
Hasanxon Yahyo Abdulmajid
JUMA KUNI BILAN QUTLASH BID’ATMI?
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Juma kunida shunday bir soat borki, musulmon banda o‘sha paytda Allohdan biror nima so‘rab, turib namoz o‘qisa, uni albatta beradi».
JUMA KUNI BILAN QUTLASH BID’ATMI?
Alloh taologa hamdu sanolar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durud va salavotlar bo‘lsin!
So‘ngi yillarda jamiyatlarda turli bayramlarni nishonlash avj olgani sababli musulmonlar o‘rtasida juma bilan tabriklash ham keng ommalashib ketdi. Bunday holat avvalda kuzatilmagani uchun juma bilan tabriklash haqida ham turlicha fikrlar bo‘y ko‘rsatmoqda. Kimdir juma bilan qutlashni bid’at desa, kimdir bu qiyomat bo‘ladigan kun bo‘lgani uchun u kunda bayram qilib, u bilan tabriklashni mantiqqa zid, shariatga zid, deya da’vo qilmoqda. Ko‘pchilik esa juma bilan qutlashni an’anaviy odatga aylantirib ulgirdi. Ushbu mavzuda kelgan savollar quyidagi satrlarni qoralashga turtki bo‘ldi. Yaxshilik bo‘lsa, Allohdan, kamchilik bo‘lsa, bandalik nuqsonimizdandir.
Avvalo shuni bilish lozimki, Islom ummati saodat zamonidan shu kungacha juma kunini tushkunlik, mahzunlik kuni deb emas, balki xursandchilik, shodlik fursati o‘laroq qabul qilib kelgan.
Juma qiyomat qoim bo‘ladigan kun bo‘lish bilan birga, bashariyat yaratilgan, musulmonlar uchun tanlangan, duo qabul bo‘ladigan fusratni o‘z ichiga olgan, musulmonlarni jamlaydigan, ko‘plab fazilatlarga ega, Alloh taolo tomonidan musulmonlarga haftalik iyd qilib berilgan kundir.
Juma kunining fazilati haqida hadislar juda ham ko‘p. Bu borada alohida asarlar ham yozilgan. Jumladan, imom Nasoiy va Jaloliddin Suyutiylar jumaning fazilati haqida mustaqil kitob bitganlar. Muhaddislarimiz hadis to‘plamlarida ushbu mavzuda alohida bob ochib, qator hadislarni keltirganlar. O‘sha hadislardan ayrimlarini eslab o‘tish joiz.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Biz (dunyoda) oxirgilarmiz, qiyomat kuni peshqadamlarmiz. Ularga bizdan oldin kitob berilgan, bizga esa ulardan keyin berilgan. Ushbu kun ular ixtilof qilgan narsadir. Bas, Alloh bizni (bu kunga) hidoyat qildi. Erta yahudiylarniki, indin nasorolarnikidir», dedilar-da, sukut qildilar. So‘ng: «Har yetti kunda bir marta boshi va badanini yuvish har bir musulmon zimmasidagi haqdir», dedilar». Buxoriy rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifda juma qutlug‘ kun bo‘lgani, yahudiy va nasroniylar uni topishda ixtilof qilib, to‘g‘risini topa olishmagani, biri shanbani, boshqasi yakshanbani tanlab olib yanglishgani va bu kunga Islom ummatini Alloh taolo hidoyat qilib, muvaffaq qilgani aytilmoqda. Bu, albatta, xursandchilik, shukrona boisi bo‘lmog‘i kerak. Hadisi sharifda ham mana shu ruhiyat barq urib turibdi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Quyosh chiqqan kunlarning eng yaxshisi juma kunidir. Unda Odam yaratildi, shu kunda jannatga kiritildi va jannatdan chiqarildi». Muslim rivoyat qilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Juma kunida shunday bir soat borki, musulmon banda o‘sha paytda Allohdan biror nima so‘rab, turib namoz o‘qisa, uni albatta beradi». Muslim rivoyat qilgan.
Avs ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kunlaringizning eng afzali juma kunidir. U kunda menga salavotni ko‘paytiringlar. Chunki sizlarning salavotlaringiz menga namoyon qilinadi», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan.
