
KO‘RISHISH ODOBLARI
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
KO‘RISHISH ODOBLARI
ERKAK AYOL BILAN, AYOL ERKAK BILAN KO‘RISHISHI MUMKINMI?
Qo‘l berib, quchoq ochib, o‘pib ko‘rishish faqat jinsdoshlar o‘rtasida emas, balki bir-birlariga mahram bo‘lgan erkak-ayollar o‘rtasida ham joiz. Birgina shart – fitna va yomon his-tuyg‘ular xavfi bo‘lmasligi lozim.
Imom Buxoriy Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladi: «So‘zda va gapirishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Fotimachalik o‘xshash odamni ko‘rmadim. Qachon u ul zotning huzurlariga kirsa, o‘rinlaridan turib, o‘pib kutib olar va o‘z o‘rinlariga o‘tqazar edilar. Agar u zot uning oldiga kirib qolsalar, u turib u zotni qo‘llaridan ushlab, o‘pib kutib olar va o‘z o‘rniga o‘tqazar edi. U ul zot vafotlari oldidagi xastaliklarida huzurlariga kirdi. Ul zot uni kutib oldilar va o‘pdilar».
Ushbu hadisdan mahramlarning bir-birlari bilan hatto o‘pib ko‘rishishlari ham mumkinligi kelib chiqadi. Ammo nomahramlar o‘rtasida ko‘rishishning birorta shakli joiz emas. Jumhur ulamolar hatto qo‘l berib ko‘rishish ham mumkin emasligini aytganlar.
Erkak-ayolning bir-birlari bilan ko‘rishishini uch qismga bo‘lish mumkin:
1. Nomahramlar o‘rtasida. Ya’ni, ko‘rishayotgan ayol bilan erkak bir-biriga nomahram, ya’ni o‘zaro nikohlanishlari ‒ shar’an er-xotin bo‘lishlari joiz bo‘lganlar o‘rtasida. Bularning bir-birlari bilan quchoq ochib, qo‘l berib yoki o‘pib ko‘rishishlari mumkin emas, harom hisoblanadi, garchi qo‘lqop kabi biror narsa qo‘l-qo‘lga tegishini to‘sib tursa ham. Chunki ularning bir-birlariga shahvoniy mayli bo‘lishi tabiiy hol. Bunga amakivachcha, xolavachcha, tog‘avachchalar, shuningdek, qaynog‘a, qaynisingil kabi vaqtincha mahramlar ham kirishini unutmaslik kerak.
Erkak kishining nomahram ayol bilan shahvoniy xayolda ko‘rishishi unga o‘sha ma’noda nazar tashlashdan ham og‘irroq gunohdir. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, begona erkak-ayollar qo‘l berib ko‘rishganida shahvoniy hirs bir-birlariga nazar tashlagandagidan ko‘ra qattiq va tezroq qo‘zg‘alar ekan.
Imom Molik, imom Ahmad, Nasoiylar Umayya bint Raqiqadan qilgan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men ayollarning qo‘lini olmayman», deganlar. Imom Buxoriy va Muslim Oisha roziyallohu anhodan qilgan rivoyatda u kishi: «Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘llari hech ham biror (nomahram) ayolning qo‘liga tekkan emas», deganlar.
Imom Tabaroniy Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Biringizning boshiga temir igna suqilishi uning uchun o‘ziga halol bo‘lmagan ayolni ushlaganidan yaxshiroqdir», dedilar».
Imom Ahmad roziyallohu anhudan «Nomahram ayollar bilan qo‘l berib ko‘rishish joizmi?» deb so‘rashganda, u kishi «Yo‘q», deb javob bergan. So‘rovchi kishi «Kiyimi bilan ko‘rishsa-chi? Ya’ni kiyim o‘rtada to‘siq bo‘lib tursa-chi?», deganida u kishi yana «Yo‘q», deb javob bergan.
Jumhur ulamolar ushbu va boshqa dalillar asosida bir-birlariga nomahram bo‘lgan va balog‘atga yetgan erkak-ayollarning hatto qo‘l berib ko‘rishishlarini ham harom deganlar. Chunki ko‘rishish tomonlarni bir-birlariga yaqinlashtiruvchi omil sanaladi. Nomahramlarning o‘zaro yaqinlashuvi ko‘plab axloqsizliklarga, yomon oqibatlarga olib kelishi hech kimga sir emas. Buni hayotning o‘zi tasdiqlab turibdi. Ushbu haqiqatni pisand qilmagan jamiyatlarning ahvoli barchaga ayon. Shu bois, nomahram erkak-ayollarga bir-birlari bilan uchrashganlarida salomalashish bilan cheklanishlari lozim. Ammo erkak kishi katta yoshdagi ayollar va rag‘bat uyg‘otadigan yoshga yetmagan qizchalar bilan qo‘l berib ko‘rishishi istisno tariqasida joiz sanladi.
