
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
SAYLOVGA CHIQISH KERAKMI?
Ayrim kishilar saylovlarga beparvo bo‘lsa, ayrimlar bu ish o‘zi jiozmikin, degan savolni o‘rtaga tashlamoqda. Islom nuqtai nazaridan olib qaraganda, el-yurt ishiga ba’zi kishilarni mas’ul qilib saylash joiz, vaqti kelsa, vojib amal hisoblanadi. Shu bilan birga, musulmon kishi jamiyat ishlarida faol bo‘lishi, yaxshilik borasida barcha bilan hamkor bo‘lishga urunishi lozim. Quyida dinimizning shu xususdagi ayrim ta’limotlarini eslab o‘tamiz.
SAYLOVGA CHIQISH KERAKMI?
Ayrim kishilar saylovlarga beparvo bo‘lsa, ayrimlar bu ish o‘zi jiozmikin, degan savolni o‘rtaga tashlamoqda. Islom nuqtai nazaridan olib qaraganda, el-yurt ishiga ba’zi kishilarni mas’ul qilib saylash joiz, vaqti kelsa, vojib amal hisoblanadi. Shu bilan birga, musulmon kishi jamiyat ishlarida faol bo‘lishi, yaxshilik borasida barcha bilan hamkor bo‘lishga urunishi lozim. Quyida dinimizning shu xususdagi ayrim ta’limotlarini eslab o‘tamiz.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikkinchi Aqaba bay’atida yetmish kishidan iborat ansorlar jamoasiga o‘z ichlaridan naqib ‒ guruh raisi tayinlashlarini buyurganlar. Ulamolar ushbu holatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam naqiblarni o‘zlari tanlamay, buni saylovchilarga qoldirish bilan odamlar o‘zlarining ma’lum ishlarini amalga oshirish, rahbariyatga yetkazish uchun masu’l shaxslarni o‘zlari tanlashlari kerakligini o‘rgatganlariga e’tibor qaratadilar. U zot alayhissalom bu taomilni keyinchalik ham qo‘llaganlar. Bu haqda imom Buxoriy o‘z «Sahih»ida alohida bob ochib, «Odamlarga oqsoqol bo‘lganlar haqida» deb nomlaydi va unda odamlar ma’lum ishlarda yuqori rahbarga oqsoqollar orqali o‘z so‘zlarini yetkazishlari tavsiyasiga doir hadisni keltiradi (Qarang: Oltin Silsila, 8-juz, 7176, 7177-hadis.)
Islom tarixiga nazara solinsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin roshid xalifalar davrida ham, keyingi asrlarda ham xalq vakillarining o‘rni katta bo‘lgan. Ular xalifa va amirlarni saylashda ham bevosita xalqning nomidan ish ko‘rishgan. Qadimgi fiqhiy kitoblarimizda ularni «ahlul-halli val-’aqd» (ya’ni siyosiy ishlarni bekor qiluvchi va tuzuvchilar) deb atalgan. Bu borada fiqhiy manbalarda yetarlicha ma’lumotlar bor.
Ba’zi bir kishilar «Men saylovga chiqsam ham, chiqmasam ham baribir, ahamiyati yo‘q, balki nomzodlar tanlanib bo‘lgandir ham», degan qabilda loqaydlikka yo‘l qo‘yadi. To‘g‘ri, odamlardagi bu holat ham o‘z-o‘zidan yuzaga kelmagan, balki o‘tgan davrlardagi vaqelik, bugungi ayrim vaziyatlar shunga olib kelgandir. Lekin nima bo‘lganda ham, kishi o‘z vazifasini bajarish bilan bo‘ynidagi mas’uliyatni soqit kilishi lozim, qolgan ishlar mutasaddi bo‘lganlar zimmasiga tushadi. Bu haqiqatni mas’ullarga eslatib borish o‘rinlidir.
Alloh taolo: «Imkoningiz qadar Allohga taqvo qiling!» (Tag‘obun surasi, 16-oyat) degan. Har kim imkon qadar yaxshilik uchun, adolat qoim bo‘lishi uchun kerakli harakatni qilsa, zimmasidagi burchni bajargan bo‘ladi va shu yo‘sinda juda ko‘p xayru barakaga sabab bo‘lishi ham hech gap emas. Banda qudratidan tashqari ishdan so‘ralmaydi.
