
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
OLIMLARNI TANISH ‒ ENG KATTA IBRAT MANBAIDIR
Ulamolarni tanish, ilmiy harakatlar haqida bilish har qanday sog‘lom qalbli insonga zavq va ilhom beradi. Bundan, ayniqsa, ilm toliblari quvvat oladi, olimlar uchun bu ma’lumotlar bir ko‘zgu o‘laroq xizmat qiladi: unda ular o‘zlarining yutuq va kamchiliklarini ko‘radilar.
OLIMLARNI TANISH ‒ ENG KATTA IBRAT MANBAIDIR
Ilm ‑ yodlash bilandir
Ulamolarni tanish, ilmiy harakatlar haqida bilish har qanday sog‘lom qalbli insonga zavq va ilhom beradi. Bundan, ayniqsa, ilm toliblari quvvat oladi, olimlar uchun bu ma’lumotlar bir ko‘zgu o‘laroq xizmat qiladi: unda ular o‘zlarining yutuq va kamchiliklarini ko‘radilar.
Bugungi kundagi islomiy ilmlar yo‘lida safarbar etilayotgan iqtidor va urunishlarni o‘rganganda mo‘minlar bu ummatda yaxshilik bardavom ekanini his etib, o‘tmishdagi buyuk allamolarning darajalari bir nav tasavvuriga yaqinlashtirsa, bu holat, o‘z navbatida, Allohning nurini og‘izlari bilan o‘chirmoqchi bo‘lganlarni noumid qiladi hamda faqvulotda xotirali ulug‘ ulamolarimizning ilmiy salohiyatlari haqida shubhada bo‘lgan bilimsiz kimsalarga qaqshatqich tanbeh bo‘ladi. Shuningdek, haqiqiy ilmiy faoliyatlar bilan tanishish bir‑ikkita kitobni u yoq‑bug‘idan o‘qib olib, o‘zini alloma sanab, odamlarning boshini qotirayotganlarga ham eng yaxshi nasihat bo‘ladi. Xullas, quyida keladigan satrlardan har kim o‘ziga yarasha xulosa va ibrat oladi deb umid qilaman.
Mavritaniyalik ahli ilmlar yoddoshliklari bilan tanilganlar. Ularda ko‘p asarlar yod olinadi. Ana shunday yoddoshlar ichida zamonamizda eng peshqadam hisoblangan olim Muhammad Hasan Valad Didu hafizahulloh bo‘lib, butun dunyo olimlari u kishiniing fazlini e’tirof etadi. Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh ham bu olim haqida juda ko‘p yaxshi fikrlar aytganlar.
Muhammad Hasan Valad Didu Mavritaniyada «Olimlarni yetishtirish markazi» nomli bilim dargohiga asos solgan bo‘lib, u yerga o‘qishga kirishning shartlari o‘zi anchayla mulla bo‘lishni talab qiladi. To‘liq o‘qish yili 17 sana bo‘lib, bitiruvchilar 50 ga yaqin fanda mutaxassis bo‘lib yetishadi. Muassisning aytishicha, Markazda har bir fanda bir‑ikkita kitob yodlatiladi va boshqa kitoblar o‘qitiladi. Jumladan, «Sahihayn» ‒ Buxoriy va Muslimning «Sahih»i to‘liq yod olinadi. Fiqhda molikiy mazhabda, aqidada esa ash’ariylikda o‘qitiladi.
Ushbu ilmiy dargohning ko‘zi ojiz bir talabasi haqida ajoyib ma’lumot o‘qib qoldim va uni ko‘pchilikka ilindi. Ma’lumot alloma Muhammad Hasanning feysbukdagi sahifasidan olingan bo‘lib, Abu Sirin Akram Butbiybaning qalamiga mansubdir. Tarjimada ayrim jumlalar o‘zbek o‘quvchilariga tushunarli bo‘lishi uchun erkin o‘girildi.
«Alloma Muhammad Hasan Didu boshini o‘pib qo‘yayotgan bu yigitni taniysizmi?
U Mag‘riblik Muhammad Tayyib, ko‘zi ojiz, 1997 yilda tug‘ilgan. Ya’ni yoshi 22 da. Mavritaniyadagi «Olimlarni yetishtirish markazi»da tahsil oladi.
Qanchadan‑qancha ko‘rlar bor, qalb ko‘zi ochiq.
Qanchadan‑qancha qalblar bor, qalb ko‘zi so‘qir.
