
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
XO‘ROZ HAMMA JOYDA BIR XIL QICHQIRYAPTI
Bugungi kunda ahli ilmlar, ulamolarning obro‘sini to‘kishga qaratilgan hujumlar butun dunyoda kuzatilmoqda. Bu ham, aslida, barcha zamonlarda keng yoyilgan fitnalardan hisoblanadi. Bunday fitnalarni munofiqlar va yahudiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sha’nlarida ham tarqatishga urunishgan.
XO‘ROZ HAMMA JOYDA BIR XIL QICHQIRYAPTI
Bugungi kunda ahli ilmlar, ulamolarning obro‘sini to‘kishga qaratilgan hujumlar butun dunyoda kuzatilmoqda. Bu ham, aslida, barcha zamonlarda keng yoyilgan fitnalardan hisoblanadi. Bunday fitnalarni munofiqlar va yahudiylar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sha’nlarida ham tarqatishga urunishgan. Keyinroq fitnachilar Hazrat Usmon roziyallohu anhu, Aliy roziyallohu anhu va boshqa sahobalarni ham obro‘sini to‘kish, alaloqibat, qonini to‘kishgacha borishgan. Oradan ming to‘rt yuz yil o‘tib, bugun ham ushbu xildagi urunish o‘sha eski fitnachi toifalarning izdoshlari tarafidan tez‑tez bosh ko‘tarib turibdi.
Kuni kecha arab tilidagi ikkita fazoviy kanal Islom olamida juda ham katta shuhrat va hurmatga ega bo‘lgan olim Yusuf Qarazoviy hafizahulloh haqida yolg‘on xabar tarqatdi. Unda olimning o‘z kutubxonasida ikkita mehmon bilan tushgan surati berilib, ulardan biri Shiri‑Lankada sodir etilgan terrorlarda ayblanayotganlardan Zahron Hoshim ekani da’vo qilingan. Bu bilan mazkur terrorga Qarazoviyni g‘oyaviy bog‘lashga urunilgan.
Aslida esa surat 2016 yil olingan bo‘lib, mazkur ikki mehmondan biri mashhur da’vatchi olim Salmon Nadviy, chap tarafdagisi esa siyrat bo‘yicha taniqli olimlardan Odil Harroziy bo‘lgan.
Buni qarangki, ulamolarni obro‘sizlantirish ishtiyoqi yoki turtkisi butun dunyoga efer uzatayotgan telekanal xodimlarini shunchalar ko‘zini ko‘r qilganki, o‘ta sharmandali xatoga yo‘l qo‘yishga, shaxsiyati jahonga ma’lum bo‘lgan olimga tentaklarcha tuhmat qilishgacha olib borgan.
Bizda ham oxirgi paytlarda ayrim ahli ilmlarga nisbatan tuhmat va ig‘volar ko‘payib bormoqda. Bu bilan xalqning ko‘nglini ahli ilmlardan sovutish, provardida ularni dindan uzoqlashtirish ko‘zda tutiladi odatda. Yusuf Qarazoviyga qilingan mazkur tuhmat bilan bizdagi ayrim ahli ilmlarga qilinayotgan tuhmatlar o‘rtasida ko‘rinishda biroz tafovut mavjud bo‘lsa‑da, mazmun va maqsad jihatidan ular farq qilmaydi. Ikkalasida ham bir xil natija ko‘zda tutilgan.
Islom dushmanlari musulmonlarni dindan qaytarishda, ularni sof e’tiqodlaridan chalg‘itishda turli xil uslublarni qo‘llab kelishadi. Bir tarafdan ularni din va uning asoslari, ya’ni e’tiqod xususida shubhaga solishga yoki buzuq aqidalarni yoyishga urunishsa, ikkinchi tarafdan dinni kishilarga yetakazadigan arqonlarga zarba berishadi. Bunda iloji bo‘lsa, arqonni butkul uzib tashlashadi: din ilmlarini yetkazadigan shaxslarni jismonan yo‘q qilishadi. Bir asr oldingi qatag‘onlar bunga yorqin misoldir. Buning imkoni bo‘lmaganda, ularni ma’nan yo‘qqa chiqarish yo‘lini axtarishadi. Buning eng sodda yo‘li o‘tgan ulamolarni tarix sahifalaridan o‘chirib tashlash, tiriklarini esa e’tibordan chetlatishdir. Boshqacha qilib aytganda, dinni sof holicha yetkazuvchi arqonlarni zaiflashtirish, ularni kishilar ongida yaroqsiz holga keltirishdir. Buning uchun birinchi bo‘lib ahli ilmlarga bo‘lgan ishonchni sindirish kerakligini ular juda yaxshi bilishadi. Ushbu g‘araz amalga oshib qolsa, olimlar har qancha yaxshi gaplarni gapirsa ham, din‑diyonatdan har chand balog‘atli so‘z sursa ham, tinglovchilarning qalbini egallay olmaydigan, ularni yetalashga kuchi yetmaydigan bo‘lib qoladi. Bu juda ham nozik va xatarli nuqta bo‘lib, ko‘pchilik vaqtida anglab yeta olmaydi.
