
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
DUSHMANNING ENG KATTA YUTUG‘I
Do‘stdan farqli o‘laroq, dushmanning eng katta yutug‘i uni bor deb bilmasligingdir. Shuning uchun dushman odatda maxfiy harakat qilishni ma’qul ko‘radi.
DUSHMANNING ENG KATTA YUTUG‘I
Do‘stdan farqli o‘laroq, dushmanning eng katta yutug‘i uni bor deb bilmasligingdir. Shuning uchun dushman odatda maxfiy harakat qilishni ma’qul ko‘radi.
Shayton va nafsning borligini e’tirof etmaslik ham ularning eng katta va birlamchi yutug‘i hisoblanadi.
Shaytonni yo‘q yoki menga dushmanlik qilmaydi, deb bilsang, bu uning birinchi va asosiy yutug‘i bo‘ladi. Sen endi uning xitoblarini shunchaki xayol yoki do‘stning chaqiriqlari deb bilaverasan.
Nafsing borligini va u yomonlikka ham buyurishini tan olmasang, bu sen uchun nafs oldidagi eng katta mag‘lubiyatdir. Endi sen uning barcha talablarini shunchaki ko‘ngil istaklari deb atay boshlaysan va oqibatda sen uning bandiga aylanasan.
Shaytondan panoh tilanadi, chunki u tashingdagi dushman. Nafsni tarbiya qilinadi, chunki u ichingdagi dushman. Bundan boshqa chora yo‘q. Bu ikki chorasiz musulmon chin mo‘min bo‘la olmaydi. Bularsiz mo‘minga dunyoda nusrat, oxiratda najot yo‘q.
Shaytonni yo‘q deb bilishing uni bag‘oyat xursand qiladi, bu uning uchun ayni muddao. Shu bois, shaytonning mavjudligini inkor qiladiganlarni shayton yaxshi ko‘radi.
Qur’oni Karim bejizga Odam va shayton qissasini takror-takror keltirmaydi. Bu bashariyat uchun eng katta ogohlantiruvdir.
Qur’oni Karim bejizga nafsni poklashni ko‘p targ‘ib qilmaydi. Zero, kir nafs shaytonning hamjinsi va tobeidir.
Ana shunday nopok nafs egasi bo‘lgan insonlar shayton tabiatida bo‘lishadi. Bunday shayton isonlar o‘z shaxslarini boshqalar payqashini istashmaydi. Ularni yo‘q deb yoki do‘st deb bilishing iblis askarlari oldidagi birinchi mag‘lubiyating va dushmanning eng katta yutug‘idir.