
IYMONINGIZNI SINAB KO‘RING!
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
IYMONINGIZNI SINAB KO‘RING!
Allohga hamdlar bo‘lsinki, hammamiz ham o‘zimizni musulmon sanaymiz. Hozir ko‘chada uchragan o‘zbekni ushlab, «Musulmonmisan?» desangiz, «Ha, alhamdulilloh, musulmonman», deydi. Agar sal achchig‘i tezroq bo‘lsa, «Iye, bu nima deganing?» deb, do‘q qilishi ham hech gap emas. Eng bezori o‘zbek ham uylansa yoki turmushga chiqsa, nikoh o‘qitadi, birovga tilovat qildirib bo‘lsa ham, otaonasiga savob yetkazgisi keladi, o‘lgan kishisiga janoza o‘qitadi, savobi tegsin deb xayru ehson qiladi va hokazo. Xullas, o‘zining musulmonligini izhor etadi. Ayni paytda, masjidga qatnaydigan, namoz o‘qiydigan kishilar ham talaygina. Biroq musulmonman deganlar, hatto namozxonlarning ham hayot tarzlari bir xilda emas. Musulmonman deb yurgan ko‘pchilikning qilayotgan ishlari o‘rtasida yer bilan osmoncha tafovut bor.
Darhaqiqat, nega shunday? Nega musulmonman deymizu, yolg‘on gapiramiz? Nega iymonim bor deb turib, ibodat qilmaymiz? Nega oxirat bor deymizda, birovning haqqidan qo‘rqmaymiz? Qiyomatdan gapiramizda, akauka yoki otabola birbirimizdan bezor bo‘lib, hali uy, hali pul talashib yoqalashamiz. Birov bizga zulm qilsa, «Qiyomat bor hali!» deymizu, bir aylanib, o‘zimiz ham kimgadir zulm qilayotgan bo‘lamiz. Hali unga sitam o‘tkazib, hali buning haqqini tortib olib, yana «Biz ham Xudo deymiz», deb qo‘yamiz.
Umuman olganda, Allohga va oxiratga iymonni da’vo qilayotgan kishilarning amallaridagi tafovutning negizi qayerda?
Aqiyda kitoblarida «Iymonning o‘zi ziyoda bo‘lmaydi, ammo uning nuri, quvvati ziyoda bo‘ladi», deyiladi. Ha, insonning so‘z va amallarini boshqaruvchi omil aqiyda, e’tiqod hisoblanadi va bu omilning quvvati har kimda har xil bo‘ladi. Binobarin, e’tiqodining darajasini bilmoqchi bo‘lgan kishi o‘zining shaxsiy amallariga nazar solsa kifoya. Bunga hayotdan ko‘pgina misollar keltirish mumkin.
2012 yilda qaysidir qadimgi bitiklar va aqiydalar asosida «21 dekabrda dunyo tugar ekan, qiyomat qoim bo‘lar ekan», degan gap tarqadi. Dunyoda buni eshitmagan odam deyarli qolmadi. Hatto ayrim jonbozlar bu haqda o‘z tasavvurlariga ko‘ra badiiy film ham suratga olishdi. Hammayoq shovshuvga to‘lib ketdi. O‘sha kun yaqinlashgan sari gap-so‘zlar ham avjiga chiqdi. Nihoyat, kutilayotgan kun ham keldi, ammo qiyomat qoim bo‘lmadi. Biroq o‘sha kunni kutib olishda odamlarda farqli tasarruf kuzatildi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 10% qismi mazkur xabarga to‘liq ishongan. Ular, asosan, shu haqdagi bitiklarni muqaddas sanaydiganlar edi. 20%ga yaqin odam ikkilangan, ya’ni bunga «ellikkaellik» ishongan. Qolgan 70%dan ko‘p odam bu gapga umuman ishonmagan. Biz uchun eng ahamiyatli joyi shundaki, odamlar o‘sha kunni o‘z ishonchlariga ko‘ra kutib olishgan va shu asosda harakat qilgan.
