
JANOZA – FARZ IBODATDIR!
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
JANOZA – FARZ IBODATDIR!
Yurtimizda diniy adabiyotlar va ma’ruzalar keng ko‘lamda tarqab, xalqimizning diniy savodi ancha o‘nglangan bo‘lishiga qaramay, ko‘pchilikda ayrim oddiy masalalarda hali ham saviya yetishmayotgani kishini hayratga soladi. Ana shunday masalardan biri ‒ janoza namozi bo‘lsa, ajab emas.
Bu mavzudagi fikrlarni to‘plab, bir maqola qilishni anchadan beri ko‘zlab yurardim. Shu yil yozning oxirlarida nasib bo‘ldi-yu, ammo ayrim mulohazalar tufayli e’lon qilinmadi. Vaqti-soati bugun ekan, uni e’tiboringizga havola qilish nasib bo‘lib turibdi. Alloh taolo O‘zi manfaatli qilsin.
Janoza namozi farzi kifoya bo‘lish bilan birga, musulmonning musulmondagi haqqi hisoblanadi. Janozaning ahamiyati juda ham katta bo‘lib, inson zotiga bo‘lgan ehtiromning yuksak namunalaridan biridir. Shu bilan birga, u shunchaki an’ana, oddiy odat emas, balki shariatda belgilangan maxsus ibodat ‒ namozdir. Bu namozning o‘ziga yarasha shartlari va ruknlari bor. O‘sha shart va ruknlarsiz u janoza namozi emas, balki qandaydir noaniq harakatlar majmui bo‘ladi, xolos. Bugungi kunda ushbu haqiqatni kishilarga ko‘proq uqtirish lozim ko‘rinadi. Sababi ‒ janozaga qatnashayotganlar ko‘pincha bu amalni qandaydir bir udum, ta’ziya bildirishga o‘xshash oddiy ish deb o‘ylaydigan bo‘lib qolishgan. Janozaga ketayotgan odam u yerga borib, nimalar qilish kerakligini bilmaydi ham, bu haqda o‘ylab ko‘rmaydi ham. Eng achinarlisi, ko‘p holatlarda mayyitning farzandlari, yaqinlari ham bundan mustasno bo‘lmaydi, janozaga beparvo yondashishadi. Janozaga kelib, masjidga kirmay, tashqarida tamaki tutatib turadiganlarni aytmasa ham bo‘ladi.
Janoza namoz bo‘lgani bois, avvalo uning uchun namozdagi kabi poklik shart, ya’ni janoza o‘qimoqchi bo‘lgan kishi avvalo tahoratli bo‘lishi, usti-boshi ham pok bo‘lishi kerak. Tahoratsiz holda yoki nopok kiyim bilan janozaga quloq qoqqan kishi janozadan benasib bo‘lishdan tashqari qattiq gunohkor ham bo‘ladi, janoza namoziga va mayyitga nisbatan nihoyatda hurmatsizlik qilgan bo‘ladi. Shu bois, janozaga qatnashadigan odam albatta tahoratli bo‘lishi lozim. Tahorati yo‘qlar bir chekkada turib, janoza namozini kuzatib, keyin dafnga qatnashsalar, joiz. Ammo safga aralashib, tahoratlilarning namoziga xalal bermasliklari kerak.
Ikkinchi muhim masala – janoza namozining takbirlari. Bu ham juda dolzarb masala. To‘rt takbir janozaning ruknlari hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, shu takbirlar go‘yo janoza namozining rak’atlaridir. Rak’atsiz namoz bo‘lmaganidek, takbirsiz janoza bo‘lmaydi. Hatto bitta takbir aytilmay qolsa ham, janoza namozi hisobga o‘tmaydi, uni qayta o‘qish kerak bo‘ladi. Takbirni imom bilan birga jamoatdagi har bir kishi o‘zi ichida aytishi ham lozim, xuddi imomning ruku’-sajdasi muqtadiy uchun kifoya qilmaganidek. Imomning takbiri faqat o‘zi uchun bo‘ladi, iqtido qiluvchi odamning takbiri o‘rnini bosmaydi. Shu bois, janozaning duolarini bilmagan kishi ham hech bo‘lmasa shu to‘rt takbirni aytsa, janoza o‘qigan hisoblanadi.
