
ENG TOTLI LAZZAT
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
Ha, ilm olish, biror haqiqatni kashf etish shunday huzurbaxsh bir ne’matki, uni chin ma’noda totgan odam boshqa lazzatlarning nash’u‑namosini pisand qilmay qo‘yishi tayin.
ENG TOTLI LAZZAT
Alloh taoloning insoniyatga bergan ne’matlari bayedad, beqiyosdir. Ularning ichida eng ajoyiblaridan biri ‒ uni lazzatlarga burkab qo‘yganidir. O‘yin‑kulgi lazzati, taom‑sharob lazzati, oilaviy munosabatlar lazzati, obro‘‑mansab lazzati, mol‑dunyo lazzati, istirohat lazzati, ibodat‑zikr lazzati, go‘zal ohang lazzati, lutf‑zarofat lazzati va boshqa lazzatlar borki, inson ularning og‘ushida yuz yillab hayot kechirganini ham bilmay qoladi va hech qachon lazzatlarga bir yo‘laga to‘ymaydi. Mazkur lazzatlarning hammasi ham insonga o‘ziga xos huzur beradi‑ku, lekin ularning qatorida sanalmagan yana bir lazzat borki, hech bir lazzat undan o‘ta olmaydi. Zero, u insonning insoniyligini ta’minlovchi ruh tuyuyadigan lazzatlardandir. U bu duyondagi eng totli lazzatdir. U ilm lazzatidir.
Ha, ilm olish, biror haqiqatni kashf etish shunday huzurbaxsh bir ne’matki, uni chin ma’noda totgan odam boshqa lazzatlarning nash’u‑namosini pisand qilmay qo‘yishi tayin.
Imom Shotibiy «Muvofaqot»da aytadi: «Narsalarni bilishda hech bir lazzat teng kela olmaydigan lazzat bor, chunki bu bilinmishni qo‘lga kiritish, unga ega bo‘lishning bir turidir. Qo‘lga kiritishni yaxshi ko‘rish esa inson tabiatiga singdirilgandir, qalblar unga mayl qiladi».
Abu Abbos Harroniy rahmatullohi alayh: «Hech shubha yo‘qki, ilmning lazzati eng kuchli lazzatdir», deydi.
Sahl ibn Abdulloh Tustariy rahmatullohi alayh aytadi: «Ilm dunyo lazzatlaridan biridir. Agar unga amal qilinsa, oxiratniki bo‘ladi».
Ibn Qayyim rahmatullohi alayh aytadi: «Ilm oshiqlariga kelsak, ular ilmga shunday oshiqi beqror, xushtor bo‘ladilarki, hech bir oshiq o‘z ma’shuqiga ularchalik shaydo bo‘lmaydi. Ularning ko‘plarini bashardagi eng go‘zal surat ham ilmdan bura olmaydi... Agar ilmga surat berilsa edi, qasamki, u eng chiroyli surat bo‘lar edi».
Muhammad ibn Fazl Balxiy: «Kim ilm lazzatini totsa, undan judo bo‘lishga sira sabr qila olmaydi», deydi.
Imom Movardiy rahmatullohi alayh aytadi: «Ilm har qanday lazzatning o‘rnini bosadi va har qanday shahvatdan behojat qiladi».
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh ba’zida jumboqli masalalar ustida bahs bo‘lib qolsa: «Podshohlar bu lazzatlardan qayerda‑ya?! Agar ular buni bilishsa, shu uchun biz bilan jang qilishlari aniq», deb qo‘yar ekan.
Boshqa bir rivoyatda kelishicha, imom Muhammad rahmatullohi alayh ilmiy zavqlar bo‘lganda: «Podshohlarning farzandlari bu lazzatlardan qayoqda‑ya?!» der ekan.
Alloma Munoviy aytadi: «Tolibi ilm uni tushungan sari lazzat oladi. U ushbu lazzatni ko‘proq totish payida boraveradi. Talab qilgan sari lazzati ortadi. U bu lazzatning eng oxirgi darajasini istaydi, lekin uning nihoyasi yo‘q».
Odam zotning tabiati shundayki, qaysi bir narsaning lazzatini totib qolsa, o‘shanga erishish payiga tushib qoladi va bu yo‘lda mashaqqatlar ham unga huzur baxsh etaveradi. Ilm olish lazzati ham shunday, uning mazasini totgan odam bu yo‘lda barcha narsani osongina fido eta oladi: ilm uchun mol‑pulini, kechayu‑kunduzlarini baxsh etadi, ahlu avlod firoqiga ham chidaydi, hatto ilm halovatida bo‘lib, ochlik‑tashnalikni ham unutib yuboradi. Boshqacha qilib aytganda, inson ana shu darajada ilmga oshiq, xaridor bo‘lmagunicha chin ma’noda ilmga erisha olmaydi.
Nazr ibn Shumayl aytadi: «Kishi ilm yo‘lida och qolib, ochligini‑da unutmagunicha ilm lazzatini totmaydi». Abdullatif ibn Yusuf Bag‘dodiy aytadi: «Kim ilm olish alamini totmasa, ilm lazzatini tuya olmaydi. Kim qiynalmasa, zafar quchmaydi».