Ushbu hadislarda juma kunining fazilati, u kunda nimalar qilish kerakligi borasida tavsiyalar kelgan. Ulardagi ma’nolarni tafakkur qilinsa, bu kun qiyomat bo‘ladi deb tushkunlikka tushadigan kun emas, balki fazilatli amallarda yanada shijoatlanib, xursand bo‘ladigan kun ekanini anglash qiyin emas. Zotan, bu ma’no hadisda ham ta’kidlangan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu (juma kuni) iyd kuni bo‘lib, Alloh uni musulmonlar uchun qilgandir. Kim jumaga keladigan bo‘lsa, g‘usl qilsin. Agar xushbo‘yi bo‘lsa, undan surtsin va misvok tutinglar», dedilar». Ibn Moja rivoyat qilgan.
Ibn Qayyim rahmatullohi alayh «Zodul‑ma’od»da jumaning xislatlari haqida so‘zlab turib, jumladan shunday deydi: «O‘ninchidan, u haftada takrorlanadigan iyd kunidir».
Mazkur hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, ikki hayit kunlari musulmonlar uchun yillik bayramlar bo‘lsa, juma kuni haftalik iyddir. Binobarin, bu kunni qiyomat bo‘ladigan kun deb unda xursandchilikni man qilish Islom ta’limotlariga zid tushuncha hisoblanadi. Balki, Alloh bu kunga musulmonlarni hidoyat qilgani, bu kunda ko‘plab fazilatlarga muvaffaq qilgani va bu kunni musulmonlar uchun jamlanish kuni qilib bergani uchun shukronalar aytib, shodlanish, bu kunni iyd o‘laroq qabul qilish maqsadga muvofiqdir.
Endi ushbu kun bilan tabriklashga kelsak, bunday amal sunnatda yo‘qligi, sahobalardan ham naql qilinmagani aniq, bu haqda hech kim ixtilof qilmaydi. Ammo ayrim sahobai kiromlarning hayit kunlari bilan bir‑birlarini tabriklaganlari rivoyatlarda bor. Shundan kelib chiqib, juma kunini ham yuqoridagi hadisga ko‘ra haftalik iyd sifatida e’tiborga olib, musulmonlar bir‑birlarini tabriklasalar, joiz bo‘ladi. Faqat buni diniy burch, shariatda ko‘rsatilgan amal deb emas, oddiy bir odat sifatida qo‘llash kerak. Shu bois, juma bilan tabriklashni doimiy qilmay, tark etib turish matlubdir.
Ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh bu borada kelgan savollarga bergan javoblarida qisqa qilib jumladan shunday deganlar: «Musulmon kishi o‘z birodariga buni sunnatda sobit bo‘lgan deb hisoblamasdan, bu amalda davomli bo‘lmagan holda faqat duo ma’nosidagina gohida aytadigan bo‘lsa, zarari yo‘q».
Juma tabrigining mazmuni o‘zi nimadan iborat, bir o‘ylab ko‘raylik. Tabrik qutlash va barakot so‘rash ma’nolarini ifoda etadi. Demak, «Juma muborak!» degani «Ulug‘ fazilatlarga to‘la juma kuniga yetishganingiz bilan qutlayman, sizga bu kunning barakotlari yetishsin», demakdir. Bu, bir so‘z bilan aytganda, bir musulmonning musulmon yaqini haqqiga duo qilishi, unga shodlik ulashishga urunishidir.
Bu tabrik ostida Alloh Islom ummatini boshqa ummatlardan ustun qilib, O‘zi qutlug‘ qilgan haftaning eng ulug‘ kuniga muvaffaq etganidan shodlanish, shu ne’mat bilan musulmonlarni qutlash, musulmonlarning jamlanadigan, bir‑birlari bilan diydorlashib, masrur bo‘ladigan kunlari ekanini tantana qilish, Islom shiorini ulug‘lash, musulmon birodarining qalbiga xursandchilik kiritish ham bor. Bularning barchasi dinda matlub sanalgan amallardir. Ammo bu ishda haddan oshish, tabriklamagan kishini ayblash, uni dinda nuqsonga yo‘l qo‘ygan deb e’tibor qilish, tabriklashni xuddi dinda talab qilingan amaldek qabul qilish joiz emas. Ushbu ikki holatning oltin o‘rtaligini tutgan mu’qul.