Ochig‘ini aytganda, bu ma’noda hozir ahvol juda ham chatoq: boshqalarni qo‘ying, namozxonlar ham, hatto janoza duolarini o‘qiyotganlarning ko‘pchiligi ham takbir aytishga e’tibor bermaydi. Ayrim «bilag‘onlar» esa takbir aytilganda boshini xiyol ko‘tarib, qimirlatib qo‘ya qoladi. Boshqalar esa tosh qotgandek turaveradi, janoza o‘qimaydi. Ha, ular safda tik turadi xolos, janoza o‘qimaydi.
Hadisi shariflarda qaysi bir mo‘minning janozasida shirkka aralashmagan qirqta mo‘min qatnashsa, uning gunohlari kechiriladi deb bashorat berilgan. Bu esa shuncha odam o‘sha mayyitning haqqiga mag‘firat so‘rasa, ya’ni janozani risoladagidek, tartib-qoidalariga rioya qilgan holda o‘qisa, demakdir. Hozirda esa ayrim janozalarda yuzlab odam yig‘ilsa-da, janoza o‘qiganlar soni qirqta chiqmaydimi deb qo‘rqasiz.
Janozaning mag‘zi – mayyitning haqqiga duo qilish, mag‘firat so‘rashdir. Bu narsa janoza duosida o‘z aksini topgan. Bugungi kunda boshqalarni qo‘ya turing, namozxonlarning necha foizi janoza duosini biladi deb o‘ylaysiz?
Tafakkur qilsangiz, juda ham achinarli hol. Musulmonman deymiz, falonchi allomalarning avlodi ekanimizni aytib maqtanamiz, qaysilarimizdir eshonzoda, qozizodamiz, ammo o‘zimizga kelsa, shu to‘rt qatorlik duoni bilmaymiz. Ota-onamiz, yaqinlarimiz olamdan o‘tadi, imom-domla boshliq begona kishilar ularning haqqiga janoza o‘qib, duo qiladi, ammo o‘zimiz mayyitning egasi bo‘la turib, bunga yaramaymiz. To‘g‘ri, janozada safda turishimiz mumkin, lekin aslida janoza o‘qimaymiz.
Yoshning kattaligi, ish ko‘pligi, yana boshqa vajlar quruq bahona, xolos. Aslida o‘zimizda qunt yo‘q, ixlos yo‘q, insof yo‘q. Bo‘lmasa, qator-qator yengil-yelpi qo‘shiqlarni, yuzlab latifalarni yodlagan kalla bilan nega endi to‘rt qatorlik duoni yodlash mumkin bo‘lmaydi? Bir necha banddan iborat ashulani yarim zal odam qo‘shiqchi bilan birga jo‘r bo‘lib aytaveradi, ammo o‘shalarning birortasi o‘zi va ota-onasi uchun eng zarur bo‘lgan janoza duosini bilmaydi. Har kuni hali u, hali bu saytdan xabarlarni va boshqa ma’lumotlarni o‘qiymiz, ijtimoiy tarmoqlarda faolmiz, turli videolarni soatlab tomosha qilamiz. O‘shalarga sarflanayotgan vaqtimizning mingdan birida janoza duosiga o‘xshash zikrlardan bir nechtasini yodlab olishimiz mumkin, lekin bunga vaqt topolmaymiz.
Ota-onamiz, yaqinlarimiz ortidan qator-qator xayru ehsonlar qilamiz, xatmi Qur’onu tilovatlar yetkazdiramiz. Bular juda ulug‘ ishlar, albatta. Ammo otamiz yoki onamizga o‘zimiz janoza o‘qiy olishimiz mazkurlarning barchasidan savobli, ota-onamiz uchun manfaatli va ahamiyatlidir.
Ertami-indin hammamiz ham olamdan o‘tamiz, bizni ham o‘sha so‘nggi manzilga kuzatishlari bor. Faqat bugunning tashvishini qilavermay, kelajagimizni ham o‘ylashimiz lozim. Musulmon farzandi bo‘lsag-u, hech bo‘lmasa shu to‘rt takbirlik janoza namozini o‘qishni bilmasak, musulmonchiligimiz qayoqda qoladi? Janoza namozi faqat imomlar yoki masjid xodimlari bajaradigan amal emas, balki har bir musulmon kishi bilishi lozim bo‘lgan ibodatdir.