To‘liq ishongan 10% odam imkon qadar o‘zi o‘sha kunga kerak deb bilgan barcha tayyorgarliklarni ko‘rgan. Qarzhavola, oldiberdilarini hal qilib, rozirizoliklar olishgan. Ayrimlari o‘ra kavlab, o‘shaning ichiga yashirinib olgan bo‘lsa, ayrimlari o‘sha kuni ko‘chaga ham chiqmay, oila davrasida bo‘lishni lozim topgan.
Ikkilanganlar esa qandaydir yaxshi ishlarni ozmiko‘pmi amalga oshirar ekan, «Shu ishni qilib qo‘yaveray, har qalay zarari yo‘qku», deb o‘zini ovutgan. Ba’zilari kuni bilan qo‘li ishga bormay, qandaydir xayollarga sho‘ng‘ib o‘tirgan.
Xabarga umuman ishonmaganlar bu kunni odatdagidek kutib, odatdagidek o‘tkazavergan, tayyorgarlik haqida o‘ylab ham o‘tirishmagan.
Ushbu voqelikdan yaqqol ko‘rinib turibdiki, kishilarning o‘sha kutilgan kunga tayyorgarligi, unga oid tasarruflari ularning o‘sha kun haqidagi e’tiqodlari asosida yuzaga kelgan. U kunga bo‘lgan ishonchini tahlil qilmoqchi bo‘lgan kishi o‘zining bu voqeaga munosabati va tayyorgarligini kuzatsa, hammasi ravshan bo‘ladi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqda yana bir xabar tarqadi. Unga ko‘ra, falon kuni tungi soat 12:30 dan 3:30 gacha bo‘lgan vaqt mobaynida (qizig‘i, qaysi o‘lkaning soatiga ko‘raligi aytilmagan) bir uchar jism Yer kurrasining yaqinidan o‘tar ekan va to‘lqinlarga ta’sir qilar ekan. Shu bois, uyali telefonlarni o‘chirib qo‘yish va yotoqdan uzoqroqqa qo‘yish tavsiya qilindi hamda bunga rioya qilmaganlar «katta zarar» bilan ogohlantirildi. Bu xabarni o‘qib, kimdir hamma telefonini o‘chirib, kerak bo‘lsa, uning sim-kartasini ham chiqarib qo‘yib, bolalarining qo‘lidan telefonlarni yig‘ishtirib olib, alohida bir xonaga terib qo‘yibdi. Kimdir telefonini boshqa xonaga olib chiqib qo‘ygan bo‘lsa, kimdir uni o‘chirish bilan kifoyalandi. Kimlardir bu gapga umuman parvo qilmay, telefonini yostig‘iga qo‘yib uxlayverdi.
Xo‘sh, ular nega turlicha yo‘l tutishdi? Bir xabarni eshitgan kishilarning unga nisbatan turlicha munosabatda bo‘lishiga sabab nima? Aytilgan xabarga parvo qilmaganlar joniga achinmaydigan, mayib bo‘lishni yoki o‘lishni istab turgan odamlarmidi? Yo‘q, aslo! Birorta ham aqlli odam o‘ziga zarar yetishini yoki nobud bo‘lishni istamaydi. Demak, ularning tasarruflari turlicha bo‘lishini ta’minlagan boshqa bir omil bor. U ham bo‘lsa, o‘sha xabarga bo‘lgan ishonchdir.
Bir yili o‘lkamizda uchto‘rt marta ketmaket zilzila bo‘lib turdi. O‘sha kezlari qaysi bir kuni yuqori darajadagi zilzila kutilayotgani haqida mishmish tarqadi. Ko‘pqavatli uylarda istiqomat qiladigan ayrim kishilar ko‘chaga ko‘chib chiqishdi, yerga gilam to‘shab, qozono‘choqlar osib, aytilgan soatni kutib o‘tirishdi. Ammo ayrimlar bu xabarga uncha ishonmadi shekilli, bezovta bo‘lishni ham istashmadi. Ha, ularning uyni tark etmay o‘tirishlariga zilzila haqidagi xabarga ishonmaganliklaridan boshqa sabab yo‘q edi.