(Islomiy ilmlardagi xususiyatlardan biri ‒ har bir ilmda o‘sha ilmning asosiy qoidalarini yodda saqlash uchun ularni ixcham satrlarda qaydlash yo‘lga qo‘yilgan. Bunday asarlar mantlar deyiladi. Matnlar yodlash uchun mo‘ljallangan bo‘lgani bois, ko‘pincha nazm shaklida yoziladi. Ularni yodlagan kishi o‘sha sohadagi eng muhim, birlamchi ma’lumotlarni hamisha xotirda saqlab yurish imkoniyatiga ega bo‘ladi.)
Muhammad Tayyib juda ko‘p matnlarni yod olgan va ularni sharhlab ham beradi. Jumaladan:
- Qur’oni Karimni yod olgan va o‘n mutavotir qiroatni ham o‘zlashtirgan.
Uning tajvid va Qiroatga oid yod olgan matnlari:
- Jamzuriyning «Tuhfatul‑atfol» asari;
- Ibn Jazariyning «Muqaddimatul‑jazariya» asari;
- Ibn Burriyning Imom Nofe’ qiroatiga oid «Ad‑durarul‑Lavami’» asari;
- Imom Shotibiyning 1100 baytdan ziyod, yetti qiroatga bag‘ishlangan, «Shotibiyya» deya tanilgan «Hirzul‑amoniy va vajhuttahoniy» asari;
- Ibn Jazariyning uch mutavotir qiroatga bag‘ishlangan «Ad‑durratul‑muziya» asari.
Tafsir faniga oid yod olgan matnlari:
- «Maroqil Avoh» manzuma, 8000 baytdan ziyod, tafsirga oid, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganishda juda ham qimmatli manba.
Muhammad Tayyib tafsir ilmida «Tafsiri Jalolayn» va «Tafsiri Ibn Jizziy»ni ham yaxshi o‘rganib, o‘zlashtirgan
Hadis ilmiga oid yod olgan asarlari:
- «Al‑Arbain An‑Navaviya»;
- «Umdatul‑ahkom», unda 422 hadis kelgan;
- «Bulug‘ul Marom», unda 1500 ga yaqin hadis jamlangan;
- «Taqribul‑asanid va tartibul‑masanid», 1500 ga yaqin hadis jamlangan;
- «Sahihul Buxoriy», 7700 atrofida hadis.
- Abdulhaq Ishbiyliyning «Aljam’ baynas‑Sahihayn» asari.
Muhammad Tayyib mazkur asarlarning barchasini Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetib boradigon sanad bilan yod olgan.
- «Bayquniyya» manzumasi;
- Ibn Hajar Asqaloniyning «Nuxbatul‑fikar» risolasi;
- 3000 baytdan ortiq «Tal’atul‑anvor» kitobi;
- Hofiz Iroqiyning «Alfiya» asari, 1000 baytdan iborat;
Muhammad Tayyibning usuli fiqhga oid yodlagan asarlari:
- «Varaqotu Imomul‑Haramayn»;
- Ibn Osimning 700 dan ziyod baytdan iborat «Murtaqol‑vusul» asari;
- Sayyid Abdulloh Alaviy Ash‑Shinqitiyning «Maroqis‑Su’ud» asari, 1001 baytdan iborat.
Muhammad Tayyibning fiqh ilmida yodlagan asarlari:
- «Muxtasarul‑Axzariy»;
- Ibn Oshirning 317 baytli manzumasi;
- Muhammad Mavlud Fol Ya’qubiyning 3700 baytdan ziyod «Kafoful‑mubtadiy fi fannayil‑odot vat‑ta’abbud» asari;
- «Muxtasar Xalil» asari, nasrda yozilgan, 360 sahifa.
Buluardan tashqari «Ashalul‑Masolik» va Ibn Abu Zaydning «Risola»sini ham yod olgan bo‘lishi kerak.
- Zaqqoqning «Al‑Manhajul‑muntaxab» asari;
Muhammad Tayyibning siyrat va tarixga oid yodlagan asarlari:
- Ibn Abu Izz Hanafiyning «Al‑Urjuzatul‑miiyya»si, 100 bayt;
- «Qurratul‑absor fi siyrotish‑Shafi’il‑Muxtor» asari;
- «Ummahotul‑mu’minin» manzumasi;
- Badviyning «Mag‘ozi Xayrul‑varo» manzumasi, 500 baytdan ziyod;
- Badviyning «Umudun‑nasab» asari, 1300 ta bayt;
- «Havadisus‑sinin» manzumasi;
Muhammad Tayyibning aqidaga oid yod olgan matnlari:
- Adudning salaf ulamolarning e’tiqodiga oid «Aqidatun salafiyya» asari;
- «Izoatud‑dujunna», ash’ariy aqidasida yozilgan asar.
Adabiyot hamda nahvu sarf faniga oid yodlagan matnlari:
- Muhammad ibn Abbihning «Ajurumiyya» nazmi, 155 bayt.