Farzandlarimiz ko‘chadan har baloni o‘rganib kelishyapti. Ular bugun kompyuter, mobil telefon va boshqa jihozlarni ishlatishni birpasda o‘rganib olishyapti. Ayniqsa, o‘sha jihozlardagi o‘yinlarni chilpirak qilib tashlashadi. «O‘zim hatto kerak odamning raqami bilan ismini yozishniyam bilmayman, lekin nabiram internetlarga kiradi, uyog‘idan kirib, buyog‘idan chiqib ketadi», deb maqtanib ham qo‘yamiz. Ammo o‘sha shunqorimiz bitta surani dadil o‘qiy olmaydi, janoza namozi nimaligini bilmaydi, bularni unga o‘rgatmaganmiz.
Ertaga noni butun bo‘lsin deb, ularga turli bilimlarni o‘rgatyapmiz, maktabdan boshlab, universitetlargacha o‘qityapmiz. U yerdagi ta’limdan ko‘nglimiz to‘lmasa, repetitor yollab, unga beriladigan falon pulni ham topyapmiz. Bularning hammasi o‘z o‘rnida kerak. Ammo ertaga biz olamdan o‘tsak, bu farzandlar bizga janoza o‘qib, haqqimizga duo qilishga yaraydimi, buni ham o‘ylashimiz darkor. Ortimizdan loaqal ikki kalima Qur’onni to‘g‘ri o‘qib, bizni duoda yod etishga yaraydimikin ular? Boshqalar boshimizda turib, janoza o‘qib, biz bilan xayrlashsa-yu, o‘z jigarbandlarimiz nima deyishni bilmay so‘ppayib turaversa! Aslini olganda, biz o‘zi shunga loyiqmiz, chunki bu bolalar o‘zimiz yetishtirgan hosil. Ammo o‘z farzandlarimizni ota-onalari haqqiga janoza o‘qib, duo qilish sharafidan mahrum qilganimizni qanday oqlay olamiz? Buning uchun Allohning huzurida, tongla mahshar farzandlar qarshisida nima deb javob beramiz? Bu dunyoda ham, u dunyoda ham mas’uliyat bizning bo‘ynimizda bo‘lishi aniq.
Janoza namozi juda murakkab, qiyin amal emas. Tik turib to‘rt marta «Allohu akbar!» deyish-u, salom berish va takbirlar orasida bir-ikki qatorlik uchta duoni o‘qishdan iborat. Buni o‘rganish uchun ko‘p narsa kerak emas, ozgina qunt va muhabbat bo‘lsa bas. Allohga shukrlar bo‘lsinki, bugun yurtimizda buning uchun talaygina imkoniyatlar bor, xilma-xil kitoblar, qo‘llanmalar muhayyo. Ularni o‘qib, o‘rganib, so‘ng rioya qilish, amalga oshirish qoldi, xolos.
Janoza xususida unutilayozgan yana bir masala ‒ ayollar masalasidir. Gap shundaki, ayollar ham janoza namozi o‘qishi mumkin. Ayollar masjidlarga qatnamaydi, u yerga ataylab janoza o‘qish uchun bormaydi, ammo janoza namozi xonadonda o‘qilganda o‘sha yerdagi ayollar erkaklarga iqtido qilgan holda janoza namozini o‘qishlari mumkin. Ko‘plab viloyatlarda janoza uyda o‘qiladi, xususan, mayyit ayol kishi bo‘lsa, janozani uyda o‘qishga odatlanilgan. Ana shunday paytlarda ayollar ham parda ortida turib, janoza namoziga qo‘shilsalar, savob bo‘ladi. Buni haj yoki umraga borgan hoji ayalarimiz yaxshi bilishadi. Haramda o‘qiladigan janozalarda imomga ayollar ham iqtido qilib o‘qiyveradilar. Shu bois, janoza namozining hukmlari va zikrlarini ayollarga ham o‘rgatib qo‘yish darkor.
