islom ham yashayveradi va barcha zamon va makonda insoniyatga baxtsaodat garovi bo‘lib qolaveradi. Bunga ushbu ming to‘rt yuz yillik tarix va bugungi taraqqiy etgan insoniyatning hayoti yorqin dalolat qilib turibdi. Insoniyat taraqqiy etish shiori ostida o‘zicha ildamlik deb o‘ylab ilohiy mezondan tashqari bosgan har bir qadami halokat chohi sari olib boruvchi odim bo‘lishini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Zero, Allohning yaratganini o‘zgartirib bo‘lmas!
Aslini olganda, nabaviy o‘rnak va uning asosi bo‘lmish ilohiy vahiy bashariyatga ato etilgan eng ulug‘ tortiqdir. Alloh taolo so‘ngi nozil qilgan oyatlaridan birida shunday deydi: «Bugun sizlarga diningizni mukammal qilib berdim va sizlarga ne’matimni batamom etdim» (Moida surasi, 3oyat).
Din tushunarli, ammo bu yerda ne’mat deganda nima nazarda tutilgan? Mufassir ulamolarimiz ta’kidlashlaricha, ne’matdan murod vahiydir. Ha, ilohiy vahiy insoniyat uchun berilgan eng buyuk ne’matdir. Ushbu ne’matning batamom qilib berilishi esa nur ustiga nur, ne’mat ustiga ne’mat bo‘lgan. Oyatda insoniyatga Alloh tomonidan nozil qilingan vahiy tugal bo‘ldi, qo‘shimchaga hojat qolmadi va shuning uchun vahiy eshigi berkitildi, deyilmoqda. Bundan keyin inson zoti necha asr hayot kechirmasin, qanchalar taraqqiy etmasin, unga ushbu vahiy mayog‘i barcha zamon va makonda kifoya qiladi. Bashariyatga sharaf bo‘lgan, bemisl yaxshiliklar keltirgan, ezgulik va ma’rifat manbai bo‘lgan, insonning aqli bovar qilmaydigan darajada ko‘p va yuksak ta’limotlarni taqdim qilgan bu ilohiy vahiyni qandaydir bemorlik asorati deya safsata sotgan dahriycha qarash esa ilmiy asosga tamoman zid, g‘ayrivoqeiy, sharmandalarcha to‘qilgan farazdan, o‘taketgan nonko‘rlikdan o‘zga narsa emas.
Boshqa bir oyatda shunday deyiladi: «Batahqiq, Alloh mo‘minlarga marhamat ko‘rsatdi: ichlariga o‘zlaridan, ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, ularni poklaydigan hamda kitobni va hikmatni o‘rgatadigan Rasul yubordi. Holbuki, ular ilgari ochiq-oydin adashuvda edilar» (Oli Imron surasi, 164oyat).
Ha, agar ushbu ilohiy marhamat bo‘lmasa, insoniyat zalolat botqog‘iga botib, gumrohlik so‘qmoqlarida uloqib yuraverar edi. U bugun o‘z aqlim bilan topdim deb o‘ylayotgan ko‘pgina yutuqlari ostida ham aslida qaysidir davrlarda qulog‘iga chalingan ilohiy vahiy yo‘riqlari yotadi. Agar u Alloh tarafidan berilgan ushbu tortiqning qadriga yetmasa, shukrini qilmasa, bu dunyoda ham, u dunyoda ham baxtiqaro bo‘lishi tayindir.
Allohim! Bu g‘animat hayotda Rasulingdan o‘rnak olishimizda O‘zing bizga madadkor bo‘lgin, qalblarimizni to‘g‘ri yo‘lda barqaror etgin!