Bunga o‘xshash misollarni juda ko‘p keltirish mumkin. Umuman olganda, hayotimizdagi har bir ishharakat, tasarrufni nimalargadir bo‘lgan ishonchimiz boshqaradi. Oddiy kundalik yumushlardan tortib, hayotimizdagi eng muhim, hal qiluvchi qadamlargacha – barchabarchasi qandaydir ishonch turtkisi bilan amalga oshadi. Jumladan, yaxshilikyomonlikka, savobu gunohga bo‘lgan munosabatimiz ham, dindiyonatimiz ham, zikru ibodatimiz ham qalbimizdagi ishonch asosida shakllanadi va joriy bo‘ladi.
Demak, inson nimalargadir ishonib yashaydi va shu ishonch uning hayotini boshqaradi. Ana o‘sha ishonchning dinga, g‘aybga taalluqlisi «iymon» deyiladi.
Sof Islom aqiydasiga ko‘ra, ya’ni Ahli sunna va jamoa e’tiqodi bo‘yicha iymon olti rukndan (qismdan), ya’ni Allohga, farishtalarga, samoviy kitoblarga, payg‘ambarlarga, oxirat kuniga hamda taqdirning yaxshiyu yomoni Allohdan ekaniga ishonishdan iborat. Ulardan biri bo‘lmasa, iymon tugal bo‘lmaydi. Shu bilan birga, ushbularga iymon keltirish ayrim tafsilotlarni ham o‘z ichiga oladi: Allohga ishonish bilan birga, Uning azaliy va abadiy ekaniga, ibodatga loyiq yagona Zot ekaniga, barcha ishga qodir, hamma narsa Uning izmida ekaniga, U har bir zarranida ko‘rib, kuzatib turishi va sarhisob qilishiga iymon keltirish darkor. Farishtalarga Qur’on va Sunnatdagi xabarlar asosida ishonish; samoviy kitoblar, xususan, Qur’oni Karimning har bir harfi, har bir kalimasi, har bir ma’lumoti haq ekani; payg‘ambarlarning dinni xolis va to‘kis yetkazgani; oxiratda amallar o‘lchanib, sarhisob qilinishi va jannatdo‘zaxning haqligi; har bir ish Allohning taqdiri va irodasi bilan bo‘lishiga ishonish mazkur iymon ruknlarini e’tirof etishning asosi hisoblanadi.
Islomda kishining zohiriy holati, e’tirofi asosida unga musulmon yoki nomusulmon deb qaraladi. Uning qalbiga kirib chiqish talab etilmaydi, iymonining darajasi taftish qilinmaydi. Ammo har kim bu ma’noda o‘zini o‘zi tahlil qilishi, sarhisob qilishi, imtihon etishi mumkin. Bejizga «Hisobkitobga tortilmasingizdan burun o‘zingizni sarhisob qiling», deyilmagan. Bu tadbir kishining o‘z ustida ishlashiga yordam beradi, o‘ziga nisbatan talabchanligini oshiradi va juda ko‘p narsalarni ochiqlab beradi, ko‘plab yaxshiliklarga bois bo‘ladi.
O‘z iymongizning quvvatini bilmoqchimisiz? Bu boradagi da’voyingiz qanchalar chin ekanini aniqlashni istaysizmi? Marhamat qilib, gapso‘zingizga, amallaringizga nazar soling. Ular o‘zingiz da’vo qilayotgan iymon talablariga qanchalar muvofiq tushsa, iymoningiz shunchalar quvvatli hisoblanadi.
* Allohga, Uning ibodatga haqli Zot ekaniga, O‘ziga ibodat qilishga buyurganiga va bu buyruqning sarhisobi borligiga bo‘lgan chin iymoningiz hech qachon ibodatsiz yurishingizga yo‘l qo‘ymaydi.
* Alloh taoloning kuzatib turganini to‘la his eta turib, gunohga qo‘l ura olmaysiz.
* Birovning haqqini indamay yeb ketyapsizmi, bilingki, oxirat kunidagi BUYUK MAHKAMAga bo‘lgan ishonchingiz hali qalbingizga o‘rnashmabdi.
* Farishtalarning og‘zingizdan chiqqan so‘zni qaydlab borishini chin ma’noda anglab yetsangiz, gunoh gaplar u yoqda tursin, oddiy so‘zga ham juda ehtiyot bo‘lib qolasiz. Buyuk imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh o‘lim chog‘ida farishtalar ingrashni ham yozishini eshitgach, to joni uzilgunicha qayta ingramagani ana shunday iymon namunasi edi.