Ulamolarimiz «Imkoningiz qadar Allohga taqvo qiling!» degan oyatdan kelib chiqib, zulm va fasodni bira to‘la daf etish imkoni bo‘lmasa, qo‘ldan kelganicha qaytarish lozimligini ta’kidlaydilar. Nomzodlar ichida aynan siz istagan kishi bo‘lmasa ham, ishlar siz kutgandek bo‘lmagan taqdirda ham, ulardan el-yurtga, mo‘min-musulmonlarga ko‘proq manfaati yetadiganini tanlash orqali yomonlikni daf etishga hissa qo‘shish ham mazkur oyat taxtiga kiradi.
Yusuf alayhissalom Misr mamlakati podshohiga moliya ishlarini o‘ziga topshirishini, bu ishni yaxshi uddalashini aytadi. Boshqacha qilib aytganda, u kishi moliya ishlari bo‘yicha vazirlik mansabini o‘zi talab qiladi. Podshoh bu taklifni qabul qiladi. Holbuki, o‘sha paytda podshoh botil dinga e’tiqod qiladigan bo‘lgan. Yusuf alayhissalom nafaqat moliya sohasida, balki boshqa jabhalarda ham juda katta islohotlarni amalga oshiradi. Bu qissa Qur’oni Karimda kelgan. Bundan ulamolarimiz musulmon odam jamiyat islohi uchun qo‘ldan kelgan harakatni qilishi, o‘rni kelsa, mansabni talab qilishi ham mumkinligini aytadilar. Nomusulmonlar ichida mo‘min kishi ma’lum vazifalarni bajarishga o‘zini taklif qilishi mumkin ekan, ana shunday salohiyatli, jamiyatni isloh qila oladigan kishilarni kerakli vazifalarga saylash boshqalarga ham matlub bo‘ladi, deydi ulamolar. Bularning barchasi imkon qadar yaxshilikni dastaklash sarasiga kiradi. Bunday tadbirning ahamiyati bugun G‘arb mamlakatlaridagi musulmon yoki musulmonlarga xayrxoh bo‘lgan nomzodlarni saylashda yanada yaqqol ko‘rinadi.
Nomzodlardan birini saylashda uning topshirilayotgan mas’uliyatni bajarishga qanchalar omonatdor, qodir va haqli ekaniga e’tibor qaratish dakror. Alloh taolo Qur’oni Karim shunday deydi: «Alloh sizlarga omonatlarni o‘z ahliga topshirishingizni buyuradi» (Niso surasi, 58-oyat).
Mufassir ulamolarimiz oyatda «omonat» deganda barcha dinu dunyo ishlari nazarda tutilganini ta’kidlaydilar. Demak, musulmonlar dinu dunyo ishlarini o‘z ichlaridan kimlargadir topshirar ekanlar, uni o‘z egasiga topshishirshga harakat qilishlari darkor. Bu borada ham har kim o‘z vakolati va imkoniyati doirasida urunishi vojib. Aks holda, qiyomatning belgilari yuzaga kelishiga sabab bo‘lib qolish mumkin.
Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon omonat zoye qilinsa, qiyomatni kutaver!» dedilar. «Uni zoye qilish qanday bo‘ladi?» dedi (bir a’robiy). U zot: «Qachon ish o‘z ahlidan boshqaga topshirilsa, qiyomatni kutaver!» dedilar».
Saylovchi kishi nomzod tanlashda bor bilim-tajribasini ishga solish barobarida, o‘ta xolis bo‘lishi, shaxsiy manfaatlarni ustun qo‘ymasligi lozim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining bir hadislarida shunday deydilar: «Kim bir jamo ichidan bir kishini ishga tayinlasa, holbuki, ularning ichida undan ko‘ra Alloh rozi bo‘ladiganrog‘i bo‘lsa, u (tayinlovchi) Allohga, Uning Rasuliga va mo‘minlarga xiyonat qilibdi» (Hokim rivoyati).
