
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
SAHIHI BUXORIYNI XATM QILISH HAQIDA
Diniy idora tomonidan "Sahihi Buxoriy"ni xatm qilish tavsiyasi berilganda ayrimlar buni bid’at degan da’voni qildi. Aslida bu ishni eng yirik muhaddislar, sunnat jonkuyarlari joriy qilishgan, bajarishgan, ma’qullashgan.
SAHIHI BUXORIYNI XATM QILISH HAQIDA
Diniy idora tomonidan "Sahihi Buxoriy"ni xatm qilish tavsiyasi berilganda ayrimlar buni bid’at degan da’voni qildi. Aslida bu ishni eng yirik muhaddislar, sunnat jonkuyarlari joriy qilishgan, bajarishgan, ma’qullashgan. Umuman olganda, tajribiy zikrlarni qilish joizligi, fazilatli ekani borasida jumhur ulamolar yakdil fikrda bo‘lganlar. Bu ishlar dinga qo‘shimcha qilish hisoblanmaydi, balki din ochiq qo‘ygan maydondagi tasarruf hisoblanadi. Bunga sahobalardan tortib bir qator ulamolarning so‘zlari va amallaridan dalillar yetarli. Asosiy shart shuki, Qur’on va Sunnat ko‘rsatgan doira ichida bo‘lishi, kerakli shartlar topilishi darakor. Har narsadan bid’at yasash o‘zi bid’at hisoblanadi.
Quyida Ustozimiz Shayx hazratlari boshchiligida ilmiy guruh tarafidan nashr qilingan "Oltin silsila" to‘plamining birinchi juzida "Sahihi Buxoriy"ni xatm qilish borasida berilgan maqolani e’tiboringizga havola qilmoqchiman. Ushbulardan har kim o‘zi xulosa ola bilishi mumkin.
«SAHIHI BUXORIY» XATMI
Savobga erishish maqsadida Qur’oni Karimni xatm qilish odati barchamizga ma’lum. Lekin Qur’oni Karimning yonida «Sahihul Buxoriy» kitobini ham to‘liq xatm qilib o‘tkazish ham tarixda ancha keng tarqalgan odat ekanidan balki ko‘pchiligimiz bexabardirmiz. Ushbu kitobni moddiy va ma’naviy qiyinchiliklardan, kasallik va musibatlardan qutulish hamda har turli maqsadlarga noil bo‘lish uchun ham xatm qilib o‘qish Islom olamida yo‘lga qo‘yilgan ulkan amallardandir. Xatmlardan keyin maqsadlarning shubhasiz hosil bo‘lganligi haqida ham qat’iy rivoyatlarda xabar berilgan. Ushbu mavzuni Ibn Hajar Asqaloniy «Hadyus-soriy muqaddimatu Fathul-Boriy» kitobida, Abdulaziz Dehlaviy «Bo‘stonul-muhaddisin» kitobida batafsil bayon qilganlar.
Kirmoniyning (786/1384 yilda vafot etgan) bayon qilishicha, o‘z davrida Islom mamlakatlaridan birining podshosi betob bo‘lib qoladi va shifo bo‘lishi umidida «Sahihul Buxoriy»ni xatm qilib o‘qilishini buyuradi. («Al-Kavokibud Daroriy fiy sharhi Sahihil Buxoriy», I, 5. Bayrut. 1401/1981)
Og‘ir kunlarda «Sahihul Buxoriy» o‘qilsa, odamlar albatta huzur-halovatga erishishlari hamda dengiz sayohatiga chiqqan kishi bu kitobni yonida olib yursa, kema cho‘kmasligini aytib o‘tgan Ibn Abu Jamra (699/1300 yilda vafot etgan) bu xususiyatlarni duolari maqbul zot – imom Buxoriyning «Al-Jome’us-Sahih»ni o‘qiganlar uchun duo qilganliklari bilan izohlaydi.
Ibn Daqiq Iyd rahmatullohi alayhining rivoyat qilishicha, mo‘g‘ullar istilosiga qarshi masjidlarda «Sahihul Buxoriy» o‘qilgan. Kitobning xatmi yakunlanib, oxiriga yetgan kundan boshlab, mo‘g‘ul qo‘shinlari mag‘lubiyatga uchray boshlagan. (Abdulaziz Dehlaviy. «Bo‘stonul muhaddisiyn». 223-bet.)
1281 yilda mo‘g‘ultatarlar Suriyaga kirgan vaqtda Sulton Mansur Qalavun ularga qarshi mudofaa uchun yo‘lga chiqishdan oldin «Sahihul Buxoriy»ni o‘qishni buyurgan ekan. Ulamolar xatm kuni Jum’a kuniga to‘g‘ri keladigan qilib mo‘ljallab, kitobni bir necha o‘tirishda xatm qilib, yetkazishgan ekan.
