
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
ILMNI TARTIBSIZ OLISH OFATLARNING BOSHIDIR
Bu yil umra safari asnosida Madina haramida bir‑ikkita ahli ilmlar, ilmu taqvosi havas qilinadigan kishilar bilan suhbatlashib qoldim. Ular bilan ayni paytdagi Islom ummatining holati haqida ancha gaplashdik, dardlashdik, ko‘p yaxshi gaplar bo‘ldi.
ILMNI TARTIBSIZ OLISH OFATLARNING BOSHIDIR
Bu yil umra safari asnosida Madina haramida bir‑ikkita ahli ilmlar, ilmu taqvosi havas qilinadigan kishilar bilan suhbatlashib qoldim. Ular bilan ayni paytdagi Islom ummatining holati haqida ancha gaplashdik, dardlashdik, ko‘p yaxshi gaplar bo‘ldi. Ularning bu borada xulosalaridan biri mazmunan quyidagicha bo‘ldi:
Bugun ummatni xarob qilayotgan eng yomon ilatlardan biri “erta mujtahidlik”, katta ulamolarning so‘zlari oldida haybatlanmay (shu so‘z diqqatimni oldi, ko‘p narsani yorishtirdi), o‘zicha ahli tarjih (fatvolardan, fikrlardan birini ustun qo‘yishga haqli kishilar) bo‘lib olish.
Bu toifa kishilarni yo‘lga solish juda qiyin, chunki ular dinda jur’atli bo‘lib qolishgan, o‘zlarini ana shunday katta martaba egasi deb fahmlab bo‘lishgan. Buning eng asosiy sababi ular ilmni tartibli olishmagan, sakrab, u yer‑bu yerdan yulib ilm tahsil qilgan. Shuning uchun o‘zlarini tezda marraga yetgan hisoblashadi va boshqani tan olmaydi, illo o‘zlariga o‘xshagan tartibsiz so‘zlovchilarni qabul qilishadi.
Ana o‘sha yengiltakliklari bilan o‘zlaricha xalqqa fatvo berishadi, ulamolarning so‘zini pisand qilishmaydi, faqat o‘zlarini haq deb bilishadi, boshqaning fikrini hurmat qilishmaydi. Bu juda katta ofat bo‘lib, bugungi tanazzullarning eng asosiy sababi bo‘lib turibdi.
Bir nima desangiz, sizni bid’atchiga, saroy odamiga, hatto murtadga chiqarishadi... (nazarimda, ular ana shunday adabsizlarning malomatlari, fitnalaridan bezillab, cho‘chib ham qolishibdi.)
«Bular nega bunday jur’atli?» degan savolimga quyidagicha javob bo‘ldi:
«Chunki ularning asoslari shunday, poydevori shunday qurilgan, manhajlari shunday tuzilgan».
Ha, shuning uchun ham ularga gap uqtirish qiyin, asos qoidalari o‘zi qing‘ir. Asoslari tuzalmagunicha tuzalmaydilar, gap uqmaydilar va o‘zlarini yaxshi deb o‘ylab yuraveradilar. Gapning mazmuni va maqsadini ham tushuna olishmaydi. Ularni tuzatish uchun boshdan qayta o‘qitish kerakdir balki. Biroq, insonga birinchi kirgan ilm yaxshi o‘rnashadi ekan, keyin uni siljitish qiyin. Ammo ilmni xolis o‘rganish insonni isloh qiluvchi yagona yo‘l ekani ham bor haqiqat va hidoyat faqat Allohdan.
Ustozimiz Shayx hazratlari bugungi muammolarning asl sababi ilmsizlik va uni tartibsiz o‘rganish deb ko‘p aytardilar. Bu gap qanchalar to‘g‘ri, aniq tashxis ekani odamga kun sayin ravshanlashib boryapti. Men bir qator ilmda mutamakkin olimlarning suhbatlarini kuzatib borib shunga yana bir bor amin bo‘ldimki, ilmni tartibsiz olish barcha ofatlarning eng boshi ekan.
Ochig‘ini aytganda, bizda necha yildirki dinni, islomiy ilmlarni tartibli ravishda tahsil qilishga, katta ustozlardan ta’lim olishga imkoniyatlar yetarli bo‘lmayapti. Bugun buning achchiq mevasini tatib turibmiz. Agar vaziyat shunday davom etaversa, kelajakda ahvol bundan yaxshi bo‘lmaydi, faqat battarlashadi. Alloh O‘zi holimizni isloh qilsin.
Azizlar, ilm olinglar, uni tartib bilan o‘rganinglar, buning uchun imkoniyat hozirlashga uruninglar, ko‘plashib chorasini ko‘ringlar, ustozlarga quloq osinglar, ana shundagina hammasi joyiga tushadi. Bekorga Ibn Mas’ud roziyallohu anhu: «Ummatning ofati yoshlardan ilm olishda», demagan ekanlar. Bu bilan ular yosh olim bo‘lishdan qaytarmaganlar, balki kattalarning raviyasidan ayri bo‘lgan yoshlarning fatvolaridan ogohlantirishgan. Chunki ular ham buning sovug‘ini yeyishgan. Ilmning o‘zi yetmaydi, ixlos, hikmat va tajriba zarur.
Butun Islom ummati e’tirof etgan allomalarga jur’atli bo‘lgan, ularni o‘zicha “saralaydigan” odamlar ko‘paydi, bilingki, ularda yaxshilik yo‘q. Unday kishilar o‘zlarini o‘nglashlari kerak, insof qilishlari kerak, mas’uliyatni o‘ylashlari kerak va boshqalar unday kimsalarni ogohlantirishlari, to‘g‘ri yo‘lga chorlashlari, ogoh bo‘lishlari kerak.
Musulmonlarni mazax qilib, ularga past nazar bilan qaraydigan, sha’nlarini bulg‘ab, obro‘larini to‘kadigan, oralariga fitna soladigan, xalq orasida adovat yoyilishga sabab bo‘ladigan «din g‘amxo‘rlari»da yaxshilik yo‘q. Undaylarning ko‘pini ko‘rdik. Ular hali oddiy mo‘minlik xulqini bilmas ekan, qanday qilib oliyjanob axloqlarni tugallash uchun yuborilgan buyuk xulq sohibining diniga xizmat qiladi? O‘zini tarbiya qila olmagan boshqani tarbiya qila olmaydi.
«Sizga aytayotgan gaplarimni hali eslaysizlar va ishimni Allohga topshirdim. Albatta Alloh bandalarini ko‘rib turuvchi Zotdir».
Alloh taolo hammamizga O‘zi foydali ilm va tavfiq bersin.