Islom dinining tub mohiyati ‒ inson manfaatlarini muhofaza qilishdir. Ulamolar ta’biri bilan aytganda, Islom bandalar va shaharlar uchun yaxshiliklarni ro‘yobga chiqarishni maqsad qilgandir. Ushbu maqsad yo‘lidagi bitim, kelishuv va harakatlar Islom nuqati nazarida eng savobli amallardan, bajarilishi lozim bo‘lgan ishlardan, Allohga qurbat hosil qiluvchi ibodatlardan sanaladi. Shu bois, bu jabhada musulmon kishi faol bo‘lishi darakor.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam johiliyat zamonida mazlumlarning himoyasi uchun tuzilgan «Hilful-fuzul» bitimini eslar ekanlar: «Men Abdulloh ibn Jad’onning uyida bir bitimda qatnashganman. U mening uchun qizil tuyalardan yaxshi. Agar Islomda o‘shanday bitimga chorlansam, albatta qabul qilaman», deganlar (Bayhaqiy rivoyati).
Ma’lumki, payg‘ambarlar ma’sumdirlar, ya’ni ular payg‘ambar bo‘lishlaridan oldin ham nojoiz ishlardan saqlanganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Islomdan oldin mazkur bitimda qatnashganlari, keyinchalik ham o‘sha bitimni maqtab yodga olganlari va o‘shanday bitim bo‘lsa, yana unga qo‘shilishlarini ta’kidlashlaridan musulmon kishi yaxshilikda, adolat yo‘lida butun insoniyat bilan hamkor bo‘lishi lozimligi tushuniladi.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Islomda (zulm asosidagi) ittifoqdoshlik yo‘q. Ammo johiliyatda (adolat asosidagi) ittifoqdoshlik bo‘lgan bo‘lsa, Islom uni faqat kuchaytiradi», deganlar. Bu ham Islom insoniy qadryatlarni hamisha qo‘llab-quvvatlashini anglatadi.
Ochg‘ini aytganda, ayrim dindorlarimiz shu kabi jamiyat ishlarida o‘zini chetga olish yoki beparvolik qilish oqibatida ko‘p yutqazishlarga yuz tutishadi. Bu tutum sunnatga xilof, dinimiz ko‘rsatmalariga nomuvofiq va hayotda o‘zini oqlamagan ishdir.
Zamonamiz ulamolari saylov har bir fuqaroning huquqi bo‘lsa-da, agar shu yo‘l bilan musulmon kishi o‘z dini, jamiyati uchun zarur bo‘lgan ishni amalga oshiradigan bo‘lsa, zulmu fasodni daf qilib, mazlumlarga yordam berib, yaxshilikni jalb qiladigan bo‘lsa, bu ish holatga qarab vojib bo‘lishi ham mumkin, deydilar.
Mamlakatimizdagi bu yilgi deputatlar saylovi oldingilariga nisbatan biroz ochiqligi, faolligi bilan farqlanib bormoqda. Bu borada hali ko‘p islohotlar qilish darkor. Buning uchun deputatlarni malomat qilishning o‘zi yetarli emas. Balki xalq ham ularning ichidan yaxshilarini qo‘llashi, faoliyatlariga o‘z munosabatini bildirishi lozim. Shu bilan birga, bir-ikki urunib ko‘rib, natija bo‘lmasa, to‘xtab qolish ham yaramaydi. Balki qayerda xato qilingani, yana nimalar qilish mumkinligini aniqlab, harakatni davom ettirish, noumid bo‘lmaslik darkor. Dinimiz bizga shuni o‘rgatadi.
Shuni aytish joizki, bu yerda faqat bizdagi va ertagalik saylovlar emas, balki ushbu zamonaviy mavzuga shar’iy munosabatdan boxabarlik nazarda tutilgan. Dinimizning bu boradagi ko‘rsatlamalarini o‘rganib, mulohaza qilinsa, juda ko‘p foydali xulosalar olish mumkin. Musulomnlarning barcha muammolari ilmsizlikdan ekanida shubha yo‘q. Baqir-chaqir, yuzaki yondashuvlar bilan, zohirparastlik bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi.
Alloh taolo barchalarimizni o‘zi haqda sobit qilsin va el-yurt manfaati yo‘lida qo‘lni-qo‘lga berib, imkonimiz doirasidagi yaxshi ishlarni amalga oshirib, ikki dunyo yaxshiligiga erishishimizni nasib aylasin.