Ibn Javziy rahmatullohi alayh shunday deydi: «Allohga qasamki, men qadri baland holda hayot kechirgan biror kishining o‘zidan boshqalar yetisha olmagan lazzatga erishganini bilmayman. Faqat Hasan Basriy va Sufyon kabi muxlis ulamolar hamda Ma’ruf kabi haqiqiy obidlar bundan mustasno. Zero, ilm lazzati hamma lazzatdan ustundir. Ularning och qolishlari, ozorlar bilan sinalishlariga kelsak, bu ham ularning darajalarini ziyoda qiladi».
Ibn Qosim rahmatullohi alayh aytadi: «O‘n yetti yil Molikning ostonasida bo‘ldim. Bu davr ichida biror narsa sotmadim ham, sotib olmadim ham. Bir kuni uning huzuridaligimda bir misrlik hoji kelib qoldi. Mo‘ylabi endi sabza urgan yosh yigit ekan. U oldimizga kirib kelib, Molikka salom berdi va: «Ichingizda Ibn Qosim bormi?» deb so‘radi. Ular meni ko‘rsatishdi. Shunda u kelib, ko‘zlarimdan o‘pdi. Men undan shirin bo‘y, farzand bo‘yini tuydim. Bilsam, u o‘g‘lim ekan».
Ibn Qosim rahmatullohi alayh amakisining qiziga uylangan edi. Ilm yo‘lida safarga chiqar ekan, xotiniga nikohda qolish yoki ajrashish ixtiyorini beradi. Ayol muddat qancha uzoq bo‘lmasin, olimning nikohida qolishni, uni kutishni tanlaydi. O‘shanda u o‘sha musofir yigitga homilador edi.
Ilm tahsili har jihatdan lazzatdir. Salomatlikda g‘ayrat, bemorlikda quvvat va sukunat baxsh etadi. Ilm otasizga ota, onasizga ona, bolasi yo‘qqa bola bo‘la oladi. U ko‘pchilik ichida sharaf va ziynat, yolg‘izlikda eng yaxshi hamnishin, hamroh bo‘ladi.
Buyuk muhaddis Abdulloh ibn Muborakka: «Bir o‘zingiz kitob o‘qib o‘tiraverasiz, yolg‘izlikdan huvillamaysizmi?» deyishdi. Shunda u: «Qanday qilib, axir men Nabiy sollallohu alayhi vasallam, Abu Bakr Siddiq, Umari Odil va boshqa salafi solihlar bilan hamisha biragaman‑ku», deb javob berdi.
Ilm lazzati kishini barcha tarafdan qamrab oladi va har qadamda huzur beradi. Bilmaganini bilib ham, biror jumboqni yechganda ham, qiyin jumlalarni fahmlaganda ham, kitob mutola qilgandam ham maza qiladi, huzurlanadi. Shuningdek, kitob ta’lif etganda, ilm taratganda yanada o‘zgacha rohat va lazzat tuyadi.
Mutaqaddim ulamolardan Abu Ubayd rahmatullohi alayh aytadi: «Men ushbu kitobni ‒ “G‘aribul‑hadis” kitobini nazarda tutmoqda ‒ qirq yilda yozib bitirdim. Gohida ulamolarning og‘izlaridan foydalarni olib, ushbu kitobdan joyini topib qo‘yar ekanman, bundan xursand bo‘lganimdan tuni bilan uxlamas edim».
Shu o‘rinda beixtiyor Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq rahmatullohi alayh yodga keladi. U kishi bir umr ilm ochida yashab, har jabhada chuqur ilmga ega bo‘lishlariga qaramay, ilmga xuddi talabalardek tashna edilar, hamisha yangi ilm hosil qilishga haris edilar. Ilmiy yangiliklardan o‘zgacha yayrab ketarar, ba’zan xuddi endi ilm yo‘liga kirgan tolibdek quvonib ketar edilar. Shuning uchun ham ana shunday ilmiy yechim keltira bilgan, yangilikka intiq, buni uddalay oladigan shogirdlariga o‘zgacha mehr berardilar. Ilmiy foyda kelitaridan majlis soatlab bo‘lsa ham charchamas, zerikmas edilar. Ba’zan ana shunday ilmiy muzokara ortidan u kishining huzurlarida peshindan shomgacha qolib ketgan paytlarimiz ham bo‘lgan.
Imom Shofe’iydan so‘rashdi:
‒ Ilmga ishtahangiz (shahvatingiz) qanday?
‒ Eshitmaganim biror harfni eshitgudek bo‘lsam, butun a’zoyi badanim quloqqa aylanib, uni tinglab maza qiladi.
‒ Unga hirsingiz qanday?
‒ Mol to‘plashga o‘ch, qizg‘onchiq odamning dunyoga hirsi kabi.
‒ Ilm talabida holatingiz nechog‘liq?
‒ Yolg‘iz farzandini yo‘qotgan ayolning bolasini qidirishi kabi.
Aytishlaricha, ba’zi bir ilm toliblari ilm tahsili lazzatini nafaqat ruhiyatida, balki jismida ham tuygan ekan. Ya’ni ilm olish bilan xuddi shirin taom yegandek tanasi yayrar, vujudi maza his qilar ekan.