* Birovga yaxshilik qilishga o‘zingizda kuch topa olmayapsizmi, demak, Allohning beradigan ajru savobiga bo‘lgan ishonchingizda nuqson bor.
* Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘raman, u zotga ergashaman deysiz, ammo ahlioilangizga yomon muomalada bo‘lasiz, ularga zulm qilasiz, unutmangki, da’voyingiz yolg‘on.
* Ezgu amallar qilib, gunohlardan saqlanish orqali oxiratingiz uchun harakat qilmayotgan bo‘lsangiz, yo oxiratga bo‘lgan iymoningiz haqiqiy emas, yoki u haqdagi tasavvuringiz to‘g‘ri emas, buni tan olish lozim.
* Ko‘ngliga kelgan ishni farqlamay qilib yurib, «Biz ham Allohdan qo‘rqamiz, nima bo‘lsa ham, dilimiz pok», deyish quruq da’vo va o‘zni aldashdan boshqa narsa emas.
* Oxiratga ishonaman deb turib, unga tayyorgarlik ko‘rmaslik yo aqldagi, yoki iymondagi nuqsondan bo‘ladi, boshqacha bo‘lishi mumkin emas.
To‘g‘ri, har qanday inson gohida g‘aflat bosib gunohga qo‘l urishi, ibodat va yaxshi amallarda sutkashlikka yo‘l qo‘yishi mumkin, ammo komil iymon bu holning bardavom bo‘lishiga baribir yo‘l qo‘ymaydi.
Iymon zaifligi ma’naviy xastaliklardan sanaladi. Demak, uning kelib chiqish sabablari va davolash usullari bor. Mazkur usuldagi shaxsiy tahlilga ko‘ra iymoningizda zaiflik, «xastalik» aniqlansa, uni davolashga shoshiling, toki Allohning huzuriga zaif iymonni qo‘ltiqlab bormang. Zero o‘lim qosh bilan qovoqning orasidadir.
Iymon zaifligiga quyidagi omillar sabab bo‘ladi:
- Ilmsizlik. Dindiyonatdan bexabarlik, diniy savodsizlik, Alloh va Uning Rasulini tanimaslik.
- Tafakkur qilmaslik: hayot va borliq haqida fikr yuritmaslik, ko‘rgankechirganlaridan ibrat ola bilmaslik. Aslida Alloh har bir bandasiga bir qator ogohlantiruvchi voqeahodisalarni ro‘baro‘ qiladi. Ammo banda nafsiga asir bo‘lganidan ulardan ibrat ola bilmaydi. U nafsiga qul bo‘lganidan hatto qalbining ibrat olishga bo‘lgan intilishiga ham quloq solmaydi, bunga yo‘l bermaslikka harakat qiladi. Tafakkur qilib, ibrat olsa, nafsining xohishlaridan voz kechishga, ayblarini tan olishga to‘g‘ri kelib qolishidan xavfsiraydi.
- Iymone’tiqod, dindiyonat muhitidan uzoqlik. Yomon kishilarni do‘st tutish, ular bilan birga bo‘lish. Yomon do‘st yomonlikka undaydi, yomon ishni yaxshi ko‘rsatishga harakat qiladi va hech bo‘lmaganda yomon ishni pisanda qilmaslikka ko‘niktiradi.
- Ibodat, zikr va duodan mahrumlik.
- Bila turib gunohga qo‘l urish. Xususan, bugungi kunda keng tarqagan illatlardan hisoblangan fahsh va buzuqlikka oid ishlarga aralashish. Harom taom, harom nazar va harom qadam.
- Hayotda namunaviy yetakchi topa olmaslik.
- Dunyoga ortiqcha berilish ketish.
- Bolachaqa va ahliayolning yumushlaridan bosh ko‘tara olmaslik.
- Xomxayollar, ushalmas orzular, tuganmas umidlar.
- Yebichish, uyqu, gapgashtak, ko‘ngilxushlik, to‘ytomosha kabi muboh ishlarga mukkasidan ketish.