Odatda aynan mayyit tobutga olinib, janoza o‘qiladigan joyga olib chiqilgan paytda ayollarning baland ovozda yig‘lab, dod-faryod solishi avjga chiqadi. Buning o‘rniga ular tahorat bilan, mayyitning haqqiga xolis, samimiy duolar bilan janoza namoziga tayyorlansalar, janozadan oldingi qisqacha amru ma’ruf, nahiy munkarga quloq solsalar, so‘ng odob bilan, tavoze’ bilan, hayo-iffat bilan, xushu’-xuzu’ bilan janoza namoziga iqtido qilsalar, savob ustiga savob bo‘ladi, barchaga ibrat bo‘ladilar, chinakam muslimalik farzini, farzandlik yoki qarindoshlik burchini ado etgan bo‘ladilar.
Mayyitning ortidan ovoz chiqarib yig‘lashning avvalo mayyitga ozor bo‘lishi, ayollarning ovozi ham avratligi haqida har qancha gapirilsa ham, bu gaplarning ta’siri bilinmayapti. Ehtimol, ayollar dod solib yig‘lash o‘rniga janoza namoziga tayyorlansa, tahoratini yangilasa, bir-biridan janoza namozining tartibini, unda o‘qiladigan duolarni so‘rab, o‘rganib tursa, dinimizda qaytarilgan, islomiy madaniyatimizga yot bo‘lgan bu shovqin-suronlar biroz kamayarmidi?
Fursati kelganda shuni ham ta’kidlash o‘rinliki, janozada tahorat shartligi va takbirlar bu namozning rukni ekanini imom-domlalarimiz har janoza namozlarida jamoatga tushuntirib borsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi, barcha uchun manfaatli, xayr-barakotli ish bo‘lar edi. Shu bilan birga, imom-domlalarimizdan yana bir iltimos ‒ janoza duolarini sekinroq o‘qisalar, chunki ular bu zikrlarni yaxshi bilganlari uchun ularni tez o‘qiy oladilar, ammo ko‘pchilik namozxonlarda bu malaka yo‘q, ular bu duolarni o‘qishga ulgurmay qoladilar, shuning uchun ba’zan shoshib, takbirlarni ham aytmolmay qoladilar. Natijada ularning namozi durust bo‘lmay qoladi. Ochig‘i, ba’zan o‘zimiz ham imomga yetolay qiynalib qolamiz, bu esa yaxshi holat emas. Zotan, janoza duosi mayyitning haqqiga qilinadigan eng asosiy duodir, garchi uni mayyit egalari eshitmasa ham, shu bois, uni yetarli xushu-huzu’ bilan, yuksak ehtimom va yolvorish bilan ado etish darkor. Masalaning shu jihatiga ham e’tibor berish kerak deb o‘ylayman.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarni namozda saf tortishga o‘rgatish uchun qo‘llarida cho‘p bilan saflarni rostlab chiqardilar. Imom‑domlalarimiz xalqni ana shunga o‘xshash uslublar bilan, asta-sekin tushuntirishlar bilan komil ibodat qilishga o‘rgatib borishlari darkor. Alloh taolodan bu yo‘lda barchalarimizga O‘zi madadkor bo‘lishini so‘raymiz.
Fursatdan foydalanib, janoza namozi haqida qisqacha ma’lumotlarni taqdim qilmoqchiman.
Janoza namozining o‘qilish tartibi
Janoza namozida azon, iqoma, ruku’, sajda bo‘lmaydi. Imom mayyitning ko‘kragi to‘g‘risida (mayyit ayol kishi bo‘lsa, belining to‘g‘risida) turadi. Jamoat esa imomning orqasidan saf tortadi. Imom qo‘llarini quloqlari barobar ko‘tarib, «Allohu akbar» deydi. Iqtido qilganlar ham shunday qiladilar. So‘ng sanoni o‘qiydi:
سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ وَتَبَارَكَ اسْمُكَ وَتَعَالَى جَدُّكَ وَلَا إِلَه غَيْرُكَ.
Subhaanakallohumma va bihamdik, va tabaarokasmuk, va ta’aalaa jadduk, va laa ilaaha g‘oyruk.
Ma’nosi: «Allohim, Seni pok deb yod qilaman, isming muborak, martabang ulug‘dir, Sendan o‘zga iloh yo‘q».