2. Mahramlar o‘rtasida. Ularga bir-birlari bilan qo‘l berib, quchoq ochib yoki o‘pib ko‘rishishlari joiz. Ammo buning sharti ‒ fitna xavfi bo‘lmasligi, ya’ni tomonlarda hirs uyg‘onish holati ehtimoli kuzatilmasigi lozim. Bu shart ko‘pchilikka g‘alati tuyulsa-da, ayrim kishilarda, xususan o‘smirlarda bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatdir. Xususan, bugungidek axloqiy tanazzul avj olib, sof insoniy tabiat buzilib, mahramlar o‘rtasida ham nikohni targ‘ib qiladiganlar chiqib turgan bir paytda bunda juda ham ehtiyot bo‘lish lozim.
Demak, erkak kishi o‘z onasi, buvilari, opa-singillari, amma-xolalari, jiyanlari, farzand-nabiralari kabi doimiy mahramlari bilan ko‘rishishi mumkin. Bu mahramlar nasab jihatidan bo‘ladimi yoki emikdoshlik jihatidanmi, farqi yo‘q. Ammo erkak o‘z ayolining opa-singlisi, jiyani, amma-xolasi kabi vaqtinchalik mahramlar bilan ko‘rishishi mumkin emas. Ayol kishi ham o‘zining ota-bobosi, aka-ukasi, amaki-tog‘asi va jiyanlari kabi doimiy mahramlari bilan ko‘rishsa joiz. Ammo erining aka-ukasi kabi vaqtincha mahramlar bilan ko‘rishishi halol emas.
Mahram erkak-ayollar bir-birlari bilan ko‘rishganlarida odob-axloqqa rioya qilishlari lozim. Ko‘rishganda o‘zlarida hirs uyg‘onish xavfini sezsalar, ko‘rishmasliklari kerak. O‘pib ko‘rishganda peshonadan, qo‘ldan o‘pib ko‘rishiladi, labdan o‘pish mumkin emas, yuzdan ham o‘pmagan yaxshi. Begonalar oldida quchoq ochib yoki o‘pib ko‘rishmasliklari darkor, chunki bu odobsizlik bo‘ladi va kishilarning ko‘ngli buzilishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois, ulamolar onadan boshqa mahramlar bilan qo‘l berib ko‘rishish bilan kifoyalanishni tavsiya qilganlar.
- Er-xotin o‘rtasida. Shar’iy nikohdan o‘tgan er-xotinlarga bir-birlarining butun tanalarini ko‘rish va ushlash joizdir. Bu shahvat yuzasidan bo‘ladimi yoki bo‘lmaydimi, farqi yo‘q. Erkak kishining uydan chiqayotganda va uyga kelganda o‘z ayoli bilan quchoq ochib, o‘pib ko‘rishishi o‘zaro muhabbatga sabab bo‘ladi.
YOSh BOLA BILAN KO‘RISHISh VA UNI O‘PISH
Yosh bolalar bilan ko‘rishilganda ularni o‘pib, erkalash ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan, fazilatli amallardan sanaladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hasan ibn Aliyni o‘pdilar. Huzurlarida Aqra’ ibn Hobis Taymiy ham o‘tirgan edi. Aqro’: «Mening o‘nta bolam bor, ularning birortasini ham o‘pmaganman», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga qaradilar-da, so‘ng: «Kim rahm qilmasa, unga ham rahm qilinmas!», dedilar». Boshqa bir rivoyatda aytilishicha, «Alloh qalbingdan rahmatni sug‘urib olgan bo‘lsa, men nima ham qila olar edim», deganlar» (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Imom Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam kunning bir qismida yo‘lga chiqdilar. Ul zot menga hech narsa demas, men ham u zotga indamas edim. Yurib Banu Qaynuqo’ bozoriga yetib bordik. Ul zot Fotimaning uyi oldiga o‘tirdilar. So‘ng: «Bolacha bormi?» dedilar. Uni onasi bir oz tutib qoldi. Menimcha, unga sixob kiygizdi yoki uni yuvdi. Shunda u shiddat bilan yugurib keldi. Uni quchoqladilar, o‘pdilar» («Sixob» – bizdagi kamzulga o‘xshash bolalar kiyimi bo‘lib, kiyim ustidan kiygiziladi).
