
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
QANI ENDI HAR KUNI O‘LIM BO‘LSA...
QANI ENDI HAR KUNI O‘LIM BO‘LSA...
Bir kuni bobomlarnikiga borsam, qo‘shnimizning darvozasi katta ochiq, ko‘pchilik to‘planib, kirib-chiqib turibdi. Eshik tagida besh-o‘nta erkaklar tik turishardi. Doim ko‘chada «sho‘rtik» kiyib olib, baqir-chaqir qilib yurgan bolalar uzun ishton kiyib, binoyidek odam bo‘lib qolishgan. Ortiqcha shoqin-suron ham yo‘q. Bir tomonda boshlariga ro‘mol tashlagan ayollar yerga qarab, iymanibgina o‘sha xonadonga kirib ketishyapti. Eshik oldidagi erkaklardan shunday tortinib, hayo bilan o‘tishyaptiki, ularni ko‘rib, «Bular o‘zimizning ayollarmi?!» deb hayron bo‘lasan kishi. Men ham sekin borib, ichkariga kirdim. Qarasam, ichkarida ham parda tortilgan. Parda ortida ayollar. Past ovozda, odob bilan so‘zlashishmoqda. Bir ayol parda chekkasida xonadon erkaklaridan biri bilan ohista gaplashib, nimalarnidir maslahat qilar, erkaklar parda ichkarisiga o‘tishga tortinganidek, u ham negadir bir yo‘la erkaklar tomonga o‘tib olishga jur’at qilmasdi. Shu payt mahallaning bir o‘spirin yigiti nimadir xizmat bilan pardani ochib, ichkariga kirmoqchi bo‘lgan edi, birdan uch-to‘rt kishi baravariga «Hoy! To‘xta! U yoqqa o‘tma, ayollar bor!» deb qoldi. Men esa hech narsani tushunmay qoldim... Bu xonadonning har gal kelganimda yarimta-yurimta kiyinib olib, ko‘chada o‘tiradigan yosh-yosh qizlari egnilariga uzun ko‘ylak kiyib, boshlariga ro‘mol o‘rab olib, nimalarnidir yig‘ishtirib, supurib-sidirib yurishibdi. Ular garchi biroz odmiroq kiyingan bo‘lsa-da, bugun negadir har doimgidan ham go‘zal, latofatli bo‘lib ko‘rinardi.
Birdan parda ortidan, ayollar tomondan Qur’on tilovati eshtilib qoldi. Bu xonadonga avvallari ham kirib yurardim, lekin biror marta ham tilovat ovozini eshitmagandim. Hayron bo‘ldim.
Darvoza ichkarisida turgan kishilardan biri taajjub ohangda meni ham o‘sha yerdagi kursilardan biriga o‘tirishga taklif qildi. So‘rida o‘tirgan, boshiga do‘ppi, egniga chopon kiygan ko‘rkam kishi qisqaroq, ammo maroqli tilovat qilib, xayrli duolar qildi. Hammadan ham meni hayratga solgan narsa – har kuni ko‘chaga chiqib olib, kechgacha popris tutatib o‘tiradigan, tekkanga tegib, tegmaganga kessak otadigan, og‘zi beposhna, yon qo‘shnimiz Ergash amaki ham so‘rida supogina bo‘lib o‘tirar, kechagina bizga maktabda «Xudo yo‘q» deb dars aytib, hanuzgacha peshonasi sajdaga bormagan Turg‘un tog‘a ham qo‘lini ochib «omin!» deb turar edi. Ularni bu «ahvol»da ko‘rib, ko‘zlarimga ham ishongim kelmay qoldi. Keyin yonimdagilarga qo‘shilib, men ham ko‘chaga qaytib chiqdim. Qarasam, bir to‘p ayollar hali kirgan ayollar kabi o‘zgacha bir ko‘rinishda devor tagidan ohista yurib chiqib ketishyapti. Ularni ko‘rib, qandaydir havasim keldi. Qalbimda sokinlik, poklik, beg‘uborlik sezdim. Ko‘z oldimga o‘tgan momolarimiz keldi. Ularning siymolarini eslar ekanman, ko‘nglim o‘sha zamonlarni qo‘msab ketdi. Bir zum bo‘lsa ham ularning musaffo muhitlaridan nafas olish naqadar rohatbash ekanini butun vujudim bilan tuydim. Birozdan so‘ng o‘zimga kelib, yonimdagi kishidan: «Bu yerda o‘zi nima bo‘lyapti?», deb so‘radim. Shunda haligi odam: «I-ye, eshitmadingizmi? Kecha bu xonadonda o‘lim bo‘lgan, Mehri xola olamdan o‘tdilar», dedi. Shu vaqt ko‘nglimga bexosdan bir xayol keldi: «Qani endi, har kuni o‘lim bo‘lsa...».