Sanodan so‘ng ikkinchi takbirni aytadi. Keyingi takbirlarda qo‘llar ko‘tarilmaydi. Ikkinchi takbirdan so‘ng salavot o‘qiladi:
اَللَّهُمَّ صَلِّ عَلَى مُحَمَّدٍ وَعَلَى ءَالِ مُحَمَّدٍ، كَمَا صَلَّيْتَ عَلَى إِبْرَاهِيمَ وَعَلَى ءَالِ إِبْرَاهِيمَ، إِنَّكَ حَمِيدٌ مَجِيدٌ. اَللَّهُمَّ بَارِكْ عَلَى مُحَمَّدٍ وَعَلَى ءَالِ مُحَمَّدٍ، كَمَا بَارَكْتَ عَلَى إِبْرَاِهِيمَ وَعَلَى ءَلِ إِبْرَاهِيمَ، إِنَّكَ حَمِيدٌ مَجِيدٌ**.**
Allohumma, solli ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammad, kamaa sollayta ’alaa Ibrohiima va ’alaa aali Ibrohiim. Innaka hamiidum-majiid.
Allohumma, baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammad, kamaa baarokta ’alaa Ibrohiima va ’alaa aali Ibrohiim. Innaka hamiidum-majiid.
Ma’nosi: «Allohim, Ibrohim va uning oilasini yorlaqaganing kabi Muhammad va u zotning oilasini yorlaqagin. Sen maqtovga loyiq, buyuk Zotsan.
Allohim, Ibrohim va uning oilasiga baraka nozil qilganing kabi Muhammad va u zotning oilasiga ham baraka nozil qilgin. Sen maqtovga loyiq, buyuk Zotsan».
Salavotdan so‘ng uchinchi takbirni aytib, ortidan mayyitning haqqiga qilinadigan janoza duosini o‘qiydi:
اللَّهُمَّ اغْفِرْ لِـحَيِّنَا، وَمَيِّتِنَا، وشَاهِدِنَا، وَغَائِــبِنَا، وَصَغِيْرِنَا، وَكَبِيرِنَا، وَذَكَرِنَا، وَأُنْثَانَا، اللَّهُمَّ مَنْ أَحْيَيْتَهُ مِنَّا فَأَحْيِهِ عَلَى الْإِسْلَامِ، وَمَنْ تَوَفَّيْتَهُ مِنَّا فَتَوفَّهُ عَلَى الْإِيْمَانِ.
«Allohummag‘fir li hayyinaa va mayyitinaa, va shaahidinaa va g‘ooibinaa, va sog‘iirinaa va kabiirinaa, va zakarinaa va unsaanaa. Allohumma, man ahyaytahu minnaa fa’ahyihi ’alal Islaam, va man tavaffaytahu minnaa fa tavaffahu ’alal iymaan.
Ma’nosi: «Allohim, tiriklarimizni ham, o‘tganlarimizni ham, borlarimizni ham, yo‘qlarimizni ham, kattayu kichigimizni ham, erkagu ayollarimizni ham mag‘firat qilgin. Allohim, bizdan kimni yashatsang, Islomda yashat, kimni vafot etdirsang, iymonda vafot etdirgin».
Keyin to‘rtinchi takbirni aytib, so‘ng salom beriladi.
Janoza namozining boshlanishiga ulgurmagan kishi takbir aytib, quloq qoqib, jamoatga qo‘shilib oladi-da, salomdan oldin qolgan uch takbirdan ulgurmaganlarini aytib oladi.
Ushbu janoza duosi barcha mayyitlar uchun kifoya qilsa-da, janoza namozida o‘qiladigan boshqa qo‘shimcha duolar ham bor. Masalan, yosh bolaga alohida, ayol kishiga alohida o‘qiladigan duolar ham kelgan. Ularni namoz o‘qish qoidalari haqidagi boshqa kitoblardan o‘rganib olishimiz mumkin.
Alloh taolo barcha ibodatlarimizni, xususan, janoza namozlarimizni to‘g‘ri va bekamu ko‘st ado etishni nasib qilsin, ularni dargohida husni qabul aylasin, o‘tganlarimizning haqqiga qilgan duolarimizni mustajob aylab, barchalarimizni ikki dunyo saodatiga musharraf etsin!