Erkak kishining rag‘bat uyg‘otadigan yoshga yetmagan qizchalar bilan ko‘rishishi, ularni o‘pib, erkalashi mumkin ekani haqida imom Buxoriy alohida bob ochib, uni «Birovning qizchasini o‘ynashiga qo‘yib berish, uni o‘pish yoki u bilan hazillashish haqida» deb nomlagan va unda quyidagi hadisni keltirgan:
Ummu Xolid binti Xolid ibn Sa’iddan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga otam bilan keldim, egnimda sariq ko‘ylak bor edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Sanah, sanah», dedilar. ‒ Abdulloh ibn Muborak: «Bu («sanah» so‘zi) habash tilida «go‘zal» deganidir», deydi. ‒ Keyin nubuvvat muhrlarini o‘ynay boshladim, shunda otam meni jerkib berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Uni tek qo‘y», dedilar».
Ayol kishining ham balog‘atga yetmagan o‘g‘il bolalar bilan ko‘rishishi, ularni o‘pishi joiz. Ummu Salama onamiz ba’zi tobeinlarni bolalik davrlarida o‘pib, boshlarini silaganlari rivoyatlarda kelgan. Bir marotaba Hasan Basriyga ko‘krak tutganlari ham sahih xabarlarda bor.
Imom Buxoriy «Al-Adab al-mufrad»da Ibrohim ibn Marzuq Saqafiyning o‘z otasidan qilgan quyidagi rivoyatini keltiradi: «Abdulloh ibn Zubayr meni ularga Hajjoj qanday muomala qilayotganining xabarini berishim uchun onasi Asmo bint Abu Bakrning huzuriga yuborardi. U mening haqqimga duo qilar va boshimni silar edi. O‘shanda men yosh bola edim».
Imom Navaviy shunday yozadi: «Kishining mehr-shafqat, lutf va qondoshlik muhabbati yuzasidan o‘zining kichik farzandi va inisining yonog‘idan o‘pishi, shuningdek, yonog‘idan boshqa joyidan – yuz-ko‘zidan, qo‘li va peshonasidan o‘pishi sunnatdir. Bu haqda ko‘plab hadislar kelgan bo‘lib, ular sahih va mashhurdir. Bunda bola o‘g‘il bo‘ladimi, qiz bo‘ladimi, farqi yo‘q. Shu bilan birga, kishi o‘z do‘stining yoki boshqalarning kichik yoshli bolalarini ham mazkur sabablar yuzasidan o‘pishi sunnatdir. Ammo shahvat yuzasidan o‘pish haromdir, bunga barcha ulamolar ittifoq qilganlar. Bunda ota-ona ham, boshqa odamlar ham barobardir. Balki qondosh va begona bolalarga shahvat bilan qarash ham haromdir».
JUNUB KISHI BILAN KO‘RISHISH MUMKINMI?
Ayrim kishilarda junub holda bo‘lib, hali g‘usl qilmagan kishi bilan ko‘rishish mumkin emas, degan tushuncha bor. Bunday noto‘g‘ri fikr dastlabki paytda ayrim sahobai kiromlarda ham bo‘lgan ekan. Bu haqda imom Termiziy o‘z «Jome’»ida «Junub kishi bilan ko‘rishish haqida» degan bob ochib, unda quyidagi mashhur voqe’ani naql qilgan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga Madina ko‘chalaridan birida yo‘liqibdilar. U junub ekan. «Shunda u zotdan yashirindim», deydi u. Borib, g‘usl qilibdi. Keyin kelsa, u zot: «Qayerda eding, ey Abu Hurayra?» debdilar. U: «Junub edim, siz bilan nopok holda o‘tirishni xohlamadim», debdi. Shunda u zot: «Subhanalloh! Musulmon najas bo‘lmas», dedilar».
Ulamolar ushbu hadisning sharhida ta’kidlaydilarki, Abu Hurayra roziyallohu anhu bunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan qo‘l berib ko‘rishishdan o‘zlarini olib qochgan ekanlar.
Imom Termiziy mazkur hadisni keltirgandan so‘ng bobga shunday xulosa yasaydi: «Ko‘plab ahli ilmlar junub kishi bilan ko‘rishishga ruxsat berganlar hamda junub kishi va hayzli ayoldan chiqqan terning zarari yo‘q, deb bilganlar».