Misrlik tarixchi Ibn Iyos shunday xabar beradi:
«1505 yilda Misr sultonining hovlisida qurilgan katta bir chodirda «Sahihul Buxoriy» xatm qilinar edi. Bundan oldingi vaqtlarda esa xatm marosimlari katta saroyda o‘tkazilardi. Xatm marosimlarida qozilarga va taniqli ulamolarga choponlar kiydirilib, katta miqdorda hadyalar berilar edi. Keyinchalik esa kitob Qal’a masjidida o‘qilib, sultonning huzurida xatm marosimi bilan tugatiladigan bo‘ldi» (Ibn Iyos. «Badoi’uz-zuhur», IV, 88-bet).
«1581 yilda Usmonli qo‘shinidan qo‘rqib, Marokashdagi taxtini tashlab, Fasga qochib ketgan Sulton Ahmad alMansur, Usmonli xalifasi Sulton III Murod tomonidan afv qilinib, taxtiga qaytayotganida, fasliklar tomonidan, xuddi xalifalarga qilinganidek, «Sahihul Buxoriy» xatm qilinib, yo‘lga kuzatib qo‘yilgan. O‘sha davrlarda Mag‘ribda dushman ustidan g‘alaba qozonilganda, g‘alabani nishonlash marosimlarida Qur’oni Karim bilan birga «Sahihul Buxoriy» xatmlari qilingani, hattoki qasamyod marosimlarida Qur’oni Karim ustida qasam ichilgani kabi, «Sahihayn» ustida ham qasamyod qilingani ma’lumdir». (Ifraniy. «Nuzhatul hodiy biaxbori mulukil qarnil hodiy». Parij, 1888. 55, 72, 100-betlar)
«Fas sultoni Ismoil ibn Sharif (1646-1727) habash qullardan iborat «Abiydul-Buxoriy» («Buxoriy xizmatkorlari») nomidagi bir qo‘riqchi-muhofizlar guruhini tuzgan. «Sahihul Buxoriy» ustida qasamyod qildirib, ulardan sodiqlik so‘zini oldi va ularga bitta «Sahihul Buxoriy» nusxasini topshirdi. Uni juda diqqat bilan saqlashni, qattiq qo‘riqlashni, otga minganlarida ham yonlaridan ayirmasliklarini, xuddi Banu Isroil qavmi «Ahd sandig‘i»ni doim o‘zi bilan olib yurganlaridek, uni janglarda eng oldingi saflarda olib yurishni buyurdi. Fasda keng tarqalgan e’tiqodga ko‘ra, biror avliyoning qabrini ziyorat qilayotib, «Sahihul Buxoriy»dan xohlagan bir sahifani ochib, birinchi ko‘zi tushgan hadisni o‘qigan, hadisning sanad silsilasidagi roviylarni va Rasululloh alayhissalomni vasila qilib, Allohdan murodini so‘ragan kishining tilagi qisqa vaqt ichida ro‘yobga chiqadi» (E. Levi-Provençal. «Recension Maghribine du Sahih d’al-Bohari». Journal Asiatique. 202-son. Parij. 1923-yil. 212-213-betlar).
«1798 yilda Napoleon Bonapartning shaharga bostirib kirmasligini tilab, Jome’ul Azharda «Sahihul Buxoriy» xatm qilingan. 1902 yil 12 sentyabrda aynan o‘sha joyda vabo kasalligi epidemiyasi tarqalish ehtimoli yuzaga kelganida ham unga qarshi «Sahihul Buxoriy» kitobi xatm qilinib, o‘qilgan» (I. Goldziher. «Chatm al-Buhari». Der Islam. VI/2-son. Berlin. 1915-yil. 214-bet).
Muhim ishlarni boshlashdan oldin ham «Sahihul Buxoriy»ni xatm qilish an’anasi bor. Mag‘ribda qilinadigan katta xatm marosimlari uchun Rajab oyining birinchi kuni «Sahihi Buxoriy»ni o‘qish boshlanar va Ramazonning yigirma yettinchi kuni tugatilar edi. Kitobning oxirgi hadisi bo‘lgan «Subhanallohi va bihamdihi, subhanallohil ’aziym»ga kelganda, hamma oyoqqa turar va bu hadisni birgalikda 101 marta takrorlar edilar. Undan keyin Busiriyning «Qasidai Burda» va «Qasidai hamziya»sidan bir necha baytlar jo‘rlikda o‘qilar edi. Ushbu marosimlar hukmdorning saroyida takrorlangani kabi, Ramazon hayitining birinchi va yettinchi kunlari hukmdorlar turgan shahar markazlarida ham takrorlanar edi.