Barcha davrlarda ahli ilmlarni masxaralash, dindorlarni yomonotliq qilish dinsizlarning eng qulay quroli bo‘lib kelgan. Shuningdek, buzuq e’tiqodlarni singdirish uchun ham buzg‘inchi kuchlar eng avval mahalliy ulamolarning sha’nini tushurishga urunishadi. Afsuski, ko‘p odamlar buni payqamay, ularning nog‘oralariga bilib‑bilmay o‘ynab qoladi va o‘zicha din g‘amida gapirayotgan bo‘lsa‑da, aslida dinning ildiziga bolta uradi.
Ulamolarning jamiyatdagi yetakchiligini sindirishni, zaiflashtirishni istaydiganlar, diniy e’tiqodlarning kishilar ongida mustahkam bo‘lishiga qarshi bo‘lganlar din va diniy e’tiqod jarchilarining sha’nini bulg‘ash orqali o‘z maqsadlariga yetishishga harakat qilishadi. Buning uchun ular hech qanday yolg‘onu tuhmatdan, beyuzlik, sharmandalikdan qaytishmaydi.
Kimdir «Ba’zan tuhmat emas, bor gap ham bo‘lyapti, ayrim domlalar qovun tushiryapti‑da», deyishi ham mumkin. To‘g‘ri, guruch kurmaysiz bo‘lmaydi. Ba’zan tuhmat emas, tagi bor gap bo‘lishi, qaysidir ahli ilm odam ham xatoga yo‘l qo‘yishi mumkin. Lekin bu degani u musulmonchilikdan chiqib ketdi, sha’ni va qoni halol degani emas. Har ishda adolat lozim bo‘lganidek, bu borada ham insof qilish kerak. Surishtirilsa, o‘sha xatokor domlaning ham xizmati, yaxshiligi talaygina bo‘ladi. Xullas, bu borada tarqatilayotgan gaplarda ikki jihatdan adolatsizlik bo‘lyapti:
-
Kichkina gapni gupirtirish, aslida ayb bo‘lmagan ishni aybga yo‘yish, vahimaga aylantirish. Misol uchun, birorta domlaning qimmatbaho mashina minishi, hashamatli uyda yashashi yoki halol‑pok yo‘l bilan ikkinchi oila qurishi. Bular muboh amallar bo‘lib, buni kovlash fitnagarlikdan boshqa narsa bo‘lmaydi.
-
Bir‑ikkita holatni umumiylashtirish. Birorta masalada xato qilgan odamni butkul fosiqqa chiqarish yoki bitta odam xato qilsa, hammani yoppasiga qoralash, yomonotliq qilish. Bu ham nohaqlik. Aslida hamma sohada ham noloyiq odamlar bor, balki boshqa sohalarda o‘shnaqasi ko‘p, salohiyatliysi kam. Domlalar ichida esa holat aksincha. Ammo ko‘pchilik bu haqiqatni unutib qo‘yadi.
Alloh taologa shukrlar bo‘lsinki, dunyo bo‘ylab musulmonlar asta oyoqqa turib, o‘zligini anglab bormoqda, har jabhada yuksalmoqda. Bunda ulamolarning xizmati beqiyos, yetakchiligi oydek ravshandir. Buni yaxshi anglagan dushmanlar xalq bilan olimlar o‘rtasiga rahna solish uchun ming xil hiyla uylab topishi aniq. Shu bois, musulmonlar bunday fitnalarga hushyor bo‘lishlari lozimdir.
Ahli ilmlar ham inson, ularni umuman daxlsiz deb muqaddaslashtirmoqchi emasmiz. Ammo ularning dinga qilib turgan xizmati, ularga qilingan hujum dinni jarohatlashi har qanday iymonli odamni taammul bilan ish qilishga undashi kerak. Shaxsiy adovat qutqusida gavhari iymonga putur yetkazib qo‘yishdan hazir bo‘lish darkor.
Men olimlik da’vosidan yiroqaman, nari borsa, bir tolibi ilmman. Ammo olimlarni yaxshi ko‘raman, qadrlayman. Ularni hurmat qilishni, xizmatlarini qadrlashni, qo‘ldan kelgancha qo‘llashni, kamchiliklarini ko‘rganda, imkon qadar isloh qilishni istayman. Ammo ularni obro‘sizlantirish, behurmat qilish va masxaralashda yaxshilik ko‘rmaganman va yaxshilik bor deb ham bilmayman. Alloh taolodan dinini bilganlarga, ozmi‑ko‘p unga xizmati singayotgan ahli ilmlarga bo‘lgan muhabbat sababli meni ham yorlaqashini va ahli ilm zurriyotlar berishini umid qilaman. Parvardigor O‘zi nasib aylasin!