- Ibn Molikning «Lomiyatul‑af’ol» asarini Ibn Zaynning qo‘shimchasi bilan, 500 bayt.
- Ibn Hishomning «Qatrun‑nado» asari;
- Ibn Hishomning «Shuzuruz‑zahab» asari;
- Ibn Molikning «Alfiya»si, nahv va sarfga oid, 1000 baytdan iborat.
Balog‘at faniga oid yod olgan asarlari:
- Ibn Shuhnaning «Miatul‑ma’oniy val‑bayan» asari, 100 bayt.
- Abdurrahmon Ahzariyning «Al‑Javharul‑maknun» asari, 300 bayt.
- Imom Suyutiyning «Uqudul‑jamon» asari, 1005 bayt.
Mufradot va adabiyotga oid yod olgan asarlari
- «Al‑Mu’allaqotul‑’ashr», 800 bayt.
- «Lomiyatul‑arab» asari;
- Ka’b ibn Zuhayr roziyallohu anhuning «Burda»si;
- Ibn Vanoning «Shamqamqamiya»si, 271 bayt;
- Ibn Duraydning «Maqsura»si;
- Ibn Molikning «Tuhfatul‑mavdud fil‑maqsur val‑mamdud» asari;
- Ibn Murahhalning 1300 baytli «Muvattoul‑fasih» asari.
U yana she’riy devonlardan saylanmalarni ham yod olgan.
Uning mantiq faniga oid yod olgan matnlari:
- Axzariyning «As‑sullamul‑munavraq» asari.
Tasavvufga oid yodlagan matnlari:
- Adudning o‘g‘li Muhammad Solimning 500 baytli «Nazmul‑jomi’» asari;
- Muhammad Mavlud Folning «Mahorimil‑lison» asari;
- Muhammad Mavlud Folning «Nazmul‑burur» asari;
- Muhammad Mavlud Folning «Mutahhiratul‑qulub» manzumasi, 384 bayt.
Bulardan tashqari yana boshqa yodlagan matnlari ham borligini aytishadi!»
(Abu Sirinning so‘zi tugadi.)
Xulosa qilib aytganda, Muhammad Tayyib nodir iqtidorli, tirishqoq tolibi ilmlardan bo‘lib, imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay shuncha asarni yod olishga muvaffaq bo‘libdi. Yodlamay, bir qator o‘qib chiqqanlari, ya’ni tinglash orqali o‘rganib o‘tganlari yana ancha bo‘lsa kerak. Bu bizga ibrat bo‘lmog‘i lozim.
Ushbu satrlarni o‘qiganda biz musulmonlarda Qur’oni Karimni farzandlarga bolalikdan yodlatish sabablaridan biri ham oydinlashadi. Ya’ni Islom ilmlarida olim bo‘lmoqchi bo‘lgan ilm tolibi o‘rganishi, yod olishi lozim bo‘lgan kitoblar juda ham ko‘p. Zero, Islom ilm dini, unga doir bilimlar juda ham keng va chuqur. Ularda mutaxassis bo‘lish uchun avvalo Qur’onni yod olish kerak va undan keyin o‘nlab kitoblarni yodlashga ulgurish kerak. Shuning uchun ham Ibn Sino rahmatullohi alayh bolaga tili ravon bo‘lgandan Qur’on o‘rgatishni ta’kidlagan. Shuning uchun ham imom Buxoriy rahmatullohi alayh va boshqa ko‘plab olimlarimiz go‘dakligida avval Qur’onni yod olib, keyin hadislarni, boshqa ilmlardagi matnlarni yodlashga kirishganlar.
Bugun butun dunyoda barcha sohalarda ilm rivojlanib bormoqda. Biz ham ilmiy salohiyatni yuksaltirishga harakat qilishimiz kerak. Ilm toliblari yoshlikda ko‘proq matnlarni yodlashga harakat qilishlari matlubdir. Qur’oni Karimni yodlagan farzandlarimizga yuqoridagi kabi matnlarni yodlatib borishimiz, bunda tartibli ish qilishimiz darkor. Ana shunda biz bir qishloqqa aylanayotgan raqobatli dunyoda raqobatbardosh kadrlarni yetishtira olamiz va ulug‘ ajdodlarning meroslarini taklagan bo‘lamiz.
Alloh taolo yurtimizda ilgargidek ilmiy yetakchilik qayta tiklanib, har sohada yetuk olimlarimiz yana ko‘plab chiqishini, xalqimiz boshqalarga ustoz xalqlardan bo‘lishini O‘zi nasib etsin va bu yo‘lda barchamizga O‘zi madadkor bo‘lsin!