«Sahihi Buxoriy» kitobini xatm qilish shu qadar keng tarqalgani va an’ana shakliga kirgani uchun ulamolar bu kitobni xatm qilish shakli, odobi va foydalari haqida ham juda ko‘p kitoblar yozganlar. Faqatgina shu mavzuda yigirmadan ortiq kitob yozilganining o‘zi ham «Sahihi Buxoriy» kitobini xatm qilishga naqadar katta ahamiyat berilganini ko‘rsatib turibdi.
Misol tariqasida shu mavzuda yozilgan kitoblarning ayrimlarining nomlarini keltirib o‘tmoqchimiz.
- «Tuhfatus sami’ val qoriy fiy xotmi Sohih al-Buxoriy». Shihobuddin Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Abu Bakr ibn Zayd al-Muvsiliy ad-Dimashqiy (788-870/1386-1465 y.). Bu kishi Ibn Zayd nomi bilan mashhur bo‘lib, Shomda yashagan. Buyuk mufassir, muhaddis, faqih, shoir, nahv va tarix olimidir. Ushbu risola «ar-Risolatul Islomiya» jurnalida nashr qilingan. (Bag‘dod. 1391. 44-son. 70-bet)
- «Umdatul qoriy vassome’ fiy xatmi Sahihil Buxoriy». Shamsuddin Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdurrohman as-Sahaviy (830-902/1427-1497 y.). Bu kishi misrlik buyuk ulamolardandir. 400 nafar shayxdan dars olgan. Ibn Hajarning eng yaqin talabalaridan edi. Mufassir, muhaddis, faqih, usulchi, qiroat olimi, adib, tarixchi va tilchi bo‘lgan. Buxoriyga juda katta ehtimomi bor edi. «Sahihi Buxoriy»ni 120dan ortiq kishidan rivoyat qilgan.
- «Bidoyatul-qoriy fiy xotmi Sahih al-Buxoriy». Nosiruddin Muhammad ibn Solim ibn Aliy at-Tabloviy al-Misriy (966/1559 yilda vafot etgan). O‘z zamonasida Misrning eng ishonchli olimlaridan bo‘lgan. Hadis, tafsir, fiqh, usul, qiroat, kalom, nahv, mantiq, tibbiyot va adabiyotda juda ilg‘or bo‘lgan. O‘zi mutasavviflardan bo‘lib, ibodatga qattiq berilgan zohid edi. Suyutiydan dars olgan va Hashshobiyada mudarrislik qilgan.
- «Adabul qoriy ’alaa avvali bobil Buxoriy». Nuriddin Aliy ibn Sulton ibn Muhammad al-Qoriy al-Haraviy (1014/1605 yilda vafot etgan). Hirotda tug‘ilib, Makkada yashagan va o‘sha yerda vafot etgan mashhur hanafiy ulamolardan edi. Mufassir, muhaddis, faqih, qiroat olimi va xattot bo‘lgan. Juda ko‘p asarlar yozgan. Makkada har yili bitta mushaf yozar, sahifa chetlariga tafsir va qiroatga doir ma’lumotlarni yozar, shularni sotib, tirikchiligini o‘tkazar edi. Vafot etganida butun Misr ulamolari unga g‘oyibona janoza o‘qiganlar.
Bizning yurtimizda «Sahihi Buxoriy»ni oxirgi marta qachon va kimlar xatm qilganini bilmaymiz. Ammo uzoq vaqtlardan buyon bu xayrli ish to‘xtab qolgani hammamizga ma’lum. Alhamdulillah, bizga bir guruh domlalarimiz va mudarrislarimiz bilan birga «Sahihi Buxoriy»ni avvalidan oxirigacha o‘qib, xatm qilish baxtini berdi. Xatm qilish bilan birga sanad – roviylar silsilasi bo‘yicha tasdiqlangan silsila ham tiklandi. Sidqidildan yaxshi duolar qilindi.
Ushbu «Oltin silsila» bo‘yicha olib borilayotgan ish ham kelajakda «Sahihi Buxoriy»ning ko‘pchilik tomonidan qayta-qayta xatmlar qilinishiga sabab bo‘lishini tilab, duolar qilamiz.
«Sahihi Buxoriy»ning xatm qilinishi o‘ziga xos bayram, shodlik va quvonch boisi bo‘lishi odatga aylangan. Shu munosabat ila xayri ehsonlar qilingan, kishilar bir-birlarini tabriklaganlar, ulamolar va’zxonlik qilganlar hamda shoirlar she’rlar aytganlar.
E’tiboringizga joriy 1432 hijriy sanada Toif shahrida «Sahihi Buxoriy»ning xatmi munosabati ila bo‘lib o‘tgan marosimda o‘qilgan she’rning tarjimasini namuna tariqasida keltirishga ijozat bergaysiz..