
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
KORONAVIRUSNING DAVOSI BORMI?
Koronavirus vabosi hozirgi kunda butun dunyoni tashvishga solib turgani hech kimga sir emas. Uning tashvishli joyi shundaki, bu dard ko‘p holatlarda o‘lim bilan tugayotir va haligacha hech kim unga tayinli davo taqdim etmadi, garchi turli muolajalar bilan bemorlar tuzalayotgan bo‘lsa ham.
KORONAVIRUSNING DAVOSI BORMI?
Koronavirus vabosi hozirgi kunda butun dunyoni tashvishga solib turgani hech kimga sir emas. Uning tashvishli joyi shundaki, bu dard ko‘p holatlarda o‘lim bilan tugayotir va haligacha hech kim unga tayinli davo taqdim etmadi, garchi turli muolajalar bilan bemorlar tuzalayotgan bo‘lsa ham.
Tabiiy va ko‘pchilikni o‘ylantiradigan savol tug‘iladi: Bu dardga davo bormikin o‘zi?
Biz musulmon kishi sifatida «Ha», deb javob beramiz. Nega deysizmi? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z hadislaridan shunday bashorat berganlar:
Imom Termiziy rahmatullohi alayh Usoma ibn Sharik roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey, Allohning bandalari, davolaninglar! Chunki, Alloh qaysi kasallikni tushirgan bo‘lsa, uning shifosini ham tushirgandir. Faqat bitta kasallik mustasno», dedilar. «U nima kasallik?» deyishdi. U zot: «Keksalik», dedilar».
Imom Ahmad rahmatullohi alayh Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh azza va jalla dardni yaratganda davosini ham yaratgan. Shunday ekan, davolaninglar!» dedilar».
Hadisdagi «davolaninglar!» deya o‘girilgan so‘z «davo istanglar!» degan ma’noni ham o‘z ichiga oladi. Bu ilohiy amr bo‘lib, boshqa dalillar bilan quvvatlanganda vojib va farzi kifoya kuchiga egadir.
Mazkur hadisi shariflar musulmon tabiblarni zamonlar osha har qanday kasallikni davolashga qurbi yetgancha urunishga undab kelgan va yangi‑yangi dorilarni kashf etishlarida ilhom manbai bo‘lgan.
Ushbu hadislarga tayanib aytishimiz mumkinki, koronavirus dardi tushirilibdimi, demak, uning davosi ham tushirilgan, faqat uni istab topish, kashf qilish kerak. Alloh taolo bu borada tabiblarimizga O‘zi ilmu ilhom bersin va bu borada sa’y-harakat qilayotgan barcha azizlarimizni O‘zi yorlaqasin!