
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
BIR OYAT USTIDA TADABBUR
Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Bu shunday kitobki, Biz uni senga oyatlarini tadabbur qilsinlar va aql egalari eslatma olsinlar uchun nozil qilganmiz» (Sod surasi, 29‑oyat), deydi.
BIR OYAT USTIDA TADABBUR
Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Bu shunday kitobki, Biz uni senga oyatlarini tadabbur qilsinlar va aql egalari eslatma olsinlar uchun nozil qilganmiz» (Sod surasi, 29‑oyat), deydi.
«Tadabbur» ‒ narsaning oxiri, ketini anglatuvchi «duburun» o‘zagidan olingan bo‘lib, biror narsa haqida obdon, oxirigacha o‘ylab, tahlil qilishni anglatadi. Bu shunchaki tafakkurr emas, balki oxirgi nuqtagacha fikrni yetkazish, o‘ylashni bildiradi. Bu esa oyatlar mazmuniga amal qilishga olib boradi. Qur’on faqatgina tabarrukan o‘qish uchun yoki ustida qanaqadir tadqiqotlar o‘tkazish uchun emas, balki eng avvalo tadabbur qilish, kerakli eslatma olish, xulosa chiqarish va amal qilish uchun nozil etilgandir.
Bugungi kundagi voqelik va ko‘pchilikda kechayotgan mulohazalardan kelib chiqib, bir oyati karima haqida tadabbur yuzaga keldi. Shuni sizlar bilan baham ko‘rsam. Bu Nur surasining quyidagi oyatidir: «Mo‘minalarga ayt, ko‘zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko‘rsatmasinlar, magar ulardan (ziyntalardan) zohir bo‘lgani mustasno. Ro‘mollarini yoqa yorig‘lariga to‘shasinlar» (Nur surasi, 31‑oyat).
Ushbu oyatni o‘qiganda bir haqli savol tug‘iladi:
Oyatda nega «mo‘mina ayollar ro‘mol o‘rasinlar», demasdan, «ro‘mollarini yoqa yorig‘lariga to‘shasinlar», deyilmoqda?
Bu savolga «Ro‘molni yoqa yorig‘iga to‘shasinlar, degan gapdan o‘zi ro‘mol o‘rasin degan ma’no kelib chiqadi‑da, chunki boshda ro‘mol bo‘lmasa, qanday qilib uni bo‘yin va yoqa yorig‘lariga to‘shaydi?» deb javob berish ham mumkin. Bu ham o‘z yo‘lida o‘rinli, mantiqiy javob. Biroq, mazvuni yaxshiroq o‘rganilsa, bu yerda o‘sha davrdagi voqelik tavsifi ham borligi tushuniladi.
Qur’oni Karim voqelik kitobidir. Uni to‘g‘ri tushunish uchun u nozil bo‘lgan voqelikni o‘rganish kerak. Oyatning xitobini yaxshilab his etilsa, shu narsa ma’lum bo‘ladiki, o‘sha paytdagi mo‘mina ayollar o‘zi shundoq ham ro‘molda yurgan bo‘lishgan. Shuning uchun ularga «Ro‘mol o‘rasinlar», deb emas, «Ro‘mollarini yoqa yorig‘lariga to‘shasinlar» deb amr qilingan. Bu bilan o‘mrov, tomoq to‘silishi bilan birga, ayol kishining eng jozibador go‘zalligi hisoblangan qomatini parda ortiga olinishi ta’minlangan.
Tarixiy dalillar shuni ko‘rsatadiki, u paytda nafaqat mo‘minalar, balki mushriklarning ayollari ham odatda boshga ro‘mol tashlab yurgan. Biroq, ularda ro‘mol quloq, bo‘yin va ko‘ksni yopib turmagan. Bugungi kundan misol qilsak, taxminan hind ayollari yoki ro‘mol uchlarini orqaga tashlab yuradigan turkman ayollari kabi ro‘mol o‘rashgan. Bu holatni bir qator xalqlarning milliy kiyimlarida ham ko‘rish mumkin.
Mufassirlarning eng ulug‘ namoyandalaridan, buyuk vatandoshlarimiz imom Zamaxshariy, Abu Lays Samarqandiy, imom Nasafiy va boshqa mufassirlar mazkur oyat tafsirida quyidagi rivoyatni keldiradilar: «Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadi: «Ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin ayollar nabtiylarga (o‘sha paytda Shom diyorlarida yashagan arab xalqlar) o‘xshab ro‘mollarini orqaga tashlab yurishar edi. Shu oyat nozil bo‘lgach, ro‘mollarini ko‘ks va tomoqqa tashlaydigan bo‘lishdi».