Shuni ham aytib o‘tish o‘rinlki, ilmdagi lazzat barcha ilmlarda ham birdek bo‘lmaydi. Abu Homid G‘azoliy rahmatullohi alayh aytadi: «Dehqonchilik va tikuvchilik ilmining lazzati siyosat, odamlarni boshqarish ilmining lazzatidek emas. Nahv, adabiyot ilmining lazzati Alloh taoloni, U Zotning sifatlarini, farishtalarini, yeru osmon sir‑sinoatlarini o‘rganish ilmining lazzatidek emas. Balki, ilmning lazzati uning sharafiga bog‘liq. Ilmning sharafi esa u orqali bilinadigan narsaning sharafiga ko‘ra bo‘ladi».
Ayrim kishilar Qur’on yodlatish yosh bolalarga og‘ir kelmaydimi, deb so‘rab qoladi. Agar majburlash, kaltaklash kabi vositalar orqali ilm o‘rgatilsa, bu har qanday odamga og‘ir tushishi tabiiy. Ammo bola ilm olish zavqini totib qolsa, ana shunga erishilsa, u ilm olib maza qiladigan bo‘ladi, ilm tahsili u uchun o‘yindek huzurbaxsh mashg‘ulot bo‘lib qoladi.
Ibn Javziy rahmatullohi alayh o‘zining ilm talabida bo‘lgan paytlarini shunday eslaydi: «Ilm talabida bo‘lgan kezlarim shunday bir huzur‑halovatda edimki, o‘zim istagan, umid qilgan narsam yo‘lidagi qiyinchiliklar mening uchun asaldan‑da totli edi. Kichkina bola edim. Yonimga qotgan burdalarni solib, hadis o‘rgangani bordim. “Iyso” daryosi kanorida o‘tirib olib, o‘sha burda nonlarni yer va suvdan ichar edim. Bir luqma yeb, ustidan suv ichardim. Himmatimning ko‘zlari faqat ilm tahsili lazzatini ko‘rar edi».
Yettinchi hijriy asr molikiy ulamolaridan Sharafuddin Tilmisoniy ilm talabiga bolaligidan kirishgan edi. U hali go‘daklik chog‘idayoq ustozi Ibn Abu Zaydning darslariga qatnar edi. Bir gal tafsir darsida Shayx jannat ne’matlari xususidagi oyatlarni ajoyib jonli suratda, balog‘atli uslubda tafsir qila ketdi. Kichkintoy tolibi ilm Sharafiddin Tilmisoniy o‘rnidan turib, odob bilan Shayxga g‘aroyib savol bilan murojaat qildi: «Ustoz! Bir narsa so‘rasam. Mana, hozir siz jannat ne’matlari, uning lazzatlari haqida gapirib berdingiz. Aytingchi, jannatda ilm va ilm olish bormi?» dedi. Shayx bu kutilmagan savolga umumiy shaklda javob berdi: «Jannatda ko‘ngil nimani tusasa, ko‘z nimadan quvnasa, hammasi bor. Ilm istasang, ilm ham bor». Bu gapni eshitgan bolakay tarix sahifalariga zarhal harflar bilan qaydlangan quyidagi gapni iyrod etdi: «Ustoz, agar siz jannatda ilm yo‘q deganingizda, men hech ikkilanmay: «Unda jannatda lazzat yo‘q ekan», der edim».
Ha, qadimgi ulamolarimiz ilmga ana shunday shaydo bo‘lishgan va shuning uchun ham ular ilm cho‘qqilarini bemalol zabt etishgan. Ularning bu boradagi ajoyib xislatlarini aytib tugatish mushkul. Biroq, ilm lazzatini tuyush har kimga ham nasib bo‘lmaydi. Gunoh‑ma’siyatga ko‘milgan, dunyo lazzatiga berilgan kishiga ilm‑ibdoat lazzati berilmaydi.
Ulamolarimiz aytadilariki, kimda ilm lazzati jismoniy lazzatlardan ustun kelmasa, u hech qachon ilmga ega bo‘la olmaydi. Ilm lazzati ruhoniy bo‘lib, farishtalarning lazzatlanishiga mengzaladi. Jism lazzati esa hayvoniydir. Yomonlik, zulmu sitam, buzg‘unchilikdan lazzat olish iblisning xislatlaridandir. Barcha lazzatlar ruh tanadan ajrashi bilan yakun topadi. Illo ilm lazzati bardavom qoladi, ruh foydali ilm sababli huzur va rohatda bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, ilmning lazzati betakror va benazirdir. Holvaning mazasini uni totmaganlar tasavvur qila olmaganidek, ilm lazzatini ham uning mazasini tuyganlar biladi. Bu lazzat ilmning shu dunyodagi savobi va barakalaridandir. Uning boshqa lazzatlardan farqi haqida ‒ “mag‘izga yetishish uchun danakni yorib o‘tish kerak”… deyish mumkin. Zotan, yuqori mazali lazzatlar arzon emas, mashaqqatsiz qo‘lga kirmaydi.