Iymon zaifligining davosi esa quyidagilar:
- Ushbu xastalikka sabab bo‘luvchi omillardan chetlanish. Chunki davolashning birinchi sharti parhezdir.
- Ilmma’rifat. Ha, iymon daraxtining ozuqasi avvalo ilmdir. Xususan, Allohni tanish, U haqda ma’rifat hosil qilish, shuningdek, iymonning boshqa ruknlari haqidagi ilmlarni o‘rganish iymonni ziyoda qiladi.
- Qur’on o‘qish va uni tadabbur qilish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, qalblar ham temir zanglagandek zanglaydi», dedilar. «Uning jilosi nima?» deyishdi. U zot: «Qur’on tilovati», dedilar.
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tanish. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish va mo‘’jizalari bilan tanishish iymonni ziyoda qiladi, insofi bo‘lsa, kofirni musulmon qiladi. U zotni tanib, o‘zidan ham ortiq sevmagunicha kishi komil iymonga erisha olmaydi.
- Borliq haqida tafakkur qilish. Inson oy, quyosh, yeru osmon va butun borliq haqida, xususan, o‘zi haqida insof bilan fikr yuritsa, iymoni ziyoda bo‘lishi, agar iymoni bo‘lmasa, iymon keltirishi muqarrar. Musulmon kishi hamisha tafakkurini ishlatib turishi lozim. Shuning uchun bir soatlik tafakkur kechalari ibodat qilib, kunduzlari ro‘za tutishdan ko‘ra ko‘proq ajru savobga sabab bo‘lishi mumkin.
- Ibodatga qunt qilish. Ayniqsa, besh mahal namozni o‘z vaqtida ado etish, iloji boricha jamoat bilan o‘qish lozim. Farz ibodatlardan tashqari nafl namozlar o‘qish, nafl ro‘zalar tutib turish kerak.
- Dindiyonatli muhitga intilish. Solih kishilarning suhbatida bo‘lish, ibodat muhitiga aralashish iymonni charxlaydi.
Imom Buxoriy Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Yaxshi va yomon suhbatdosh attor bilan bosqonchiga o‘xshaydi. Attor yo senga tuhfa beradi, yo sen undan (atir) sotib olasan, yoki undan xushbo‘y hid tuyasan. Bosqonchi esa yo kiyimingni kuydiradi, yo undan badbo‘y hid tuyasan».
Hasan Basriydan rivoyat qilinadi: «Do‘stlarning eng yaxshisi – Allohni yodga olganingda senga ko‘maklashadigan, unutganingda yodingga soladigan do‘stdir».
- Allohni zikr qilish. Allohning yodi qalbni tozalaydi, dildan gunohning kirini ketkazadi va iymonni ziyoda qiladi.
- Yaxshilikka chaqirib, yomonlikdan qaytarish. Ulamolar aytadilarki, da’vat avvalo o‘z so‘zlovchisiga ta’sir qiladi.
- O‘limni eslash va qabr ziyorati. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Lazzatlarni parchalovchi o‘limni yodga oling!» derdilar. Yana bir hadislarida: «Qabrlarni ziyorat qiling, chunki u oxiratni eslatadi», deganlar.
- Allohga chin iymon so‘rab, tavfiq tilab duo qilish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Allohim! Ey, qalblarni aylantiruchi Zot! Qalbimni diningda sobit qil!» deb duo qilardilar.
Iymon baquvvat bo‘lishining foydalari cheksiz. Jumladan:
- Ruhiy sokinlik.
- Yaxshi ishlarda qat’iylik va yomonliklardan chetda bo‘lish.
- Axloqiy va ruhiy yuksaklik.
- Hayotdan iymon bilan ketish. Zero, Alloh taoloning huzuriga Unga bo‘lgan chin ishonch bilan borishdan ko‘ra katta yutuq yo‘q. Xuddi shuningdek, Uning huzuriga U haqda shubha bilan yo‘liqishdan og‘ir musibat yo‘q.
- Dunyoyu oxirat saodatiga erishish.
Alloh taolo barchamizga o‘z-o‘zimizni imtihon qilib, amallarimizni sarhisob qilib, sergak tortishni, O‘zining huzuriga salim qalb, shukrli dil va zikrli til bilan borishimizni nasib qilsin!