
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
AMAL ‒ ISHLASH DEMAKDIR
So‘zlarning kelib chiqishidan ko‘p haqiqatlarni anglash mumkin. Zero, nomlar odatda insoniy tuyg‘ular, sezgilar asosida vujudga keladi. Etimologiya fani mana shu jihatdan ham foydalidir.
AMAL ‒ ISHLASH DEMAKDIR
So‘zlarning kelib chiqishidan ko‘p haqiqatlarni anglash mumkin. Zero, nomlar odatda insoniy tuyg‘ular, sezgilar asosida vujudga keladi. Etimologiya fani mana shu jihatdan ham foydalidir.
«Amal» so‘zining o‘zbek tilida bir qator ma’nolari bor. Biz hozir uning «mansab» ma’nosida qo‘llaniishi haqida so‘z yuritmoqchimiz. Xo‘sh, «amal» kalimasi qanday qilib mansab, lavozim ma’nosini anglatadigan bo‘lib qolgan?
«Amal» arab tilidan kirgan so‘z bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi «ish», «vazifa» demakdir. Mansab, lavozim aslida ishchilik, xizmatkorlik, vazifadorlik bo‘lgani uchun bu ish‑harakat «amal» deb nomlangan. Ya’ni aslida amaldor degani vazifador, ishchi degan ma’noni angatgan. Biroq, vaqt o‘tishi bilan bu ish‑harakatning bajaruvchilaridagi tushunchalar, axloqiy me’yorlarda evrilish yuz bergach, uni anglatgan «amal» so‘zining ham ma’nosi asl mazmunidan yiroqlashib, quruq mansabdorlik, buyruqbozlik kayfiyatini beradigan salbiy ruhdagi so‘zga aylanib qolgan. Hatto «mansabdorlik» taraflashmagan (neytral) so‘z bo‘lib, «amaldorlik» biroz salbiy mazmunda ishlatiladigan ibora hisoblanib qolgan. Biroq, aslida u yuqorida aytilgan ijobiy ma’noda muomalaga kiritilgan. Bu ifoda islomiy taomil asosida yuzaga kelgan, desak, xato bo‘lmaydi.
«Oltin silsila»da hadislarni tarjima va tahrir qilish jarayonida rahbarlikni anglatuvchi «’aamilun» so‘zini va undan olingan «rahbar etib tayinlash» ma’nosidagi «ista’mala» fe’liga qanday ma’no berishda biroz o‘ylanib qoldik. Bir muddat izlanish va fikrlashlardan keyin «omil» so‘zini qabul etib, havolada qisqacha izoh berishga qaror qilindi. Chunki bu so‘zni «rahbar etish», «boshliq qilish» degan tarjimalar tub ma’nosi ila ifoda eta olmas edi.
Omil – aslida ishchi degani bo‘lib, bu so‘z ilk Islom davlatchiligida ma’lum soha bo‘yicha mas’ul rahbarga nisbatan ishlatilgan. Bu so‘z zakot yig‘uvchiga ham, shahar hokimiga ham, qisqasi, har qanday soha rahbari uchun qo‘llanavergan. Chunki Islomda har qanday rahbarlik ishchilik va ishchanlikni taqozo etgan. Rahbarlikka buyruqbozlik, diktatorlik yoki boylik orttirish manbai deb emas, mass’uliyat, vazifdorlik, xizmat deb qaralgan. Shuning uchun ham asri saodatda va undan keyingi roshid xalifalar davrida «amir», «boshliq» so‘zlari o‘rniga asosan «omil» so‘zi qo‘llangan.
Yana bir mulohaza. Qur’oni Karimda musulmonlar o‘rtasidagi rahbar, boshliqlar «ulul‑amr» ‒ «ish egalari» deb ataladi. Bunda ham rahbarlik aslida qanday mazmunga ega ekani, buyruqbozlik emas, ishga mas’ullik, mutasaddilik bo‘lishiga va shunday bo‘lishi lozimligiga ishora bor.
Rahbar ma’nosida qo‘llanadigan yana bir so‘z «imom» kalimasidir. Qur’oni Karimda «Har bir guruhni o‘z imomi bilan chaqiramiz» (Isro surasi, 71‑oyat), deyilganda, hadislarda «Odil imom Arshning soyasida bo‘ladi», «Imom o‘z raiyatiga xuddi cho‘pon kabidir va o‘z raiyatidan mas’uldir» deyilganda ham avvalo xalqqa rahbarlik nazarda tutilgan. Bu ifodada ham rahbarlik qanday bo‘lishiga ishora bor. Ya’ni bundan rahbar o‘z qo‘l ostidagilardan oldindagi shaxs bo‘lib, ortdagilarni to‘g‘ri yo‘ldan boshlashi lozimligi va ularga mas’ul sarbon ekani anglashiladi.
Xulosa qilib aytganda, o‘zbek tilida mansab, lavozimga «amal» so‘zining qo‘llanishi islomiy ta’limot asosida yuzaga kelgan bo‘lib, ushbu ish‑harakatning asl holatini, undan ko‘zlangan maqsadni anglatib keladi. Binobarin, musulmonchilikda rahbarlik avvalo xizmat, xalq uchun, jamoa uchun ishlash bo‘lishi lozim. Amaldor degani aslida vazifdor, ishchi degani va shunday bo‘lishi kerak.
Afsuski, biz amaldor deganda diktator, so‘kong‘ich, og‘zi beposhna, na Xoliqni, na xalqni biladigan, na dinini, na qonunni hurmat qiladigan odamni tushunib qolmoqdamiz. Undan ham achinarlisi, ba’zi insonlar to‘rtta odamga bosh bo‘lishni ham, hatto xolis Haqqa va xalqqa xizmat o‘rni hisoblangan imomatni ham mansab deb fahmlab qolmoqda va shunga aylantirib olmoqda. Buning oqibati yaxshilikka olib kelmaydi.
Rahbarlar isloh bo‘lmagunicha xalq isloh bo‘lmaydi, chunki ular yo‘lboshchilardir. Ular to‘g‘ri bo‘lsalar, ishchilari ham, xalq ham to‘g‘ri yo‘ldan boradi. Ular adashsalar, xalq ham adashadi. Qonunlarga ular birinchi bo‘lib amal qilishlari kerak, shunda boshqalar qonunni buzishga jur’at qilmaydi. Huquqlarni ular hurmat qilsa, keyin boshqalar rioya qiladi. Ular adolatli bo‘lsalar, qo‘l ostidagilar ham, xalq ham adolat sari yuradi, zulm qilsalar, ishchilar ham, xalq ham zulmga jur’at qiladigan bo‘ladi. Zotan, zulm insonlarning sof tabiatini ham buzib, odamgarchilikdan chiqaradi.
Rahbar o‘z faoliyatida o‘z jamoasining, xalqining irodasini, manfaatlarini ifoda etishi kerak, huquqlarini himoya qilishi kerak. Ana shunda hamma o‘sha rahbar ortidan ishlashga, yurti, jamoasi uchun xizmat qilishga o‘z‑o‘zidan kirishib ketadi. Ana shunda tom ma’noda, haqiqiy rivojlanish, farovonlik bo‘ladi. Ana shunda rahbarlar haqiqiy ma’noda amaldor hisoblanadi.