Demak, mo‘mina ayollar o‘zi shundoq ham boshda ro‘mol bilan bo‘lganlari uchun Qur’on ularga «ro‘mol o‘ranglar», deb o‘tirmay, ro‘molni qanday o‘rash haqida ko‘rsatma bergan. Zotan, ro‘mol o‘rab turgan ayollarni ro‘mol o‘rashga buyurish mantiqsizlik bo‘ladi. Qur’on esa bunday xatodan yiroq va imkon qadar so‘zni qisqa qilish uning asosiy uslubiyatidandir.
Yuqoridagi fikrlarni Ahzob surasida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollariga xitoban tushgan oyat tafsirida kelgan ayrim xabarlar ham quvvatlaydi. Oyatda shunday deyiladi: «Ilgarigi johiliyatning ochiq-sochiqligi kabi ochiq-sochiq bo‘lmang» (33‑oyat).
Oyatdagi «ilgarigi johiliyatning ochiq‑sochiqligi» deganda nima nazarda tutilgani haqida turli xil tafsirlar aytilgan bo‘lib, qadimgi katta mufassirlardan Muqotil ibn Sulaymon uni shunday izohlaydi: «Bu ayol kishining boshiga ro‘mol tashlab, lekin uni bog‘lamagani sababli ziraklari, marjonlari va bo‘yinlari ko‘rinib turishidir».
Demak, ushbu tafsirga ko‘ra, oyatda «johiliyatning ochiq‑sochiqligi» deb yalangbosh, siyna va sonlarni ochib yurish emas, balki ro‘molni boshga tashlab, lekin sochni to‘liq to‘smaslik, quloq va bo‘yinlar, ulardagi taqinchoqlar ochiq qolishi aytilgan ekan.
Aytish lozimki, oyati karimadagi ro‘molni bo‘yin va o‘mrovni yopib, uchlarini siynalarga tashlab o‘rash Alloh taolo mo‘minalarga ravo ko‘rgan, buyurgan kiyinish tarzidir. Bu siymo Parvardigor nazdida nihoyatda mahbub bo‘lganidan mo‘minalarning U Zot bilan roz aytishishlari ‒ namoz o‘qishlari uchun ham aynan shu ko‘rinish tanlangan. Ammo doim bunday yurish mashaqqat bo‘lganidan mo‘minalar o‘z mahramlari oldida biroz ochiqroq, yengilroq kiyimda yurishlari, jufti halol huzurida esa itsagancha kiyimda bo‘lishlariga ruxsat etilgan.
Xulosa qilib aytganda, Qur’oni Karim oyatlarini tushunish, tafsir qilishda masalaga atroflicha yondashish, chuqur bilim bilan nazar solish lozim. Zero, Qur’on ilohiy kalom bo‘lgani bois uning sodda ko‘ringan oyatlarida ham cheksiz ma’nolar, olmashumul haqiqatlar mujassamdir. Qur’onni har kim o‘z istaganicha tafsir qilishi, yaxshi o‘rganmay turib izohlashi mumtlaqo mumkin emas.
Mazkur oyati karimalarning ma’nolari ochiq‑oydin, dalolatlari xususida Islom ummatining barcha ulamolari ming yillar osha yakdil fikrda bo‘lib kelganlar. Shuning uchun ham «Islom shariatida muslimalar uchun hijoblanish farz ekaniga ummat ijmo qilgandir», deyishadi. Bu haqiqatni inkor qilish mutlaqo mumkin emas, aqlli inson uchun sharmandalik, mo‘min kishining iymoniga xatardir.
Alloh taolo balog‘atga yetgan mo‘minalarga begonalar oldida qanday kiyinshlarini ko‘rsatar ekan, ularning o‘sha paytdagi ust‑boshlariga ko‘ra xitob qilganini anglashda ko‘p ma’nolar mujassamdir. Bundan ayrim uquvsiz kimsalar, jumaladan, o‘zlarini «qur’oniylar» deb nomlagan nobakorlarning «bu oyatda ro‘mol o‘rashga dalil yo‘q», degan safsatasi qanchalar ahmoqona, xiyonatkorona da’vo ekani ham ravshan bo‘ladi.